“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov shanba kuni Rossiya havo hududi xavfsizligi masalasini ko‘tardi.
U o‘zining Telegram kanalidagi postda partiya O‘zbekiston Transport vazirligi va Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga bu borada asosli tushuntirish berishni so‘rab so‘rov yuborishini ma’lum qildi.
“Uzbekistan Airways birinchi o‘rinda vatandoshlarimiz xavfsizligi haqida o‘ylashi kerak”, — deb yozdi u.
Uzbekistan Airways matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ayni paytda Rossiya shaharlariga, jumladan, Maxachqal’a va Grozniyga barcha reyslar belgilangan jadval bo‘yicha amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda aviatashuvchi Blagoveensk, Vladivostok, Grozniy, Maxachqal’a, Moskva, Yekaterinburg, Irkutsk, Qozon, Krasnodar, Krasnoyarsk, Mineralniye Vodi, Nijnevartovsk, Nijniy Novgorod, Novosibirsk, Omsk, Orenburg, Perm, Rostov, Samara, Sankt-Peterburg, Sochi, Tyumen, Ufa va Xabarovskka parvozlarni amalga oshiradi.
Toshkentdan Grozniyga parvozlar haftasiga ikki marta (seshanba va juma kunlari), Maxachqal’aga bir marta (payshanba kunlari) amalga oshiriladi.
Xorijiy kompaniyalar aviareyslarni bekor qilmoqda
Bir qator xorijiy aviakompaniyalar Bokudan Grozniyga uchayotgan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahrida halokatga uchraganidan so‘ng Rossiyaning ba’zi shaharlariga parvozlarni to‘xtatganini e’lon qildi.
28-dekabrdan AZAL Bokudan Rossiyaning bir qator aeroportlariga, jumladan, Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa, Samara, Saratov, Nijniy Novgorod va Vladikavkazga parvozlarni to‘xtatdi. Bungacha aviatashuvchi Grozniy va Maxachqal’aga parvozlarni to‘xtatgan edi.
Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi “yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida” 28-dekabrdan 27-yanvargacha Ostonadan Yekaterinburgga parvozlarni to‘xtatdi. Qaror “Rossiyaga parvozlar xavfini doimiy ravishda baholash” yakunlari bo‘yicha qabul qilindi. Yekaterinburgga parvozlarni tiklashdan oldin tashuvchi xavflarni qayta baholaydi. Omsk va Novosibirskka parvozlar davom etadi.
Isroilning El Al aviakompaniyasi payshanba kuni “Rossiya havo hududidagi voqealar munosabati bilan” kelgusi haftada Tel-Aviv — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni to‘xtatishini e’lon qildi.
Dubayning Flydubai aviakompaniyasi ham Sochi va Mineralniye Vodidan Dubayga parvozlarni 5-yanvarga qadar bekor qildi. Aviakompaniya buni “fors-major” va parvozlar xavfsizligiga tahdid deb atadi, deya xabar beradi Rossiya Turoperatorlari uyushmasi.
Katastrofa haqida
25-dekabr kuni Aqtau yaqinida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Bortda 67 kishi, shu jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot halokati oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan. AZAL kuni kecha samolyot “fizik va texnik aralashuv”ga uchraganini ma’lum qildi.
26-dekabr kuni Euronews Ozarbayjon hukumatidagi manbalarga tayanib, Grozniyga qo‘nmoqchi bo‘lgan samolyot yonida Rossiyaning havo hujumiga qarshi raketa portlagani haqida xabar berdi. Ozarbayjonning Caliber nashri va Reuters agentligi layner bortidagi radioelektron kurash vositalari tufayli aloqa tizimi o‘chirilganiga aniqlik kiritdi.
Rosaviatsiya rahbari Dmitriy Yadrov Grozniy ayeroportiga Ukraina dronlari hujum qilganini, bundan tashqari tuman kuzatilganini tasdiqladi, deb xabar beradi TASS. Uning aytishicha, uchuvchilar Grozniyga ikki marta qo‘nishga urinib ko‘rgan. Komandirga Rossiyadagi boshqa aeroportlar taklif qilingan edi, lekin u Aqtau ayeroportiga borishga qaror qildi, dedi Rosaviatsiya rahbari. Ba’zi ommaviy axborot vositalari samolyotga Maxachqal’a va Mineralniye Vodiga qo‘nishga ruxsat berilmagani haqida yozishgan.