Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Checheniston (Rossiya) rahbari Ramzan Qodirovning O‘zbekiston amaldorlariga (shu jumladan, sobiq amaldorga) tahdidlarini qoralab, buni mamlakat ichki ishlariga aralashish deb baholadi.
O‘z Telegram kanalida “Milliy tiklanish” partiyasi vakili Ramzan Qodirovning kanalidagi e’lonlarga javoban shunday yozdi: “Bunday harakatlar ikki do‘st davlat munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va har ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarga zarar yetkazishi mumkin”.
“Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning o‘zbek mulozimlariga tahdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini so‘rayman”, — dedi deputat.
Bundan tashqari, u Checheniston Respublikasi rahbari o‘z fikrlari uchun O‘zbekiston xalqidan ochiqdan ochiq kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.
“Agar u do‘st bo‘lsa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni O‘zbekistonga topshirishi lozim”, — deya qo‘shimcha qildi Odiljon Tojiyev.
Shuningdek, ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev ham holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan. U O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilishni terrorizm deya baholagan. “Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim”, — deb yozgan mansabdor.
Ramzan Qodirov nima degandi?
Ramzan Qodirov 26-dekabrdagi postida prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd qilishda “chechen izi” (bu haqda OAV xabar bergan edi) borligini va bu ishga aloqadorligini ikkinchi bor rad etgandi. “Buni suiqasd deb atash qiyin”, deb yozdi u va takrorladi: “Agar buni men tayyorlaganimda edi, ishni oxiriga yetkazgan bo‘lardim… Men haqimda bunday yomon fikrda bo‘lmang”. Checheniston rahbari bu ish bo‘yicha birinchi postni 11-noyabrda yozgandi. Sobiq amaldorning avtomobili 26-oktabrga o‘tar kechasi o‘qqa tutilgan.
Ertasi kuni, 27-dekabrda Bosh prokuratura Interpol orqali ikki nafar Rossiya fuqarosi — Bislan Rasayev va Shamil Temirxanovning O‘zbekistonga noqonuniy kirib-chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik va o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasi bo‘yicha ayblanib, qidiruvga berilganligi haqidagi OAV xabarini tasdiqladi.
OAV, shuningdek, O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Lining suiqasdiga tayyorgarlik ko‘rilgan ikkinchi shaxs sifatida paydo bo‘lgani haqida ham yozgan.
Ramzan Qodirov Komil Allamjonov va Dmitriy Liga “jabrlanuvchilar rolini o‘ynamaslikni” “tavsiya qildi”. “Nima niyat qilganingizdan qat’i nazar, o‘z vaqtida to‘xtasangiz ma’qul, aks holda barcha fitna, tuhmat va uydirmalarga javob berishga majbur bo‘lasiz. Men hozir an’analarimizga ko‘ra javob berish haqida gapiryapman”, — deya tahdid qildi u.
Checheniston rahbari, shuningdek, “ushbu voqea bilan shug‘ullanayotgan tergovchilarga nisbatan xizmat tekshiruvi” zarurligini aytdi.
Ramzan Qodirov ikkala postda ham OAV xabarlarini ig‘vogarlik va qandaydir siyosiy o‘yinning bir qismi deb atadi, shuningdek, O‘zbekiston va Checheniston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni ta’kidladi.