Shavkat Mirziyoyev Koreyaning Muan shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mokka ta’ziya maktubi yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

“Davlatimiz rahbari Koreya xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi”, — deydi Asadov.

Hodisa 29-dekabr kuni ertalab soat 9:07 da (Toshkent vaqti bilan 5:07) sodir bo‘ldi. Video kadrlarida ko‘rinishicha, Jeju Air kompaniyasining Boeing 737−8AS yo‘lovchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib, to‘siqqa urilgan va shundan so‘ng yonib ketgan.

Bortda 175 yo‘lovchi (Tailandning ikki fuqarosidan tashqari barcha Koreya Respublikasi fuqarolari) va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokat tufayli samolyotdagilarning deyarli barchasi halok bo‘ldi. Faqat 2 kishi (ekipaj a’zolari) qutqarib qolindi, halok bo‘lganlarning barchasi topildi. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.