Oliy Majlis palatalari kengashlari 26-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisda 2022-yil 1−2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan fakt va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya hisobotini eshitdi. Bu haqda Senat va Qonunchilik palatasi axborot xizmatlari xabar berdi.

Komissiya 2022-yil 15-iyulda Senat va Qonunchilik palatasi tomonidan Nukus voqealari bo‘yicha mustaqil tekshiruv o‘tkazish uchun tashkil etilgan. Unga Ombudsman Feruza Eshmatova boshchilik qildi. Shuningdek, komissiya tarkibiga 14 nafar deputat, senator, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari kiritildi.

“Komissiya Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning kelib chiqish sabablari, xronologiyasi va oqibatlari, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etishda davlat idoralari va huquq-tartibot organlarining harakatlariga baho berdi, voqealar ishtirokchilariga nisbatan sud majlislarini kuzatdi”, — deyiladi xabarda.

Ombudsman Feruza Eshmatova (chap tomonda).Ombudsman Feruza Eshmatova (chap tomonda).

Komissiya iltimosiga ko‘ra, 30 nafar sudlanuvchi komissiya iltimosiga ko‘ra sud zalidan ozod etildi, sudlanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalariga monitoring tashriflarini amalga oshirdi, shuningdek voqealardan keyin Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni kuzatib bordi, deya ta’kidladi komissiya rahbari.

Qayd etilishicha, komissiya a’zolari 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlarga tashrifi davomida 590 nafar xodim, 334 nafar qamoq jazosini o‘tab chiqqan shaxslar bilan suhbatlashdi.

Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (2 nafar ayol) komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarildi.

Komissiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qildi, shuningdek xalqaro nohukumat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda bo‘lib turdi.

Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealarning ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarliklar sodir etgani uchun ogohlantirilgan, 6 135 nafariga ma’muriy jarima, 2 639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, 61 nafari jinoyatlar sodir etganligi aniqlanganligi qayd etildi.

Xabarda qayd etilishicha, 2022-yil 1−2-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining og‘ir tan jarohati olishi va halok bo‘lishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 mlrd so‘m) moddiy zarar yetgan.

“Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, va tarqatib yuborish, ma’muriy bino va strategik obektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan vositalar (suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar)dan foydalanilgan”, — deyiladi komissiya xabarida.

Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari).

Tergov va sud jarayonida ishtirok etgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari (advokat, tibbiy yordam, telefonda so‘zlashish va h.k.) to‘liq ta’minlangan, sud qarorlari ustidan shikoyat kiritish imkoniyati berilgan. Barcha sud jarayonlari ochiq va shaffof o‘tkazilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonlarida inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzishga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlari xodimlarining 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Nukus hokimi Abatbay Daniyarov (chap tomonda) va komissiya a’zolari.Nukus hokimi Abatbay Daniyarov (chap tomonda) va komissiya a’zolari.

Komissiya O‘zbekiston davlat organlari uchun bir qator tavsiyalarni e’lon qildi:

  • kelgusida davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim qarorlarni qabul qilish jarayonida umumxalq muhokamasi bosqichida mazmun-mohiyatini, unda ishtirok etish mexanizmlarini fuqarolarga to‘laqonli tushuntirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • barcha darajadagi davlat hokimiyati organlariga muhim siyosiy va boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida ehtimoliy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, chalg‘ituvchi va noxolis ma’lumotlar tarqalishi (dezinformatsiya) holatlariga o‘z vaqtida ta’sirchan munosabat bildirish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni muntazam yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish;
  • fuqarolarga o‘z ijtimoiy faolliklarini amalga oshirish jarayonida o‘zga shaxslarning huquqlarini poymol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va jamoat tartibiga rioya qilishning muhimligini izchil tushuntirib borish.

Ma’lum qilinishicha, komissiyaning axborotini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlarining tegishli qarori qabul qilingan.