Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni 2025-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 3-dekabrda hujjatni qabul qilgan, 18-dekabrda esa Senat ma’qullagan.
№ | Ko‘rsatkichlar | 2025-yil uchun prognoz | 2026-yil uchun maqsadlar | 2027-yil uchun maqsadlar |
1 | Yalpi ichki mahsulot, trillion so‘m | 1630 | 1866 | 2 125 |
2 | YIM o‘sish sur’ati, % | 6 | 6.1 | 6.3 |
3 | O‘tgan yilning dekabriga nisbatan inflyatsiya, % | 7−8 | 5−6 | 5 |
4 | Sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’ati, % | 6.1 | 6.2 | 6.1 |
5 | Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati, % | 4.1 | 4.2 | 4.3 |
6 | Bozor xizmatlarining o‘sish sur’ati, % | 14.5 | 15.1 | 15 |
7 | Qurilish ishlarining o‘sish sur’ati, % | 14.2 | 10.2 | 7.3 |
Kelgusi yilda YIM 6 foiz (o‘tgan yilgi prognozlardan past) — 1,63 kvadrillion so‘mgacha (taxminan 123 milliard dollar) o‘sishi kutilmoqda, 2026−2027-yillarda esa mos ravishda 6,1 foiz va 6,3 foiz.
Sanoatning o‘sish sur’atlari 6,1 foiz bo‘lishi kutilmoqda, xizmat ko‘rsatish sohasi — 14,5 foiz, qishloq xo‘jaligi — 4,1 foiz, qurilish — 14,2 foiz. Avvalroq bu ko‘rsatkichlarga “har bir sohada tarkibiy o‘zgarishlarni sifatli davom ettirish” orqali erishish kutilayotgani ta’kidlangan edi.
2025-yilda inflyatsiyani 7−8 foizga (loyihada 7 foizga), 2026-yilda 5−6 foizga, 2027-yilda 5 foizga tushirish rejalashtirilgan. Avvalroq Markaziy bank 2025-yilning ikkinchi yarmidan 5 foizlik inflyatsiya ko‘rsatkichiga erishishni 2026-yilning ikkinchi yarmiga ko‘chirgandi.
Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2025-yilda YIMning 3 foizini (bu yilgi 4 foiz o‘rniga) tashkil etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat qarzi YIMga nisbatan 60 foiz makroiqtisodiy xavfsiz darajadan, o‘rta muddatli istiqbolda esa YImga nisbatan 50 foizdan oshmasligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘riladi.
Davlat qarzi 45 milliard dollarga (YIMga nisbatan 36,4 foiz), 2027-yilda esa 55,9 milliard dollarga (YIMga nisbatan 36,7 foiz) oshishi kutilmoqda.
Ushbu maqsad va yo‘nalishlardan kelib chiqib, budjetlararo transfertlarni hisobga olmaganda, 2025-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 430,99 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda, bu o‘tgan yil oxirida 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan budjet maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilashda belgilangan dastlabki prognozlardan 4,8 foizga (452,46 trillion so‘m) past.
Xarajatlar 480,3 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda (498,3 trln so‘m edi).
Budjet daromadlari 308,5 trillion so‘m (330,6 trillion), xarajatlari esa 290,4 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda (323,8 trillion so‘m).
Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 66,5 trillion so‘m (63,9 trillion), xarajatlari 117,2 trillion so‘m (99,1 trillion) miqdorida hisoblangan. Shu bilan birga, ushbu mablag‘larga respublika budjetidan 54,4 trillion so‘m (38,7 trillion) transfert yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Pensiya jamg‘armasining budjetdan tashqari tushumlari 58,9 trillion so‘m, xarajatlari 74,9 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda.
Davlat dasturlari bo‘yicha tashqi qarzlar hisobidan rejalashtirilgan xarajatlar 18,8 trillion so‘mni (17,4 trillion) tashkil etadi.
Konsolidatsiyalashgan budjetning (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini o‘z ichiga oladi) maksimal taqchilligi 49,5 trillion so‘m yoki YIMga nisbatan 3 foizni tashkil etishi kerak.
Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari 32,62 trillion so‘m yoki YIMga nisbatan qariyb 2 foiz kamomad bilan rejalashtirilgan.
Kamomadni davlatning ichki va tashqi qarzlari, davlat aktivlarini xususiylashtirish mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
2025-yilda davlat qarzini to‘lash uchun 46,08 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu o‘tgan yil yakunida kutilganidan (35,8 trillion so‘m) 10 trillion so‘mga ko‘p.
Kelgusi yilda O‘zbekiston qarz evaziga ko‘proq kredit jalb qilishi mumkin. Agar joriy yilda tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha chegaralar davlat tomonidan kafolatlangan 5 milliard dollar bo‘lsa (ammo joriy yil oxirida limit 7,3 milliard dollarga oshirildi), keyingi yilda bu ko‘rsatkich 5,5 milliard dollarni tashkil etadi. Ushbu mablag‘ning 3 milliard dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 milliard dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Davlat qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta risklarini kamaytirish maqsadida 2025-yil uchun O‘zbekiston nomidan muomalaga chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlarining maksimal sof hajmini 30 trillion so‘m (2024-yilda 25 trillion so‘m bo‘lgan, keyin esa 30 trillionga oshirilgan) miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, davlat budjeti uchun xavflarni kamaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik doirasida davlat majburiyatlarni zimmasiga olishini (sotib olish yoki to‘lash) nazarda tutadigan yangi loyihalar qiymatining yuqori chegarasi 6,5 milliard dollarni tashkil etishi belgilandi. Bungacha DXSH loyihalarida bunday cheklov yo‘q edi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi oyning 10-kuniga qadar Oliy Majlis palatalariga gender budjeti siyosati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi shart. Genderga qaratilgan budjetlashtirish — hamma uchun mos keladigan budjetlarni ishlab chiqish strategiyasi. Bu har bir insonning o‘ziga xos ehtiyojlarini hisobga olib tahlil qilib, resurslarni adolatli taqsimlashga yordam beradi.
Endilikda Navoiy viloyati respublika budjetiga jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan daromad solig‘ining 66 foizi (hozirda 55 foiz), shuningdek, foyda solig‘ining 70 foizi (61 foiz) tushadi. Toshkent viloyatida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 38 foizdan 51 foizga, foyda solig‘i 39 foizdan 49 foizga oshadi.
Bundan tashqari, alkogol, jumladan, pivoga aksiz solig‘ining bir qismi (import qilinadigan alkogolli ichimliklar va pivodan tashqari) viloyatlar respublika budjetida qoladi: Toshkent viloyati va shahrida — 5 foiz, boshqa hududlarda — 30 foiz.
Viloyatning respublika budjeti — O‘zbekiston respublika budjetining ushbu viloyat hududida amalga oshiriladigan davlat vazifalari va dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan qismi. Viloyat budjeti mahalliy daromad manbalari hisobidan shakllantiriladi, shahar infratuzilmasining ehtiyojlarini qondirish va rivojlantirishga mo‘ljallangan.
Mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan eng kam ijara stavkalari yuridik shaxslarga ham tatbiq etiladi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar kengashlari turar joy va noturar joy uchun ijara haqining eng kam stavkalariga 2,0 oshirish koeffitsiyentini belgilashi mumkin.
Toshkent shahrida yer solig‘ini hisoblashning ortib borayotgan koeffitsiyenti belgilangan zonalar sharoitida qo‘llanadi.
Yangi yilda 78 tuman o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkaziladi — buning uchun yig‘ilgan soliqlarning ko‘proq qismi tumanlarda qoldiriladi. Hozircha 71 tuman davlat budjetidan transfertlar olishda davom etmoqda.
2030-yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmini 200 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan, bu avvalroq prognoz qilingan 160 milliard dollardan ko‘p.
2025-yilgi davlat budjeti va budjetnoma loyihasi haqida batafsil ma’lumotni havolalar orqali olish mumkin.