Janubiy Koreya Milliy assambleyasi (parlamenti) prezident vazifasini bajaruvchi, shuningdek, bosh vazir lavozimini egallab turgan Xan Dok Su impichmenti uchun ovoz berdi.Bu haqda Yonhap yozmoqda.
300 nafar deputatdan 192 nafari impichmentni yoqlab ovoz berdi, qarshilar yo‘q. Shu bilan birga, konstitutsiyaga ko‘ra, prezident impichmenti uchun 300 deputatning 200 ovozi kerak. Biroq, boshqa yuqori martabali amaldorlar, jumladan, bosh vazir uchun ko‘pchilik ovozi (151 ovoz) yetarli. Ovoz berish arafasida Milliy assambleya spikeri U Von Sik ovozlar bosh vazir impichmenti uchun ovoz berayotgandek hisoblanishini aytgandi.
Xan Dok Su Janubiy Koreya prezidenti vazifasini 14-dekabr kuni harbiy holat joriy etilgandan so‘ng Yun Sok Yol lavozimidan chetlatilganidan so‘ng egalladi. Xan Dok Suni chetlatish uchun ovoz berish tashabbusini muxolifatdagi “Koreya Toburo Demokratik partiyasi” boshlab berdi.
Bu harakat Xan Dok Su hukumati Yun Sok Yol va uning rafiqasi Kim Gon Xi haqidagi tergov qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdan va mamlakat konstitutsiyaviy sudi tarkibiga uch sudyani tayinlashdan bosh tortganidan keyin sodir bo‘ldi. Nomzodlar uchun parlament ovoz berdi, ammo Xan hukmron partiya va muxolifat siyosiy kelishuvga erishmaguncha ularni lavozimga qo‘yishdan bosh tortdi.
Mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan impichmentning tasdiqlanishi sud tarkibiga bog‘liq. Sudyalar soni kam bo‘lsa, u prezident lavozimida qolish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi. Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi to‘qqiz nafar sudyadan iborat. Yunni impichment qilish to‘g‘risidagi qarorni kamida olti nafar sudya qo‘llab-quvvatlashi kerak. Hozirda uning tarkibida atigi oltita sudya bor, shuning uchun hatto bitta qarshi ovoz ham Yunga hokimiyatda qolishga imkon beradi, deb tushuntiradi BBC News.
Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz 3-dekabr kuni prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilgandan so‘ng boshlandi va uni konstitutsiyaviy tartibni KXDR tahdidlaridan himoya qilish uchun zarur chora deb atadi. Oqibatda parlament prezidentga impichment e’lon qildi.