Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer mamlakat parlamenti (bundestag)ni tarqatib yubordi va muddatidan oldingi parlament saylovlarini 2025-yil 23-fevralga belgiladi. Bu haqda Tagesschau xabar bermoqda.
“Hozirgi murakkab davrda barqarorlikni ta’minlash uchun ishga qodir hukumat va parlamentda ishonchli ko‘pchilik bo‘lishi zarur”, — dedi u.
Mamlakat prezidenti parlamentni tarqatib yuborish niyatida ekanini 20-dekabr kuni ma’lum qilgandi. U “federal hukumat uchun barqaror parlament ko‘pchiligini shakllantirish istiqboli butunlay yo‘qolgan”, deb aytgandi.
16-dekabr kuni bundestag deputatlari kansler Olaf Shols hukumatiga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qilgandi. Sholsning o‘z tashabbusi bilan chaqirilgan maxsus majlisda 717 deputatdan 207 nafari Vazirlar Mahkamasini qo‘llab-quvvatlagan, 116 nafari betaraf qolgan, 394 nafari qarshi chiqqan.
Shols hukmron koalitsiya parchalanganidan keyin deputatlar oldiga ishonch masalasini qo‘ydi — bu ovoz berish muddatidan oldin saylovlarni tayinlash uchun rasmiy asoslarga ega bo‘lish uchun zarur edi. Ovoz berishdan so‘ng Shols Germaniya prezidentiga parlamentni rasman tarqatib yuborishni taklif qildi. U buni 21 kun ichida qilishi kerak edi, qoidaga ko‘ra, shundan so‘ng yangi saylovlar tayinlanadi.
2021-yildan beri Germaniyada Shols boshqaradigan Sotsial-demokratik partiya, Yashillar va Erkin demokratik partiyadan iborat koalitsiya hokimiyat tepasida turibdi. Noyabr oyi boshida iqtisodiy islohotlar bo‘yicha koalitsiyadagi jiddiy kelishmovchiliklar fonida Erkin demokratik partiya koalitsiyani tark etgandi, shu tariqa, “svetofor koalitsiyasi” deb ataluvchi hukmron koalitsiya parchalanib ketgan.
- Noyabr oyi oxirida Shols ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Uning potensial raqibi, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bo‘lajak saylovlarda Sotsial-demokratik partiyadan kanslerlikka nomzodini ko‘rsatishdan bosh tortgan va Sholsni qo‘llab-quvvatlagan. Partiya a’zolari avvalroq Sholsning ommabop emasligi sababli Pistoriusni o‘z nomzodini qo‘yishga chaqirgandi.