O‘zbekiston 2025-yil 1-yanvardan BRIKSning hamkor davlati maqomini oladi. Bu haqda mamlakat TIV matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.
Oktabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi “BRIKS Plyus” sammitida yangi toifa — hamkor davlatlarni tashkil etish orqali tashkilotni kengaytirish imkoniyati ishlab chiqilganini aytgan edi.
Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon Aloyev “Gazeta.uz” bilan suhbatda O‘zbekiston BRIKSdagi faoliyatini “qadamma-qadam” chuqurlashtirishga intilayotganini ta’kidlagandi.
“BRIKSning jahondagi nufuzi o‘sishda davom etmoqda. BRIKS bilan hamkorlik qiluvchi va a’zo bo‘lishni xohlovchi davlatlar soni ortib bormoqda. Biz ham shu yo‘ldan boryapmiz va kelgusida, albatta, a’zo mamlakatlar bilan aloqalarimizni tubdan rivojlantiramiz”, — dedi u.
TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari bunday hamkorlikda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, shuningdek, transport, yashil energetika va raqamlashtirish sohalaridagi o‘zaro hamkorlikka qaratilishini ta’kidlagandi.
23-dekabr kuni RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 1-yanvardan bir qator davlatlar ushbu maqomga ega bo‘lishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Belarus, Boliviya, Indoneziya, Qozog‘iston, Kuba, Malayziya, Tailand va Uganda birlashmaga hamkor davlat bo‘lishga tayyorligini tasdiqlagan.
Bu davlatlar vakillari BRIKS sammitlari va tashqi ishlar vazirlari sammitlari doirasidagi alohida yig‘ilishlarga taklif qilinadi. “Biz hamkorlarni xavfsizlik masalalari bo‘yicha mas’ul yuqori vakillar yig‘ilishlari, parlament forumi va boshqa tadbirlarga jalb etishni to‘g‘ri deb hisoblaymiz”, — degan Kreml vakili.
BRIKS (inglizcha BRICS — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR davlatlarning bosh harflari) 2006-yil iyun oyida tashkil etilgan.