“Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirishda va jinoyatlarni tergov qilish davomida aniqlangan kripto-aktivlarni olib qo‘yish, xatlash, saqlash hamda topshirish tartibi to‘g‘risidagi” yo‘riqnoma 25-dekabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, kriptoaktivlar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida xatlash, musodara qilish, yetkazilgan zararni qoplash uchun olib qo‘yilishi hamda dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Kriptoaktivlar bilan bog‘liq tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazish kriptoaktivlar bilan ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilishi shart.
Quyidagi ma’lumotlar kriptoaktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid axborot manbalari bo‘lishi mumkin, jumladan:
- shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlar;
- xizmatlar provayderlari va maynerlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar;
- nazorat qiluvchi (litsenziyalovchi) organlarning ma’lumotlari;
- ochiq axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish va jinoyatlarni tergov qilish davomida kriptoaktivlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar va dalillar quyidagilarda aniqlanishi mumkin:
- axborot tashuvchi qurilmalar;
- kriptohamyonlar;
- qog‘oz, bloknot yoki boshqa narsa va buyumlarda qayd etilgan qo‘lyozma va yozuvlar.
Olib qo‘yilgan, xatlangan va dalil sifatida e’tirof etilgan kriptoaktivlarning hisobi surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan yuritiladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekistonda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berish uchun bojlar miqdorini belgilagandi.
Bojlar summasi to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorlarida belgilangan (material e’lon qilingan paytda 1 BHM 375 ming so‘mga teng). Bojlar quyidagi miqdorlarda belgilangan:
- mayning-pul — 3000 BHM (1,125 milliard so‘m);
- kriptodo‘kon — 3700 BHM (1,3875 milliard so‘m);
- kriptodepozitariy — 7000 BHM (2,625 milliard so‘m);
- kriptobirja — 73 400 BHM (27,525 milliard so‘m).
Spot xabariga ko‘ra, agentlik 2022-yil avgust oyida kripto soha ishtirokchilarini litsenziyalash tartibini, shuningdek, ularga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlagan. Kompaniya to‘rtta faoliyat turining har biri uchun alohida litsenziya rasmiylashtirishi kerak.
Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar o‘z serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishi, hisob-kitoblar va mijozlar haqidagi ma’lumotlarni besh yil davomida saqlashi, shuningdek, reklama talablariga rioya qilishi shart. Kriptobirjalar uchun ham 5000 BHM (1,875 milliard so‘m) miqdorida ustav fondiga minimal talablar mavjud.