“Gazeta.uz” 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar ro‘yxatini taqdim etadi. Sharh sayt xabarlari va Lex.uz ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi litsenziyasi asosida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Toshkentda avtobus va metroda naqd pul shakldagi yo‘lkira narxi oshadi

Toshkent shahrida jamoat transportida naqd shaklidagi yo‘l haqi 2000 so‘mdan 3000 so‘mga oshiriladi. Naqdsiz to‘lovda narx o‘zgarmay, 1700 so‘m bo‘lib qoladi. Avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi, bekatlardagi to‘lov qurilmalari orqali bir martalik QR-kodli chipta xarid qilish kerak bo‘ladi.

“Toshshahartransxizmat” chiptadan qanday foydalanishni tushuntirgandi. Unga ko‘ra, QR-kodli chiptani kerakli masofada validatorga tutish kerak. Chiptaga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib, uni buklamaslik yoki shikastlamaslik hamda uni tekshirish uchun qatnov oxirigacha saqlash lozim.

Bog‘chalarda inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi

Tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi.

Hokimlarga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Tumanlar va shaharlar hokimliklariga davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish vakolati berildi. Ular ayrim vazirlik va idoralarning bo‘limlari rahbarlarini hududiy boshqarmalar bilan kelishgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xorijlik mutaxassislarning ta’lim sohasida ishlashi uchun to‘lovlar miqdori 30 barobarga kamayadi

Davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berishda undiriladigan yig‘im miqdori BHMning 30 baravaridan (11,2 mln so‘m) bir baravarigacha (375 ming so‘m) kamaytiriladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek shaklida qaytariladi

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi. Oylik aylanmasini naqd pulsiz amalga oshirganlarga esa QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarning foyda solig‘i 2 karraga kamayadi.

Banklar qarz yuki 50 foizdan ortiq bo‘lganlarga kredit bermaydi

Barcha kreditlarni (shu jumladan, mikrokreditlarni) berishda kreditorlar o‘z mijozlarining qarz yuki 50 foizdan oshmasligini ta’minlashlari shart. Ya’ni agar qarz oluvchi o‘z daromadining 50 foizini kredit to‘lash uchun sarflashiga to‘g‘ri kelsa, banklar kredit berishdan bosh tortadi.

Madaniyat va san’at sohasi xodimlarining maoshi oshiriladi

Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning ish haqi 20 foizga, 1-iyuldan yana 15 foizga oshiriladi. Milliy simfonik orkestr xodimlarining ham ish haqlari oshirilib boradi.

Kambag‘al oilalar reyestridagi ish bilan band bo‘lgan shaxs uchun ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada to‘lanadi

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi.

Ko‘p tarmoqli klinikalarda yangi lavozimlar joriy etiladi

Tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida yangi lavozimlar — onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokor hamda mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar shtatlari joriy etiladi. Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etiladi. Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi.

Chiqindilarni tashish litsenziyalanadigan faoliyat turi bo‘ladi

Qattiq maishiy, qurilish, suyuq maishiy, tibbiyot, sanoat, xavfli va zaharli chiqindilarni tashish litsenziyalanadigan faoliyat turiga aylanadi.

Kam ta’minlangan oilalar farzandlari endilikda vaqtinchalik mehribonlik uylariga joylashtirilmaydi

Mehribonlik uylari va bolalar uylariga kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini vaqtinchalik qabul qilish tartibi bekor qilinadi. Bunda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘riladi.