25-dekabr kuni “Salomatlik” poyezdida Afg‘onistonning Balx viloyatiga borgan o‘zbekistonlik shifokorlar uch kun ichida 1300 dan ortiq aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, deb xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasiga qarashli “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlari” muassasasi.
15 turdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlangan tibbiy-sanitariya poyezdida 28 nafar shifokor yetib borgan. Ular ko‘rikni 30-dekabrga qadar davom ettiradi.
Uch kun davomida tekshirilganlarning 576 nafari erkaklar, 464 nafari ayollar va 273 nafari bolalardir.
Shu bilan birga, viloyat aholisiga 1,6 mlrd so‘mlik 50 turdagi dori-darmon va gigiyena vositalari tarqatildi.
“Gazeta.uz” prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan qo‘shni davlatga insonparvarlik yordami va shifokorlar jo‘natilgani haqida yozgandi.