O‘zbekistonda 2022-yil dekabrida 10 dan ortiq bolalar “Dok-1 Maks” dorisidan zaharlanib, vafot etgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyinchalik Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonga olib kirilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan rasman 70 ga yaqin bola halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Albatta, bu dorilarni iste’mol qilgan bolalarning hammasi ham vafot etmagan. Ammo uzoq va og‘ir davom etgan davolanish jarayonlaridan so‘ng omon qolgan o‘nlab bolalarning salomatligiga jiddiy ziyon yetgan, ularning ba’zilari nogiron bo‘lib qolgan. Masalan, ular orasida ko‘zi ko‘rmaydigan, qulog‘i eshitmaydigan, o‘zi gapirolmaydigan bo‘lib qolgan bolalar ham bor, vaholanki, ularning bari bu dorilarni ichguniga qadar o‘ynab-kulib, yayrab yurgan bolalar edi.

Ularning hayotini saqlab qolish ham ozmuncha harakat qilinmagan: davolanish xarajatlari katta mablag‘ talab qilgani uchun ba’zi ota-onalar uylarigacha sotishga majbur bo‘lgan, ko‘pchiligi qarzga botib ketgan. Ayni vaqtda, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan zaharlanib, sog‘lig‘ini yo‘qotgan va nogiron bo‘lib qolgan bolalar orasida davolanishni davom ettirishi zarur bo‘lganlari ham bor, ammo ular mablag‘ yetishmovchiligi sabab navbatdagi muolajalarni ololmayapti.

2024-yil fevralida sud nomlari zikr etilgan dorilarni ichish oqibatida sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning har biriga 1 mlrd so‘mdan, sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lgan bolaning 4 bolaning har biriga 500 mln so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 bolaning har biriga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirish haqida hukm chiqargan edi. Shuningdek, noyabr oyida navbatdagi sud jarayoni yakuniga ko‘ra, hayoti uchun xavfli tan jarohatlari olgan yana 5 nafar bolaning har biriga 1 mlrd so‘mdan kompensatsiya to‘lash haqida hukm chiqargan.

Ammo bu kompensatsiya pullari hali to‘liq to‘lab berilgani yo‘q. Bir qator bolalarning hayoti esa aynan shu kompensatsiya pullarining tezroq berilishiga bog‘liq — qanchalik tez pulni olsa, shunchalik tez zarur muolajalarni boshlaydi. Bu muolajalar orqali ko‘rmay qolgan bolalar ko‘rishni, eshitmay qolgan bolalar eshitishni, yurolmay qolganlari esa yurishni boshlashi mumkin. Eng asosiysi, ota-onalardan biri ta’kidlaganidek, “tirik qolgan bolalarni saqlab qolish kerak”.

Boz ustiga, bu bolalar asosan davlat xizmatchilarining harakatlari yoki harakatsizliklari oqibatida jabr ko‘rgan. O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi 55-moddasiga muvofiq, “har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega”. Shunday ekan, kompensatsiya pullarining imkon qadar tezroq to‘lab berilishi uchun imkoniyatlar topilishi maqsadga muvofiqdir.

“Gazeta.uz” nashri “Dok-1 Maks” fojiasi boshlanganiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan uning qurbonlarini xotirladi. Ushbu materialda esa dori ichish oqibatida salomatligi izdan chiqqan, ammo omon qolgan 23 nafar bolaning hikoyalari keltiriladi.

Salomatligi zarar ko‘rgan bolalar

Ro‘yxat bolalarning tug‘ilgan sanasi bo‘yicha teskari ketma-ketlikda berilgan.

Muhammadali Oybekov

Muhammadali “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmida ko‘rsatilgan jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q edi. 2024-yil 18-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan jarayon bo‘yicha hukm chiqardi. Unda jabrlanuvchilar orasida Muhammadali ham bor. Uning kasallik tarixi aynan shu hukm tafsilotlari asosida bayon qilinadi.

Muhammadali Oybekov 2022-yil 15-yanvarda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. U 8 oylik bo‘lganida, 2022-yil dekabrida shamollab qoladi. Patronaj hamshirasi yozib bergani bo‘yicha unga “Sinepar” va “Ambronol” dorilari ichiriladi. Otasining ma’lum qilishicha, doridan (aynan qaysi biridan ekani aytilmagan — tahr.) bolaning onasi ham ichgan. Sut orqali dori onadan bolaga o‘tgan.

Ammo bola sog‘ayish o‘rniga, issig‘i chiqib, ko‘ngli ayniy boshlagan. Shundan so‘ng bola tez yordam mashinasida Shovot tumaniga olib boriladi, u yerdagi shifokor esa Xivaga olib borish kerakligini aytadi. Xivadagi uch kunlik davolanishdan so‘ng bola komaga tushib qoladi.

Keyinchalik, bolaning ahvoli biroz yaxshilanib, jonlantirish bo‘limiga o‘tkaziladi. Ammo samolyotda Toshkentga olib kelinayotganida yana komaga tushadi. Muhammadali bir muddat poytaxtda nervologiya bo‘limida (qaysi shifoxona ekani aytilmagan — tahr.) yotib davolangach, Xorazmga qaytadi.

Shundan beri Muhammadalining ko‘zi ko‘rmaydi, gapirolmaydi, ammo harakatlanishi, ovqatlanishi joyida. O‘tgan vaqt ichida bolaning davolanishi uchun 200−300 mln so‘m atrofida pul sarflagan.

Sulton Saidmurodov

Sulton Saidmurodov 2021-yil 12-yanvarda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Sulton 2022-yil dekabrining boshlarida shamollab qolgani uchun otasi Dilshod Tursunboyev unga “Ambronol” siropini 3 yoki 4 kun 3 mahaldan ichiradi. Farzandi og‘irlashib, peshob ajratmay qo‘ygach, uni Do‘stlik tumani shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasiga olib borishadi. UTTda bolaning buyragi yaxshi ishlamayotgan ma’lum bo‘lgach, RSHTYOIM Jizzax viloyati filialiga olib boriladi. U yerda bolaning buyragi ishlamayotganini aytgan shifokorlar Sultonni dializ qiladi.

Jizzaxda 3−4 marta dializ qilingach, 2023-yil 3-yanvar kuni Sultonni Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib borishadi va u yerda ham dializ qilinadi. Shuningdek, Sulton jarrohlik amaliyotini ham boshdan kechiradi — otasining so‘zlariga ko‘ra, farzandining boshiga “shunt” qo‘yilgan.

Bolakay orada koma holatiga ham tushib chiqqan. Muolajalardan keyin komadan chiqqan bolakay hozir ikkinchi guruh nogironi.

Muxtorjon Rahmonov

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Muxtorjon Rahmonov 2020-yil 28-dekabrda Buxoro viloyati Peshku tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi otasi Farhodjon Rahmonovning “Gazeta.uz"ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi.

Muxtorjon 2022-yil 17-dekabrda shamollab qoladi. Patranaj hamshirasi “Ambroksol” siropini yozib beradi. Dorixonachi esa “Ambroksol” yo‘qligini aytib, uning o‘rniga “Ambronol"ni tavsiya qiladi. Onasi “Ambronol"ni 3 kun davomida 2 mahaldan ichiradi. Shundan so‘ng bola peshob chiqmarmay, yeganini qayt qila boshlaydi.

Viloyat shifoxonasiga olib borishadi. U yerdagi shifokorlar bolani Toshkentga yuboradi. Muxtorjon 20-dekabr kuni RSHTYOIMga yotiqiziladi. 2022-yil 29-dekabr kuni esa komaga tushadi. 43 ta gemodializ olib, uch oy deganda — 2024-yilning mart oyida komadan chiqadi. Ammo bolaning ko‘zlari ko‘rmay, quloqlari eshitmaydigan bo‘lib qolgan. Ikki yildirki shunday, hamon biror o‘zgarish bo‘lmagan.

2024-yil yanvarida Muxtorjonni Hindistonga olib borishgan, ammo u yerdagi shifokorlar ham aniq gap ayta olmagan. Asab tizimini davolash uchun deb berilgan sirop juda achchiq bo‘lgani uchun bola uni icholmagan. O‘zbekistonga qaytgach, Yashnobod tumanidagi xususiy shifoxonada muolaja olishgan. Shundan beri Muxtorjon har ikki oyda bir marta 10 kun shu yerda davolanadi. 2024-yil yozida Muxtorjonni yana bir bor Hindistonga, keyin esa Turkiyaga ham olib borib, shifokorlar ko‘rsatishgan.

Farhodjon akaning aytishicha, xorijda bitta tahlil natijalarini olishning o‘zi 2700 dollar turadi. Boshqa tahlillar, yo‘l, ovqat, yotoq xarajatlari ham bor. Toshkentdagi har davolanishga 15−20 mln so‘m atrofida pul ketadi. Oila Hindistonga borishdan avval 300 mln so‘m kredit olgan. Ungacha Farhodjon akaning qarz olmagan qarindoshiyu tanishi qolmagan. Mashinasini ham sotgan.

Sud Muxtorjonga 1 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lanishi kerakligi haqida qaror chiqargan. 2024-yil avgust oyida kompensatsiyaning dastlabki 33 mln so‘mi to‘lab berilgan. Qolganidan darak yo‘q. Kompensatsiya to‘liq undirilsa, Farhodjon aka pulning yarmini o‘g‘lining davolanishiga sarflab, qolganini bankka qo‘ymoqchi.

“Bolam katta bo‘lsa, qanday bo‘ladi, sog‘lom odamlardek ishlab, o‘zi pul topa oladimi-yo‘qmi, bunisini hali Xudo biladi. Ilohim yaxshi bo‘lib ketsin — lekin, mabodo, unday bo‘lmasa-chi? Ota-onani ham farzandiga bog‘lab bermagan. Men ham qachongacha suyab yura olaman, bilmayman”, — deydi ota.

Muxtorjon oilada yolg‘iz farzand. Ota-onasi endi boshqa farzand ham ko‘ra olmayapti. Muxtorjon 2024-yil 28-dekabr kuni 4 yoshga to‘ladi. Shifokorlar bolaning ko‘rish va eshitish qobiliyati, agar 6 yoshgacha tiklanmasa, 6 yoshdan keyin tiklanmasligini aytgan.

Ayni damda oila uchun faqat otaning maoshi bilan yashash ham oson bo‘lmayapti, ona esa bola parvarishi sabab ishga chiqolmaydi. Buning ustiga har oy 6 mln so‘m kredit to‘lovi ham bor.

Sarvarbek Jimanazarov

Sarvarbek “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmida ko‘rsatilgan jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q edi. 2024-yil 18-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan jarayon bo‘yicha hukm chiqardi. Unda jabrlanuvchilar orasida Sarvarbek ham bor. Uning kasallik tarixi aynan shu hukm tafsilotlari asosida bayon qilinadi.

Sarvarbek Jimanazarov 2020-yil 21-noyabrda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 2022-yil noyabr oyi oxirida uning isitmasi ko‘tariladi. Onasi shifokorga olib borganda, shifokor “Ambronol” siropini yozib beradi. Noyabr oxiri — dekabr boshlarida Sarvarbek shu siropdan ichadi. Har gal dorini ichganidan keyin ahvoli yomonlashaveradi.

Onasi buni shifokorga aytganida, shifokor dorini ichiraverish kerakligini aytadi. Bolaning peshobi chiqmay qolib, ahvoli yanada og‘irlashadi. Urganchda ultratovush tekshiruvidan o‘tkazishganda, Sarvarbekning buyragi ishlamayotgani ma’lum bo‘ladi va u komaga tushadi.

Bolaning miyasida suyuqlik bor, deb tashxis qo‘yilgach, butun oila Toshkentga uchib keladi. Yangi ToshMIdagi tekshiruvlarda Sarvarbekning miyasi ishlamayotgani, ko‘zi ko‘rmay qolgani ma’lum bo‘ladi.

Onasi sudda bergan ko‘rsatmasida farzandi hozir ham “bir ahvolda”, kasal bo‘lib yotganini ma’lum qilgan.

Lobar Abdukarimova

Lobar Abdukarimova 2020-yil 24-oktabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Shamollab qolgan Lobarga 2022-yil 29-noyabr kuni otasi dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini olib keladi. Dorini 3 kun ichgan qizaloq 2-dekabr tongida peshob ajratmaydi, shuningdek, qayt qilib, holsizlanadi. Shundan keyin uni Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga olib borishadi. U yerda tahlillar olinib, shamollagani aytiladi va unga yana bir necha dori yozib beriladi.

Biroq Lobarning ahvoli og‘irlashadi — yuz va ko‘zlari shishib ketadi. Buni ko‘rgan qishloq vrachlik punktidagilar uni shaharga olib borishni tavsiya qiladi. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan Lobar 3 marta dializ qilinadi.

Onasi Xadicha Mo‘minovaning ma’lum qilishicha, hozirda qizning ahvoli yaxshi.

Shahram Abatbayev

Shahram “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmida ko‘rsatilgan jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q edi. 2024-yil 18-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan jarayon bo‘yicha hukm chiqardi. Unda jabrlanuvchilar orasida Shahram ham bor. Uning kasallik tarixi aynan shu hukm tafsilotlari asosida bayon qilinadi.

Shahram Abatbayev 2020-yil 14-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan, uning egizagi ham bor. 2021-yili Shahramning churrasini oldirishgan. 2022-yili bola shamollab qoladi. Onasi dorixonaga borib, “Ambronol” siropini so‘raydi. Dorixona sotuvchisi esa “Dok-1 Maks"ni tavsiya qiladi.

Bola “Dok-1 Maks"ni ichganida qayt qila boshlaydi. Onasi shifokorga olib borganida, shifokor bola “otravleniya” bo‘lganini aytadi. Ona-bola uyga qaytadi. Shundan so‘ng bola holsizlanib, siymay qo‘yadi, isitmasi ko‘tarilib ketadi. Nukusdagi shifoxonaga olib borilganida, ikkala buyragi ham ishlamay qolgani ma’lum bo‘ladi. Shifokorlar “bolaning qonini tozalaymiz” deb, dializ muolajasi qiladi.

Shahram Abatbayevning onasi suddagi ko‘rsatmasida farzandi 2022-yil 10-oktabridan buyon — kasalxonaga yotqizilganidan beri gapirolmasligi, ko‘zlari ko‘rmasligi, yotib qolgani, o‘zini anglolmasligi, davolanishiga 500 mln so‘m pul sarflaganini ma’lum qilgan.

Oygul Jumayeva

Oygul Jumayeva 2020-yil 29-avgustda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Jemal Kenesova qizi yo‘talgani uchun To‘rtko‘l tumanidagi dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi. Dorini 8-dekabrdan boshlab icha boshlagan Oygul ko‘p o‘tmay qayt qila boshlaydi. Umumiy ahvoli yomonlashgach — peshob ajralmay, tana harorati ko‘tarilgach, uni Tuproqqal’a tuman tibbiyot birlashmasiga olib borishadi. Shifokorlar esa darhol Urganch shahriga olib borishni tavsiya qiladi.

14-dekabr kuni RSHTYOIM Xorazm filialiga olib borilgan Oygulga o‘tkir buyrak shikastlanishi tashxisi qo‘yiladi. 12 kun davomida 8 marotaba gemodializ qilingan qizaloqning uyga ketishiga 24-dekabr kuni ruxsat beriladi. Bugungi kunda Oygulning sog‘lig‘ida asoratlar qolmagan va ahvoli yaxshi.

Ibrohim Shokirov

Ibrohim Shokirov 2020-yil 26-avgustda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Ibrohim 2022-yilning 25-noyabrida shamollab qoladi. Shu bois otasi farzandiga “Dok-1 Maks” siropidan 5 kun davomida ichiradi. Ibrohim peshob ajratmay qo‘yadi. Shundan keyin uni shifoxonaga olib borishadi.

Shifokorlar bolaning ikkala buyragi ham ishlamayotganini aniqlagach, uni zudlik bilan Toshkentga olib borish tavsiya qiladi. 2-dekabrda RSHTYOIMga olib borilganidan 1 hafta o‘tib komaga tushgan Ibrohim bir necha bor dializ qilinadi.

Otasi Aminboy Abdullayevning ma’lum qilishicha, Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga o‘tkazib, muolajalar qilingach, o‘g‘li o‘ziga kelgan. Hozirda yuzining chap tarafi harakatsizroqligini aytmaganda, Ibrohimning sog‘ligida jiddiy asorat yo‘q.

Usmon Muhammadiyev

Usmon Muhammadiyev 2020-yil 22-avgust kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Usmon 2022-yil oktabr oyida shamollab qolgani uchun otasi Sarvar Muhammadiyev dorixonadan “Dok-1 Maks” dori vositasini olib keladi. Bolakay dorini 3 kun davomida ikki-uch mahaldan choy qoshiqda ichgach, qayt qila boshlaydi. Peshobining rangi o‘zgarib, hushsizlana boshlagach, otasi uni kasalxonaga olib boradi.

Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Usmonning buyragi ishlamayotgani, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yib, gemodializ qilinadi. Bugungi kunda Usmonning ahvoli yaxshi.

Sunnatbek To‘ymurodov

Sunnatbek To‘ymurodov 2020-yil 5-fevralda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Otasi Jo‘rayev Otabek farzandi shamollab qolgani uchun Gazli shaharchasidagi dorixonadan sotuvchining tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropini olib keladi. Dorini 2 kun 2−3 mahal ichgach, Sunnatbekning peshobi kamayadi. Shifokorlarga ko‘rsatilganda bolaning buyraklari yaxshi ishlamayotgani ma’lum bo‘ladi.

Shundan keyin Sunnatbekni Ko‘p tarmoqli bolalar markaziga olib borishadi. Do‘xtirlar bolaning yaxshi ekanligini aytib, uni qaytarib yuboradi. Ammo uyga qaytgach bolakayning ahvoli og‘irlashadi.

Kasalxonada joy yo‘qligi aytilib, qabul qilinmagach, bolani viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borishadi. Uchinchi kuni komaga tushib qolgan Sunnatbekda uch marta dializ qilinganidan keyingina peshob ajrala boshlagan.

Hozir Sunnatbekning ahvoli yaxshi.

Dinora O‘rinbayeva

Dinora O‘rinbayeva 2019-yil 29-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Dinorada 2022-yil 21-dekabr kuni yo‘tal boshlanadi. Shundan keyin onasi “Ambronol” siropini sotib olib, 2 kun davomida — 2 mahal 2 mldan ichiradi. Ammo dorini ichgach, qizning ahvoli og‘irlasha boshlaydi.

Uni Ellikqal’a tumani tibbiyot birlashmasiga olib borib ko‘rsatishganida, shifokorlar qiz grippga chalinganini aytadi. Onasi Iroda Manbetovaning aytishicha, 2022-yil 30-dekabrda Dinora komaga tushadi, shifokorlar shundan so‘ng qizchaning buyraklari ishlamayotganini aniqlagan.

Nukus shahar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga olib borilib, u yerda 3 kun davomida dializ qilingach, Dinora Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelinadi va u yerda ham yana dializ qilinadi. Shundan keyingina uning ahvoli yaxshilanadi. Organizmidagi kreatin miqdori me’yoriga tushmayotganligini aytmasa, hozir Dinoraning ahvoli yaxshi.

Aydana Jaslikova

Aydana Jaslikova 2019-yil 28-avgustda Nukus shahrida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi onasi Turdigul Neg‘matullayevaning 2024-yil 13-may kuni “Gazeta.uz"ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi (o‘shanda Aydana Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanayotgan edi).

Aydana 2022-yili 11-dekabrida shamollab qolgach, onasi unga avval ham ishlatib, ijobiy natija olgan “Dok-1 Maks” siropini ichira boshlagan. Uch marta 5 mldan bergach, qizning ahvoli og‘irlashib, qayt qila boshlagan.

Onasi 2022-yil 13-dekabr kuni RSHTYOIM Nukus filialiga olib borgan, u yerda bolaga zaharlanish tashxisini qo‘yib, dorilar yozib berishgan. Uyda ikki kun davolanganiga qaramay, qizaloq tuzalmagan. 2022-yil 15-dekabr kuni yana RSHTYOIM Nukus filialiga olib borishgan. Shifokorlar qizcha organizmida kreatin va mochevina miqdori oshib ketganini aniqlab, uni reanimatsiya bo‘limiga qabul qilgan.

Nukusdagi shifokorlarning ishidan ko‘ngli to‘lmagan Turdigul opa qizini Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelgan. Bu yerda esa soat 18:00 dan keyin bemor qabul qilinmasligi aytilgach, tez yordam mashinasida RSHTIYOM (“16-shahar kasalxonasi”)ga olib borishgan. Umida shu kunning o‘zida reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Tungi 01:00 larda gemodializ muolajalarini boshlangan.

Qizcha 19-dekabr kuni Bolalar milliy tibbiyot markaziga o‘tkazilgan. 22-dekabrdan sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Tomoqlari 2−3 kunda yara bo‘lib ketgach, operatsiya qilinib, traxeostoma ulab qo‘yilgan. Qizcha shu bilan yanvar oxirlarida reanimatsiyadan palataga chiqarilgan, lekin endi u “xuddi yangi tug‘ilgan chaqaloqdek” bo‘lib qolgandi — harakatlanolmas, o‘tirolmas, gapirolmasdi. Ovqatni ham zond orqali tanovul qilardi.

Aydana keyinchalik Nukus va Toshkent orasida tinimsiz qatnab, ko‘plab muolajalar olib, ahvoli nisbatan yaxshilangan — hozir gapira oladi, yuradi, eshitishni ham boshlagan. Ammo buyragidagi hali ham shikast ta’siri bor, peshob saqlolmaydi, yuzining asablari tortilib qolgan, jizzakilik, oddiy gapni ham yig‘lamsirab gapirish, ishtahasizlik, oyoq og‘rig‘i bezovta qilib keladi.

Kunlar sovishi bilan bu simptomlar yanada kuchaygan. Kuz boshidan beri tez-tez issig‘i ko‘tariladi. Ko‘p yig‘laydi, qayeri og‘riyotganini ham tushuntirib berolmaydi. Oddiygina “ovqat yeyman”, “suv ichaman” degan gaplarini ham yig‘lamsirab gapiradi. Ba’zan qulog‘i qattiq sanchganidan sakrab-sakrab yig‘laydi, qorni og‘riyotganidan shikoyat qilaveradi. Shifokorlar esa Aydanada ich ketish, qusish, harorat ko‘tarilish, shamollash mumkin emasligini qattiq tayinlagan. Chunki bular tanani quritadi, qurish esa buyrakka ziyon.

Turdigul opa nukuslik vrachlar qizining kasallik tarixini to‘liq bilmasligi, tushuntirsa, shamollash deb, dori-darmon yozishi, lekin bu dorilar qiziga to‘g‘ri kelish-kelmasligini bilmay, berishga ham ikkinalishini aytadi. Boz ustiga, uch-to‘rt shifokorga borgan bo‘lsa, hammasi har xil dori yozgan.

Ular 2024-yil oktabr oyida Toshkentga kelib davolanish uchun uchun order kutayotgan edi. Lekin mablag‘ topa olishmagani uchun muolajalar qolib ketgan. O‘tgan vaqt davomida Aydananing davolanishi uchun oila juda katta miqdorda qarz olgan. Qizcha kasal bo‘lishidan avval oila yangi hovliga chiqqan va ta’mir uchun kredit ham olgan bo‘lgan. Sud Aydanaga 500 mln so‘m kompensatsiya ajratgan, avgustda uning 16 mln so‘mlik qismi to‘lab berilgan. Bu pul ham ham qarzlarni to‘lashga ishlatilgan.

Aydananing dadasi 2024-yilning fevralida ishlash uchun Rossiyaga ketishga majbur bo‘lgan. Qizi kasal bo‘lishiga qaramay, onasi ham ishga chiqishga majbur. Chunki kreditlarni to‘lash, qarzlarni uzish kerak.

Aydana hali kichkina bo‘lgani uchun shifokorlar uning zararlangan hujayralari tiklanishini aytgan. Turdigul opa kompensatsiya pulini to‘liq olishi bilan qaysi davlatda buyrak, bosh miya kasalliklarini yaxshi davolovchi mutaxassislar bo‘lsa, uni o‘sha yerga olib borishni rejalab turibdi.

Nodirbek Alijonov

Nodirbek Alijonov 2019-yil 9-iyun kuni Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi otasi Anvar Abdullayevning 2024-yil 14-may kuni “Gazeta.uz"ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi (o‘shanda Nodirbek Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgan edi).

Ko‘p shirinlik yegani uchun tez-tez tomog‘i og‘rib qoladigan Nodirbekka 2022-yilning iyun-iyul oylarida shifokor tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropi ichirilgan. Ijobiy natija bergani uchun bola yana shamollaganida bu safar ham davo bo‘lar deb, onasi 2022-yilning 22-dekabr kuni dorixonadan shu siropni olib kelib ichira boshlagan. Bola siropdan 4 kun davomida 2 mahaldan ichib, beshinchi kundan qayt qila boshlagan.

Qayt qilish to‘xtamagach, ota-onasi oilaviy poliklinikaga olib chiqishadi. Shifokor muolaja uchun retsept yozib bergach, uyga qaytishadi. Keyin bolaning issig‘i chiqa boshlaydi. Bobosi Quvasoy shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib boradi. U yerda osma ukol qilib, uyga javob berib yuborishadi.

Ammo o‘zgarish bo‘lmaydi: o‘sha tuni bilan bolaning qorni og‘rib, suv ham ichmay, ichganini qayt qilib chiqadi. Yana yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishganida shifokorlar “appenditsit” bo‘lgan deb gumonlab, shahar shifoxonasiga jo‘natadi. U yerdagi qon tahlillarida bolada kreatin, mochevina miqdori oshib ketgani aniqlanadi.

O‘sha kuni, 28-dekabrda bolani tez yordam mashinasida viloyat shifoxonasiga borishganda, “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yilib, jonlantirish bo‘limiga qabul qilinadi. Dializ muolajalari boshlanadi. Nodirbek to‘rt marta dializ olib, 2-yanvar kuni komaga tushib qoladi.

Bola Farg‘onadagi shifokorlar tavsiyasi bilan 3-yanvar kuni Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelinadi. Nodirbek reanimatsiya bo‘limiga qabul qilinib, ikki oycha komada yotadi. 40 martadan ortiq dializ oladi, ikki marta jarrohlik operatsiyasini o‘tkazadi.

Qo‘llari tirisha boshlaydi. MRT qilinganda boshida suv to‘planib, oqarib qolgani ma’lum bo‘ladi. Keyin nefrologiya bo‘limiga o‘tadi. Otasi viloyatdagi mutaxassislarga ishonmagani, u yerda yaxshi shifokorlarni kam deb bilgani uchun bolakay jami 5−6 oy davomida Bolalar milliy tibbiyot markazida yotib davolanadi.

Bugungi kunda bolaning ko‘zi ko‘rmaydi, eshitmaydi, yurolmaydi, ovqatlanishi ham zond bilan, hojatini ham o‘zi chiqarolmaydi — dorilar yordamida ichini yurgizib turishadi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning ko‘magi bilan Nodirbek 14 kun davomida Yevropada reabilitatsiyada bo‘lgan. Dadasining aytishicha, reabilitatsiya bolaga biroz bo‘lsa ham ijobiy ta’sir qilgan, bola jonlanib qolgan.

Yevropadan qaytgach, ijara narxlari va qishdagi sovuqlar sabab Farg‘onaga ketishga majbur bo‘lishadi. Shunda ham Toshkentdagi nevropatologlar nazoratida bo‘lib, 1−2 oyda muolaja olishga kelib-ketib yurishadi.

2024-yilning fevral oylarida dadasi Anvar aka sud jarayonlariga kelganda Toshkentda yashaydigan boshqa bir jabrlanuvchining ahvoli ancha yaxshilanganini bilib, shu yerga qaytadi, ishini ham birato‘la poytaxtga ko‘chiradi. “To‘g‘ri, hammaning organizmi har xil, lekin bolam tuzalishi uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilishim kerak”, — deydi u.

Dadasining aytishicha, Nodirbek boshqa tengdoshlaridan ajralib turgan. Hamma narsaga qiziqqan, aytganini qildiradigan, dadasi harbiy bo‘lgani uchun u ham hammaga rahbar bo‘lishga intiladigan bola bo‘lgan.

Bu voqealar butun boshli oilaga moddiy qiyinchiliklardan tashqari yaxshigina ruhiy zarbalar ham bergan. Nodirbekni hammayoqqa o‘zi olib borib keladigan bobosi ikki marta insult olgan, buvisining ham tobi yo‘q, onasining esa xotirasi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan: ba’zan nima qilayotganini bilmay qoladi, uyqudan cho‘chib uyg‘onadi. Ota-onaning har ikkovi ham ikki yildan beri navbat almashib uxlaydi — bolaga qarab turmasa bo‘lmaydi.

Umida Tajimuratova

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Umida Tajimuratova 2018-yil 20-noyabrda Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi onasi Nazlimxon Mahambetovaning “Gazeta.uz"ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi.

Umida 2022-yil 23-dekabr kuni shamollab qolgan va unga shifokor tavsiyasi bilan “Ambronol” siropi ichirilgan. Davolanishning 6-kuni onasi Telegramʼdan bu sirop tarkibidan zaharli modda chiqqanini o‘qib, ichirishni to‘xtatgan. Ertasiga Umidada qayt qilish, so‘ng peshob chiqmaslik boshlangan.

Tuman shifokorlari qizning peshobi chiqmayotganini suyuqlik ichmayotgani bilan bog‘lagan. Kasalxonada gripp tarqalgani uchun Nazlimxon opa qizini uyga olib qaytgan. Ona qizchaga suv ichirishga harakat qilgan, Umida esa shishib ketgan.

30-dekabr kuni Nukus shahar tez yordam shifoxonasiga olib borishganida qizchaga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yilib, reanimatsiyaga yotqizilgan. Nazlimxon opaning qistovi bilan Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazidan nefrolog, dializ bo‘yicha mutaxassis va kardiolog chaqirtirilgan.

Toshkentdan kelgan shifokorlar zahar qizning miyasiga o‘tganini aytib, uni poytaxtga olib ketgan. Qizaloq 3-yanvar kuni Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga yotqizilgan va ko‘p o‘tmay 4-darajali komaga tushgan. Gemodializlardan so‘ng 11 kun deganda peshob chiqarishni boshlagan, 45-kuni komadan chiqqan.

Ammo uning ko‘zi ko‘rmay qolgan, tanasi falaj, xotirasini yo‘qolgan. “Miyasi ishlamas, o‘z qo‘lini tishlasa ham hech narsani sezmasdi”, — deydi onasi. Qoraqalpog‘istonga qaytishganidan so‘ng qizcha uyda ovqat chaynash, suv ichish va gapirishni qaytadan o‘rgana boshlagan. 2023-yilning 23-mart kuni Toshkentga kelganida, uning gapirayotgani va qo‘llarini qimirlatayotganini ko‘rgan shifokorlar buni “mo‘'jiza” deb atagan. 10 kunlik reabilitatsiyadan so‘ng u asta-sekin yurishni ham boshlagan.

2024-yil may oyi oxirida order to‘g‘rilab, yana Bolalar milliy tibbiyot markazida 10 kun yotib davolanishgan. Shifokor Umidaning buyragidagi oq dog‘lar hali ham ketmagani, oshqozonida ham muammo borligini aytgan. Qizcha o‘sha payt ham ovqat yemay, yeganini ham “qayt qilgim kelyapti, ichim og‘riyapti”, deyavergan.

Shifokorlarning aytishicha, Umidaning sog‘ayib ketishiga hali umid bor — ko‘zlari uzoq vaqt yumiq turganiga ma’lum bir suyuqliklar qurib qolib, vaqtincha ko‘rmay qolgan; xotirasi ham, harakatlari ham vaqt o‘tishi bilan qayta tiklanishini ta’kidlashyapti.

Qizaloq 2024-yil avgust oyida yana bir reabilitatsiya kursidan o‘tishi kerak edi, ammo yil tugayotgan bo‘lsa ham mablag‘ yo‘qligi bois oila davolanish uchun Toshkentga kela olmayapti.

“Order qildirsak ham faqat yotishi tekin bo‘ladi, 10 kun davomidagi dori-darmon, muolajalar, oziq-ovqatlar uchun ham pul kerak. Oyog‘i uchun oladigan bir kunlik massajining o‘ziga 100 dollar to‘lash kerak”, — deydi onasi Nazlimxon opa.

Salqin tushishi bilan qizaloqning peshob tutolmaslik holati kuchaygan.

Alibek O‘ktamov

Alibek O‘ktamov 2018-yil 11-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Alibek shamollab qolgani bois otasi 2022-yil 10-dekabrda dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi. Bola dorini 4 kun 2 mldan qabul qiladi. Siropni ichib sog‘ligi yomonlashgach, uni Nukus yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borishadi. Shifokorlar bolaning ikkala buyragi ishlamayotgani haqida aytgandan so‘ng u zudlik bilan Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelinadi.

Otasi Feruzbek Nuraddinovning ma’lum qilishicha, 21-dekabrda komaga tushgan o‘g‘li muolajalardan keyingina komadan chiqadi. Alibekka nogironlik guvohnomasi berilgan. U bugungi kunda gapirolmaydi va yurolmaydi.

Mansurbek Kemamov

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Mansurbek Kemamov 2018-yil 30-sentabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Mansurbek “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmida ko‘rsatilgan jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q edi. 2024-yilning yanvar oyida Mansurbekning ota-onasi farzandi jabrlanuvchilar ro‘yxatiga qo‘shilomayotgani bo‘yicha murojaat bilan chiqqan va uning matni “Gazeta.uz"da e’lon qilingandi. 2024-yil 18-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan jarayon bo‘yicha hukm chiqardi. Unda jabrlanuvchilar orasida Mansurbek ham bor. Uning kasallik tarixi aynan shu hukm tafsilotlari asosida bayon qilinadi.

Mansurbek 2022-yilning taxminan 20-noyabrlarda yengilroq shamollab qoladi. U yozda ham shamollab qolgan, o‘shanda Sardoba tuman poliklinikasi shifokori “Travamaks” va “Dok-1 Maks” siroplarini tavsiya qilgan. “Travamaks” ichirilganidan keyin esa tuzalgandi. Shuning uchun otasi o‘g‘li bu gal shamollaganida ham dorixonadan yana shu doridan olib kelmoqchi bo‘ladi. Dorixonachi esa “Travamaks” yo‘qligini aytib, uning o‘rniga “Dok-1 Maks” siropini tavsiya qiladi. Otasi Mansurbek 2021-yilning qishidagi shamollashdan “Dok-1 Maks” ichib tuzalganini eslab, doridan olaveradi.

Dorini siropning o‘zidagi o‘lchagichli qopqog‘ida bir kunda ikki-uch mahal, ikki yarim milligrammdan qabul qilgan Mansurbek sal yaxshilangandek bo‘ladiyu, keyin ahvoli yana og‘irlashadi. Qattiq shamollaganga o‘xshab, bo‘g‘ilib, yo‘talib, isitmalaydi.

31-noyabrdan boshlab, yeganini qusaverib, umuman hech narsa yemay, faqat isitmalaydi, holsizlanadi va yotoqlanib qoladi. 1-dekabrning oqshomidan to ertalabgacha umuman peshob chiqarmaydi. Siymayotganidan xavotirlangan ota-onasi uni 2-dekabr kuni Sardoba tuman tibbiyot birlashmasidagi bolalar shifokoriga olib boradi. U yerda UZI qilinib, bolaning buyraklari yaxshi ishlayotganini aytiladi. Bola avval ham gripp bo‘lganku, lekin nega oldin hozirgidek peshob tutilishi holati kuzatilmagan — shifokor bu holatni “bola qusganida suvsizlanib, holsizlanib, uch kunlab ham siymasligi mumkin"ligi bilan izohlaydi. Shuningdek, shamollagani, ko‘proq suyuqlik ichirish kerakligini aytib, ikkita sirop yozib beradi.

Uyga qaytgach Mansurbek onasi bergan tovuq sho‘rvani yana qayt qiladi, kechasi isitmasi ko‘tariladi. Shifokor yozib bergan siroplarni hali olishga ulgurishmagani uchun onasi unga yana “Dok-1 Maks"dan ichiradi. Ahvoli yomonlashavergach, tibbiyot birlashmasiga qaytib borishadi. Shifokor: “Bu kecha shu yerda yotsin, ertalab sariqqa analiz olamiz, xirurgga ham olib tushinglar, siymayotganining sababini u bilishi kerak”, deydi.

Ertasi kuni xirurg tekshirib ko‘rib bu uning kasali emasligini aytadi, bolani “detskiy"ga chiqaradi. “Detskiy"dagilar osma ukol ulab, siydirishini ta’kidlaydi. Ammo shunda ham bolaning peshobi kelmaydi. Ahvolida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganidan keyin yo‘llanma bilan Guliston shahar shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga olib boriladi. UZI qilib, boshqa “analiz"larni olgan do‘xtirlar bolaning ahvoli o‘ta og‘irligi, ikkala buyragi ham ishlamayotganini aytib, uni reanimatsiyaga oladi.

Bir kun avval Sardoba tuman tibbiyot birlashmasidagilardan bolasining ikkala buyragi ham yaxshi degan gapni eshitgan ota-onaga bu safar “Yozdan beri shunaqa kasallar kelyapti. Bolalarda kovidning qandaydir og‘ir turi o‘tyapti, o‘zimiz ham tushunmayapmiz. Ochig‘ini aytaman, shunaqa simptom bilan kelganlarning to‘rttachasi o‘ldi, sog‘ qolgan ikkitasi ham nevrologik kasal bilan chiqib ketdi. Hamma narsaga tayyor turinglar”, deya tushuntiradi shifokorlar.

Peshingacha hamma tekshiruvlar qilinadi. Vaqt yo‘qotmaslik uchun ertasi kuni qilinishi bo‘lgan dializni ertaroq boshlash uchun dializ qiluvchi do‘xtir o‘sha kechasiyoq iltimos qilib chaqiriladi. Mansurbekning otasi Safarali Mansurov kasalxonada yo‘q dializ apparatini (IMHO balki kateter haqida gap ketayotgandir shu yerda) Gulistondagi dorixonadan bir amallab topib keladi.

“Afsuski, o‘g‘lim „Dok-1 Maks“ yoki „Ambronol“ siropini ichgach, ahvoli og‘irlashib, Gulistondagi shifoxonaga borgan yolg‘iz bola emasdi. Bizdan oldin bir jizzaxlik bola kelgan ekan, keyin boyovutlik bola keldi. Umumiy hisobda to‘rt-besh bola yotdida. Hammasi birin-ketin jon berdi. Faqat mening farzandimgina omon qolgandi”, — deb eslaydi Mansurbekning onasi Feruza Mansurova.

Gulistondagi reanimatsiyada 45 kun yotib, 20 dan ortiq dializ olgan Mansurbekning ahvoli kundan-kunga og‘irlashadi. Sakkiz kun deganda 30−50 milligrammdan peshobi ajrala boshlaydi. Peshob kelishni boshlagan payti siydirib turish uchun pastiga kateterga o‘xshash moslama tiqiladi. Uni har kuni almashtirish kerak bo‘ladi. Feruza Mansurovaning eslashicha, ikki kuncha almashtirib turilganch, nimadir bo‘ladiyu qon tiqilib, peshob chiqmay qoladi. Keyin operatsiya qilib, qovug‘ini teshib, shilangni qovuqdan o‘rnatib qo‘yishadi. Uch-to‘rt kun qon ketib, bola yana og‘irlashaveradi. Qon nimadan ketayotganini bilmagan shifokorlar har kuni qon to‘xtatadigan ukol-dorilarni qilishda davom etaveradi.

Bola umuman gapirmaydi, ketma-ket olingan dializlar esa uni holsiz va karaxt qilib qo‘yadi. Qon ketishi to‘xtaydi, ammo ahvoli yanayam og‘irlashib, nafas olishi qiyinlashaveradi. Tomog‘i teshilib, sun’iy nafas oldiruvchi apparatlar ulanadi. O‘sha kunning oqshomida bir qon ketadiyu battar og‘irlashib qoladi. Bir hafta o‘tsa hamki o‘nglanishidan darak bo‘lmaydi.

O‘sha kunlari “Ambronol”, “Dok-1 Maks” ichib, yengilroq daraja bilan kasalxonaga kelganlarni Toshkentga jo‘nataverishadi. Ikki-uch kun o‘tib, ahvoli biroz yaxshilanganida uyidagilari uni ham Toshkentga olib ketmoqchi bo‘ladi. Shifokorlari “Bolangiz yo‘lga yaramaydi. Yo‘l uchun o‘zingiz javob bersangiz, olib keting”, desa hamki ota-onasi o‘g‘lini davolay olishlariga ko‘zi yetmay, “ketamiz” deb turib oladi.

O‘shanda dadasi bosh vrach bilan janjallashib ham qoladi. “Toshkentga ordersiz borsangiz, bir kunga falon pul to‘laysiz, order uchun ariza qoldiring”, deyishadi. Orderni kutish davomida esa bolaning tomog‘idagi sun’iy nafas oldirish apparatlarini bir soatdan yechib qo‘yilayotgani, o‘zi mustaqil nafas olayotgani aytiladi.

Order arizadan bir hafta o‘tib, 13-yanvar kuni tayyor bo‘ladi — o‘shanda ham Bolalar milliy tibbiyot markaziga emas, SAMPIga chiqadi. Ikki vrach va bir hamshira hamrohligida pechkasiz reanimatsion mashinada Toshkentga yo‘l olinadi.

SAMPIdagilar tomog‘i, yelkasi, oyoqlariga apparat ulab tashlangan, sovuqda shuncha yo‘l bosib kelgan bolakayni kirish yo‘lagida qoldiradi. Feruza Mansurovaning ta’biri bilan aytganda o‘shanda ularni “onangga bor, otangga bor” qilishadi. UZI qilib, hali ham nefrit davom etayotgani, dori ichganlarni qabul qilmasliklarini aytishadi.

“O‘zi bizga nevrologik do‘xtir kerakligi uchun ham [gulistondagilar] SAMPIga jo‘natgan ekan. Ular esa qabul qilmay, Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib ketishimizni aytdi. Sirdaryodan ertalab chiqib ketgan bo‘lsak, 15:00 lar bo‘libdi hamki, hamon ko‘chada yurardik, bolam esa o‘sha holicha SAMPI yo‘lagida yotardi”, — deydi Mansurbekning onasi.

Shundan keyin ular milliy tibbiyot markaziga borishadi. U yerda bolaning ahvoli ko‘rgan shifokorlar SAMPIdagi “Reanimatsiyaga yotqizish kerak” degan do‘xtirlardan farqli ravishda “Bu reanimatsiyadan chiqqan bemor, nevrologiyaga yotqizamiz, ammo pullik”, deydi. Ota-onasi bo‘lsa pullik bo‘lsa ham qabul qilishlarini iltimos qilib, bolani o‘sha yerda qoldiradi.

O‘shanda hamma vrachlar yig‘ilib, Mansurbekning onasini chiqarib yuboradida, otasiga u yerda order bilan yotishga 1,5 ming bola navbatda turgani, 10 mln so‘m tashlasa o‘g‘lini qabul qilishini aytadi. Ota sog‘lom farzandi sirop ichgach shu holga tushgani, u orderni kutadigan ahvolda emasligi va yonida 3−4 mln so‘mdan boshqa puli yo‘qligi, borini 45 kun Gulistonda shprits, dori-darmonga sochganini tushuntiradi.

“„Bo‘lmasa, qabul qilmaymiz“, deyishdi. „Agar qabul qilmasalaring, bolamning ahvoli og‘irlashsa, mana shu kasalxonani portlataman! Hammangning bolang bor, oq libos kiyib yuribsan — shu ahvolda qanday qilib chiqarib yuborasanlar? Odammisanlar, insonmisanlar?“, deb hammasiga gapirdim. Shundan keyin ular o‘zi o‘zaro gaplashib qolib, meni tashqariga chiqarib yubordi”, — deydi Mansurbekning otasi Safarali Mansurov.

Shundan keyin Safarali Mansurov vazirlikda ishlagan kursdoshiga qo‘ng‘iroq qilib holatni tushuntirgach, Sog‘liqni saqlash vazirligidan bir raqam oladi. O‘sha odamga qo‘ng‘iroq qilib “Bolamni qabul qilmayapti, o‘zim kambag‘alman. Kambag‘al o‘lib ketaveradimi, puli bor bolnitsada yotaveradimi, aka?” deb yig‘laganidan keyin “Hozir shoshmay tur, bolangni qabul qiladi, qani yotqizmasinchi”, degan javobni oladi. Vazirlikdagi shaxs bilan telefonda gaplashganidan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmay masala hal bo‘ladi — hamma narsa taxt qilinib, bola karavotga yotqiziladi.

“„Bolangizni yotqizmoqchi edikku, siz kimga telefon qildingiz, hech joyga telefon qilmang“, deb Bolalar milliy tibbiyot markazining kattasi menga yalinyapti. „Sizlar zo‘r kelgandan keyin qararkansizlarda. Boya odamni mensimayotgandilaring, nega endi birdan o‘zgarib qoldilaring?“, dedim. Vazirlikdagi o‘sha inson telefon qilgandan keyin hammasi e’tibor qilib, qarab qoldi. Hatto kimligini ham bilmayman, kim bo‘lsa ham otasiga ming rahmat, baraka topsin!”, -deydi Safarali Mansurov.

O‘sha kuni sovuqda kelganlari, qolaversa SAMPI koridorida soatlab qolib ketganlari hisobiga Mansurbekning tomog‘ida balg‘am qotib qoladi. Kechqurun har xil tomchi dorilarni ulab tashlashadi. Palatada yolg‘iz onasi qolib, kechasi vrachlar ham ketishga taraddudlanayotgan paytda Mansurbek nafas ololmay, ko‘karib ketadi.

Ikki vrach yugurib kelib, uni zambilda, reanimatsiyaga olib ketadi. “O‘sha payt „bolam ketdi!“ deb o‘yladim (yig‘lab yuboradi — tahr.). Endi ahvolimni tasavvur qilavering. O‘sha manzara ko‘z oldimdan hech ketmaydi. Zo‘rg‘a dadasiga telefon qildim, qaytib kirdi. O‘zim ham tamom bo‘lgandim. Birpasdan keyin hamshira qo‘limga qonga botgan ishtonchani chiqarib berdi (yanada kuchliroq yig‘lab yubordi — tahr.). Borgan sari o‘g‘limning ahvoli og‘irlashganini bilib yurganim uchunmi, ishtonchasini ko‘rib, „hammasi tamom!“, deb o‘yladim. Hamshira: „Qo‘rqmang, qo‘rqmang, hech narsa qilgani yo‘q“, dedida chiqib ketdi”, — eslaydi onasi.

Bir haftadan keyin tomog‘idagi trubkani amallab olishgach bolaning o‘zi mustaqil nafas olishni boshlaydi. Miyasidagi zaharlarni chiqarib yuborish uchun yoshiga qarab, mln-mln so‘mlik dorilar qilinadi. Do‘xtir: “Xuddi telefonning xotirasi o‘chib qayta tiklanganidek, bu dorilar ham miyani o‘chirib, xotirani qayta tiklaydi”, deb tushuntirgani singari Mansurbek o‘ziga kelganida keyin hech narsani eslolmaydi. Gapirmaydi, ko‘rmaydi va yurmaydi ham.

Reanimatsiyadan chiqqach, Toshkentda yana 10 kun yotadi. Ahvoli u darajada yengil bo‘lmasada, “kunlaringiz tugadi”, deb chiqarib yuborishadi. 2-fevraldan bir-ikki gapira boshlaydi. Peshobi ham 90−95 foiz keladi. Ko‘p yotavergach nafas yo‘llarida qo‘shimcha kasalliklar, qolaversa nevrologik hastaliklar ham ham paydo bo‘ladi.

MRT natijasiga ko‘ra, miyada suv ko‘p chiqqani bois neyroxirurg aniq tashxis uchun umurtqadan punksiya olishi kerak bo‘ladi. Shifokor bu jarayonda ba’zilarga hech narsa qilmasa, boshqalar nogiron bo‘lib qolishi yoki o‘lishi mumkinligini tushuntiradi. Mansurbekning ota-onasi shuncha qiynalgan bolasi yana azob chekmasligi uchun bu muolajani qildirmaslikka qaror qilib, buyog‘iga Xudoga tavakkal qiladi. Vaqt o‘tishi bilan bolaning ahvoli asta-sekin tiklanadi.

Shifoxonadan chiqayotganlarida do‘xtirlar bolaga infeksiya yuqmasligi kerakligi, uni alohida xonada parvarish qilishni tayinlangani uchun ota-onasi Sirdaryoga qaytishi bilan Mansurbekni Guliston shahar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining nevrologiya bo‘limiga olib boradi. Ammo eski kasalxonaning palatalari ikki-to‘rt kishiga mo‘ljallangani uchun iltimosga qaramay, ularga alohida xona berilmaydi. Yomon sharoitda bola uyoq-buyoqdan infeksiya, gripp yuqtirib olaveradi.

Bir haftada og‘irlashib, nafasi qisib qoladi. Tomog‘idagi trubkani olib tashlashganida chandiq bo‘lib bitgan joyi sal shamollashga shishib, nafasi qisadi. Keyin nevrologiyadan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, u yerda bir hafta-o‘n kun yotadi — o‘sha paytlar uning ko‘zi ham ko‘rmasdi.

Haliveri bu yerdan ketisholmasligi, uyda qolgan to‘rt qizining ichikkanini o‘ylab, ota-ona shifoxonaning yonidagi uyni ijaraga oladi. Farzandlari, xususan, Mansurbek bilan 27-fevral kuni o‘sha yerga ko‘chib o‘tishadi. 10−15 kundan keyin esa yana Mansurbekning mazasi qochadi.

Hadeb dori olaverganidan ichi “apteka” bo‘lib ketgan, allergiyasi qo‘zib, toshmalar chiqqan, massaj olib, oyog‘ini endi sal-sal bosayotgan ammo hali ko‘zi ko‘rmaydigan bir paytda Bolalar milliy tibbiyot markazi uchun ariza berilgan order chiqadi.

Bolaning organizmi ukoldan charchaganini ta’kidlagan Bolalar milliy tibbiyot markazidagilar ukol qilmasliklari, bosh miya uchun yozib berilgan siroplar, vitaminlarni ichishda davom etishini, harakatning tiklanishi uchun esa ko‘proq massaj kerakligini tayinlaydi.

Shifoxonada bir hafta yotishganidan keyin MRT natijasiga ko‘ra, Mansurbekning boshida haliyam suv, yemirilish borligi aniqlanadi. Harakati yaxshilanib ketsa, hech narsa qilmasligi, lekin bir talvasa berib qolsa, o‘lishi ham hech gapmasligi aytiladi. Uyda ham parvarishni to‘xtatmaslik, immunitetni ko‘tarish, yeb-ichishini yaxshilash va gripp bo‘lishdan saqlanish tavsiya qilinib 4-aprelda uyga javob beriladi.

“Shu paytlar endi-endi 5−10 metrlik masofalarni ko‘ra boshlagandi. Gapirib ketgan, „Bu nima, bu nima?“, deb ko‘p so‘rar, qo‘lidan ushlasak, yurishni boshlagandi. Xuddi yangi tug‘ilgan chaqaloqni katta qilgandek hamma narsani qaytadan o‘rgata boshladik. Xudoga shukur, bolam qayta tug‘ildi!”, — deydi Feruza Mansurova.

Uyga qaytishganida Mansurbek boshqa farzandlardan gripp yuqtirib olib, yana Gulistondagi reanimatsiyada besh kuncha davolanadi. May va iyun oylarida pulmonologiya, kardiologiyada — yo‘talib, bo‘g‘ilib, nafasi qisgani uchun yoz bo‘yi deyarli har oy, ba’zan bir oyda ikki martalab turli bo‘limlarda davolanadi. Avgustda yana shamollab qoladi. Reanimatsiyadagi do‘xtirning yozib bergan dorilarini olgani dorixonaga kirganida, ularni yaxshi tanib qolgan sotuvchi qiz Toshkentdan bir urolog kelishini aytib, unga ham ko‘rsatvoqishni tavsiya qiladi. Bolaning buyraklarini tekshirgan shifokor yallig‘lanish, sistitga o‘xshash narsa borligini aytadi. Bezovta qilayotgan yo‘talga qarshi esa 1,5 mln so‘mlik dori yozib beradi. Ammo bir yildan buyon dori-darmon, do‘xtirma-do‘xtir davolanib yurgan oila uchun 1,5 mln so‘m arzimagan pul emasdi.

Mansurbekning ota-onasi “Dok-1 Maks” ishi haqida 2022-yilning 21-dekabrida xabar topadi. Sardoba tuman prokuraturasiga siropning qolgan qismini topshirib, ko‘rsatma berganidan keyin Mansurovlar bolasining ishi shu doridan nogiron bo‘lib qolgan bolalar ro‘yxatiga qo‘shilishi uchun prokuratura, DXX va sudga qatnab toza sarson bo‘ladi. Axiyri,2024-yilning 18-noyabrida jinoyat ishlari Uchtepa tuman sudida keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilarning “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan sud hukmi e’lon qilinadi. Hukmdagi jabrlanuvchilar orasidan Mansurbek ham o‘rin olgan.

“Shu davlatning sog‘liqni saqlash tizimiga ming la’nat bo‘lsin. Doridan zahar chiqishga chiqibdi, bo‘ladigan ish bo‘libdi, lekin shu sog‘liqni saqlashdagilar odamlarning puliga qaramay vaqtida, kerakli yordamni qilsa bo‘lardiku. Boyi bor, kambag‘ali bor. Boyi bir amallab qaratgandir, kambag‘ali o‘lib ketgan. Ko‘zimning oldida nechtasi halok bo‘ldi. O‘sha qishning chillasida qayerdan pul topasiz?”, — degan Safarali Mansurov “Gazeta.uz” muxbiriga bergan intervyusida.

Hozir bola yuradi, gapiradi va ko‘radi ham. Lekin juda ham asabiy, avvalgi voqealar esidan chiqib ketgan. Uni doimiy ravishda shifokorga ko‘rsatib turish, davolatish va parvarishiga alohida e’tibor berish kerak. Ammo Feruza Mansurovaning aytishicha, buyog‘iga tekshirtirish, davolatish va muolaja qildirish uchun ularning sharoiti ham iloji ham — umuman hech narsasi qolmagan. Ular farzandini davolatish uchun ukasidan 8 ming dollar, tanishlaridan esa 150 million so‘m qarz olgan, 8 ta moli, 20 ta qo‘yi va haatto tovuqlarini ham sotishga majbur bo‘lgan.

“Ayollar daftari"ga turganim uchun uch yil oldin parrandachilik bo‘yicha kredit olgandim. Bolam og‘ir bo‘lib yotgan kunlari: „Hozir bir so‘m pulim yo‘q, bolam shu ahvolda, kreditimni to‘xtatib turinglar“, deb bankdagilarga yalinib bordim. „Qanday ahvolda bo‘lsa ham baribir kredit to‘lanishi kerak, biz bunga aralasholmaymiz“, deyishdi. O‘sha yerdagi bir qiz: „Mayli, yanga, men bir oyga to‘lab turaman“, deb yordam qildi. Shu kredit haligacha tugagani yo‘q. O‘sha tovuqlarning hammasini bolamni davolatish uchun sotganmiz. Aytyapmanku, hattoki yeyayotgan bug‘doylarimizgacha sotdik”, — deydi Feruza Mansurova.

Elnur Ro‘ziyev

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Elnur Ro‘ziyev 2018-yil 16-aprelda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Elnur 2022-yil dekabri boshida shamollab qoladi. Shuning uchun otasi 16-dekabrda “Dok-1 Maks” siropini olib keladi. Dorini uch kun uch mahaldan qabul qilgan bolakay to‘rtinchi kunga kelib peshob chiqarmay qo‘yadi. Shundan keyin uni Muzrabot tumanidagi kasalxonaga olib borishadi. U yerda ahvoli yaxshilanmagach, 20-dekabrda Termizdagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib borishadi. Tekshiruvdan keyin do‘xtirlar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yadi.

Onasi Dilorom Saidovaning aytishicha, o‘g‘li 21-dekabrda Toshkentdagi RSHTYOIMga olib kelingan. Kasalxonaga o‘sha vaqtdagi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kelganida, undan o‘g‘lini Bolalar milliy tibbiyot markaziga o‘tkazishni iltimos qilgan. Elnur 1-yanvardan davolanishni Bolalar milliy tibbiyot markazida davom ettirgan.

Hozir Elnurning ahvoli yaxshi, lekin og‘zida qiyshayishlari bor.

Azizbek Yakubov

Azizbek Yakubov 2018-yil 1-yanvarda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Azizbek shamollab qolgani bois otasi uni Karmanadagi 1-oilaviy poliklinikaga olib boradi. Shifokor tekshirib, “Ambroksol” (yoki “Ambronol”) dorisini tavsiya qiladi. Dorini ichgach, Azizbek qayt qilib, peshob ajratmay qo‘yadi. Karmana tuman kasalxonasiga olib borilganida, bolaning buyragi ishlamayotgani ma’lum bo‘ladi.

Unga Navoiy viloyat tez yordam kasalxonasiga yo‘llanma beriladi. Reanimatsiyada yotganining beshinchi kuni Azizbek shishib ketadi. Shundan so‘ng uni Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelishadi. Bu ikki marta dializ qilingach, yana peshob kela boshlaydi.

Otasi Zoyir Hikmatovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hodisa oqibatida Azizbek buyrak xastalgini orttirib olgan.

Sherzod Mahmudjonov

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Sherzod Mahmudjonov 2017-yil 11-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Sherzod 2022-yilning 15-dekabrida bog‘chadan kasal bo‘lib keladi. Shundan keyin onasi Sohiba Bobojonova dorixonadan hech kimning tavsiyasisiz “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi. Dorini ichgach, 17-dekabr kechasi Sherzodning mazasi bo‘lmay, qayt qila boshlaydi. Onasi xavotirga tushib, 23-dekabrgacha o‘g‘liga osma ukol quydiradi.

Bolaning buyragi ishlamayotgani UTTdan keyin ma’lum bo‘lgach, uni RSHTYOIM Nukus filialiga borishadi. Bu vaqtga kelib bu yerda Sherzod kabi doridan zaharlanib, og‘ir ahvolga yotgan bolalar ko‘p edi. Sherzodga ham kateter ulanadi. Ammo u 27-dekabrda komaga tushib qoladi.

Sherzod 2023-yil 3-yanvar kuni Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib borilgan. Tegishli muolajalardan keyin bola o‘ziga kelgan. Ammo u hozir baribir oyoqlarini yaxshi bosa olmaydi, uzoqni yaxshi ko‘rolmaydi.

Hayotxon Ismoilova

Hayotxon Ismoilova 2017-yil 16-yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Fotima Hayitboyeva qizi Hayotxon shamollab qolgani bois unga “Dok-1 Maks” siropini 3 mahaldan ichiradi. OAVda “Dok-1 Maks” dorisidan zaharlanishga doir xabarlar paydo bo‘lgach, shifoxonaga murojaat qiladi.

Onasining ma’lum qilishicha, Hayotxon hozir o‘zi yuradi va ko‘rish qobiliyati ham yaxshi.

Muslima Ziyoboyeva

Muslima Ziyoboyeva 2016-yil 22-avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. U “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmida ko‘rsatilgan jabrlanuvchilar ro‘yxatida yo‘q edi. 2024-yil 18-noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudi doridan zaharlanish bilan keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilar ishi bo‘yicha yarim yil davom etgan sud hukmini e’lon qildi. Hukmdagi jabrlanuvchilar orasida Muslima ham bor. Uning kasallik tarixi hukmdagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil dekabr oyida Muslimaning tomog‘i og‘rib qoladi. Otasi uni shifokorga olib boradi, shifokor yozib bergan ko‘rsatma asosida onasi unga “Dok-1 Maks” siropini 1 kunda 3 mahal bir qoshiqdan (dorining qoshig‘ida) ichiradi.

Shundan keyin qizchaning buyragi ishlamay qoladi. Ertalab peshob chiqarmay qo‘ygach, Muslimani yana shifoxonaga olib borishadi. Do‘xtirlar uni tekshirib, Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga yuboradi. Muslima Jizzaxdan Toshkentga tez tibbiy yordam mashinasida olib ketilayotgan payti, yo‘lda komaga tushadi va 7 kun deganda komadan chiqadi.

U bir muddat Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanadi. Hozir 8 yoshli Muslima birinchi guruh nogironi — o‘rnidan turolmaydi, yurolmaydi, gapirolmaydi. Uning davolanishiga har oy 10 mln so‘mdan ko‘proq pul sarflanadi, 2024-yil noyabrigacha umumiy davolanish xarajatlari 1 mlrd so‘mga yetgan.

Miromon Tangirov

dok-1 maks, dok-1 maks ishi, kompensatsiya

Miromon Tangirov 2020-yil 20-yanvarda Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi onasi Saodat Matkarimovaning 2024-yil 9-mayda “Gazeta.uz"ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi.

Miromon 2022-yil 17−18-dekabrlarida bog‘chadan isitmalab keladi. Onasi bolaning kasalligi kuchayib ketmasligi uchun uyi yonidagi qishloq vrachlik punkti (QVP)ga olib chiqadi. Shifokor “Dok-1 Maks” siropini yozib berib, besh kun ichirishini buyuradi.

Dori ichishning 4-kuniga kelib ham bolaning ahvoli yaxshilanish o‘rniga orqaga ketaveradi. Miromon qo‘lini qimirlatmay, tepaga qarab yotar, ayasini chaqirishga ham holsiz, faqat banan yeb, qatiq ichib, boshqa yegan narsalarini qayt qilib tashlayvergan. Kechqurunlari hojatga chiqishini aytib onasini uyg‘otadigan odatini tark etganidan keyingina Saodat opa o‘g‘lining siymayotgani payqab qolgan.

Keyingi kun yana QVP shifokoriga borib, ahvoli yaxshilanmayotganini aytishadi. Shifokor besh kunlik muolajaga seftriakson yozib beradi. O‘g‘li ukolning uchinchi kunligini olgandan keyin, taxmiman, 22 yoki 23-dekabrda Saodat opa Telegramʼdan “Dok-1 Maks” siropidan bolalar zaharlanayotgani haqidagi xabarlarni o‘qib qoladi. Darrov poliklinikaga olib chiqadi, ammo vrach u yerda bo‘lmaydi, hamshiralar esa biror tavsiya uchun vakolati yo‘qligini aytadi. Uyga qaytib ketishgach, Saodat opa doridan bir nechta bolalar o‘lgani haqida o‘qib, darrov qaynonasiga telefon qiladi. Bolani Gulistondagi kasalxonaga olib ketishadi.

Unga “Dok-1 Maks” ichirgani, ikki kundan beri siymayotgani, hech narsa yemay, holi yo‘qligini aytgach, vrachlar shifoxonada yotishi kerakligini aytadi. Miromonning dadasi xohlamagani uchun Sardoba tuman markazining bolalar bo‘limiga yo‘llanma olib, 26-dekabr kuni shu yerga borishadi. UTTda buyraklarining ikki tomoni qop-qora bo‘lib chiqadi. Ertasi kuni tongda qon, siydik analizlari topshirishadi. 10:30 da tahlil javoblari chiqqach, shifokorlar bolaning ahvoli yomonligini aytib, tez yordam mashinasida Guliston shahriga yuboradi. Miromon Gulistonda qayta tahlillardan o‘tkazilib, tezda reanimatsiyaga olinadi. Xuddi shu vaqtda dializ qilish ham boshlanadi.

“Biz kelishimizdan oldin qo‘shni sovxozdan bir bola kelgan ekan. Apparatda yotgandi. Hech kim xabar olgani yo‘q, na hokimiyat, na respublikadan birov kelmadi. Zaharlanishmi deb so‘rasam, reanimatsiyadagi vrach hali sababini bilmasligini aytdi. Bu yoqda 10 dan ortiq bola o‘lim bilan olishib yotgan ekan. 22-dekabr kuni shu dori taqiqlandi ham. Telefonlarga xabar ham keldi. Sirdaryoning bosh shifokori shu dorini ichgan 10 boladan faqat bittasi tirik ketganini ham aytdi. Oktabr, noyabrda ham ichgan bolalar bor ekan. Vrachlar to‘g‘risini aytish uchun kimdan qo‘rqqan? Ishidan ayrilishdanmi yoki dorining orqasida kattaroq mafiya bo‘lganmi, tushunmayman-da. Agar vaqtida aytishganida, dori sotilishi ertaroq to‘xtalib, shuncha bolaning qurbon bo‘lishi oldi olinardi “, — deydi bolaning onasi.

Farzandining ahvolidan xavotir olgan Saodat opa YouTube’dagi “Dalil.uz” kanali raqamini topib, telefon qilib, yordam so‘raydi. Kanal vakili opadan o‘z murojaatini videoga olib, tashlab berishni so‘raydi.

“Ishonsangiz, megabaytim ham yo‘q edi. O‘zi oyligim 560 ming so‘mgina, bu yil 600 ming so‘m bo‘ldi. Megabaytim yo‘qligini, shundoqligicha yordam berishini so‘radim. Shu kanal vakili aytganmi yoki tepadan buyruq bo‘lganmi, bilmadim, Toshkentdan birdan besh vrach keldi. Hokimlikdan 1 mln so‘m tashlab berishdi”, — deydi Saodat opa.

Bola Gulistonda bir necha kun yotgach, onasi Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib borishni so‘raydi. Shifokorlar yo‘lda biror kor-hol bo‘lsa, javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasliklarini aytgach, yana o‘sha yerda qolishga majbur bo‘lishadi. 8-kuni Toshkentga borishga ruxsat beriladi.

“Vazirlikdan buyruq keldimi yoki o‘zlari bolamning ahvolidan qo‘rqdimi, ruxsat berib, boraverishimizni, orderni orqamizdan jo‘natib yuborishlarini aytishdi”, — deb eslaydi ona. Milliy markazda bir kun yotishadi, ammo ularning orqasidan yuborilishi kerak bo‘lgan orderdan darak bo‘lmaydi. Bir kunlik yotish xarajatlarini avvalroq hokimiyatdan tashlab berilgan 1 million so‘m bilan to‘lashadi. Tahlillarda kreatin miqdori nisbatan yaxshi chiqqani uchun bolani yana Sirdaryoga qaytarib yuborishadi.

Gulistondagi tez yordam shifoxonasiga ikki kun yotgach, do‘xtirlar qo‘shimcha viruslar yuqib qolmasligi uchun bolani uyiga javob beradi. Uyda Miromonning isitmasi 37−38 darajadan tushmaydi. Avval o‘zlarining tumanidagi tez yordamga chiqishadi, u yerdan Gulistondagi bolalar kasalxonasiga borishadi.

Gulistondagi kasalxonada umuman joy bo‘lmagani uchun Miromonni reanimatsiyaga yotqizishadi. Ikki kun har xil kasallar bilan bir palatada yotib, so‘ng yuqumli kasalliklarga chalinganlar undan ham ko‘p bo‘lgan pulmonologiya bo‘limiga o‘tishadi. U yerda ham ikki kun yotgach, shifokorlar Saodat opaga: “Bolangiz yaxshi tomonga o‘zgaryapti, bu yerda yana yondosh kasalliklarni ham yuqtirib olmasin, faqat yeb-ichishini yaxshi qilinglar”, deb uyga javob berib yubordi.

Turmush o‘rtog‘ining ham doimiy ishi bo‘lmagani bois, bolaning oziqlanishidan xavotirga tushgan Saodat opa bola puli rasmiylashtirishga harakat qiladi. Hujjatlarni arang to‘g‘rilaganida, erining nomida 50 sotix yer borligi uchun bola puli ham bekor bo‘ladi. 2024-yilning may oyida nogironlik nafaqasi uchun ariza topshirib, Miromonga nafaqa chiqarishgan.

2024-yilning may oyidan boshlab Miromon yurishni, asta-sekin yugurishni ham boshlagan. Saodat opa hozir bolasining ahvoli nisbatan yaxshilanganini, ammo immuniteti past, qoni kam ekanini ma’lum qildi.

“Hozir yaxshi ko‘ringani bilan zahar qayeriga qanday ta’sir qilganini hech kim bilmaydi. O‘g‘il bola bo‘lsa, ertaga uylansa, farzandli bo‘lib ketarmikan, deb o‘ylanaman. Buyragini tekshirtirishim kerak. Ikki yil bo‘ldi, birov kelib, qayta tekshiruvga olib borish uchun yordam ham qilmadi. Maoshimdan orttirib, o‘tgan yili may oyida kreatinini tekshirtirgandim — 74 chiqdi, yaxshi deyishdi. Faqat qoni kam, immuniteti past deb siroplar yozib berdi. Uning ham bittasini oldim, ikkinchisini olishga qurbim yetmadi”, — deydi Saodat opa.

Saodat opa 36 yoshida turmushga chiqib, o‘g‘li Miromonni 38 yoshida, kesarcha kesish yo‘li bilan dunyoga keltirgan. Shuning uchun u bolasining hayotini saqlab qolish uchun imkoni boricha harakat qilgan. Bu yo‘lda sog‘lig‘ini yo‘qotgan, asabiy, yurak o‘ynoqi bo‘lib qolgan. Toshkentga borib tekshirtirsa-da, davolansa ham tuzalmayotganini aytadi. “Bir kuni yakshanbada ishga boribman. Ham kulgim keldi, ham xo‘rligim… Xudoga shukr, haliyam shunchalik bolamni qaytarib berdi. Qancha bola operatsiya bo‘ldi, qanchasi nogiron bo‘lib qoldi axir”, — deydi Saodat opa.

Miromonning onasi intervyu so‘ngida davlatdan “Dok-1 Maks” tufayli salomatligiga jiddiy ziyon yetgan, nogiron bo‘lib qolgan bolalar uchun bepul tekshiruvlar va davo muolajalari yo‘lga qo‘yilishini so‘radi.

Ushbu material ustida Ziyoda Ramazonova, Gulira’no Musayeva, Mirolim Isajonov, Ma’murjon Obrahmatov, Muhrim A’zamxo‘jayev, Shahzod Habibullayev ishladi. “Gazeta.uz"ning “Dok-1 Maks” ishiga doir materiallari ustida, shuningdek, Shohrux Haydarov, Elshod Salimov, Madina A’zam ham mehnat qilgan.