“Xalqaro gumanitar huquqqa ochiqdan-ochiq e’tiborsizlik bilan qaralgancha” olib borilayotgan 20 oylik harbiy harakatlar oqibatida Sudanda millionlab aholi ocharchilik xavfi ostida qolmoqda. BMT ushbu mamlakatda yuzaga kelgan gumanitar vaziyatni “dunyodagi keng ko‘lamli oziq-ovqat inqirozi” deb atadi.

2023-yil aprel oyida muntazam armiya va harbiylashgan “Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari” (RSF — Rapid Support Forces) o‘rtasida qurolli mojaro boshlangan. Fuqarolar urushi armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burhon va RSF qo‘mondoni, Hemeti nomi bilan tanilgan Muhammad Hamdon Dagalonin ziddiyatidan keyin yuzaga kelgan.

“Sudanliklar mislsiz azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda”

Bu haqda BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakili Edem Vosornu Xavfsizlik kengashida BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcher nomidan ma’lum qildi.

Vsornu sudanliklarning ayanchli ahvolini tasvirladi — zo‘ravonlik, jumladan, jinsiy zo‘ravonlik, vayronagarchilik, kasalliklar, aloqa yo‘qligi, mamlakat ichida va undan tashqarida ommaviy ko‘chishlar shular jumlasidan. “Shu bilan birga, muhtojlarga yetkazilayotgan gumanitar yordam hajmi zarur yordamning kichik bir qismini tashkil etadi”, — dedi u.

Jangovar harakatlar va gumanitar yordam

Insonparvarlik yordami ko‘plab qochqinlar panoh topgan Chadga va boshqa joylarga kela boshladi. Biroq jangovar harakatlarning faollashuvi bu yutuqlarga putur yetkazdi. “Zamzam lageriga ketayotgan Jahon oziq-ovqat dasturining ikkinchi avtokolonnasi shiddatli janglar, jumladan, lagerning o‘zi qayta o‘qqa tutilgani haqidagi xabarlar tufayli to‘xtatildi, bu esa minglab odamlarni qochishga majbur qildi, — dedi Vosornu. — So‘nggi kunlarda El-Fashir va Darfurning boshqa hududlarida hujumlar, xususan, havo hujumlari va artilleriya otishmalari oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar haqida yangi xabarlar kelib tushmoqda”.

Sudanliklarning “aql bovar qilmas jasorati”

BMT, deya davom etdi ma’ruzachi, “mazkur ma’nosiz urush” oqibatlarini boshdan kechirishga majbur bo‘lgan sudanliklarning “aql bovar qilmaydigan jasorati va matonati”ga qoyil qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, insonparvarlik tashkilotlari xodimlarining o‘z ishiga sadoqati, shuningdek, Sudan va Chaddagi majburiy ko‘chirilganlarni qabul qilayotgan jamoalarning saxiyligi ham e’tiborga molik.

BMT chaqirig‘i

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, birinchidan, mojaroning barcha tomonlarini xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilishga, ya’ni tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilishga qat’iy chaqiradi.

Ikkinchidan, Vosornu kengashning barcha a’zolarini “insonparvarlik yo‘nalishlari — yerusti va havo, mojaro chizig‘i va chegaralar orqali ochilishiga erishish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga” chaqirdi.

Uchinchidan, ma’ruzachi ta’kidlaganidek, xalqaro hamjamiyat sudanliklarga yordam ko‘rsatish loyihalarini moliyalashtirishni ta’minlashi kerak.

Mablag‘ yetishmasligi

2024-yilda gumanitar tashkilotlar jiddiy mablag‘ tanqisligiga duch keldi. “Biz donorlarni kelgusi yilda Sudandagi qariyb 21 million kishini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan 4,2 milliard dollar va yettita qo‘shni davlatdagi 5 million kishini — asosan qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur bo‘lgan 1,8 milliard dollar ajratishga chaqiramiz”, — deya kengashga murojaat qildi vakil.

Reuters agentligining yozishicha, Sudandagi ocharchilik ko‘lami beshta hududga kengaydi va may oyiga kelib Shimoliy Darfurdagi yana beshta hududga — Um Qadoq, Melit, al-Fashir, Tavisha va al-Laytga tarqalishi mumkin.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning integratsiyalashgan fazalari tasnifi (IPC) ma’lumotlariga ko‘ra, may oyigacha 24,6 million kishi, ya’ni barcha sudanliklarning yarmiga yaqini shoshilinch ravishda oziq-ovqat yordamiga muhtoj.

2023-yil aprel oyida boshlangan fuqarolar urushi oziq-ovqat ishlab chiqarish va savdoning kamayishiga olib keldi, 12 milliondan ortiq sudanliklarni uylaridan chiqishga majbur qildi. IPC hisobotida aytilishicha, IPC ko‘rib chiqqan hududlardagi aholining atigi 10 foizi so‘nggi uch oy ichida oziq-ovqat yordami olgan.