Toshkentdagi Forumlar saroyida 23-dekabr kuni an’anaviy “Prezident archasi” bo‘lib o‘tdi. Unga asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ota-ona qaramog‘isiz qolgan va nogironligi bo‘lgan bolajonlar taklif etildi.
Bayram dasturida Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, uning birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev hamda taniqli sportchilar ham qatnashdi.
Tadbir avvalida bolalarga O‘zbekiston prezidentining tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng, ishtirokchilarga teatr tomoshalari, sirkchilarning chiqishlari namoyish qilindi hamda estrada xonandalari tomonidan qo‘shiqlar ijro etildi.
Dastur oxirida bolalarga prezident sovg‘alari tarqatildi.
Ma’lumot uchun: “Prezident archasi” dasturi doirasida respublika bo‘ylab jami 10 282 nafar Mehribonlik va Muruvvat uylari o‘g‘il-qizlari, “SOS — bolalar mahallalari”, Go‘daklar hamda Oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, mehnat faoliyati davomida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan iborat prezident sovg‘alari tarqatiladi.