O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishmoqda, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yangi shahar poydevorining ramziy tamal toshi 2023-yil 18-martda qo‘yilgandi. Marosimda davlat rahbari Yangi Toshkent “yashil shahar”ga aylanishini — havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalaridan foydalanish va ko‘p miqdorda o‘simliklar ekishga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlagan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shu yerning o‘zida “yashil belbog‘” loyihasini amalga oshirish boshlanadi: 420 gektar maydonda markaziy bog‘ tashkil etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi.
Prezident tashrif buyurgan 50 gektar maydonda hozirning o‘zidayoq ko‘chatxona faoliyat ko‘rsatmoqda, deya ta’kidladi matbuot xizmati. Davlat rahbari ko‘chatlarni ko‘zdan kechirdi, landshaft dizayni rejalari, shuningdek, sug‘orish va parvarishlash tizimi bilan tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Bugungi kunga qadar ko‘chatzorda 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.
Yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda. Prezident ulardagi sharoitlar bilan ham tanishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda to‘liq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar open space uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.
Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi, deyiladi xabarda.