To‘ldirish: “Gazeta.uz” maqolani e’lon qilgach, bar reklamani Instagram`dagi sahifasidan olib tashladi. U to‘rt kun davomida profilda turgan. Video nusxasi saqlab olingan.

Escada lounge bar 25-dekabr kuni o‘zining Instagram sahifasida yangi yil shousi reklamasi aks etgan videoni e’lon qildi. Videodagi yigit orqasi bilan turgan yetti nafar qizning keti va oyoqlariga urib, har bir zarbada sanani aytadi: “25, 26, 27, 28, 29, 30, 31-dekabr — har kuni”.

“Katta yangi yil shousi”, “kirish bepul”, “kelib, bemalol dam olishingiz mumkin”, — deydi yigit qizlarga ishora qilib.

Kadr ortidan ovoz: “Nega qizlarni qarsillatding (urding)?” deb so‘raydi. “Sen qilmaganingdan keyin men qilaman-da!” — deb javob beradi yigit.

Postga #uzbekistan, #tashkentcity, #navoi, #bukhara, #kunuz, #zortv va boshqa heshteglar, shuningdek, “Jonkalani olovi” sharhi ilova qilingan.

IIOga ariza

Videoga “Gazeta.uz”ning e’tiborini qaratgan toshkentlik Yevgeniya M. Chilonzor tumani IIBga “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar buzilgani yuzasidan reklamani tekshirishni so‘rab, ariza yozganini ma’lum qildi.

U arizada O‘zbekiston BMTning Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiyasiga a’zo sifatida bunday chiqishlarni qoralashini va barcha maqbul vositalar bilan xotin-qizlarni kamsitishga barham berish siyosatini amalga oshirish majburiyatini olganini eslatadi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, bar reklamasi “ayollarga nisbatan hurmatsizlik aks etgan iste’molchilik munosabatini targ‘ib qiladi”. “Men ayol sifatida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bu reklamadan so‘ng o‘zimni haqoratlangan deb hisoblayman”, — dedi Yevgeniya.

U ayollarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ta’minlash va kamsitishni bartaraf etish choralarini ko‘rishni so‘radi.

“Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar bo‘limi bar rahbariga nisbatan materiallar to‘plagan, yanvar oyi boshida sud bo‘lishi kerak. Hozircha bardan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

“Qonunlar shunchaki mavjud bo‘lmasligi kerak — ular ishlashi kerak”

“Gazeta.uz”ga bergan izohida Yevgeniya faol fuqarolik pozitsiyasi va jamoatchilik nazoratiga ishonishi sababli ariza berishga qaror qilganini aytdi.

“Garchi arizalar ko‘pincha kutilgan natijani bermasa ham, hech bo‘lmaganda nimanidir o‘zgartirishga harakat qilish kerak — har safar biror tashkilot, jamg‘arma yoki loyiha muammo bilan shug‘ullanishini kutmaslik kerak”, — dedi u.

“Men ayollarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videolarni suratga olish va tarqatish mumkin emas, deb hisoblayman. Bizning jamiyatimizda xotin-qizlar ikkinchi darajali odamlar hisoblanadi. Bar materiallari tom ma’noda ayollarni jinsiy ekspluatatsiya qilishni targ‘ib qiladi. Ularda tirik qizlar obyekt sifatida — go‘sht bo‘laklari yoki o‘yinchoqlar sifatida ko‘rsatilgan”, — dedi Yevgeniya.

“Afsuski, bizning jamiyatimiz hali ham chuqur patriarxal tizimda. Biz hali ham ayol erkak bilan bir xil darajada inson ekanini, uni kamsitish, haqoratlash va ekspluatatsiya qilish mumkin emasligini chinakamiga anglab yetmadik. So‘nggi yillarda hukumat erkaklar va ayollar tengligini ta’minlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda: xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilindi, ayol nafaqat oilada, balki shaxsiy hayotda ham o‘zini namoyon etishi kerakligi haqida ko‘p gapiriladi”, — deya davom etdi u.

“Ammo qonunlar shunchaki mavjud bo‘lmasligi kerak — ular ishlashi kerak. Buning uchun huquqni qo‘llash amaliyoti kerak, shuningdek, befarq bo‘lmagan fuqarolarning arizalari kerak, masalan, ayollarga jinsiy qo‘g‘irchoq kabi munosabatda bo‘lishlariga ahamiyat qaratish lozim”, — dedi Yevgeniya.