Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni sun’iy intellekt va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
“O‘zbekiston 2030” strategiyasida mamlakatni mintaqaviy IT-habga aylantirish vazifasi belgilangan. So‘nggi yillarda sohaga 3 milliard dollarlik sarmoya kiritilgan. Xorijiy kapital ishtirokidagi IT-korxonalar soni 2017-yilga nisbatan 8,5 barobar ko‘payib, 1000 tadan oshgan. Bugungi kunda sohadagi har o‘ninchi korxona xalqaro kompaniya hisoblanadi.
Agar yetti yil avval mamlakatda atigi 12 ta eksport qiluvchi korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 650 taga yetdi. Yil oxiriga qadar axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya xizmatlari eksporti hajmi 900 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sun’iy intellekt asosida 20 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, alohida tarmoqlar va yirik korxonalarda yana 70 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. Sun’iy intellektga tayyorlik xalqaro indeksida O‘zbekiston 17 pog‘onaga ko‘tarildi.
Oktabr oyida O‘zbekiston prezidentining qarori bilan 2030-yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan edi. Unda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar ulushini oshirish, texnik infratuzilmani kengaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Yig‘ilishda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kelgusi yil uchun rejalar bilan tanishtirdi.
Xususan, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida “bulutli” ma’lumotlar markazlari ishga tushiriladi. Startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Inha universitetida sun’iy intellekt laboratoriyalari ochiladi.
Bu borada 3000 nafar davlat xizmatchisi, shuningdek, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari malaka oshirishi kutilmoqda.
Mas’ul shaxslarga sun’iy intellektga asoslangan loyihalar sonini 100 taga, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 50 million dollarga yetkazish vazifasi yuklatildi.