Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati Respublika oliy ta’lim kengashi qarorlari majburiy kuchga ega emasligini ma’lum qildi.
Avvalroq kengash xususiy oliy ta’lim muassasalari kontraktdan tushadigan pullarning 4 foizini Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Bayonda bu go‘yo oliy o‘quv yurtlarining o‘z tashabbusi ekani qayd etilgan. Bundan tashqari, o‘qituvchilar maoshining bir qismini “Yashil makon” loyihasiga yo‘naltirish rejalashtirilgandi.
Oliy ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, kengash nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi va davlat funksiyalarini bajarmaydi. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi hamda faqat tavsiyaviy xarakterdagi takliflarni ishlab chiqadi, deyiladi xabarda.
Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida respublika oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, ta’lim sifatini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilib borish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga ko‘maklashish va boshqalar hisoblanadi.
Noyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tgan majlisda ishtirok etgan 208 ta oliy ta’lim tashkilotlari rektorlari tomonidan muhokamaga qo‘yilgan fikr va mulohazalar hamda takliflar asosida kelgusida amalga oshiriladigan masalalar yuzasidan kengash a’zolarining kollegial qarorlari qabul qilingan.
Tadbirda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun shartnoma asosida o‘qish qiymatining 4 foizini Oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish majburiyati yo‘qligi ham muhokama qilindi.
“Har qanday mablag‘ bilan bog‘liq harakatlar va munosabatlar tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi shartnoma erkinligini kafolatlaydi. Kengash doirasida yoki qonunchilikka muvofiq bunday munosabatlarni majburlash uchun mexanizmlar mavjud emas. Shu bois, har qanday moliyaviy va huquqiy harakatlar tomonlarning ixtiyoriy kelishuvlari asosida amalga oshirilishi tabiiy holatdir”, — deyiladi bayonotda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotning ichki ishi sifatida baholagan.
Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar qabul qilishga va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Barcha murojaatlar asosida tegishli choralar ko‘rilib, qonuniy manfaatlar himoya qilinishi ta’minlanadi.
2022-yil iyun oyida Vazirlar Mahkamasi Oliy ta’lim bo‘yicha respublika kengashi tarkibini yangilagandi va uning vakolatlarini kengaytirgan. Kengashga Toshkent transport universitetining sobiq rektori, hozirda prezident Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov boshchilik qilmoqda.