O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) hamda Futbolchilar maqomi va o‘tishi qo‘mitasi qarorlariga e’tibor bermagani uchun oltita futbol klubiga nisbatan transfer taqiqi joriy etildi, deb xabar berdi Professional futbol ligasi matbuot xizmati.

Klublar, shuningdek, futbolchi va murabbiylar oldidagi qarzlarini belgilangan muddatda to‘lamagan, hududiy futbol akademiyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari shartlarini ham buzgan.

Avvalroq O‘FA yettita klubga kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat bergan edi. Ulardan faqat “Qizilqum” klubi talabni bajargan. Qolgan jamoalar — “So‘g‘diyona”, “Navbahor”, “Neftchi”, “Dinamo”, “Buxoro” va “Orol” klublari sanksiyalar ostida qoldi.

Qo‘mita qaroriga ko‘ra, ushbu klublar ikkita to‘liq transfer oynasida ichki va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi.

O‘zbekistonda qishki transfer oynasi 10-dekabr kuni ochilgan va 2025-yilning 25-fevraliga qadar davom etadi.