Hindistonning sobiq bosh vaziri Manmohan Singh 92 yoshida Nyu Dehlidagi AIIMS tez yordam bo‘limida vafot etdi, deb yozmoqda Reuters. U mamlakatdagi iqtisodiy islohotlarning asosiy me’mori va “iqtisodiy liberallashtirish qahramoni” hisoblanadi.
U 2004-yilgi umumiy saylovlardan keyin birinchi marta bosh vazir bo‘lgan, 2009-yilda yana bu lavozimni egallagan. 2014-yilda Singh o‘zi vakillik qilgan “Hindiston milliy kongressi” partiyasi parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan keyin iste’foga chiqqanini e’lon qilgan. U mustaqil Hindiston tarixida (Javoharla’l Neru va Indira Gandidan keyin) lavozimda uzoq muddat ishlagan uchinchi bosh vazir bo‘ldi. Uning vorisi Hindiston xalq partiyasi yetakchisi Narendra Modi sanaladi.
Singh Hindistonning misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sishga erishishiga sababchi bo‘lgan va yuz millionlab odamlarni dahshatli qashshoqlikdan olib chiqqan, deb ta’kidlaydi Reuters.
“Hindiston o‘zining eng ko‘zga ko‘ringan yetakchilaridan birining vafot etganidan qayg‘uda”, — dedi bosh vazir Narendra Modi.
Britaniya hukmronligi ostidagi Hindistonning bir qismida, hozirgi Pokistonda kambag‘al oilada tug‘ilgan Singh Oksfordga borishdan oldin Kembrij universitetida o‘qish uchun sham yorug‘ida o‘qigan va Hindiston iqtisodiyotida eksport va erkin savdoning roli bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini qo‘lga kiritgan.
U iqtisodchi, Hindiston markaziy banki gubernatori va hukumat maslahatchisi bo‘lgan, ammo 1991-yilda to‘satdan moliya vaziri lavozimiga tayinlanganda, unda siyosiy martaba uchun aniq rejalar yo‘q edi, deb yozadi nashr.
90-yillar boshida Moliya vazirligi rahbari bo‘lgan Singh 1991−1992-yillarga mo‘ljallangan budjet loyihasini taqdim etgan, u Hindiston iqtisodiyotini liberallashtirish, globallashuv va xususiylashtirish yo‘nalishida ilgari surilgandi. Bu mamlakatning bozor iqtisodiyoti tomon sezilarli siljishini belgilab bergan va keyingi o‘n yilliklarda jadal iqtisodiy o‘sishga yo‘l ochgan.
U o‘zining budjetga bag‘ishlangan ilk nutqida Viktor Gyugodan iqtibos keltirgan holda shunday degan: “Yer yuzidagi hech bir kuch fursati kelgan g‘oyani to‘xtata olmaydi” va qo‘shimcha qilgan: “Hindistonning dunyodagi yirik iqtisodiy kuch sifatida paydo bo‘lishi shunday g‘oyalardan biridir”.
Mansabdan ketishidan biroz oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida Singh qo‘lidan kelgan hamma ishni qilganini ta’kidlagan. “Ishonchim komilki, tarix menga zamonaviy ommaviy axborot vositalaridan yoki, shu ma’noda, parlamentdagi muxolifat partiyalaridan ko‘ra yumshoqroq munosabatda bo‘ladi”, — degan u.