Chorshanba kuni Aqtauda halokatga uchragan Azerbaijan Airlines samolyoti “fizik va texnik aralashuv"ga uchragan. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi .

28-dekabrdan boshlab aviatashuvchi Bokudan Rossiyaning qator ayeroportlariga, jumladan, Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa, Samara, Saratov, Nijniy Novgorod va Vladikavkazga parvozlarni to‘xtatdi.

“Ozarbayjon fuqarolik aviatsiyasi davlai ma’muriyati bilan kelishilgan ushbu qaror Bokudan Grozniyga J2−8243 reysini amalga oshirgan Embraer 190 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa yuzasidan tergovning dastlabki natijalariga asoslanadi. Halokatga uchish xavfsizligi uchun potensial xavf tug‘diruvchi tashqi fizik va texnik aralashuv sabab bo‘lgan . Parvozni to‘xtatib turish yakuniy tergov tugagunga qadar o‘z kuchida qoladi”, — deyiladi boshqa xabarda (ingliz tilida).

Eslatib o‘tamiz, 25-dekabr kuni AZAL Bokudan Grozniy va Maxachqal’aga parvozlarni to‘xtatishga qaror qilgan edi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan boshqa aviakompaniyalarning yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga, jumladan, Grozniy va Maxachqal’aga parvozlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya ta’kidladi Azerbaijan Airlines.

Aviakompaniya aviahalokat qurbonlarining har biriga 20 ming manatdan (11,8 ming dollar), qurbonlarning har birining oilasiga 40 ming manatdan (23,5 ming dollar) tovon puli to‘lashga qaror qildi.

Bundan tashqari, Flydubai aviakompaniyasi ham Sochi va Mineralniy Vodidan Dubayga parvozlarni 5-yanvarga qadar bekor qildi. Aviakompaniya buni “fors-major” va parvozlar xavfsizligiga tahdid deb atadi, deya xabar beradi Rossiya Turoperatorlari uyushmasi (ATOR).

26-dekabr kuni Euronews telekanalining Ozarbayjon hukumatidagi manbalari samolyot Grozniyga qo‘nmoqchi bo‘lganida Azerbaijan Airlines samolyoti yonida rus raketasi portlab, uning qoplamasiga shikast yetganini xabar qilgandi. Ozarbayjonning Caliber nashri va Reuters'ning aniqlik kiritishicha, samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tarkibiga kiruvchi “Pansir-S” zenit raketa-qurol majmuasidan (ZRQM) urib tushirilgan. Bundan tashqari, ushbu OAV xabarlariga ko‘ra, samolyot bortidagi aloqa tizimi radioelektron zarba tufayli o‘chirilgan.

Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov Grozniy ayeroportiga Azerbaijan Airlines samolyoti qo‘nayotgan vaqtda dronlar hujumi bo‘lganini tasdiqladi, deb yozadi TASS. Unga ko‘ra, samolyot qo‘nayotgan vaqtda Grozniy ayeroporti hududidagi vaziyat “juda og‘ir bo‘lgan”. Ta’kidlanishicha, Ukraina dronlarining aeroport hududidagi osmonga hujumi tufayli barcha samolyotlarning belgilangan hududdan zudlik bilan jo‘nab ketishini nazarda tutuvchi “Gilam” rejasi joriy qilingan. Bundan tashqari, hududda quyuq tuman ham bo‘lgan.

Yadrovning da’vo qilishicha, samolyot Grozniyga qo‘nishga ikki marta muvaffaqiyatsiz uringan. Ekipaj komandiriga qo‘nish uchun Rossiyadagi boshqa aeroportlar taklif qilingan, biroq u Aqtau aeroportiga borishga qaror qilgan, dedi Rosaviatsiya rahbari.

Bundan oldin Rosaviatsiya samolyot halokati sabablarini izohlar ekan, avialayner go‘yoki havoda qushlar bilan to‘qnashib ketgani, shundan so‘ng qo‘mondon samolyotni Aqtauga qo‘ndirishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi. OAV Ozarbayjon samolyotiga Maxachqal’a va Mineralniy Vodi aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagani va Qozog‘istonning Aqtau shahriga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.

  • 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines’ga tegishli Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi: 62 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi, jumladan, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan. Aviahalokatda 38 kishi halok bo‘lgan. FVV ma’lumotlariga ko‘ra , 29 kishi kasalxonaga yotqizilgan.