Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-dekabr kuni 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat xarajatlari va tashqi qarzlar limitini oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilishini tasdiqladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi an’anaviy ravishda bu yil ham yil davomida xarajatlarni ko‘paytirishga ruxsat so‘rab parlamentga murojaat qilmadi, qaysidir xarajat zarurligi to‘g‘risida deputatlar oldida hisob bermadi, yil yakunidagina o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ularga olib kirdi.

Misol uchun: Qozog‘istonda hukumat yil davomida budjetga 10 marta to‘g‘rilash kiritdi va har bir holatda bunday o‘zgartirishlar parlamentdan o‘tdi, deputatlar rejalashtirilgan xarajatlar bo‘yicha tushuntirishlar oldi.

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekistonda tuzatishlarni ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasida 9 daqiqa davom etdi (bu jarayon 2023-yilda taxminan 20 daqiqa, 2022-yilda 30 daqiqa davom etgan). Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov nutqining o‘zi 5 daqiqa davom etdi. Keyin yangi chaqiriq deputatlari hujjatni savollarsiz va muhokamalarsiz birdaniga uch o‘qishda qabul qildi. O‘tgan yillarda parlamentning ba’zi a’zolari jarayonda savollar bergandi.

Birorta deputat qarshi ovoz bermadi. Hukumat ham, deputatlar ham nima uchun davlat xarajatlarini oshirish zarurligini ochiq ravishda asoslab bermadi.

18-dekabrdagi majlisida Senat ham qonunni ma’qulladi, biroq senatorlar bu tuzatishlarni muhokama qilish uchun bir soatdan ko‘proq vaqt sarfladi va Ahadbek Haydarov nutqining o‘zi 27 daqiqa davom etdi.

Davlat xarajatlarining oshishi

O‘zgartishlarga ko‘ra, vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar va boshqa davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trln so‘mga (yoki 775,8 mln dollarga) — 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mgacha oshirildi.

Ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda budjet tashkilotlarining ayrim turdagi xizmatlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga qo‘shimcha 2,43 trln so‘m (jami 11,98 trln so‘m) yo‘naltirildi.

Ahadbek Haydarovning ma’lum qilishicha, davlat xarajatlari quyidagi sabablarga ko‘ra qo‘shimcha ravishda oshgan:

  • Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga transfertlar — 841 mlrd so‘m, ular allaqachon banklar tomonidan ajratilgan, shuning uchun bu xarajatlar budjet hisobidan qoplanadi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan bemorlarning allergik va ikkilamchi immunotanqislik kasalliklarini davolash uchun ingalyatsion preparatlarni bepul tarqatish — 30 mlrd so‘m;
  • Madaniyat va san’atni rivojlantirish, Madaniyat vazirligining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shuningdek, moddiy rag‘batlantirish — 100 mlrd so‘m;
  • isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam to‘lovlari hamda elektr energiyasi va gaz uchun bazaviy norma va oshirilgan narxlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun kompensatsiyalar — 592 mlrd so‘m;
  • mahallalarda eng dolzarb infratuzilma masalalarini hal etish uchun — 1 mlrd 344 mln so‘m, shu jumladan, 203 ta maktab, bolalar bog‘chasi va tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash uchun 304 mlrd so‘m, 374 ta yo‘l va ko‘priklar uchun 374 mlrd so‘m, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 131 ta loyiha uchun 257 mlrd so‘m, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 511 ta obyektga 241 mlrd so‘m;
  • Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kapitalini shakllantirish uchun — 300 mlrd so‘m.
  • Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznes loyihalarini kreditlash uchun davlat banklarining ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirishga — 2,5 trln so‘m.

Ahadbek Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha budjet tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari hamda samarasiz yoki takroriy shtat o‘rinlarini qisqartirish hisobiga xarajatlarni 1 trln so‘mga optimallashtirish rejalashtirilgan. Oktabr oyi oxirida prezident vazirlik va idoralarning boshqaruv va ishlab chiqarish personali shtatlarini 5,2 foizga qisqartirgandi.

Kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mezonlarini qayta ko‘rib chiqish hamda “ijtimoiy adolat tamoyillari asosida” bolalar nafaqalari va moddiy yordamni qayta taqsimlash hisobiga 2 trln so‘m tejalishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2024-yilda vazirlik va idoralarga rivojlantirish xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lardan 1,7 trln so‘m tejash ko‘zda tutilgan.

Tejalgan 4,1 trln so‘mni yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlar uchun qayta taqsimlash ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 14-martdagi qaroriga (hujjat ochiq manbalarda mavjud emas) muvofiq, ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida bolalar bog‘chalari va maktablarini qurish hamda ta’mirlash uchun mahalliy budjetlarda nazarda tutilgan 4 trln 373 mln so‘m mablag‘ respublika budjetiga o‘tkazildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalariga 3,95 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Ahadbek Haydarovning aytishicha, Qurilish vazirligi huzurida ta’lim muassasalarini loyihalash uchun alohida injiniring kompaniyasi tashkil etilgan. U maktablarning namunaviy loyihasini ishlab chiqqan. Bu investitsiya dasturi bo‘yicha 500 mlrd so‘mni tejash va bu mablag‘ni 80 dan ortiq ta’lim muassasasini qurish va ta’mirlashga yo‘naltirish imkonini berdi, buning natijasida maktablarda qo‘shimcha 19 ming o‘quvchi o‘rni, bolalar bog‘chalarida esa 4 ming tarbiyalanuvchi o‘rni yaratildi, dedi u.

Prezident topshirig‘ini bajarish uchun Qashqadaryodagi ikkita umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li va yettita ichki yo‘lning qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 220 mlrd so‘m, Surxondaryoning yetti tumanini bog‘lovchi avtomobil yo‘lining 92 kilometr uzunlikdagi qismini ta’mirlash uchun 100 mlrd so‘m, Sirdaryodagi 257 ta ichki yo‘llarni ta’mirlashga 49 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun 100 mlrd so‘m ajratildi.

Bundan tashqari, davlatning maqsadli jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ, mamlakat suveren jamg‘armasi) ko‘rsatkichlariga ham tuzatish kiritilmoqda.

Yil boshiga ko‘ra davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari qoldig‘i 12,84 trln so‘mni (amaldagi qonunga muvofiq 11,5 trln so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi), daromadlari 64,77 trln so‘mni (65,25 trln so‘m), davlat budjetidan ajratilgan transfertlar 34,06 trln so‘mni (32,19 trln so‘m), xarajatlar 96,69 trln so‘mni tashkil etadi (96,1 trln so‘m).

Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash uchun Respublika maqsadli jamg‘armasiga qo‘shimcha 100 mlrd so‘m (jami 600 mlrd so‘m) mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Gap aholi va tadbirkorlardan davlat ehtiyojlari uchun yerlarni olib qo‘yish haqida bormoqda.

Yil boshida TTJ balansi profitsit bilan rejalashtirilgan bo‘lsa (daromadlari xarajatlardan ko‘p), yil oxiriga kelib 363,67 mlrd so‘mlik salbiy saldo kutilmoqda.

Jumladan, jamg‘arma daromadlari (sotishdan tushgan tushumning bir qismi TTJga o‘tkaziladigan oltin va boshqa xomashyo narxlarining yuqoriligi tufayli) 18,87 trln so‘mdan 20,82 trln so‘mgacha (+10,3 foiz), xarajatlari esa 18,85 trln so‘mdan 21,18 trln so‘mgacha (+12,4 foiz) oshadi.

Avvalroq “Gazeta.uz” ayrim vazirlik va idoralar budjeti qanday o‘zgargani haqida batafsil ma’lumot bergandi.

Qarzlar chegarasini oshirish

“2024-yilgi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda O‘zbekiston hukumati 2024-yilda qarz olishi mumkin bo‘lgan miqdorga chegara belgilangandi. Xususan, umumiy qiymati 5 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan qarzlar (tashqi qarzlar) bo‘yicha yangi xalqaro bitimlarni imzolash taqiqlangandi. Shundan 2,5 mlrd dollar budjetni qo‘llab-quvvatlashga (xarajatlar daromaddan ko‘p bo‘lganda — budjet taqchilligini qoplash), qolgan 2,5 mlrd dollar investitsiya loyihalariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi.

Biroq hukumat oldingi yillarda bo‘lgani kabi davlat xarajatlari bo‘yicha belgilangan chegaralardan chiqib ketdi, shuning uchun o‘zgartirishlar orqali tashqi qarzlar bo‘yicha chegara 2,3 mlrd dollarga — 7,3 mlrd dollargacha oshirildi: 3,2 mlrd dollar (+700 mln dollar) — budjet taqchilligini moliyalashtirishga, 4,1 mlrd dollar (+1,6 mlrd) investitsiya loyihalari uchun. O‘tgan yili limit 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘tarilgandi.

Ahadbek Haydarov qo‘shimcha jalb qilingan qarzlar muhim ijtimoiy loyihalar, xususan, ipoteka bozorini rivojlantirish, banklarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan resurslar ajratish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va boshqa muhim infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilishini aytdi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya budjetlarini o‘z ichiga olgan “boshqa tashkilotlar” xarajatlari bandidagi summa 2 trln 480 mlrd so‘mga oshib, 47 trln so‘mga yetdi. 2025-yilda ularni moliyalashtirishni qariyb 50 trln so‘mgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligini qonun hujjatlarida belgilangani kabi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz darajasida ushlab turish uchun barcha choralar ko‘riladi.

Senator Moyra Toshova Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga tashqi qarzlar limiti keskin oshirilgani (2021-yildan beri ilk bor) haqida savol berdi hamda ushbu qarorning tashqi qarz hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar qiymatining oshishi bilan bog‘liqligini ham ta’kidladi. U bunday loyihalarning samaradorligi qanday ekani va tashqi qarzni qisqartirish bo‘yicha rejalari bor-yo‘qligini so‘radi. Biroq vazirlik vakili bu savolga yozma javob berishini aytdi.

O‘zbekistonning davlat qarzi 2024-yilda 4,8 mlrd dollarga oshib, 34,9 mlrd dollardan 39,7 mlrd dollargacha oshishi kutilmoqda. 2027-yilda davlat qarzi darajasi 55,9 mlrd dollarga yetishi mumkin, biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkichning YAIMga (36,7 foiz) nisbatida o‘sishi “sezilarsiz” bo‘ladi.