27-dekabr kuni Jalolobodda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berildi. Shavkat Mirziyoyev ushbu jarayonga bag‘ishlangan marosim ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Uni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘qib eshittirdi.

Prezident yarim yil oldin mazkur strategik transmintaqaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha birinchi to‘laqonli bitim imzolanganini eslatdi. O‘tgan davrda texnik hujjatlarni tayyorlash ishlari yakunlandi.

“Bu do‘st mamlakatlarimiz salkam 30 yil davomida intilib kelgan tom ma’nodagi tarixiy voqeadir”, — dedi Mirziyoyev. U mazkur qurilishni xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi transport arteriyasi deb atadi.

“U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan qisqa yerusti yo‘li orqali bog‘laydi, davlatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deya qayd etdi prezident.

Loyiha, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi maqsadlariga to‘liq mos kelishi qayd etildi. O‘z navbatida, davlat rahbari Xitoy raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarovni mazkur qurilish boshlangani bilan qutladi.

Shundan so‘ng prezident yangi temiryo‘l qurilishining iqtisodiyotga ta’siriga to‘xtaldi. Infratuzilma sohasidagi ushbu yirik loyiha ilg‘or muhandislik, innovatsiya va raqamli yechimlar asosidagi keng kooperatsiyani, yuqori ekologik standartlarga amal qilishni nazarda tutishi ko‘rsatildi.

Koshg‘ar — Torugart — Makmal — Jalolobod — Andijon yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta stansiya, 42 ta ko‘prik, 25 ta tunnel barpo etiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar quriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu magistral yo‘lning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar ko‘paytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ushbu yo‘l orqali yiliga 15 million tonna yuk tashiladi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddati bir necha ming kilometr va deyarli bir haftaga qisqaradi. Yo‘lovchilarni muntazam tashishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi, deyiladi murojaatda.

Kelgusida ushbu temiryo‘l liniyasi Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, Xitoy, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport-kommunikatsiya tarmoqlarini samarali birlashtirish va kuchaytirishga imkon yaratishi qayd etildi.

“Bundan, hech shubhasiz, barcha mamlakatlar iqtisodiy foyda ko‘radi. Yuzlab yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekiston mavjud texnik va intellektual resurslarni to‘liq ishga solgan holda, boshlanayotgan qurilishning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.

“Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli ushbu temiryo‘l tarmog‘i bizning mustahkam do‘stligimiz, sheriklik va taraqqiyotimizning yana bir yorqin timsoliga aylanadi”, — dedi u.