“Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori va “O‘zbekiston yangiliklari” (nuz.uz) sayti bosh muharriri Viktor Mixaylov kasallik tufayli 68 yoshida Toshkentda vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekiston yangiliklari” nashri xodimlari “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Viktor Mixaylov Toshkent farmatsevtika institutini (1978), so‘ngra Fanlar akademiyasi Kimyo instituti aspiranturasini (1986) tugatgan.
SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligi Immunologiya institutida (1985−1991), so‘ngra Germaniyaning Hoechst (1990−1996) va Sanavita (1995−2011) farmatsevtika kompaniyalari vakolatxonalarida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
2014-yildan “O‘zbekiston yangiliklari” sayti bosh muharriri bo‘lgan. 2016-yilning noyabr oyida u “Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi” NNTga asos solgan. Markaz jamiyatning radikallashuvi, ekstremizmning kuchayishi, kiberxavfsizlik va energetika tahdidlari, jumladan, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar bilan bog‘liq xatarlarni o‘rganadi.