O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilanadigan rasmiy AQSh dollari kursi 2024-yilda 581,71 so‘mga — 27-dekabr kuni valyuta birjasidagi so‘nggi savdo kunida 12 338,77 so‘mdan 12 920,48 so‘mga ko‘tarildi.

2024 йил, dollar kursi, марказий банк, so‘m

Yil davomida milliy valyuta 4,71 foizga qadrsizlandi. Milliy valyutaning devalvatsiya sur’ati 2023-yilga nisbatan past (9,92 foiz), biroq 2022-yilga (3,58 foiz) nisbatan yuqori bo‘ldi.

Dekabr oyida dollar so‘mga nisbatan 55,43 so‘mga (+0,43 foiz), noyabrda deyarli 91 so‘mga (+0,71 foiz), oktabrda 59 so‘mga (+0,46 foiz) oshdi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev avvalroq O‘zbekiston milliy valyutasi devalvatsiyasi sabablarini tahlil qilgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda AQSh dollarining so‘mga nisbatan yillik o‘rtacha kursi 13 250 so‘mni (2024-yilga mo‘ljallangan prognoz darajasidan 4,8 foizga ko‘p), 2026-yilda 13 725 so‘mni, 2027-yilda 14 150 so‘mni tashkil etishini kutmoqda.

2024-yilda dollarning o‘rtacha kursi 12 654 so‘m darajasida shakllangan bo‘lib, bu 12640 so‘m prognozdan biroz yuqori hisoblanadi.