Bosh prokuratura Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd ishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etgani aniqlangan.

B.Rasayev va Sh. Temirxanov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda Interpol orqali ularga qidiruv e’lon qilingan.

Bislan Rasayev 36 yoshda, rus va chechen tillarini biladi. Interpol veb-saytida quyidagi ayblovlar keltirilgan:

  • 241-moddaning 1-qismi: Tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda xabar bermaslik — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • 246-moddaning 1-qismi. Kontrabanda — 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • 248-moddaning 1-qismi. O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shamil Temirxanov 31 yoshda, rus tilini biladi. Interpol saytiga ko‘ra, u quyidagilarda ayblanmoqda:

  • Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirishga urinish.
  • O‘qotar qurollar, o‘q-dorilar, o‘qotar qurollarning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlovchi moddalar yoki portlovchi qurilmalarning noqonuniy savdosi.

Komil Allamjonovga qurolli hujum

26-oktabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida temir yo‘l kesishmasi yaqinida ikki noma’lum shaxs Komil Allamjonov o‘tirgan Range Rover rusumli avtomobilga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Haydovchi va sobiq amaldor jarohat olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

27-oktabr kuni ertalab Bosh prokuratura bir gumonlanuvchi hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Bir kun o‘tib yana uch nafar shaxs ushlangani ma’lum qilingan.

Bosh prokuraturaning 25-noyabrdagi xabarida suiqasdda gumonlanayotganlar soni 7 kishiga yetgani, ulardan 2 nafariga qidiruv e’lon qilingani aytilgan. Xususan, ulardan biri Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Yana birining Qozog‘istonda yashiringan manzili aniqlangan.