“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 31-dekabr kuni O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati hamda baland tog‘larida yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. 30−31-dekabr kunlari O‘zbekistonning katta qismi mintaqaga kirib keladigan Kaspiy dengizi janubidagi nam havo oqimi ta’sirida bo‘lib, ushbu havo oqimi joylarga, ko‘p bo‘lmasa-da, yog‘ingarchilik, asosan yomg‘ir ulashadi.

31-dekabrda yog‘ingarchiliklar shimoliy, Toshkent viloyati hamda tog‘larda 31-dekabrga o‘tar kechasi hamda tonggi muddatlarda kuzatilishi mumkin. Hozirgi kutilmalarga ko‘ra, nam havoning “quvvati” 31-dekabr kunduz kuniga borib to‘liq tugaydi.

Boshqacha aytganda, Yangi yil arafasida ob-havoni aynan Kaspiy dengizi janubidan kirib keladigan nam havo oqimi belgilaydi — uning tezligi ortishi va kamayish fonida joylarda yog‘ingarchilik bizning kutilmalarimizdan avval yoki keyin yuz berishi ham mumkin.

31-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi ayrim hududlari va Toshkent viloyati aholisi tongda yog‘ingarchilik kuzatilishiga guvohi bo‘lishi mumkin. Yog‘ingarchilik havo haroratining nol darajadan yuqori bo‘lishi fonida kirib kelayotgani uchun joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutiladi. Faqat ayrim tog‘li hududlarda tonggi muddatlardagina qor yog‘ishi mumkin. “O‘zgidromet"ning hozirgi birlamchi prognoziga ko‘ra, O‘zbekistonning boshqa hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

31-dekabr kunduz kuni havo harorati shimolda +0…+5 daraja, boshqa hududlarda +5…+10 daraja, janubiy viloyatlarda +7…+12 darajagacha iliq bo‘lishi prognoz qilingan. “O‘zgidromet” tomonidan 1-yanvarga o‘tar kechasi shimolda -8 darajagacha sovuq, boshqa hududlarda esa -3 darajagacha sovuq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

O‘zbekistonliklar 1-yanvarga o‘tar oqshomni yog‘ingarchiliklarsiz kutib oladi. Havo harorati ham soat millari 2025-yilning dastlabki soniyalariga bong urgan vaqtda ko‘plab hududlarda nol daraja atrofidagi iliqlikni taqdim etadi.

O‘zbekistonda o‘zi qachondir Yangi yil qor bilan kutib olinganmi?

Avvallari ko‘p hollarda Yangi yil kutib olinadigan 31-dekabr sanasida kunduzi yog‘ingarchiliklar bo‘lgan. Ammo Yangi yil oqshomigacha ular “to‘xtab qolavergan”. Boz ustiga, so‘nggi yillarda Yangi yil arafasidagi yog‘ingarchiliklar asosan yomg‘ir ko‘rinishida kuzatilyapti. Vaholanki, bundan bir asrcha muqaddam o‘zbekistonliklar aksariyat hollarda 1-yanvarni “laylak-qor"lar bilan kutib olardi.

Meteorologik kuzatuvlar boshlanganidan keyingi yillarda O‘zbekistonda Yangi yil bayrami kuni ob-havo muhiti qanday bo‘lganini Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Urganch kabi yirik shaharlarimiz misolida “O‘zgidromet"ning tarixiy ma’lumotlari asosida ko‘rib chiqish mumkin.


erkin abdulahatov, ob-havo, ob-havo sharhi, yangi yil bayrami, yangi yilda ob-havo

Toshkentda Yangi yil bayramidagi yog‘ingarchiliklar

Toshkentda so‘nggi 140 yildagi 31-dekabrlarning 33 tasida yog‘ingarchilik kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning faqat yarmiga yaqini qor ko‘rinishida bo‘lgan, xolos. Bevosita Yangi yil oqshomida qor yog‘ishi esa undan-da kamroq ro‘y bergan. 5 ta holatda avvaliga yomg‘ir, keyin qor yog‘gan. 31-dekabrlarning faqat 12 tasida rostmana qor yog‘ib bergan.

Haqiqiy qor bo‘roni yuz bergan oxirgi 31-dekabr 1956-yili kuzatilgan. Undan keyingi yillardagi 31-dekabrlarda kuzatilgan qorlar, avvaliga yomg‘ir yog‘gani sabab, tez erib ketgan va yerga yaxshi o‘rnashmagan.

Toshkent, 1909−1910-yillar. Foto: Tashkent RetrospectiveToshkent, 1909−1910-yillar. Foto: Tashkent Retrospective

1983, 1991 va 2022-yilning 31-dekabr kunlarida ham Toshkentda sutkaning ayrim vaqtlarida yog‘ib turgan yomg‘irning qorga aylanishi kuzatilgan. Masalan, 2022-yilning 31-dekabrida poytaxt ahli yog‘ayotgan yomg‘irning kunning o‘rtasida qorga aylanishiga guvohi bo‘lgan edi.

Bundan tashqari, Toshkentda meteorologik kuzatuvlar boshlangan birinchi yil — 1881-yilda, keyinchalik 1889 va 1890-yillarda, shuningdek, 1941, 1944 va 1948-yillarda ham 31-dekabr kuni qor yog‘gan.

Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda Yangi yil oqshomi odatda qahraton qish sharoitida o‘tmaydi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi yil xuddi bahordagidek iliqlik muhitida kutib olinyapti.

Toshkent, 1988-yil. Foto: Yep.uzToshkent, 1988-yil. Foto: Yep.uz

Masalan, Toshkentda faqat 5 ta — 1888, 1914, 1917, 1929 va 1990-yillarning 31-dekabrida havo harorati -15 darajadan past bo‘lgan. Ayniqsa, 1929-yil 31-dekabrida havo harorati -20,8 darajagacha pasayib ketgan.

Yangi yil kutib olinganidan keyingi, ya’ni, 1-yanvar sanasidagi eng past harorat esa XIX asrda kuzatilgan — 1889-yilning ilk kunida Toshkentda havo harorati -28 darajagacha sovigan. Shuningdek, 1991-yilning 1-yanvar sanasida ham havo harorati -13 darajagacha sovuq bo‘lgan.

Bayram kuni qor yog‘masa-da, Yangi yil bayrami avvalroq yog‘gan va erishga ulgurmagan qor bilan kutib olingan yillar ham bo‘lgan. Yoki aksincha — ayrim yillarda 1-yanvar kuni gupillab qor yog‘ib bergan. Masalan, 2006-yil 30-dekabr kuni qor yog‘gan, 31-dekabr esa yog‘ingarchiliksiz o‘tgan, ammo 2007-yilning 1-yanvar kuni yana “laylak-qor” kuzatilgan.

Toshkent, 2012-yil. Foto: Tashkent RetrospectiveToshkent, 2012-yil. Foto: Tashkent Retrospective

Umuman olganda, Toshkent ahli Yangi yil oqshomida qor yo yomg‘ir yog‘ishiga boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq guvohi bo‘ladi. Shuningdek, bunday holat har 4−5 yilda bir takrorlanish xususiyatiga ham ega. “O‘zgidromet” sinoptiklarining so‘nggi 50 yillik kuzatuvlarga asoslanib ma’lum qilishicha, Toshkentda o‘rtacha har 4−5 yilda bir marta 31-dekabr kuni, har 2−3 yilda bir marta 1-yanvar kuni yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Farg‘onada Yangi yil bayramidagi yog‘ingarchiliklar

Farg‘onaliklar Yangi yilni juda ham kamdan-kam holatda yog‘ingarchilik bilan kutib olgan. Shaharda meteorologik kuzatuvlar Toshkent bilan bir vaqtda — 1881-yilda boshlangan bo‘lsa, shu o‘tgan 140 yildan ortiq davr mobaynida faqat 13 marta 31-dekabr kuni yog‘ingarchilik qayd etilgan. Uning ham asosiy qismi yomg‘ir.

Farg‘ona shahrida 31-dekabr kuni qor yog‘ishi hodisasi bor-yo‘g‘i 4 marta kuzatilgan bo‘lib, uning ikkitasi ham 140 yilning nari-berisida — 1881 va 1897-yillarda kuzatilgan. Lekin o‘shanda qor juda kuchli yog‘gani, yer qalin qor qoplami bilan qoplanganini qayd etib o‘tish joiz.

Keyingi qorli 31-dekabrlarda juda kam qor yog‘gan. Xususan, 1981-yilning so‘nggi kunida Farg‘onada qor yog‘gan, undan oldin kuzatilgan yomg‘ir farg‘onaliklarga Yangi yilda haqiqiy qorli qish manzarasini taqdim etmagan. 1993 va 2019-yillarning 31-dekabrlarida kunduzi yomg‘ir yog‘ib o‘tgan.

Umuman, Farg‘onada so‘nggi 140 yillik davr uchun o‘rtacha hisobda har 10−11 yilda bir yog‘ingarchilik kuzatilishi xos.

Farg‘onada 31-dekabrda havo haroratining -15 darajadan pasayib ketishi bilan bog‘liq holatlar 5 marta yuz bergan bo‘lib, ular ham XIX asr oxiri — XX asr boshida kuzatilgan. Xususan, 1891-yilning 31-dekabrida Farg‘ona shahrida havo harorati -22,4 darajagacha pasayib ketgan.

Samarqandda Yangi yil bayramidagi yog‘ingarchiliklar

Statistikaga ko‘ra, 31-dekabr Samarqandda ham xuddi Toshkentdagi kabi — o‘rta hisobda har 4−5 yilda bir yog‘ingarchilik bilan o‘tadi. Shahar tarixidagi bayram yog‘ingarchiliklarining asosiylari o‘tgan XX asrda kuzatilgan.

Samarqand, 1959-yil. Foto: Pastvu.comSamarqand, 1959-yil. Foto: Pastvu.com

So‘nggi 30 yilda esa samarqandliklar faqat ikki marta — 2001 va 2003-yillarda Yangi yil kirib kelishi arafasida yog‘ingarchilikka guvohi bo‘lgan. Shunda ham qor emas, yomg‘ir yog‘gan. Lekin, ta’kidlash joizki, 2003-yili yog‘ayotgan yomg‘irning qorga aylanishi qayd etilgan.

Samarqandda meteorologik kuzatuvlar 88 yil avval — 1936-yildan boshlangan bo‘lsa, shundan beri 31-dekabrlarning 21 tasida yog‘ingarchilik kuzatilgan. Faqat 1937, 1948, 1956 va 1973-yillarning 31-dekabrlarida kun davomida qor yog‘gan.

Samarqand, 1959-yil. Foto: Pastvu.comSamarqand, 1959-yil. Foto: Pastvu.com

31-dekabr kuni havo haroratning -15 darajadan past kuzatilishi holati Samarqandda ikki marta kuzatilgan. Xususan, 1990-yilning 31-dekabrida ko‘hna shaharda havo harorati -18 darajagacha sovib ketgan edi.

Urganchda Yangi yil bayramidagi yog‘ingarchiliklar

Urganchda 1948-yildan beri meteorologik kuzatuvlar olib boriladi. Unga ko‘ra, so‘nggi 75 yildagi 31-dekabrlarning faqat 10 tasida Xorazm ma’muriy markazida yog‘ingarchilik qayd etilgan.

Ushbu holatlarning 4 tasida kun davomida to‘liq qor yog‘ishi kuzatilgan bo‘lsa, yana shuncha holatda yomg‘ir ko‘rinishida yog‘ingarchilik ro‘y bergan. Yog‘inlar miqdori juda oz bo‘lgan — biror yili uning miqdori 2 millimetrga ham yetmagan. Ya’ni, urganchliklar 1948-yildan to hozirgi davrgacha 31-dekabr kuni qalin qor yog‘ishi holatiga guvohi bo‘lmagan.

Meteorologik kuzatuvlar boshlanganidan beri Urganchda 4 marta Yangi yil bayrami kuni havo haroratining -15 darajadan pasayib ketishi qayd etilgan. Xususan, 1956-yilning 31-dekabr kuni havo harorati -17,6 darajagacha, 1990-yilning oxirgi kunida esa -17 darajagacha pasayib ketgan.