Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida (onlayn formatda) o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston rahbaridan tashqari boshqa prezidentlar: Belarusdan — Aleksandr Lukashenko, Qozog‘istondan — Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘izistondan — Sadir Japarov, Rossiyadan — Vladimir Putin, shuningdek, YOII huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Said Muhammad Otabak ham qatnashdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ishtirokchilarga videomurojaat yo‘lladi.

Kun tartibidan ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari o‘rin oldi.

prezident, yeoii, yeotb

Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida so‘nggi yillarda mamlakat kuzatuvchi sifatida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi.

Xususan, 2024-yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshdi. Oktabr oyida Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yangi uch yillik hamkorlik rejasi qabul qilindi.

O‘zbekiston, shuningdek, YOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Davlat rahbari 2025-yil mart oyidagi qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidladi. Ittifoq bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

prezident, yeoii, yeotb

Xususan, prezident o‘zaro savdodagi savdo to‘siqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etishga chaqirdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda tarif va notarif cheklovlarni qo‘llamaslik masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqish taklif etildi.

Amaliy harakatlar rejasini qabul qilgan holda, yaqin kelajakda texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston yetakchisi tadbir yakunida imzolanayotgan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda mamlakatning ishtirok etishi, shuningdek, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida elektron ma’lumotlar almashinuvini tez fursatda joriy etish tarafdori ekanini ta’kidladi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va vositalariga qo‘shilishdan manfaatdorlik bildirildi.

prezident, yeoii, yeotb

“Qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi prezident.

Biznesni faol jalb qilish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida YOII Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishini 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida tizimli hamkorlik qilish muhimligini qayd etdi. U O‘zbekistonni YOIIning integratsiyalashgan axborot tizimiga va “Raqamli ittifoq” loyihasiga ulash tashabbusini ilgari surdi.

Bundan tashqari, agrar sohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni yengillashtirish, innovatsion agrosanoat loyihalarini amalga oshirish va ilmiy ishlanmalarni joriy etishga qaratilgan kooperatsiya dasturini tayyorlash taklif etildi.

prezident, yeoii, yeotb

Sayyohlik almashinuvlarini rag‘batlantirish maqsadida davlat rahbari YeOII davlatlari fuqarolariga O‘zbekistonga ichki hujjatlar bilan kirish imkonini beruvchi tartibni joriy etishga tayyorligini bildirdi.

YOTB haqida

Yevrosiyo taraqqiyot banki (YOTB) — xalqaro moliya tashkiloti bo‘lib, unga a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevrosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

YOTB 2006-yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 2009-yilda Armaniston va Tojikiston, 2010-yilda Belarus, 2011-yilda Qirg‘iziston ushbu bankka a’zo bo‘lgan. Bankning ustav kapitali 7 mlrd dollarni tashkil etadi.

YOTBning asosiy strategik maqsadlari:

  • kuchli integratsiya effektiga ega loyihalarni va milliy rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish;
  • yangi moliyaviy mahsulotlar va vositalarni joriy etish;
  • sanoat ishlab chiqarishi sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • bankka a’zo mamlakatlarda DXSh asosidagi tashabbuslarni ilgari surish;
  • ishtirokchi mamlakatlarga qo‘shimcha sarmoyalarni jalb qilish uchun hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi.

Bosh vazir Abdulla Aripov 2022-yil fevralida Yevrosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari yig‘ilishida O‘zbekiston bankka a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini ta’kidlagandi.