24-dekabr kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi kungaboqar urug‘ini yetishtiruvchilarning eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjatga ko‘ra, 20-dekabrdan boshlab barcha tadbirkorlarga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, kungaboqar urug‘ini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berildi.
Qaror oq kungaboqar urug‘lari (TIF TN kodi 1206 00 990 0) va oq chiziqlar bilan kulrang qobiqdagi urug‘lar (TIF TN kodi 1206 00 910 0) uchun amal qiladi.
2022-yilning may oyida prezident qarori bilan kungaboqar va o‘simlik yog‘i, shuningdek, kungaboqar urug‘lari va boshqa yog‘li o‘simliklarni eksport qilishga cheklovlar kiritilgandi.
2024-yilning mart oyida hukumat kungaboqar va o‘simlik yog‘i eksportiga cheklovlarni yumshatgandi. Korxonalarga import qilingan urug‘lardan tayyorlangan mahsulotlarning 50 foizgacha qismini eksport qilishga ruxsat berilgan.
Prezident 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosariga o‘simlik yog‘i eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish taklifini o‘rganishni topshirgandi.
Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida 10 ming gektar maydonda kungaboqarni takroriy ekish sifatida yetishtirish zarurligini ta’kidlagan edi.