28-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashkilotlarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi, deb yozmoqda Meduza Huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilingan hujjatga tayanib.
Unga ko‘ra, Rossiyada terrorchi deb e’lon qilingan tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining da’vosi asosida sud qarori bilan bekor qilish taklif etilmoqda.
Bu mazmundagi qarorni qabul qilish uchun “bunday tashkilot ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatga kiritilganidan keyin terrorizmni targ‘ib qilish, oqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatgani to‘g‘risidagi faktik ma’lumotlar” bo‘lishi kerak.
Qonun loyihasi noyabr oyi oxirida Davlat dumasiga kiritilgandi. U 10-dekabrda birinchi o‘qishda, 17-dekabrda esa birdaniga ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Taxminlarga ko‘ra, qonun 2021-yilda Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakatini terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish maqsadida qabul qilingan.
Rossiya hukumati so‘nggi yillarda “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish rejalari haqida bir necha bor gapirgan. Xususan, 2021-yil oktabr oyida — AQSh Afg‘onistondan chiqib ketganidan va mamlakatda hokimiyat toliblar tomonidan egallab olinganidan so‘ng — Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilishga yaqinlashayotganini, ammo buni birinchi navbatda BMT Xavfsizlik Kengashi qilishi kerakligini aytgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “Tolibon”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish masalasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan.
“Tolibon” harakati 2003-yil 14-fevralda Rossiya Oliy sudi tomonidan mamlakat hududida faoliyati taqiqlangan terrorchilik tashkiloti sifatida tan olingan.
Avvalroq Qirg‘iziston va Qozog‘iston “Tolibon”ni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargandi.