27-dekabr kuni Sadir Japarov Jalolobod viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishiga start berdi, deya ma’lum qildi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati.
Davlat rahbari marosimda bu temiryo‘l nafaqat transport yo‘lagi, balki Sharq va G‘arb davlatlarini bog‘lovchi muhim strategik ko‘prik ekanini yana bir bor ta’kidladi.
“Ushbu yo‘nalish Xitoydan Qirg‘izistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan, Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi. Loyiha mintaqalararo aloqalarni mustahkamlaydi, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga va mintaqaning xalqaro transport-tranzit hab sifatidagi raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi, bu esa Markaziy Osiyo mamlakatlari maqsadlariga mos keladi”, — dedi Sadir Japarov.
Shundan so‘ng Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi raisi Chjen Shansze XXR raisi Si Szinpinning murojaatini o‘qib eshittirdi.
Uning ta’kidlashicha, ushbu loyiha Osiyo va Yevropani bog‘laydigan yangi quruqlik yo‘lagini qurish imkonini beradi va uch mamlakat o‘rtasida odamlarning harakatlanishi va tovar ayirboshlash darajasini sezilarli oshiradi. Loyiha sanoatni samarali rivojlantirish, resurslarni o‘zlashtirish, shuningdek, savdo va investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘qib eshittirgan murojaatida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishiga asos solinishi do‘st mamlakatlar qariyb 30 yil ilgari bosib o‘tgan tarixiy voqea ekani ta’kidlandi.
U Markaziy Osiyo mintaqasini Xitoy bilan eng qisqa quruqlik yo‘li orqali bog‘laydigan xalqaro ahamiyatga ega yangi transport arteriyasi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va uch davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Tadbir yakunida Sadir Japarov temiryo‘l qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Temiryo‘l haqida
Xitoyni Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog‘laydigan temiryo‘l tarmog‘ini qurish loyihasi qariyb 25 yildan beri muhokama qilinadi. Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga, so‘ngra Turkmaniston, Eron va Turkiyaga yo‘nalishning bir nechta variantlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar temiryo‘lning kengligi, shuningdek, borish qiyin bo‘lgan baland tog‘li hududlardan o‘tadigan magistralning qurilish qiymati va uning yo‘nalishi haqida kelishib ololmaydi. Bu Rossiya va Qozog‘istonga qaramlikni kamaytirishi kutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, xalqaro transport yo‘lagi qurilishi “Qashqar — Torugart — Makmal — Jalolobod — Andijon” yo‘nalishining kombinatsiyalangan varianti bo‘yicha amalga oshiriladi. O‘zbekiston Transport vazirligi loyihaning amalga oshirilishi Xitoydan O‘zbekiston orqali Turkiyaga, undan keyin Yevropaga, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlariga savdo va tashish geografiyasini kengaytirish imkonini berishini ma’lum qildi.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘lining uzunligi 486 km ni tashkil etadi, shundan taxminan 312 km Qirg‘iz Respublikasi hududidan o‘tadi, u yerda 18 ta temiryo‘l stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan, bundan tashqari, tog‘li relefni hisobga olgan holda, 81 ta ko‘prik qurish va uzunligi 120 km dan ortiq bo‘lgan 41 ta tunnelni burg‘ilash talab etiladi.
“Kirgiz temir jolu” davlat korxonasi rahbari Azamat Sakiyev temiryo‘l ikki qismdan iborat bo‘lishini ta’kidladi. Xitoy chegarasidan Makmal stansiyasigacha (165,5 km) Xitoyda qo‘llanadigan standartga muvofiq 1435 mm kenglikdagi iz yotqizish rejalashtirilgan, keyin Jalolobodgacha (146,2 km) 1520 mm kenglikdagi iz olib boriladi.
Makmal stansiyasida tarkiblarni qayta shakllantirish, yuklarni qayta yuklash, saralash ishlari amalga oshiriladi. Prognozlarga ko‘ra, 2035-yilga kelib tarmoqdagi o‘rtacha yillik tashish hajmi 5 million tonnani tashkil etadi, shundan yarmidan ko‘pi tranzitga to‘g‘ri keladi, deb yozadi Spot.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Xitoy qo‘shma korxonada 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa 24,5 foizdan ulush oladi.
Yozda Transport vazirligi vakili “Gazeta.uz” bilan suhbatda qo‘shma kompaniyada Xitoyning ulushi 51 foizni, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ulushi esa 24,5 foizdanni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Uning ta’sischilari Xitoyning China Railway International, “Kirgiz temir jolu” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyalari edi. Qirg‘iziston o‘z budjetidan 11 mlrd so‘m (taxminan 130,5 mln dollar) ajratishni rejalashtirgan.
“Xitoy hududida temiryo‘l qurilishi Xitoy tomonidan to‘liq amalga oshiriladi va moliyalashtiriladi. Qolaversa, ular Qirg‘iziston ichidagi ushbu jarayonlarda ham ishtirok etadi. O‘zbekistonda loyihaga qo‘shilish uchun 10 kilometrga yaqin yo‘llar qurishimiz kerak. Ishlarning asosiy qismi Qirg‘izistonda”, — dedi suhbatdosh.
Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. O‘z mablag‘larining yarmini qo‘shma korxonadagi ulushlarga muvofiq ishtirokchi mamlakatlar taqdim etadi: 1,18 milliard dollar Xitoy, qariyb 700 million dollar Qirg‘iziston tomonidan ajratiladi. Shu bilan birga, 19-iyun kuni Qirg‘iziston parlamentida bo‘lib o‘tgan taqdimotda O‘zbekiston va Qirg‘iziston 573 million dollardan ajratishi aytilgan edi.
Yana 2,35 milliard dollar Xitoy tomonidan taqdim etiladigan notijorat kredit hisoblanadi. Hozirda bu borada Ineksimbank va XXR Milliy banki bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Iyul oyida O‘zbekiston prezidenti Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘lini qurish bo‘yicha loyiha kompaniyasi ustav fondiga 255 million dollar ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shundan 14 mln dollari joriy yil oxirigacha yo‘naltirilishi kerak.
Iyun oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy hukumatlari temiryo‘l loyihasini birgalikda ilgari surishda hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama bitimni imzolagan.