AQSh Moliya vazirligi 27-dekabr kuni “Gruzin orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishviliga nisbatan sanksiyalar joriy etganini e’lon qildi. U SDN ro‘yxati (“qora ro‘yxat”)ga kiritildi.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Ivanishviliga qarshi sanksiyalar “Rossiya Federatsiyasi manfaatlari yo‘lida Gruziyaning demokratik va yevroatlantik kelajagiga putur yetkazgani uchun” kiritilgan.

“Ivanishvili va „Gruzin orzusi“ harakatlari demokratik institutlarga putur yetkazdi, inson huquqlarining buzilishiga olib keldi va Gruziyada asosiy erkinliklarni amalga oshirishni chekladi. Bundan tashqari, ular Gruziyaning yevroatlantik kelajagini barbod qildi… Natijada Gruziya Rossiyaga nisbatan zaif holatga tushib qoldi, chunki Rossiya hali ham Gruziya hududining 20 foizdan ortig‘ini egallab turibdi”, — deyiladi bayonotda.

“Biz „Gruzin orzusi“ tashkilotining Ivanishvili boshchiligidagi xatti-harakatlarini, shu jumladan, Gruziya fuqarolari, namoyishchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, inson huquqlari faollari va muxolifat vakillariga nisbatan davom etayotgan shafqatsiz qatag‘onlarini keskin qoralaymiz. Qo‘shma Shtatlar Gruziyada demokratiya va inson huquqlariga putur yetkazganlar uchun javobgarlikni targ‘ib qilishga sodiqdir”, — deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti.

Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze AQSh qarorini izohlar ekan, sanksiyalar Ivanishvili Gruziyaning milliy manfaatlarini himoya qilgani uchun kiritilganini aytdi.

Gruziyada mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyasini to‘xtatishga qarshi norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin Boltiqbo‘yi davlatlari dekabr oyi boshida Ivanishvilining Latviya, Litva va Estoniyaga kirishini taqiqlagan edi. Dekabr oyida Ukraina hukumati ham Ivanishviliga qarshi sanksiyalar kiritgan.