Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qattiq maishiy chiqindi xizmatidan qarzi borlarning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini cheklashni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatda chiqindi to‘lovlaridan qarzi bo‘lganlarni SMS orqali xabardor qilish belgilangan. Ogohlantirilgandan keyin to‘lov amalga oshirilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi.

O‘zgartirishlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi (Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi), Uy-joy kodeksining 134-moddasi (Ko‘p kvartirali uydagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini va kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarni to‘lash muddatlari), “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi (Ustun mavqeni va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash), “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Fuqarolik kodeksiga kiritilmoqda.

O‘zgartirishlar uchun asoslar

азиз абдuҳаkimов, deputatлар, chiqindi, elektr energiyasi, qattiq maishiy chiqindilar, qonunчилик palatasi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov 17-dekabr kuni qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida mazkur chora bir qancha omillarni hisobga olgan holda ko‘rilayotganini aytgandi.

Xususan, so‘nggi to‘rt yil davomida chiqindi xizmatlari uchun to‘lov qayta ko‘rib chiqilmagani sanitar-tozalash korxonlarining iqtisodiy holatiga ta’sir ko‘rsatgan. Shu vaqt ichida ish haqi 120−130 foizga, maxsus texnika narxi 150 foizga, yoqilg‘i narxi 70 foizga, umumiy inflyatsiya yiliga o‘rtacha 12,5 foizga, aholi soni esa yiliga 1 millionga oshgan.

Vazir, shuningdek, xorijiy shaharlardagi tariflar dinamikasiga misollar keltirdi. Masalan, Ostonada 2019-yildan buyon maishiy chiqindi to‘lovlari narxi 4 barobarga — bir kishi uchun 246 dan 1300 tengega (32,4 ming so‘m), Yerevanda — 1500 dan 3000 dramga (96,9 ming so‘m) oshgan.

Majburiy ijro byurosining hududiy organlariga yuklangan qarzdorlikni undirish amaliyoti kutilgan natijani bermadi va oradan bir yil o‘tib undan voz kechildi. “Bir yil ichida bu tizim to‘xtatildi, debitorlik qarzlari ikki baravar ko‘paydi. Ochig‘ini aytganda, bunday kuchli organ — Majburiy ijro byurosi to‘lovlarni undirishda o‘z samarasini ko‘rsata olmadi”, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbari.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, aholining maishiy chiqindi xizmatlari uchun debitorlik qarzi 74 mlrd so‘mdan (2019-yil) 581 mlrd so‘mga (2024-yil) o‘sdi.

2017-yilda hududlarda qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlashning butun jarayonini, jumladan, ularni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlashni qamrab oluvchi to‘qqizta yirik klaster ishga tushirilgan.

Biroq yuqoridagi muammolar tufayli bir qator klasterlar: Andijon viloyatida 80 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatida 7,5 mlrd so‘m, Surxondaryo viloyatida 41 mlrd so‘m debitorlik qarzi bilan bankrot deb e’lon qilingan. Buxoro viloyatidagi 55 milliard so‘m qarzga ega korxona moliyaviy og‘ir ahvolga tushib qolgan. Umuman, 9 ta klasterdan faqat 3 tasi o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Ilgari joylarda faqat chiqindilarni olib chiqish va qayta ishlash davlat korxonalari faoliyat ko‘rsatgan va hisob-kitoblarga ko‘ra, ularga davlat budjetidan 350 mln dollar ajratilgan. 2023-yildan buyon bu sohaga budjet mablag‘lari ajratilmaydi.

2017−2021-yillarda chiqindi sohasi uchun 1,4 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 767 mlrd so‘m ajratilgan, bu yiliga 10 mln dollarga yaqin degani. “Ammo yana bir bor qaytaraman: oxirgi ikki yil davomida budjetdan bir tiyin ham ajratilmayapti”, — dedi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Armanistonda chiqindilarni olib chiqish uchun yiliga 33 mln dollar, Belarusda 90 mln dollar, Qozog‘istonda 267 mln dollar ajratiladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish qamrovi va sifatini oshirish uchun tadbirkorlarning fikricha, 1 trln so‘mga texnikalar xarid qilish, 250 mlrd so‘mga chiqindi yig‘ish maydonlari qurish, 67 mlrd so‘mga konteynerlar xarid qilish zarur.

Vazirning ta’kidlashicha, agar to‘lov intizomi yo‘lga qo‘yilmasa, sohani “o‘ldiriladi”, tadbirkor ham tashlab ketadi, shundan so‘ng davlat yana “eski tizimdagidek yiliga 300−400 mln so‘m” to‘lashga majbur bo‘linadi.

Aziz Abduhakimov chiqindilarni olib chiqish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi “Maxsus avto xo‘jalik” korxonasi misolida sohadagi muammolar haqida gapirdi. Sentabr oyida korxona tarif tushumlari bo‘yicha 3,2 mlrd so‘mlik rejani 100 foizga bajargan bo‘lsa, amalda iste’molchilar tomonidan atigi 2,3 mlrd so‘m to‘langan. Shu bilan birga, 3,2 mlrd so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq undiriladi, shuning uchun ham tadbirkor qo‘shimcha 109 mln so‘m soliq to‘lashga majbur bo‘lgan.

Vazirning ta’kidlashicha, u Yaponiyada o‘qish davrida bank hisobvarag‘idan mablag‘larni ruxsatsiz yechib olishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolagan.

“Chiqindilarni saralamasdan tashlaganimda, ikki kundan keyin kelib paketimni qaytarib olib kelib, chiqindilarimni saralab berib, keyin qabul qilishlarini aytishgan. U yerda shunday qattiq tartib bor. U yerda hech kim buni muhokama qilmaydi. To‘lov bo‘lmasa, elektr ham, gaz ham o‘chiriladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday amaliyot Xitoy, Yaponiya, Koreya, AQSh, Turkiya, Portugaliya va Gruziyada qo‘llaniladi.

Ushbu tizimni joriy etish uchun yil davomida texnik jihatdan tayyorgarlik ko‘rilgan, Osiyo taraqqiyot banki va Jahon bankining tavsiya va o‘rganishlari inobatga olingan.

Andijon viloyatida chiqindi tarifi 3920 so‘m, to‘rt kishilik oila uchun 15680 so‘m. Summa 1 ta asosiy hisoblangan qiymatga (375 ming so‘m) yetishi uchun taxminan ikki yilu bir oy kerak bo‘ladi.

“1 BHMdan kam bo‘lgan mablag‘larni sud orqali undirish uchun moliyaviy va ma’muriy imkoniyat yo‘q. Bu degani qarz paydo bo‘lsa, uni sudga berib ham undirib bo‘lmayapti, chunki [odam boshiga] miqdori juda kam. Shu sababli sanitar korxona tashkiloti 2 yil kutib, keyin sudga beradi. Sudga borganning harajatlari buni qoplamaydi. Ochig‘ini aytganda xafa bo‘lmayligu, lekin bu kulgili holat”, — dedi u.

To‘lovlarni raqamlashtirish uchun noyabr oyida “Toza makon” billing platformasi ishga tushiriladi. 2026-yildan boshlab sanitariya tozalash korxonalari chiqindi yig‘ish joylariga videokameralar o‘rnatishi, shuningdek, chiqindi tashuvchi mashinalarni GPS kuzatuv tizimlari bilan jihozlashi shart bo‘ladi.

Aziz Abduhakimov hisoblagichga o‘z vaqtida to‘lov amalga oshirilmasa, iste’molchilar elektr energiyasi, gaz va suvdan uzilishi mumkinligini ko‘rsatdi. Biroq to‘lov to‘lansa-to‘lanmasa, chiqindilar olib chiqib ketilishga majbur, chunki vaziyat atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga ta’sir qiladi.

“Chiqindilarning yagona „aybi“ tarifining past ekani. Shu sababli odamlar to‘lamaydi. Ayrim davlatlar chiqindi uchun tarifni boshqa xizmatlarning tariflariga, masalan, elektr energiyasiga biriktirib qo‘ygan. Hatto uni soliqqa ham kiritgan holatlar bor”, — dedi u.

O‘zgarish eski qarzlarga ta’sir qilmaydi

Deputatlardan biri ilgari sanitariya tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun iste’molchilar qarzdor bo‘lib qolganini ta’kidladi. Ularning muammosi qanday hal qilinishini so‘radi.

Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, yangi tizim eski qarzga nisbatan qo‘llanilmaydi. “Yangi billing tizimida biz yangi qarz bilan ishlaymiz. Eski qarzlar bilan alohida ishlaymiz”, — deb ishontirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanitariya korxonalari bu qarorga rozi. “Ko‘rsatilmagan xizmatlar haqida gapirganda, to‘g‘ri gapiryapsiz… bu og‘ir masala. Agar buni isbotlay olsak, hech qanday muammosiz hisobdan chiqarilishi mumkin bo‘lgan summa, deb o‘ylayman. Bu biznes uchun ham osonlashadi. Ular buni investitsiya majburiyatlari hisobiga qilishimizni aytdi. Bu yerda tadbirkorlar bilan kelishuv topamiz, albatta. Lekin bu aholiga ta’sir qilmaydi”, — dedi vazirlik rahbari.

Aziz Abduhakimovning aytishicha, Ekologiya va Energetika vazirliklari o‘rtasida shartnoma bo‘ladi. Buning uchun Energetika vazirligi to‘lov summasining 5 foizini oladi.

Birinchi o‘qishda qonun loyihasini qabul qilish uchun 110 deputat ovoz berdi, 14 nafari qarshi, 11 nafari betaraf, 5 nafari esa ovoz bermadi.

Oxir-oqibat nima o‘zgaradi?

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun yakunlandi. Endi iste’molchiga chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik haqida SMS-xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 5 kun muddat beriladi. Faqat shu muddat tugagandan so‘ng iste’molchiga elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirish imkoniyati vaqtincha cheklanadi.

Deputatlardan biri bugungi kunda iste’molchilar qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari uchun har oy oyning 5-kunidan kechiktirmay (ayrim me’yoriy hujjatlarda 10 kundan kechiktirmay) majburiy to‘lovlarni amalga oshirishlari shartligini ta’kidladi. Qulaylik uchun aholiga qarzni to‘lash uchun yana 5 kun muhlat berilgan.

Shuningdek, qarzni to‘lagandan so‘ng elektr energiyasi uchun to‘lovlar bo‘yicha cheklovlarni avtomatik ravishda bekor qilish qoidasi ham joriy etildi.

Hujjatga ko‘ra, o‘zgartirishlar qonun qabul qilinganidan keyin uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Ikkinchi o‘qishda qonunni 124 deputat qo‘llab-quvvatladi, 9 nafari qarshi, 8 nafari betaraf, 4 nafari ovoz bermadi. Uchinchi o‘qishda 122 deputat yoqlab, 8 nafari qarshi, 10 nafari betaraf, 5 nafari esa ovoz bermadi.

Shu tariqa qonun qabul qilindi va Oliy Majlis Senatiga ko‘rib chiqish uchun yuborildi.