Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining 19-dekabr kungi buyrug‘i bilan “Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish hamda unga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini belgilash to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” tasdiqlandi.
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish va bartaraf etish atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni chiqaruvchi tashkilotlar (obektlar) tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Bunda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarning oldini olish maqsadida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha materiallarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan yuridik va jismoniy shaxslar jalb qilinishi mumkin.
Obyektlarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etishga tayyorgarlik;
- atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni tashish bo‘yicha o‘lchovlar va hisob-kitoblarni o‘tkazish;
- atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etish va natijalarni rasmiylashtirish;
- natijalarni kelishish va tasdiqlash.
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha tuzilgan materiallar taqdim etilgan kundan boshlab 15 kun ichida Ekologiya vazirligining hududiy organi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini hisoblash va zarur hollarda jihozlar yordamida o‘lchash usullari yo‘riqnomaga ilovada keltirilgan. Hujjatda atmosfera havosiga tashlanadigan ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasini aniqlash tartibi keltirilgan.
Ishlab chiqarish zonasidan tashqaridagi ifloslantiruvchi moddalarni hisoblash natijalarining har bir ifloslantiruvchi modda uchun belgilangan me’yorga muvofiqligi aniqlanadi. Ruxsat etilgan chegaraviy tashlanma har bir ifloslantiruvchi modda, atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba va umuman obyekt uchun belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 25-noyabr kuni “Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingandi.
Prezident farmoniga muvofiq tuman (shahar)larda atmosfera havosining ifloslanishini fon monitoringi qilishning 347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish rejalashtirilgan. Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifalarga mansub xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlari o‘rnatilgani, shuningdek, sanitar himoya zonalari avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlanganini tekshirish tadbirlari Ekologiya vazirligi tomonidan nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan o‘tkaziladi.
Bosh prokuratura atmosfera havosining sifati yomonligi haqidagi xabarlar ko‘payib borayotgan bir paytda atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan I va II toifali sanoat korxonalari uchun chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha 2024-yilga rejalashtirilgan ishlar kechikayotganini ma’lum qilgandi.
Xususan, Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonadan faqat 19 tasida, Toshkent shahridagi 31 ta korxonadan esa faqat 8 tasida chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatilgan.
Bosh prokuratura poytaxt atmosfera havosining ifloslanishiga nafaqat quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar, balki iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport chiqindilari hajmining ortishi, moratoriyga qaramay daraxtlarning noqonuniy kesilishi, shuningdek, bosh rejalar tasdiqlanmasdan amalga oshirilayotgan faol qurilishlar ham ta’sir qilayotganini qayd etgan.