UzAuto Motors AJ va UzAuto Motors Powertrain bosh direktori Bu Andersson faoliyatini yakunlamoqda, deb xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.
Bu Andersson uch yil avval, 2021-yilda ushbu kompaniyalar rahbarligini qabul qilgan. Shvetsiyalik mutaxassis (1955-yilda tug‘ilgan) Shvetsiya Harbiy akademiyasi va Garvard universitetining Oliy menejment dasturini tamomlagan, shuningdek, Stokgolm universitetining biznes boshqaruvi bakalavri hisoblanadi. Uning avtomobil sanoatidagi karerasi 1987-yilda Shvetsiyaning Saab Automobile kompaniyasida boshlangan. 1987-yildan 2009-yilgacha GM’da ishlagan, 2009-yildan “Gruppa GAZ” prezidenti, 2013-yildan 2016-yilgacha “AvtoVAZ”ga rahbari bo‘lgan.
Uning faoliyati yakunlanishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, unda Bu Anderssonning O‘zbekiston avtosanoati rivojiga qo‘shgan xizmatlari va hissasi qayd etildi.
Bu Andersson rahbarligida ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshgani ta’kidlandi. Xususan, Andijon va Xorazm viloyatlaridagi UzAuto Motors zavodlarida yengil avtomobil ishlab chiqarishda o‘sish qayd etildi, mahsulot sifati yaxshilandi va avtomobillar modellari assortimenti kengaytirildi.
2023-yil zavod faoliyatidagi eng muhim yillardan biri bo‘ldi: 395,4 mingta avtomobil konveyerdan chiqdi, bu avvalgi yilga nisbatan 20 foizga ko‘p. Bu yil kompaniyaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bundan kam bo‘lmaydi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda O‘zbekiston avtomobilsozligi yengil avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchiga aylandi, shuningdek, Chevrolet brendi uchun bozor ahamiyati bo‘yicha ham dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Kompaniya ushbu yillardagi eng muhim yutuqlar ikkita yangi mashhur model — Chevrolet Tracker (krossover) va Chevrolet Onix (sedan)ning ommaviy ishlab chiqarishga joriy etilgani, deb hisoblaydi. Bu ishlab chiqaruvchining zamonaviy GM GEM (Global Emerging Markets) agregat platformasiga o‘tishi tufayli amalga oshdi.
O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish to‘liq siklda — shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish bilan amalga oshiriladi. Barcha dvigatellar Toshkent shahrida joylashgan UzAuto Motors Powertrain zavodida ishlab chiqariladi. O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi bugungi kunda 50 foizdan oshadi, bu asosiy butlovchi qismlarning salmoqli qismini mamlakatda ishlab chiqarish evaziga amalga oshirildi.