Respublika oliy ta’lim kengashi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini o‘tkazib berishi to‘g‘risidagi bayonni imzoladi. Bayon matnini 24-dekabr kuni iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Telegram kanalida e’lon qildi.

Bayon 29-noyabr kuni tasdiqlangan bo‘lib, unda majlis muhokama yuzasidan, jumladan, quyidagicha qarorlarga kelgani aytiladi:

  • Respublikada amalga oshirilayotgan ta’limga oid siyosatni qo‘llab-quvvatlash, zarur hollarda oliy ta’lim tashkilotlari va ularning talabalari manfaatini himoya qilish, ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida hamda davlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga 4 foiz miqdorida ajratmalar yo‘naltirilayotganini inobatga olib, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan moliya yili yakunida to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning mazkur mablag‘lar bo‘yicha moliya yili oxiriga qoldig‘ining 4 foiz qismini Respublika oliy ta’lim kengashiga yo‘naltirish amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlarining taklifini qo‘llab-quvvatlash;
  • Respublika oliy ta’lim kengashi bir hafta muddatda kengash va nodavlat oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan mazkur mablag‘larni yo‘naltirishni nazarda tutuvchi namunaviy shartnoma ishlab chiqishi va 2025-yil 25-yanvargacha barcha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari bilan shartnoma rasmiylashtirilishi, shu kungacha shartnomada belgilangan mablag‘lar Respublika oliy ta’lim kengashiga kelib tushishini ta’minlashi;
  • Oliy ta’lim tashkilotlari rektorlarining 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”da respublikada ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, “oliy ta’lim namunasi”ni yaratish maqsadida oliy ta’lim tashkilotlari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarining bir kunlik ish haqini “Yashil makon” umummilliy loyihasiga yo‘naltirish tashabbusini ma’qullash.

Yig‘ilish bayonida, shuningdek, 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi yangi tarkibining dastlabki majlisi, 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yangi tarkibining birinchi majlisi, 20-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining Harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilab berilgan strategik vazifalarni har bir oliy ta’lim tashkiloti rektori sinchiklab o‘rganib chiqishi, o‘zi boshqarayotgan tashkilot tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilashi hamda vertikal bo‘yicha jamoaga to‘laqonli yetkazilishi yuzasidan kelishilgani aytiladi.

Yig‘ilishda sohada yechimini kutayotgan muammolar ham sanab o‘tilgan. Jumladan, qabul parametrlarini shakllantirish, o‘quv-me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda ish beruvchilar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagani, mehnat bozori ehtiyojlari (talab va taklif) to‘liq inobatga olinmagani aytiladi.

Ushbu bayon ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng, O‘zLiDeP deputati Dilmurod Artiqov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda bosh prokurorga so‘rov yubordi.

“Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tadbirkorlik faoliyati erkinligi qonunlarimizga muvofiq kafolatlangan, hech bir tashkilot qonunga asoslanmay turib, tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalariga turli to‘lovlar joriy qilish vakolatiga ega emas”, — deyiladi partiya matbuot xizmati bergan xabarda.

Shuningdek, mazkur holat sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi habga aylantirish kabi islohotlarga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlangan.

Shu sababli deputat Dilmurod Artiqov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri va bosh prokurordan respublika oliy ta’lim kengashining nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga to‘lov-kontrakt shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini o‘tkazish bo‘yicha chiqarilgan bayonnomani qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish hamda o‘z nuqtai nazarini bayon etishini so‘radi.

Ijtimoiy tarmoqdagi munosabatlar

Mazkur bayonni e’lon qilgan iqtisodchi Yuliy Yusupovning o‘zi bu voqeaga munosabat bildirib, O‘zbekistonda yangi soliqlarni nafaqat Oliy Majlis, balki qayerdan kelgani va nima bilan shug‘ullanishi unchalik tushunarli bo‘lmagan har qanday davlat idorasi ham ancha oson — yig‘ilish bayonnomasi bandlari bilan ham kiritishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Mamlakat emas, balki mo‘jizalar maydoni, sehrli chiroq, hech qanday cheklovlarni his qilmaydigan qudratli amaldorlar uchun bitmas-tuganmas ochil dasturxon. Pul kerakmi? Muammo yo‘q: uni qo‘l ostimizdagi auditoriyamizdan yig‘amiz. Agar kimdir qarshilik qilsa, tekshiruv yuboramiz va litsenziyasini olib qo‘yamiz”, — deb yozdi u.

Iqtisodchi bu voqeadagi yana ikkita jihatga e’tibor qaratgan:

“1. Soliq orqa sana bilan joriy qilinmoqda (bu soliqqa tortish tamoyillari nuqtai nazaridan bema’ni) — yil oxirida yil davomida olingan tushumlar bo‘yicha. Bu amaldorlarni odatiy reketlardan ajratib turadigan narsa. Ikkinchisi, moliyaviy yil oxirida o‘z xohish-istaklarini bildirmaydi, to‘lov stavkalarini oldindan belgilaydi. 2. Nodavlat universitetlarni talash bilan kimdir emas, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shug‘ullanmoqda (Respublika oliy ta’lim kengashi ortida aynan u turadi). Innovatsiya, ta’lim, ilm-fan, Karl! Ya’ni nazariy jihatdan, innovatsion iqtisodiyotni yaratish uchun zarur bo‘lgan qulay sarmoyaviy muhitni yaratish haqida hammadan ko‘ra ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishi va mamlakatda ta’lim rivojini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi lozim bo‘lgan boshqarma”, — deya ta’kidlagan Yuliy Yusupov.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Respublika oliy ta’lim kengashi soliq yoki majburiy to‘lov joriy qilish vakolatiga ega emasligini ta’kidladi.

“Bu taklifni qaysidir nodavlat oliygoh rahbarlari bergan emish. Ya’ni „bizning pulimiz ko‘payib ketdi, shunga 4 foizini sizlarga beraylik“ deyishibdi. Bayonnomada aynan qaysi nodavlat OTM rektorlari bunaqa taklifni bergani haqida ma’lumot aytilmagan. Agar ular rostdan bor bo‘lsa, unda e’lon qilishsa, yaxshi bo‘lar ekan”, — degan u.

U bu bayonnoma hech qaysi OTMga hech qanday majburiyat yuklamasligini ta’kidlab o‘tgan.

“Bu bayonnomani pesh qilib, pul o‘tkazishni talab qilish, agar o‘tkazmasa, turli oqibatlar keltirib chiqarishi (masalan, litsenziyasini olib qo‘yishga ishoralar va h.k.) mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Bunday qilishga hech kimning haqi yo‘q (qog‘ozlarda har holda, amalda bilmadim endi). Shu sababli nodavlat oliygohlar kengashga 4 foiz pul o‘tkazishga majbur emasligini bilishi zarar qilmaydi. Unutmang, Respublika oliy ta’lim kengashining o‘zi nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi, qanaqadir davlatning vakolatli organi emas, kimgadir majburiyat yuklaydigan vakolati yo‘q”, — deya ta’kidlagan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

“Garchi bayonnoma matnida majburiylik haqida gap ketmagan bo‘lsa-da, ammo bunday mazmunda qaror chiqarilishining o‘zi g‘alati. Bunday qarorlar kamida Biznes ombudsman hamda Adliya vazirligidan ekspertizadan o‘tishi kerak”, — deya qo‘shimcha qilgan u.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, shuningdek, o‘qituvchilar maoshining bir qismi daraxt ekish, obodonlashtirish uchun o‘tkazilishi bo‘yicha bandga ham e’tibor qaratgan.

“2025-yil yurtimizda „Atrof- asrash va „yashil iqtisodiyot“ yili“ deb e’lon qilingani munosabati bilan ko‘chat ekish, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga oliy ta’lim tizimidagi rahbar hamda professor-o‘qituvchilarning bir kunlik ish haqini „Yashil makon“ umummilliy loyihasiga yo‘naltirish tashabbusi ma’qullanibdi. Bu tashabbusni kim bergan deysizmi? Albatta, yana o‘sha oliygoh rektorlari bergan emish. Qaysi rektorlar bu tashabbusni bildirgani ma’lum emas. Lekin agar shunaqa rektorlar rostdan bor bo‘lsa, unda nomard ekan. Agar o‘sha rektorlarni ko‘rib qolsam „Xohlasangiz o‘zingizning ish haqingizni 100 foizini o‘tkazib beravering, bu sizning ishingiz, lekin o‘qituvchilarning oyligiga ko‘z olaytirmang va birovning puliga xo‘jayinchilik qilmang“ degan bo‘lardim”, — deb yozgan u.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov bu voqea fonida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu sohada litsenziya beruvchi tashkilot bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

“Albatta, bu „soliq“ / „o‘lpon“ noqonuniy — qonunchilikka muvofiq, har qanday majburiy to‘lovlar faqat parlament tomonidan qonun bilan kiritilishi kerak. Va, albatta, bu O‘zbekistonda biznes yuritish (farqi yo‘q, qaysi sohada — oliy ta’lim bo‘lishi shart emas) maqsadi bo‘lgan ichki yoki tashqi investor uchun yomon signal — istalgan tashkilot istalgan vaqtda bitta „protokol“ bilan o‘lpon joriy qila oladigan muhitda biznes yuritish — halol investor uchun juda katta risk”, — deb yozdi u.

Komil Jalilovning ta’kidlashicha, masalaning boshqa tomoni bunday to‘lov noqonuniy bo‘lgani bilan nodavlat OTMlar uning ustidan shikoyat qilishi dargumon ekanida hisoblanadi.

“Chunki nodavlat OTMlariga litsenziyani beradigan tashkilot — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi. Vazirlik „o‘lpon“ to‘lashdan bosh tortgan va shikoyat qilgan nodavlat OTM ustidan biron bahona bilan litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sudga murojaat qilmasligiga kafolat yo‘q. Shu paytda ena va qozi haqidagi sal qo‘polroq, lekin topib aytilgan xalq og‘zaki ijodi namunasi esga tushadi”, — deya ta’kidlagan u.

“Qizig‘i, bu protokol bilan faqat nodavlat OTMlariga „o‘lpon“ joriy qilinmagan. Protokol bilan OTMlar rahbarlari va professor-o‘qituvchilari oyligidan ham ushlab qolish rejalashtirilgan (16-bandga qarang). Aftidan, protokolni tuzganlar modomiki yuridik shaxslarga „o‘lpon“ joriy qila olar ekanmiz, nega jismoniy shaxslar oyligidan ham ushlab qola olmasligimiz kerak, deb o‘ylashgan shekilli. O‘zbekistonda qaysi organ soliq solish vakolatiga egaligini aniq-tiniq belgilab bergan Konstitutsiya buzilgandan keyin, xodimning oyligiga daxl qilishni taqiqlovchi Mehnat kodeksi nima bo‘libdi”, — deya qo‘shimcha qilgan ta’lim bo‘yicha ekspert.