Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bunda Rossiya tomoni tashabbus bilan chiqdi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.

Tomonlar “25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida „Ozarbayjon havo yo‘llari“ aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti halokatga uchragani bilan bog‘liq masalalarni batafsil muhokama qildi”, deyiladi xabarda.

“Vladimir Putin Rossiya havo hududida fojiali hodisa sodir bo‘lgani munosabati bilan uzr so‘radi va halok bo‘lganlarning oilalariga yana bir bor chuqur va samimiy hamdardlik bildirdi, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi”, — deyiladi xabarda.

“Jadvalga qat’iy rioya qilgan Ozarbayjon yo‘lovchi havo kemasi bir necha bor Grozniy aeroportiga qo‘nishga uringan. O‘sha paytda Grozniy, Mozdok va Vladikavkazga Ukraina jangovar uchuvchisiz uchish apparatlari hujum qildi hamda Rossiya havo hujumidan mudofaa vositalari bu hujumlarni qaytardi”, — deya avvalroq turli manbalarda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi Kreml.

Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 263-moddasi (Havo transporti harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqaro va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinmoqda, deyiladi xabarda.

Ozarbayjon Bosh prokuraturasining ikki xodimi Grozniy shahrida bo‘lib, u yerda Bosh prokuratura va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlik qilmoqda. Rossiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning tegishli xizmatlari Aqtau tumanidagi falokat joyida ham yaqindan hamkorlik qilmoqda, deya ta’kidlanadi Kreml xabarida.