O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni telefon orqali muloqot chog‘ida Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida yo‘lovchi laynerining qulashi oqibatida ko‘plab qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga chuqur hamdardlik bildirdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari Ozarbayjon yetakchisi orqali halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini yo‘lladi, jabrlanganlarning barchasi tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qildi.

“Ayni damda aziz birodar va opa-singillarimiz bilan hamjihatmiz”, — deya post qoldirdi vazir.

Eslatib o‘tamiz, Azerbaijan Airlines samolyotining Aqtauda qulashi oqibatida bortdagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan, ular orasida Ozarbayjon va Qozog‘iston fuqarolari ham bor. 29 yo‘lovchi, jumladan, 3 nafari voyaga yetmagan bola samolyotdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan va shifoxonalarga yetkazilgan.

Hozirda Aqtauda Qozog‘iston hukumat komissiyasi avariya sabablarini o‘rganish bo‘yicha ish olib bormoqda.