O‘zbekistonda yangi davrda jamiyat rivojlanishi, uning ongi o‘zgarishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. O‘zbekistondagi ilk internet-do‘konlardan biri bo‘lgan Asaxiy kompaniyasining missiyasi ham shunga mos tarzda insonlarning dunyoqarashini o‘zgartirish, hayotini osonlashtirish va yaxshiroq kelajakka undashdir.
Shu maqsadda 2018-yilda kompaniya tomonidan Asaxiy Books loyihasiga asos solindi. Loyiha bugungi kunga kelib O‘zbekiston kitob bozoridagi muhim o‘yinchilardan biriga aylandi. Kompaniya O‘zbekiston bo‘ylab kitoblar sotuvini rivojlantirmoqda, jahon adabiyotining mashhur asarlarini mualliflik huquqlariga amal qilgan holda o‘zbek tiliga tarjima qilmoqda, shuningdek, elektron va audiokitoblar sotuvini yaxshilamoqda, yangi o‘zbek yozuvchilarini ham qidirmoqda.
Xalq Banki ham mana shunday ijtimoiy muhim loyiha rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 2023-yilda bank va loyiha o‘rtasida 20 ta yangi kitobga hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. O‘zbekzabon kitobxonlar dunyoning bestseller kitoblarini o‘z ona tilida o‘qishi uchun Asaxiy Books va Xalq Banki o‘rtasida yangi shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Xalq Banki kitob loyihasiga yana 40 ta muhim asarni tarjima va chop qilishda ko‘maklashadi. Bu jamiyatda bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va o‘zbek tilidagi foydali adabiyotlar sonini oshirish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Shartnoma Asaxiy Books`ga nafaqat jahon adabiyoti kitoblarini o‘zbek tilida taqdim qilishga imkon beradi, balki bilvosita kitoblar narxi oshib ketishining oldini oladi. Bundan tashqari, yangi ochilgan bolalar va o‘zbek adabiyoti tahririyatlarini rivojlantirish, yangi kitob do‘konlarini ochish imkonini ham beradi. Xalq Banki sababli 60 ta kitob o‘zbek tilida o‘z auditoriyasini topadi.
Xalq Banki o‘z ijtimoiy mas’uliyatini chuqur anglab, moliyaviy xizmatlardan tashqari jamiyatning intellektual rivojiga ham sarmoya kiritmoqda. So‘nggi yillarda bank kitob sohasiga katta e’tibor qaratib, kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha namuna ko‘rsatmoqda. Bunday tashabbuslar bankning ijtimoiy mas’uliyatini va jamiyatga bo‘lgan e’tiborini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yangi kelishuv — ikki tashkilotning ham, butun jamiyatning ham yutug‘i. Asaxiy Books va Xalq Banki kelajakda ham O‘zbekiston kitobxonlarini jahon adabiyoti bilan tanishtirishda va bestseller kitoblarni o‘zbek tilida taqdim etishda bardavom bo‘ladi. Bu nafaqat kitobxonlikni rivojlantirish, balki millatni yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Reklama huquqlari asosida.