O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi tunnel orqali neft mahsulotlari kontrabandasi bilan shug‘ullangan transmilliy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Turkiston viloyati (Qozog‘iston) prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, uyushgan jinoiy guruh a’zolari O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasi orqali 450 metr uzunlikdagi tunnel qurgan. U orqali har kuni, qariyb ikki oy davomida Qozog‘istondan O‘zbekistonga noqonuniy ravishda 5−7 tonna yonilg‘i-moylash materiallari olib kelingan.
“Maxsus tadbirlar natijasida jinoiy guruhning barcha a’zolari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham aniqlandi. Xuddi shunday tadbirlar O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan davlat chegarasi zonasida ham o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, eksport qilingan yoqilg‘i uchun qo‘shni davlatdan pul mablag‘larini o‘tkazish sxemasi o‘rnatilgani aniqlandi.
Qozog‘iston hududida ham, O‘zbekiston hududida ham transmilliy jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.