Toshkent — Samarqand yuqori tezlikdagi yo‘lovchi temiryo‘l magistralining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashga start berildi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev sentabr oyidagi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki yig‘ilishida Toshkent-Samarqand va Samarqand — Navoiy — Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurilishini ma’lum qilgandi. U 2030-yilgacha 30 mlrd dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalari dasturi doirasida amalga oshiriladi.

24-dekabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbariyati Koreyaning Saman Corporation kompaniyasi loyiha menejeri Jin Kanga bilan mazkur temiryo‘lni qurish yuzasidan dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) bo‘yicha ishlarning boshlanishini muhokama qildi.

Tomonlar ushbu tashabbusning mintaqalararo aloqalarni yaxshilash, yo‘lovchilar oqimi va tezyurar poyezdlar qatnovini ko‘paytirishda muhimligini ta’kidladi.

“Loyihaning amalga oshirilishi respublikaning iqtisodiy rivojlanishini mustahkamlashga yordam beradi va O‘zbekiston transport sanoatini yangi bosqichga olib chiqadi”, — deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash jarayonini tezlashtiradigan ishchi guruh tuzishga qaror qilindi.

Dekabr oyi boshida Turkiyaning Rönesans holding kompaniyasi mazkur tezyurar temiryo‘lni qurishda ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Undan avvalroq Qatarning Power International Holding kompaniyasi esa loyihaga mablag‘ ajratmoqchi ekanligi xabar qilingan.

Shundan keyin Janubiy Koreya milliy temir yo‘l korporatsiyasi (Korail), Saman va Dongmeong Technology Corporation kompaniyalaridan iborat K-Rail jamoasi TIAni ishlab chiqishi ma’lum bo‘lgan.

Jarayon 15 oy — 2026-yilning mart oyigacha davom etadi, loyiha Koreya Eksimbankining Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyiha doirasida joylarda tadqiqotlar, kelajakdagi transport talabiga bo‘lgan prognozlar, infratuzilmaning asosiy rejasini ishlab chiqish, qurilish qiymatini hisoblash va iqtisodiy samaradorlikni tahlil qilish amalga oshiriladi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni o‘qitish ko‘zda tutilgan.