100 nafar falastinlik yarador ayollar va bolalar ularning hamrohlari bilan birga O‘zbekistonga evakuatsiya qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev Misrning Ahram yangiliklar saytiga ma’lum qildi.
Ushbu evakuatsiya amaliyoti ikki davlatning Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirildi, deyiladi xabarda.
Qilichevning ta’kidlashicha, evakuatsiya qilingan falastinliklar yurtlariga qaytgunlaricha O‘zbekistonda qoladi. Ushbu bemor falastinliklar davolanish va sog‘liqlarini qayta tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtiriladi, deya qo‘shimcha qildi Qilichev.
O‘zbekiston hukumati ularga mamlakatda bo‘lish davrida oilasining barcha ehtiyojlari, jumladan, mehmonxonalar, maktablar, oziq-ovqat va boshqa narsalar bilan ta’minlaydi.
Mansurbek Qilichevning tushuntirishicha, O‘zbekiston prezidenti 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Falastin masalasiga bag‘ishlangan favqulodda arab-islom sammiti oldidan so‘zlagan nutqida Falastin hududlarida harbiy operatsiyalarni to‘xtatish va xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash muhimligini ta’kidlab, Toshkent jarohatlangan falastinlik bolalar va ayollarni davolash uchun qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Biz Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan „Ko‘rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo“ sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz”, — degandi davlat rahbari.
O‘tgan yilning noyabr oyida prezident BMTning Yaqin Sharq agentligiga (UNRWA) G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlarga yordam berish uchun 1,5 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan.
Rafah
Rafah — G‘azo sektorining janubidagi Misr bilan chegaradosh shahar bo‘lib, urush boshlanganidan keyin anklavning shimoliy va markaziy qismlaridan 1 milliondan ortiq falastinlik qochqinlar boshpana topgan.
“Rafah” nazorat-o‘tkazish punkti G‘azodagi yagona quruqlik yo‘li bo‘lib, u orqali falastinliklar Isroilni chetlab o‘tib, tashqi dunyo bilan bog‘langan. Gumanitar yordam nazorat-o‘tkazish punkti orqali yetkaziladi va G‘azo aholisining yaradorlari evakuatsiya qilinadi.
Isroil so‘nggi bir necha oy davomida Rafahga quruqlik hujumini boshlash bilan tahdid qilgan. Isroil rasmiylariga ko‘ra, shaharda o‘tgan yilning 7-oktabrida Isroilga qilingan hujum paytida guruh tomonidan asirga olingan minglab HAMAS askarlari va ehtimol o‘nlab garovga olinganlar yashiringan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham HAMAS ustidan g‘alaba Rafahdagi operatsiyasisiz bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlagan.
Isroilning Rafahdagi operatsiyasiga G‘arb va arab davlatlari, shuningdek, xalqaro gumanitar tashkilotlar tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar bo‘lishi mumkinligi sababli qarshi chiqqan.
Shu yilning may oyida Isroil tanklari G‘azo sektorining janubidagi Rafah markaziga kirdi, shaharga, shuningdek, havo hujumlari uyushtirilmoqda. Isroil BMT Xalqaro sudi mamlakatga hujumni zudlik bilan to‘xtatishga majbur qilganiga qaramay, Rafahda harbiy operatsiyani davom ettirdi.