AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “madaniyat sohasida davlat regulyator bo‘lmasligi, vazirlik yopilishi kerakligi” borasidagi fikrlar yuzasidan munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Tadbir yakunida jurnalist vazirga madaniyat sohasida davlat regulyator bo‘lishi kerak emasligi borasidagi fikri bilan qiziqdi. Vazir sohani qushga qiyosladi va uni ushlab turish zarurligini ta’kidladi.
“Cavolning oyog‘i qayerda turgani muhim. Bu savolning oyog‘i Amerikaning naryog‘ida turibdi. Tushuntira oldimmi yoki tushunolmadingizmi? Baraka topgurlar, oyog‘ingizni ota-onangiz, bobolaringiz bosgan izga qo‘ying-da, bu savol chiqmaydi sizdan. Boya tushuntirdim, madaniyat sohasi — bu qush, buni shunday [siqib] ushlash kerak, boshqa imkoni yo‘q. Ochsangiz ham manfaat bermaydi, faqat buzg‘unchilik olib kiradi. Dunyoni ko‘ringlar, sog‘lom odamsizlar-ku”, — dedi u.
Ozodbek Nazarbekov taqiqlarga mutlaqo qarshiligini, biroq erkin san’atkorlarning intellekti shunga loyiq bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Erkinlik berib yuborilgan joyda san’atkorlar hamma yerni buzyapti-ku, rasvo qilib yuboryapti-ku. Shuning uchun men [erkinlik] bermaylik demoqchi emasman, taqiqlarga mutlaq qarshiman. Lekin erkin odamning intellekti shunga loyiq bo‘lishi kerak. U to‘rt devorning ichida ham jinoyat qilmasligi kerak, ana o‘sha kun kelganda erkinlikni bemalol majburlab beramiz, kerak bo‘lsa. „Yo‘q, bo‘lmayman“ desa ham, „yo‘q, sen erkin yashashing kerak“ deymiz. Lekin bugun butun jamiyat shunga loyiq deb aytolmaymiz-ku. Bu savolni vijdonimizga qo‘yaylik”, — dedi vazir.
Oktabr oyi boshida ham Ozodbek Nazarbekov intervyuda ijodkorlarni mutlaq erkin qo‘yish tarafdori emasligini aytgandi. “Har bir ijodkor ma’naviy qurol. U kimningdir maqsadi yo‘lida xizmat qilmasligi kerak. Ayni damda tartib va cheklovlar hech kimning huquqini poymol qilmasligi shart”, — degan vazir.