Bundan ikki yil avval, 2022-yil dekabr oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizovning viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozgan xati nusxasi aylana boshlandi. 2022-yil 15-dekabrda chiqarilgan xatda “Dok-1 Maks” preparatining nojo‘ya ta’siridan shikoyat qilib “oxirgi ikki oyda 21 bemor murojaat qilgani”, 17 nafarida kasallik juda og‘ir o‘tgani va ularning 15 nafari vafot etgani bayon qilingan edi.

Keyin voqealar rivoji tezlashib ketdi. 22-dekabr kuni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) “Dok-1 Maks”ning savdosi vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi (O‘zbekistondagi voqealardan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu dorini xavfli deb topdi). 26-dekabr kuni bolalar ombudsmani Samarqanddagi kasalxonada vafot etgan bolalar soni 18 nafarga yetganini e’lon qildi. Ertasiga SSV Samarqandda bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dorisi tarkibida zaharli etilenglikol moddasi bo‘lganini ma’lum qildi (keyinchalik doridagi bu zaharli modda miqdori me’yordan 300 barobar ko‘p bo‘lgani aytildi). Xuddi shu kuni DXX holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va dastlabki gumonlanuvchilar hibsga olinganini xabar qildi.

28-dekabr kuni SSVning o‘sha vaqtdagi rahbari Behzod Musayev butun mamlakatni larzaga solgan holat bo‘yicha birinchi marta chiqish qildi. “„Dok-1 Maks“ dorisining me’yoridan ortiqcha iste’moli natijasida bu dunyodan 18 jajji va go‘dak farzandlarimiz ko‘z yumdi. Ularning ota-onalariga Sog‘liqni saqlash vazirligi va barcha tibbiyot xodimlari nomidan o‘zimizning ta’ziyamizni bildiramiz”, — dedi vazir.

E’tiborga molik tomoni, vazir chiqish qilgan sana — 2022-yilning 28-dekabriga kelib Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonga olib kirilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilarini ichib, zaharlanib, vafot etgan bolalar soni 47 nafarga yetgandi.

Albatta, u vaqtda qurbonlar soni bu qadar ko‘pligini ko‘pchilik bilmagan. Jamoatchilik “Dok-1 Maks” ishida 18 yo 47 nafar emas, naq 65 nafar bola vafot etganini 2023-yil avgust oyiga kelib, ishga aloqadorlar ustidan sud jarayoni boshlanayotganida bildi (keyinchalik qurbonlar soni yana uch nafarga ko‘paydi). Bu sud jarayoni O‘zbekistonning dori-darmon, tibbiyot, ijtimoiy himoya, huquq-tarтiбот va boshqa ko‘plab hayotiy muhim soha va tarmoqlariga tutilgan ko‘zgu bo‘ldi.

Bu jarayon o‘lim to‘shagida yotgan bola uchun Toshkentdan boshqa joydan kateter topib bo‘lmasligi, kasalxonalar bor kateterini ham bermay, ota-onalarni viloyatma-viloyat sarson qilib, oxiri “o‘zimizda bor edi-ku”, deb ularni ovora qilishini, butun boshli bir viloyatda bolalarni lozim darajada dializ qilish imkonini beruvchi uskunalar yo‘qligini, vaqti kelsa na shahar va na viloyat miqyosidagi shifokorlar bolaning ahvoliga to‘g‘ri tashxis qo‘ya olmasligini ko‘rsatib berdi. Tibbiyot tizimida uzviylik, aloqadorlik, muvofiqlashtiruv yo‘qligi, axborot tahlili amalda mavjud emasligi ortidan bir hududda yuz berayotgan anomaliya (ma’lum bir doridan bolalar o‘limi holatlarining keskin o‘sishi)ni nafaqat boshqa hudud, balki respublika miqyosidagi mas’ullar ham sezmay-bilmay qolishi mumkinligi oydinlashdi.

Bu jarayon O‘zbekistonda jiddiyroq kasallikka chalingan kishi cho‘ntagini baquvvatroq qilishi kerakligini, mamlakat ijtimoiy deb e’lon qilingan va tibbiy xizmatlar rasman bepul bo‘lsa-da, oddiy odamning pulsiz omon qolishi qariyb imkonsizligini ham ko‘rsatib berdi. Ayni vaqtda, ota-onalar o‘z farzandlari hayotini saqlab qolish uchun bor-budini berishga tayyorligini yana bir karra isbotladi: ba’zi oilalar davolash xarajatlari uchun nafaqat katta miqdorda qarz ko‘targan, balki haydab turgan mashinasi, yashab turgan uylarigacha sotgan; ularga qarindoshlari ham mln-mln so‘mlab yordam ko‘rsatgan. Ayrim oilalar muolajalar uchun 1 mlrd so‘mgacha xarajat qilgan. Uy va mashinani yana sotib olish, qarzlarning hammasidan qutilish mumkindir, ammo ko‘pincha uquvsiz xodimlarining noto‘g‘ri tashxislari, vaqtida ko‘rsatilmagan yordam tufayli vafot etgan bolalarni hayotga qaytarib bo‘lmaydi.

Butun O‘zbekistonni qamrab olgan ushbu fojia qurbonlari xotirasiga lozim darajada hurmat ko‘rsatilgani yo‘q. Qurbonlar soni 15 nafar ekanida ham, 18 nafar bo‘lganida ham, 20 nafardan oshganida, 65 nafar ekani e’lon qilinganida ham, 68 nafarga yetgani ma’lum bo‘lganida ham jamoatchilik vakillari O‘zbekistonda umummilliy motam e’lon qilish zarurligini ta’kidlagan edi. Xususan, bu haqda “Gazeta.uz” ham yozgandi. Ammo motam e’lon qilingani yo‘q. Eng kattasi hali 9 yoshga to‘lib ulgurmagan, eng kichigi esa 5 kuni kam to‘rt oylik bo‘lgan salkam 70 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq og‘riqni mamlakat to‘la his qilmadi. Balki shuning uchun ham sudning 2024-yil fevralidagi hukmida har bir marhum uchun 1 mlrd so‘mdan kompensatsiya to‘lab berilishiga doir talabning ijrosi paysalga solib kelinayotgandir — bu bolalar va ularning yaqinlari his qilgan og‘riq, azobni boshqalar ham o‘z tanida sezganida, ehtimol, ularga ko‘proq hamdard bo‘linardi.

“Gazeta.uz” fojiaga ikki yil to‘lishi munosabati bilan hodisa qurbonlarini xotirlaydi. “Dok-1 Maks” ishi sabab vafot etgan 68 bolaning so‘nggi kunlari qanday o‘tgani “Gazeta.uz” jabrlanuvchilarning yaqinlaridan olgan intervyular, sud jarayonidan tayyorlangan stenogrammalar, shuningdek, sud hukmidagi tafsilotlar asosida yodga olinadi. Materialni tayyorlash jarayonida 29 nafar bolaning qonuniy vakillaridan suratlarini e’lon qilish uchun ruxsat olindi, shuningdek, tarmoqda e’lon qilingan suratlardan foydalanildi (agar sizda ham qo‘shimcha ma’lumotlar, suratlar bo‘lsa, Telegram’dagi @doc1maksgazetauz_bot'ga yozing).

Ijodkor Otabek Tillayevnning “Dok-1 Maks” qurbonlariga bag‘ishlangan (va qo‘shiq ham qilingan) “Dorisiz jannatlarga ketgan bolam” she’rida “butun yurtning yoqasidan tutgan” deya ta’riflangan bu bolalar unutilmasligi kerak. Chunki ular O‘zbekistonda boshqalar ham dorilardan zaharlanib vafot etmasliklari uchun o‘z hayotlari bilan to‘lov qildilar. O‘zbekistonda bunday fojialar takrorlanmasligi kerak. Ota-onalar ortiq alamdan “qancha pul bersa mening bolam qaytib keladi?”, “nega mening bolam tajriba quyoni qilindi?”, deb savol bermasligi kerak, “har lahza bolam bilan qo‘shilib o‘lgandek bo‘laman!” deb yig‘lamasligi, oilalar bolasidan ayrilib, barbod bo‘lmasligi kerak.

Izoh o‘rnida: “Dok-1 Maks” ishi sabab salomatligiga jiddiy ziyon yetgan, hatto nogiron bo‘lib qolgan bolalarning hikoyalari alohida materialda berildi. Ulardan birining ota-onasi ta’kidlaganidek, “tirik bolalarni asrab qolish kerak”.

Vafot etgan bolalar

Ro‘yxat bolalarning vafot etgan sanasi bo‘yicha berilgan.

Ahmad Aitbayev, 2 yosh 4 oy 11 kun

Ahmad Aitbayev 2020-yil 21-mart kuni Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil iyul oyi boshlarida Ahmad shamollab qoladi. Onasi uni Qo‘ng‘irot shahar tibbiyot birlashmasiga olib boradi. Shifokor shamollashga qarshi dorilar yozib beradi, ammo retseptdagi dorilarning hammasi ham topilmagani bois, dorixonachi bolaga “Dok-1 Maks” siropini ichirishni tavsiya qiladi.

“Dok-1 Maks” siropini qabul qilishni boshlagan bolaning ahvoli 6-iyuldan yomonlasha boshlaydi. Ota-onasi uni Qo‘ng‘irot shahar tibbiyot birlashmasining infeksiya bo‘limiga yotqizadi. Taxminan shu vaqtda Ahmadning peshobi ham kelmay qo‘yadi. Shifokorlar unga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yib, 8-iyul kuni Nukusdagi shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasiga yuboradi.

Nukusdagi kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Ahmad Aitbayev 25-iyul kuni komaga tushadi va 1-avgust kuni vafot etadi.

Imronbek Kuchimov, 2 yosh 15 kun

Imronbek Kuchimov 2020-yil 14-sentabrda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Imronbek 2022-yili tug‘ilgan kunidan bir kun o‘tib, 15-sentabrda shamollab qoladi. Shundan keyin onasi bir ayolning tavsiyasi bilan dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi. Imronbek dorini bir hafta davomida kuniga uch mahal ichadi.

23-sentabr kuni bolaning ichi ketib, qayt qila boshlagani bois ertasi kuni uni G‘allaorol tuman shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib borishadi. Bu yerda bola peshob ham chiqara olmay qolgani uchun uni tez yordam mashinasida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga yuborishadi.

Bolaga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. Imronbekning ahvoli hech yaxshilanavermagach, 28-sentabr kuni tez yordam mashinasida Samarqanddagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib ketiladi. Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan bolaga kateter ulanadi.

Imronbek 2022-yil 29-sentabr kuni vafot etadi.

Muhammadjon Norsoatov, 1 yosh 9 oy 2 kun

Muhammadjon Norsoatov 2020-yil 27-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Muhammadjon 2022-yilning sentabrida shamollab qoladi. Dorixonadan sotuvchining tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” sotib olgan onasi o‘g‘liga siropni 5 kun davomida ikki mahaldan beradi.

Bolaning ahvoli yaxshilanavermagach, uni 22-sentabr kuni G‘uzor tuman bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borishadi. Navbatchi shifokor tana harorati keskin ko‘tarilgan Muhammadjonga tomchi dori quyib, uyiga javob beradi.

23-sentabrda esa Qashqadaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nefrologiya bo‘limi navbatchi shifokori Muhammadjonga buyrak shamollashi tashxisini qo‘yadi. Bu vaqtga kelib bolaning isitmasi keskin ko‘tarilgan, holsizlangan edi.

Ishtahasi yo‘qolib, ikki sutka davomida peshob chiqarmaydi, shisha boshlaydi. Shifokorlarning qayta tahlilidan keyin, Muhammadjon 25-sentabr kuni yo‘llanma bilan Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib boriladi.

Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan bolaga “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanishi oqibatida buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. Muhammadjon 2022-yil 29-sentabr kuni vafot etadi.

Alixan Baytleuov, 4 yosh 4 oy 28 kun

Alixan Baytleuov 2018-yil 2-may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Alixanda shamollash 2022-yil 20-sentabrda boshlangan. Uni poliklinikaga olib chiqqan buvisi shifokor tavsiyasi bilan suspenziya ko‘rinishidagi “Zitmak” dori vositasi bilan birga “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi.

Salomatligi og‘irlashgan Alixan 24-sentabr kuni Nukusdagi bolalar ko‘p tarmoqli poliklinikasiga olib borilgan. Tibbiy muolajalar samara bermagach, 25-sentabrda uni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga olib ketishgan.

U yerda bir necha, xususan, ultatovush tekrishuvini o‘tkazgan shifokorlar bolaga buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘ygan. Ahvoli og‘irligi va koma holatida ekani bois Alixan o‘sha kunning o‘zida reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgan, dializ qilingan.

Alixan 2022-yil 30-sentabr kuni vafot etgan.

Ayjamal Mambetiyarova, 1 yosh 5 oy 4 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Ayjamal Mambetiyarova 2021-yil 29-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Ayjamal 2022-yil 2-sentabrda gripp bo‘lib qoladi. Onasi Dilfuza Kudaynazarova dorixonaga borib, hali 2 yoshga to‘lmagan qizining shamollaganini aytganida, dorixonachi unga “Dok-1 Maks” siropini tavsiya qiladi. Dorini uch kun uch mahal 2,5−3 millilitrdan ichgan Ayjamal 5-sentabrda holsizlanib qolgach, onasi tez yordam chaqiradi. Qizaloqqa gripp tashxisini qo‘ygan tez yordam xodimlari bolaga qanday dori berilayotgani haqida so‘raydi. “Dok-1 Maks” degan javobni olgach, tez yordam xodimlari ham uni ichirishda davom etish mumkinligini aytadi.

Nukusdagi Respublika bolalar kasalxonasi mutaxassislari ham Ayjamalga qo‘yilgan gripp tashxisini tasdiqlaydi. Kasallikning yettinchi kuniga kelib, qizning ahvoli juda og‘irlashadi, aynan shu kuni onasi uning peshob ham chiqarmayotganini bilib qoladi. Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilganida, bola organizmida kreatin moddasi miqdori oshib ketgani aniqlanadi. Ayjamal reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi, gemodializ qilinadi.

Onasi Dilfuza Kudaynazarovaning so‘zlariga ko‘ra, qizi 8-kuni (bu kasallikning 8-kunimi yoki sentabr oyining, aniqlik kiritilmagan — tahr.) o‘ziga keladi. 11-kuni esa shifokorlar uning ahvoli og‘irligini, og‘riqqa chiday olmayotgani uchun uni sun’iy komaga tushirish kerakligini aytadi. Sun’iy komaga tushirilgach, qizaloqning o‘zi ham tabiiy ravishda koma holatiga tushib qolgan.

Onasining qo‘shimcha qilishicha, Ayjamal 2022-yil 15-sentabr kuni gemodializ qilingach, qizidan 3 kun qon ketgan, ammo shifokorlar qon qayerdan ketayotganini aniqlay olmagan. Ayjamal 2022-yil 3-oktabr kuni, operatsiyaga olib kirib ketilayotganida vafot etgan.

Behruz Redjepov, 5 yoshu 4 oy 4 kun

Behruz Redjepov 2017-yil 6-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Behruz 2022-yili avgust oyi boshlarida betob bo‘lib qoladi — tana harorati ko‘tarilib, kuchli yo‘taladi. Onasi Gulandam Ko‘lbayeva uni qishloq vrachlik punkti (QVP)ga olib chiqqanida, shifokor bolaga “Ambronol”, “Azimitritsin” va “Qizil miya” siroplarini tavsiya qiladi. “Ambronol” siropini 2 kun 2 mahaldan ichgan Behruzning yo‘tali qolib, biroz tuzalgandek bo‘ladi. Lekin avgust oxirlariga borib, tana harorati yana ko‘tarilib, qayt qila boshlaydi. Onasi isitmani tushirish uchun “Paratsetomol” tabletkasini yarmini bergach, sog‘ayib ketadi.

20-sentabrda Behruzda yana isitmalash, qayt qilish kuzatiladi. Onasi bu safar “Paratsetomol” va unga qo‘shimcha “Aspirin” tabletkasining yarmini beradi. Ammo bolaning ahvoli yaxshi tomonga o‘zgarmaydi. QVPdagi shifokor bolani ko‘rikdan o‘tkazib, “Paratsetomol”, “Smekta”, “Amoksatsilin” kabi dori vositalari va Natriy-xloridning sistemasini bepul beradi. Bola bu dorilarni ichganiga qaramay, ahvoli battar og‘irlashadi — peshob chiqarmay qo‘yadi, qorni shisha boshlaydi.

Shundan so‘ng, 24-sentabr kuni tez yordam chaqiriladi. Kelgan tez yordam xodimlari bolaning peshob chiqarmayotganini uning hech narsa yemagani va ichmayotgani bilan bog‘laydi. Ertasi kuni Behruzning qayt qilishi kuchayib, tana harorati ko‘tariladi. Uchinchi kun ham peshob chiqarmagach, onasi tanish pediatr tavsiyasi bilan o‘g‘lini UTTdan o‘tkazadi.

Buyragi ishlamayotgani ma’lum bo‘lgach, bola 26-sentabr kuni tez yordam mashinasi bilan Shumanay tuman markaziy shifoxonasiga olib borilib, jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. Ertasi kuni uni Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazining Nukus filialiga yuborishadi. Behruz u yerda gemodializdan keyin peshob chiqara boshlaydi, ammo 29-sentabrda komaga tushadi.

15 kun komada yotgan Behruz 2022-yil 12-oktabr kuni vafot etadi.

Malika Qudratova, 3 yosh 8 oy 15 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Bir oilaning ikki farzandi “Dok-1 Maks”dan jabrlangan. Malika ismli qizaloq vafot etgan, uning ukasi Muhammadali esa nogiron bo‘lib qolgan. Malika Qudratova 2019-yil 31-yanvarda, Muhammadali esa 2021-yil 7-aprelda tug‘ilgan. Ularning kasallik tarixi — bir-biriga bog‘liq bo‘lgani uchun — “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bir matnda bayon qilinadi.

Ardashoy No‘’monova 2022-yil bahori boshlarida shamollagan o‘g‘li Muhammadali Qudratov uchun shifokor tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropini birinchi marta sotib olib, keyinchalik undan doimiy foydalanib kelgan. Dori yaxshi natija bergani va uning hech qanday salbiy ta’sirini ko‘rmagani uchun, ona 2022-yil kuzida shamollab qolgan qizi Malikaga ham shu doridan ichirgan. Siropni 3 kun 2 mahaldan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan miqdorda qabul qilgan qizaloq 4−5-oktabrlarda qayt qila boshlagan.

Shundan keyin uni Navoiy viloyati Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga olib borishadi. Oshqozon buzilib, infeksiya tushganini aytgan shifokorlar Malikaning me’dasini yuvib, uyiga jo‘natadi. Qizaloq holsiz, qayt qiladigan va ko‘p uxlaydigan bo‘lib qolgach, uni tez yordam mashinasi bilan yana Karmanadagi bolalar kasalxonasiga olib borib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizishadi. Qizcha u yerda bir sutka davomida ham peshob chiqarmaydi. UTTga tushirilganida ikkala buyragi ham ham ishlamayotgani, “tamom bo‘lgani”, zaharlangani ma’lum bo‘ladi. Onasi bu xabardan shokka tushib qoladi.

Bir sutka davomida to‘xtovsiz osma ukol qilingan qizaloqning tanasi oxiri ukol qabul qilmay, shishib ketadi. Shifokorlar onasiga birgina yo‘l qolgani — dializ qilish kerakligini, ammo dializ Karmanada yo‘qligi, buning uchun yo Samarqand, yoki Buxoroga borish kerakligini, sharoit ko‘tarsa, bolani shu shaharlardagi kasalxonalarga olib borish kerakligini aytishadi.

Malika 8-oktabr kuni Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar markaziga olib kelinadi. Otasi topib kelgan kateter bilan dializ boshlanadi — ota-onasi “shundan keyin bolamiz yaxshi bo‘lib ketadi”, deb umidvor bo‘ladi. Ammo har dializdan so‘ng Malikaning ahvoli og‘irlashaveradi.

“15 kilo chiqadigan qizim 15 kunda 50 kilo bo‘lib ketib, hatto og‘zidan yiringlay boshladi. Ikki-uch marta dializ olib, ahvoli og‘ir bo‘lib turganida uydan qaynonam telefon qilib, o‘g‘lim Muhammadali ham qayt qilib, peshob chiqarmay qo‘yganini aytdi. O‘sha vaqtdagi ahvolimni hech kimga tushuntirib berolmayman. O‘g‘limni ham tezda reanimatsiyaga olib keldik. U ham xuddi opasi kabi ahvolda edi”, — degandi Ardashay No‘’monova suddagi ko‘rsatmasida ko‘zda yosh bilan.

Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadali yo‘talganida otasi unga bir yoki ikki marta “Dok-1 Maks”dan ichirgan bo‘ladi. Ardashoy No‘’monova qizining ahvoli dializdan so‘ng juda yomonlashgani bois o‘g‘liga ham dializ qilishlaridan xavotirlanadi, shifokorlar esa bu muolajadan boshqa chora yo‘qlignii tushuntiradi. Ayni vaqtda, shifokorlar Muhammadali uchun ham kateter topib kelish kerakligini, kasalxonada bunday moslama yo‘qligini aytadi.

Muhammadali bir yarim yosh bo‘lgani uchun unga juda kichkina naychali kateter zarur edi. Bunaqasi Toshkentning o‘zidan bir sutka izlanadi, oxiri kimdir yordam qilib, 500 ming so‘mga jo‘natib yuboradi. Lekin o‘sha kuni Muhammadalining o‘zi ozgina peshob chiqaradi va shu tariqa uni dializ qilish fikridan qaytiladi.

Bu vaqtda Malikaning ahvoli og‘irlashadi. Beshinchi dializdan so‘ng, 15-oktabr kechasi u vafot etadi.

Ardashoy No‘’monovaning aytishicha, qizi qontalash qo‘llari bilan: “Onajon, meni olib keting”, degani uning ko‘z oldida muhrlanib qolgan. “Farzandim o‘z qo‘limda dorilar ta’sirida ado bo‘ldi”, — degandi u suddagi ko‘rsatmasida. O‘sha vaqtda o‘g‘li Muhammadali ham reanimatsiyada og‘ir ahvolda yotgani uchun Malikaning janozasida qatnasha olmagan, uni so‘nggi yo‘lga kuzata olmagan.

Muhammadalida peshob ajralgan kunning oqshomida uning tomirlari tortishib (“sudoroga” bo‘lib) qolgan. Peshonasining bir tarafi tortishib, ko‘zi bilan og‘zi qiyshayib qolgani uchun shifokorlar onasiga: “O‘g‘lingizning shu ahvolda o‘lmay turgani — mo‘’jiza. Har narsaga tayyor turing. Biz ham qo‘limizdan kelganini qildik”, degan.

Oktabr oxirlarida, Muhammadalining ko‘zi bilan og‘zidagi qiyshayish qaytgach, davolanishni davom ettirish sharti bilan uyiga ruxsat berilgan. Har 10−20 kunda tahlillar topshirib, muolaja yozdirib, shu tariqa yarim yil davolanadi. Onasi 2023-yil 23-noyabr sudidagi ko‘rsatmasida o‘g‘lining hozirgi ahvoli nisbatan yaxshi ekanligini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Ardashoy No‘monova o‘z ko‘rsatmasida bu hodisa oilasiga bir umrlik musibat yetkazgani, endi hech qachon o‘ynab-kulolmasligi, o‘zini har lahza farzandi bilan birga o‘lgandek his qilishini aytgan edi. Qolaversa, ona shu voqealar oqibatida ishsiz qolgan, endi faqat farzandi tarbiyasi bilan mashg‘ul, chunki Muhammadali uning ko‘magimga muhtoj, uni birorta bog‘chaga ham berolmaydi. Faqat otaning ishlab topgani esa oilaga yetmaydi. Bolaning ikki yillik davolanishlari davomida oila qarzga botib ketgan.

Sevinch Farhodova, 4 yosh 6 oy 6 kun

Sevinch Farhodova 2018-yil 18-avgustda Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Sevinch 2022-yil oktabr oyi o‘rtalarida shamollab qoladi. Uni davolash maqsadida dori sotib olmoqchi bo‘lgan ota-onasiga dorixonachi shamollashga qarshi “Dok-1 Maks” siropini tavsiya qiladi. Siropni Sevinchga 4 kun 3 mahaldan ichirishadi. 20-oktabrda isitmasi chiqqan, qayt qilib, peshob ajratmay qo‘ygan Sevinchni ota-onasi Beruniydagi tuman tibbiyot birlashmasiga olib boradi.

Ultratovush tekshiruvi shifokori qizning buyraklari qurib qolgani, uning shishayotganini bildirib, buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yadi. Shuningdek, Sevinchni zudlik bilan bolalar jonlantirish bo‘limiga olib borishni ham tavsiya qiladi. Jonlantirish bo‘limi shifokori esa qizning ahvoli og‘irligini bildirib, uni darhol Toshkentdagi 16-shahar kasalxonasi (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, RSHTYOIM)ga olib borish kerakligini aytadi.

Ammo Sevinchni zudlik bilan Toshkentga olib borish uchun na samolyotga va na poyezdga chipta topiladi. Shu bois qizaloq 21-oktabr kuni RSHTYOIMning Nukus filialiga olib boriladi. Bu yerdagi shifokorlar Beruniydagi hamkasblari qo‘ygan “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisini tasdiqlaydi. Qizaloq jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi. 3 marta dializ olgach, u komaga tushib qoladi.

Sevinch 2022-yil 24-oktabrda vafot etadi.

Dunyo O‘lmasova, 3 yosh

Dunyo O‘lmasova 2019-yil 25-oktabr kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Dunyo 2022-yilning oktabrida yo‘tala boshlaydi. Shu sababli onasi 15-oktabrda dorixonachining tavsiyasi bilan “Dok 1 Maks” siropini taxminan 40 ming so‘mga sotib oladi. Qizaloq dorini 3 mahaldan ichgan kunining uchinchisida qayt qila boshlaydi.

Shundan keyin uni 18−19-oktabr kunlari qishloq poliklinikasiga olib borishadi. Shifokor bola ovqatdan zaharlangan bo‘lishi mumkin deb o‘ylagani bois uning oshqozonni tozalash maqsadida osma ukol qiladi. Biroq qizaloq yana qayt qila boshlaydi, to‘rtinchi kunga siymay qo‘yadi.

19-oktabr kuni Dunyoni sariq kasal deb taxmin qilgan qishloq poliklinikasi hamshirasi uning onasiga gepatit-kasalxonasiga olib borishni tavsiya qiladi. U yerdagi shifokorlar esa bolada gepatit alomatlari yo‘qligini aytadi, ammo tahlil uchun qon topshirishni so‘raydi.

20-oktabrdagi qon tahlili natijasi va UTTga ko‘ra, qizaloqning qovug‘ida peshob yo‘qligi, qolaversa buyraklari shishgani ma’lum bo‘ladi. Ertasi kuni Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borilgan qizaloq jonlantirish bo‘limiga yotqiziladi.

Dunyo 2022-yil 25-oktabr kuni kasalxonada vafot etadi.

Malika Maratova, 3 yosh 8 oy 26 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Malika Maratova 2019-yil 30-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil 23-sentabrda Malika shamollab qoladi — tana harorati ko‘tariladi, ko‘ngli aynib, tez-tez qayt qiladi. Shundan keyin otasi dorixonadan “Paratsetamol” shamchasi va “Ampitsilin” ukolini olib keladi. Tana harorati tushmaganidan keyin onasi turmush o‘rtog‘idan “Dok-1 Maks” siropini ham olib kelishni so‘raydi.

Otasi Anvar Berdiniyazov “Dok-1 Maks” siropi, “Sinepar” va “Kyupen” nomli tabletkalarni olib keladi. Malika siropni taxminan 1 hafta davomida 3 mahal 2 choy qoshiqdan qabul qiladi. 5-oktabrdan qizaloqning peshobi kelmay qoladi.

Otasi uni 9-oktabrda Chimboy tibbiyot birlashmasi shifoxonasi bolalar bo‘limiga olib boradi. 9−10-oktabrda ahvoli og‘irlashgani sabab Nukus tez-tibbiy yordam shifoxonasiga olib ketiladi. Shifokorlar tomonidan o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilib, dializ qilinadi — 10-oktabrdan 19-oktabrgacha jami 7 marotaba dializ muolajasi oladi. Shundan so‘ng qizning peshobi kela boshlaydi. Ammo taxminan 15−16-oktabr kunlari qiz komaga tushib qoladi.

Malika 2022-yil 26-oktabr kuni vafot etadi.

Malika Abdullayeva/ Maqsutova, 3 yosh 9 oy 18 kun

Sud hukmida Malikaning familiyasi ikki xil — Maqsutova va Abdullayeva tarzida berilgan. Uning otasining ism-sharifi — Abdullayev Bahodir Maqsutovich. Materialni tayyorlash jarayonida Malikaning ota-onasi bilan aloqa o‘rnatib bo‘lmadi. Marhum qizaloqning familiyasiga qoraqalpog‘istonlik jabrlanuvchilar orqali ham aniqlik kiritib bo‘lmagani bois, ikkala talqinni ham qoldirishga qaror qilindi.

Malika 2019-yil 10-may kuni Nukus shahrida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Malika 2022-yil sentabri boshlarida shamollab qoladi. Shunda otasi uyga yaqin joydagi dorixonaga borib, sotuvchidan shamollashga qarshi dori so‘raydi. Qizaloq sotuvchi tavsiyasi bilan 35 ming so‘mga olingan “Dok-1 Maks” siropini yo‘riqnomaga ko‘ra 3 kun 2 mahal — 1 choy qoshiqdan qabul qiladi. Lekin ahvoli yaxshilavermagach, otasi unga nomini o‘zi ham eslolmaydigan tabletkalar beradi va qiz ancha yaxshi bo‘lib qoladi.

23-sentabrda Malikada shamollash qaytalanadi, tana harorati ko‘tarilib, qayt qila boshlaydi. Unga dorixonadan sotib olingan 2 dona “Amuksalin” (internetda bu nomdagi sirop chiqmadi, dori nomi sud hukmida qanday keltirilgan bo‘lsa, shu tarzda berilmoqda — tahr.) siropidan bittasi 3 kun 3 mahaldan 1 choy qoshiqda ichiriladi.

Ahvoli yaxshilanmagach, ota-onasi qizini Taxiatosh tumanidagi 1-poliklinikaga olib boradi. Otasi Bahodir Abdullayevning ma’lum qilishicha, shifokor qiziga “Ampitsillin” ukoli va nomi uning esida bo‘lmagan siropni yozib beradi. 2 kun davomida “Ampitsillin” ukolini kilib, shifokor yozgan siropni ichirishadi. Ammo qizning ahvoli yomonlashib, yurolmay qoladi.

Malikani Taxiatosh tumanidagi bolalar shifoxonasiga olib borishganida, shifokorlar unga o‘pka shamollashi tashxisini qo‘yib, bir kun davomida natriy xloridi, askorbin kislotasi, sefozalin va boshqa dorilar bilan statsionar davolaydi. Biroq qizaloq peshob chiqarmay qo‘yadi. UTT qilgan shifokorlar unga “sariq kasal” tashxisini qo‘yib, Taxiatosh tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuboradi.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasidagilar “sariq kasal” tashxisini tasdiqlamaydi, uni bolalar shifoxonasiga qaytarib yuboradi. Bolalar shifoxonasiga qaytib borgach, bola reanimatolog ko‘rigidan o‘tkaziladi. Malika buyrak yetishmovchiligi degan yangi tashxis bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi.

Otasining qo‘shimcha qilishicha, 30-sentabrda qizi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Nukus filialiga olib ketiladi. Gemodializ qilingach, qizi peshob chiqara boshlaydi, ammo 2-oktabrda komaga tushib qoladi.

23 kun komada yotgan Malika 2022-yil 23-oktabr kuni shifoxonada vafot etadi.

Asalbonu Xolmamatova, 4 yosh 5 oy 12 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Asalbonu Xolmamatova 2018-yil 15-may kuni Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Asalbonu 2022-yil oktabr oyi o‘rtalarida shamollab qoladi. Shundan keyin unga shifokorning tavsiyasi bilan dorixonadan sotib olingan “Dok-1 Maks” siropi ichiriladi. Qizaloq dorini 1 kun, 3 mahal qabul qiladi. Shundan keyin holsizlanib qoladi, ertasiga peshob ajratmay qo‘yadi.

Otasi Zarifjon Nasriddinovning ma’lum qilishicha, ahvoli yomonlashgach, shifokorlar qizini tezda Samarqand viloyati tez tibbiy yordam shifoxonasiga yuborgan. U yerda qizining buyragi ishlamayotganligi ma’lum bo‘lgach, zudlik bilan Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar markaziga jo‘natishgan. Markazdagi shifokorlar bitta buyrak ishdan chiqqanini aytadi. U yerda qizaloqqa dializ qilinadi, qoni kamaygani uchun qo‘shimcha 200 millilitr qon quyiladi.

Asalbonu 2022-yil 27-oktabrda vafot etadi.

Islom Karimbayev, 1 yosh 10 oy 18 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Islom Karimbayev 2020-yil 14-dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Islom tug‘ma yurak nuqsoni va “Daun sindromi” bilan dunyoga kelgan. Shu bois immuniteti past, tez-tez kasal bo‘lgan va sog‘lig‘ini tiklash maqsadida doimiy ravishda dori ichgan.

2022-yilning taxminan 17−18-oktabrida yo‘tala boshlagani sabab onasi unga dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini olib kelib, 2−3 kun davomida 2 mahal ichirgan. Islom taxminan 21-oktabr kuni isitmalab, qayt qiladi va peshob ajratmay qo‘yadi. Ertasi kuni uni Amudaryo tumanidagi Tibbiyot birlashmasiga olib borishadi.

Navbatchi shifokor bolani tekshiruvdan o‘tkazib, ambulator tartibda olib qoladi. 24-oktabrda esa Islom RSHTIYOM Nukus filialiga olib boriladi. Otasi Nurbek Rahimovning ma’lum qilishicha, shifokorlar uning o‘g‘liga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yib, jonlantirish bo‘limiga yotqizgan.

5−6 marotaba dializ qilinganidan keyin bola komaga tushib, undan chiqmagan. Islom 2022-yil 1-noyabr kuni vafot etgan.

Damir Shokirov, 1 yosh 5 oy 12 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Damir Shokirov 2021-yil 22-iyunda Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Gazeta.uz” nashri “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan Damirning salomatligida hech qanday shikoyat bo‘lmagan, o‘sishi ham tengdoshlariga nisbatan yaxshi bo‘lgan.

Avvalroq shamollaganida “Dok-1 Maks” ichib, yaxshi bo‘lib ketgani uchun 2022-yil oktabrida isitmalab, shamollagandek ko‘ringanida bolaga yana shu siropdan ikki kun ikki mahal ichirishadi. Damir holsizlanib, qayt qila boshlagach, uni Zarafshon shahar kasalxonasiga olib borishadi. Do‘xtirlar uning qayt qilishini bronx yo‘llaridagi shamollash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb taxmin qiladi.

Shifokorlar Damirni uch kun shamollashga qarshi davolaydi. Uyidagilari nima kerak bo‘lsa, hammasini kasalxonaga yetkazib turadi. Bu orada UTT ham qilib, bolaning buyragida hech qanday muammo yo‘qligi aytiladi. O‘rnidan turolmay, holsizlanib, siymay qo‘yganidan keyin qayta UTT qilinib, “Siydik yo‘lidami, kanalidami torayish bor”, deb yana xato tashxis qo‘yiladi.

Ota-onasi o‘g‘lini Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borib, UTT qildirganidan keyingina bolaning buyragi ishdan chiqqani, qonda zaharlanish boshlangani ma’lum bo‘ladi. Bir kun o‘tib, Damirni dializ qildirish uchun Samarqandga yuborishadi. Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida to‘rt marta dializ qilinadi — ikki marta qoni, ikki marta suvi tozalab olinadi, lekin foydasi bo‘lmaydi.

Otasi Doston Sattorovning eslashicha, o‘shanda bolani dializ qilish uchun butun Samarqand viloyatida, 50−60 ta dorixonadan oddiy bir kateter topilmaydi. Toshkentdan olib keltirilgan birinchi kateterning o‘lchami to‘g‘ri kelmaydi. Ertasiga Toshkentdan boshqa bir kateter pochta orqali keltiriladi.

Ta’kidlanishicha, Damirning ahvoliga Samarqanddagi shifoxonada ham aniq tashxis qo‘yilmagan — shamollash, ovqatdan zaharlanish variantlari ko‘rib chiqiladi. Do‘xtirlar bolaning ota-onasidan qanday dorilar bergani haqida so‘ragan, lekin bu “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ular ham bilmagan. Shu tariqa, 24−25-oktabrda mazasi qochgan Damir 3-noyabrga kelib komaga tushadi.

Damir 2022-yil 3-noyabr kuni vafot etgan.

Temurbek Sayfullayev, 2 yosh 7 oy 30 kun

Temurbek Sayfullayev 2020-yil 12-martda Samarqandda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 3−4-noyabrida Temurbekning tomog‘i og‘rib qoladi. Onasining o‘zi shifoxonada ishlagani uchun o‘g‘liga “Ambronol” siropi va suspenziya ko‘rinishidagi “Ibufen D” dori vositasini bir kunda uch mahaldan ichiradi.

5-noyabrda Temurbekning peshob chiqarishi kamayib, ertasi kuni butunlay siymay qo‘yadi. Shundan keyin tez tibbiy yordam chaqirib, uni Paxtachi tumanidagi tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga olib borishadi.

Onasi Nilufar O‘ljayevaning ma’lum qilishicha, shifokorlarning tavsiyasi bilan o‘g‘lini Samarqand shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib borishgan. Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan Temurbekda qo‘shimchasiga koronavirus ham aniqlanadi.

Temurbekka 2022-yil 11-noyabr kuni gemodializ qilinadi. U aynan shu kuni shifoxonada vafot etadi.

Osiyo Sunnatova, 1 yosh 1 oy 9 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Osiyo Sunnatova 2021-yil 3-oktabrda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Osiyo 1 yoshga to‘lganidan ko‘p o‘tmay, 22-oktabr kuni shamollab qoladi. Otasi paxta yig‘im-terimi sabab uydan 30 km uzoqda bo‘lgani bois, onasi dorixonaga borib, isitmalagan qiziga avvalroq boshqa farzandiga ham ichirib, nafini ko‘rgan “Dok-1 Maks” siropidan olib keladi.

Ikki mahal sirop ichganidan keyin ham Osiyoning ahvoli yaxshilanmagach, ota-onasi uni “Farhod” klinikasiga olib boradi. Ikki kun qatnab, ukol olsa ham shamollashi o‘tib ketmaydi. Buning sababini shifokorlar “shamollash birdaniga yaxshi bo‘lib qolmasligi, uni vaqt davolashi” bilan tushuntiradi.

Ikkinchi kuni klinikadan uyga qaytgach, qizaloqning peshob ajratmayotgani, tanasida shishlar paydo bo‘lib, bo‘shashayotganini payqashadi. Shundan keyin uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) Jizzax filialiga olib borishadi.

Shifokorlar umuman peshob ajralmayotgan bo‘lsa, qandaydir ukol qilib siydirishlari, shunda ham o‘zgarish bo‘lmasa, operatsiya qilishlari va ungacha tekshirtirish kerakligini aytadi. UTT qilib “Buyragi zo‘r, buyrakdan emas”, deyishadi.

Ota-onasi shoshilinch tez tibbiy yordamdan chiqib, qizaloqni Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib boradi. U yerda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi borligi aniqlanib, vaqtni o‘tkazmay, tezda Samarqandga borish va dializ qildirish tavsiya qilinadi.

Samarqand ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida do‘xtirlar soat 14:00 gacha ishlashi, undan keyin odam qabul qilmasligi ma’lum bo‘lgach, Osiyoni Samarqanddagi shoshilinch tez tibbiy yordamga olib borishadi. Uyoqda ham UTT qilinadi — ahvol yomonligi, buyragida kuchli jarayon ketayotgani aytiladi.

Shoshilinch tez tibbiy yordamda ikki kun bo‘lishgach, bir notanish ayol shifokor kelib bolaning ahvoli juda yomon, deya Osiyoni reanimatsiyaga o‘tkazadi. Bolaning ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga ko‘chishi, kateter topilishiga ham o‘sha shifokor ayol sababchi bo‘ladi — kateterni Jizzax, Samarqand, Qarshidan so‘ramagan joylari qolmaydi va, oxiri — uchinchi kuni Toshkentdan bazo‘r topib keltirishadi.

O‘shanda kasalxona xodimlari bu “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq 10 yo 11-holat ekanini aytadi. Sa’y-harakatlarga qaramay, Osiyo 2022-yil 12-noyabrda vafot etadi.

Nigina Odilova, 2 yosh 7 oy 17 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Nigina Odilova 2020-yil 28-mart kuni Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Nigina 2022-yil oktabr oyi oxirlarida shamollab qoladi. Onasi dorixonadan “Dok-1 Maks” siropi va paratsetamol tabletkalarini olib kelib, uch-to‘rt kun ikki mahaldan ichiradi. Ikkinchi kuni ertalabda qizchaning harorati tushadi, ammo kechga borib tomog‘i yana qizara boshlaydi. Uchinchi kundan siydik ajralishi kamayib, yegan-ichganini qayt qiladi, holsizlanishni boshlaydi.

Ota-onasi avvalida “isitmaga qarshi shamchadan foydalanishayotgani uchun terlayapti, tanasidagi suv shu yo‘sindan chiqib ketyapti, shuning uchun siydik ajratmayapti”, deb o‘ylagan. Keyingi kun yana peshob chiqmagach, onasi 4-noyabr tongida Zarafshon shahridagi poliklinikaga olib chiqqan.

Dadasi Ozodjon Nurullayevning sudda ko‘rsatma berishicha, u yerda “otangga bor, onangga bor” qilib, soat 11:00 gacha bolaga biror do‘xtir qaramagan. Eshikma-eshik yuraverib, tasodifan Navoiydan bir oylik komandirovkaga kelgan vrachning qabuliga kirib qolishgan — 15 kun oldin Niginaning simptomlari Zarafshon shahridagi boshqa bemorda ham kuzatilgan, bundan o‘sha vrach xabardor bo‘lgan. U tezda UTTga tushirib, o‘sha zahoti Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli bolalar markaziga yo‘llanma bergan.

U yerga borishganda qizcha yana UTTdan o‘tkazilib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Tunda reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i bilan shifoxona bosh vrach o‘rinbosari qizaloqning onasidan kasallik tarixini obdon so‘ragan. “Dok-1 Maks” haqida eshitgach, o‘sha vaqtda yana to‘rt-besh bemor shu dorini qabul qilib, ahvoli yomonlashgani, dializ olib jonlantirish bo‘limiga davolanayotganligini aytgan.

Keyingi kun bolaning ikki buyragi ishlamayotgani aniqlangan. Shifokorlar ota-onasiga zudlik bilan dializ qilish kerakligi, ammo Navoiyda bolalarning dializ filtri bo‘lmagani uchun tezda Buxoro yo Samarqanddan olib keltirish kerakligini aytgan.

Shu kuni soat 16:00 ga borib, qizchaning ahvoli yanada og‘irlashgan. Otasi Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasidan tanish-bilish qilib, ikki dona filtr oldirgan. Navoiydagi do‘xtirlar: “Bu shanba-yakshanbani o‘tkazishga. Dushanba kuni olib ketasizlar”, deb javob bergan.

Soat 22:00 lar atrofida filtr kelgan. Ota-ona dializ bo‘limining boshlig‘iga olib borganda “Filtr o‘zimizda bor-ku, nega olib keldingiz”, degan. Ozodjon aka shu paytda qaysi bo‘limga ishonishni bilmagani, ammo o‘rtada bolasi sarson bo‘lganini aytadi. Qizcha shu kuni tunda birinchi marta dializ olgan. Navoiydagi shifokorlar yakshanba kechki payt ikkinchi dializni o‘tkazib, dushanba — 7-noyabr kuni Samarqand viloyati vrachlari bilan gaplashib, o‘sha yerga yo‘llanma bergan.

Ular Navoiydan chiqib Samarqandga borgunicha soat 16:00 lar bo‘lib qoladi. Vrachlar bolani ko‘rib, reanimatsiya bo‘limiga qabul qiladi. Chorshanba kuni dializ qilishga qaror qilishadi. Ammo o‘sha paytda Samarqanddan ham kateter bo‘lmaydi. Shifokorlar qizchaning ota-onasiga kateter topib kelishlari kerakligini aytadi.

O‘sha vaqtda Samarqandda xalqaro sammit o‘tayotgan, yo‘llar yopiq bo‘lgan. Qizaloqning otasi tungi soat 2:00 da, Toshkentga borib, Sergelidagi qaysidir bir dorixonadan ikki dona kateter topadi. Kelgunicha payshanba ertalab bo‘ladi. Payshanbada dializ o‘tkaziladi, lekin, shifokorlar ogohlantirganidek, samara bo‘lmaydi.

Bola og‘irlashib, shishib ketadi. Ukol-dori, apparatlar bilan 14-noyabrgacha ushlab turishadi. 14-noyabr kuni Niginaning joni uziladi.

Azizbek Aminbayev, 11 oy 27 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Aziz Aminbayev 2021-yil 18-noyabrda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Aziz 2022-yil kuzining o‘rtalarida shamollab qoladi. Uni davolash maqsadida dorixonadan sotib olingan “Dok-1 Maks” siropi, oktabrdan boshlab 15 kun davomida kuniga bir mahaldan ichiriladi. Bahorda Rossiyaga ishlash uchun ketgan otasi Dadaxon Aminbayev o‘g‘lining kasal bo‘lgani va peshob ajratmayotgani haqida onasi Saida Hosilbekovadan, u bilan telefonda gaplashganida xabar topadi.

Azizning ahvoli yaxshilanavermagach, buvisi Saida Hosilbekova uni Urganchdagi RSHTIYOM filialiga olib boradi. Unga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. 27-oktabrda bolani RSHTIYOMning Nukus filialiga ko‘chirishadi. Bu orada u komaga ham tushadi.

Bolaning otasi 1-noyabr kuni Rossiyadan qaytib keladi. U kelgan paytda o‘g‘li peshob ajrata boshlagan bo‘lgan, ammo to‘rt-besh marotaba dializ qilinganiga qaramay, komadan chiqmaydi.

Aziz Aminbayev 2022-yil 14-noyabr kuni vafot etadi.

Soliha Nosirova, 2 yosh 6 oy 7 kun

Soliha Nosirova 2020-yil 11-mayda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Soliha 2022-yilning oktabr oyi oxirlarida shamollagan. Onasi dorixonaga borib, shamollashga qarshi dori so‘ragan va dorixonachining tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropini sotib olgan.

Dorini uch kuncha qabul qilgach, siymay qo‘ygan, oyog‘i shishib ketgan. Shu bois uni Ishtixon tumanidagi shifoxonaga, u yerda ikki kun yotganidan so‘ng esa Samarqanddagi shahar ko‘p tarmoqli bolalar kasalxonasiga olib borishgan.

U yerda yetti yoki sakkiz kun yotganidan keyin, qilingan sa’y-harakatlarga qaramay, Soliha 2022-yil 17-noyabrda vafot etgan.

Azatbek Maxsetov, 3 yosh 2 oy 16 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Azatbek Maxsetov 2019-yil 5-sentabrda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Azatbek 2022-yilning oktabrida shamollab qoladi. Tomog‘i og‘rib, yo‘tala boshlaganida onasi Nukusdagi dorixonadan sotuvchining tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” sotib oladi. Bolakay dorini 22-oktabrdan boshlab 3 kun, 3 mahaldan qabul qiladi.

Ikkinchi kuni peshob ajratmay qo‘yadi, shunga qaramay, siropni ichishda davom etadi. Judayam achchiqligi uchun ortidan suv ham ichiriladi. Onasi poliklinikaga olib chiqib 1−2 kundan buyon ichmayotganini bildirganida, shifokor hech narsa yo‘qligini aytib, “Ampitsilin” ukolini qilishni maslahat beradi.

Shunda ham bolaning qayt qilishi to‘xtatmaydi. Keyin tez yordam chaqirib, Azatbekni Nukusdagi shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib borishadi. UZI qilinganida buyraklari ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan Azatbek 25-oktabr kechasi reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Onasi Botakoz Djumagaliyevaning qayt etishicha, 1-noyabrda komaga tushgan o‘g‘liga 17 marta dializ qilingan.

Azatbek ham komadan chiqmaydi — 2022-yil 20-noyabrda hayotdan ko‘z yumadi.

Sherzodbek Yeliubayev, 6 yosh 5 oy 29 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

2016-yil 25-mayda tug‘ilgan Qoraqalpog‘iston respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi onadi Genjegul Abdullayevaning “Gazeta.uz”ga bergan intervyusi asosida bayon qilinadi.

Sherzodbek 2022-yilning fevralida shamollab qolganda onasi Genjegul opa shifokor tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropi ichirib ijobiy natija oladi. O‘sha yilning 18-oktabrida bola yana yo‘tala boshlaganda onasi shamollashi o‘tib ketmasin deb, oldingi tajribasiga ishonib, “Dok-1 Maks” olib kelib, ikki mahaldan, yo‘riqnomada ko‘rsatilgan miqdorda ichira boshlaydi.

22-oktabr kuni Sherzodbekning harorati ko‘tarilib, ko‘ngli aynib, yegan-ichganini qayt qila boshlaydi, peshobi ham chiqmay qoladi. Genjegul opa Qo‘ng‘irotdagi xususiy klinikalardan birida tekshirtirganda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. Tumanda dializ apparati yo‘qligi uchun 23-oktabrda Nukus tez-tibbiy yordam shifoxonasiga borishadi. Reanimatsiya bo‘limiga qabul qilingan Sherzodbek 28-oktabr kuni uchinchi dializni olib, endi peshobi chiqa boshlaganda komaga tushib qoladi. Noyabr oyini ham komada o‘tkazib, 22-noyabr tungi soat 12 yarimda olamdan o‘tadi.

Shunda ham ota-onasi farzandining aynan shu doridan vafot etganini bilmaydi. Genjegul opaning aytishicha, Sherzodbekning vafotidan 10 kuncha o‘tib, unga telefon qilib, shifoxonada ochilgan kasallik tarixi orqali farzandi “Dok-1 Maks”dan ichganini bilishgani, u shu doridan zaharlangan bo‘lishi mumkinligi aytishadi. Keyinchalik tergov surishtiruvi davomida bu taxmin tasdiqlanadi.

Sherzodbek onasi tarbiyachi bo‘lib ishlaydigan bog‘chada tarbiyalanuvchi bo‘lgan. Rus tili to‘garagi va karatega ham qatnagan. Har kuni bog‘chadan qaytishda onasiga o‘sha kun davomida nimalar o‘rganganini aytib keladigan odati ham bo‘lgan.

Sherzodbek oxirgi marta shamollab dori ichishidan oldin “aya, menga to‘y berasiza?” degan gapni ko‘p takrorlagan. Onasining aytishicha, unga sunnat to‘yi berisholmagan, maktabga chiqqanda, ikkita to‘y beramiz deb niyat qilib yurishgan.

“Aya menga to‘y berasizmi? Dadam Toshkentdan ko‘p pul topib kelib, menga to‘y beradimi?”, derdi. Oxirgi paytlar shu gapni ko‘p aytdi-da. Kasalxonada yurolmaganda orqamga opichtirib ko‘tarib olganimda “Aya, meni kechiring, sizning belingizni og‘ritib qo‘ydim”, degandi. Shu gaplari hali ham qulog‘im ostida jaranglaydi. Turmush o‘rtog‘im Toshkentda ishlardi. Komaga tushmasdan oldin dadasi va amakisini tinmay so‘radi. Har zamonda “Aya, dadam keldimi?”, deb qo‘yardi", — deydi Kenjegul opa yig‘lab.

Sherzodbek atrofdagilariga ham mehribon bo‘lganidan ismi qo‘shnilarining tilidan tushmagan. Uyda yegan shirinliklaridan sumkasiga solib qo‘yib bog‘cha opalariga ham olib boradigan odati bo‘lgan. Uch opasining tug‘ilgan kunlarida onasidan shkalat olib berishini so‘rab, opalarining tug‘ilgan kunlariga sovg‘a ham qilgan. Ko‘chada o‘yinchoqlar o‘ynasa, uyga kirishidan oldin yuvib, tozalab, o‘zi ham oyoqlarini yuvib, kiyimlarini tozasiga almashtirib kiradigan odati bo‘lgan.

Kelajakda askar bo‘lishni orzu qiladigan Sherzodbek katta bo‘lsa, mashinalar olib onasini shahar aylanitirishi haqida ko‘p aytgan.

“Bolam kuni bo‘yi yonimda edi. Unga qattiq bog‘lanib qolibman-da. Haligacha har kuni sog‘inaman. Uyning u yog‘idan bu yog‘iga o‘tishlari, o‘ynab o‘tirishlari ko‘z o‘ngimda qolib ketgan. Chiroyli so‘zlari bor edi. „O‘zimning ayam, ayajonim“, deb quchoqlab o‘tirardi. Bolamnning orzulari ichida armon bo‘lib, to‘lib ketdi”, — deb yig‘lab gapiradi onasi.

Farzandining vafotidan so‘ng Kenjegul opa ishga borishga ham kuch topolmagan. Sherzodbekning bog‘chadagi guruhdoshlarini ko‘rib bolasi ham ular orasida bo‘lishi mumkinligi o‘ylab, tinimsiz yig‘lavergan. Hatto “Xayr, bog‘cham” tadbiri bo‘layotganda qatnasholmagan ham. Shundan keyin bog‘chada ortiq ishlolmasligini aytib ariza yozib, ishdan bo‘shagan.

Genjegul opaning katta qizi Toshkentda universitetda o‘qiydi, ikki o‘rtancha qizlari esa Nukusdagi prezident maktabiga boradi. Ukasining vafotidan so‘ng onasining o‘ziga kelolmaganini ko‘rgan qizlar “Aya, biz bormizku”, deb onasini ovutgandek bo‘lgan.

“Dadasi Sherzodbekni so‘nggi manzilga kuzatib kelib, „Mening tobutimni ko‘taradigan o‘g‘lim edi, men uning tobutini ko‘tardimmi?“, deb o‘ksib-o‘ksib yig‘lagandi. Haligacha ezilib yig‘laydi. Bolaginam ikkinchi qishini sovuq qabrda o‘tkazyapti. Hozir hayot bo‘lganda ikkinchi sinfga borardi. Farzand dog‘ini hech kimning boshiga solmasin, dushmanimga ham ravo ko‘rmayman”, — deb yig‘laydi onaizor.

Shu voqealardan so‘ng Genjegul opaning yuragi va boshi tinimsiz og‘riydigan odat chiqargan. Sog‘lig‘i tufayli shifokorlar boshqa farzand ko‘rishga ham ruxsat bermagan. Yozda o‘g‘il farzand ko‘rgan qaynukasi akasining oilasidagi kemtik to‘lar degan umidda chaqalog‘ini Kenjegul opaga farzand qilib bergan. Kenjegul opa 5 oyki shu bolakayga onalik qiladi.

Uning ham doridan farzandi o‘lgan boshqa onalar kabi ichida qolib ketgan savollari bor.

“Nimaga bu yerda davlat o‘zini aybdor qilmayapti? Davlatning ham aybi bor-ku. Dorini tarqatishga davlat ruxsat bergan-ku. Nima uchun prezident shu dori haqida hech gapirmayapti? Farmatsevtika bo‘yicha yig‘ilishlar bo‘lyapti, rivojlantiryapmiz, deyishyapti, yana shuncha dorini bozorga chiqarishga ruxsat berishyapti. Har safar yig‘ilishlaridan videolar chiqqanda prezidentning og‘izga qarab turaman, bolalarimiz xotirasi uchun bir nima dermikan, deb kutaman. Yo‘q, hech gap bo‘lmaydi. Boshqa davlatlarda bitta doridan shuncha bola o‘lsa, hamma yoqqa shov-shuv bo‘lib, hamma oyoqqa turardiku”, — deydi marhum bolakayning onasi.

Mubinaxon Shamsiddinova, 3 yosh 25 kun

Mubinaxon Shamsiddinova 2019-yil 30-oktabrda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Yuldashev Dilshodjon qizi Mubina “Dok-1 Maks” siropini ichib ahvoli og‘irlashgan payt Toshkentda ishlayotgan bo‘ladi. Mubinaning oyog‘i shishib ketib, peshob chiqarmay qo‘yadi. Qizaloqni davolash uchun ham “Dok-1 Maks” ishidagi boshqa bolalar singari dializ qilinadi.

Uyidagilar Mubina Farg‘ona viloyati tez yordam kasalxonasiga olib borilganidan keyingina unga telefon qilib xabar beradi. Yuldashev Dilshodjon sudda bergan ko‘rsatmasida dorining qayerdan olingani, qizi qachon va qancha qabul qilgani haqida bilmasligi, rafiqasidan bu haqida so‘rash og‘irligi uchun bu haqida savol bermagani va bermasligini ma’lum qiladi.

Mubina 2022-yil 23-noyabr kuni vafot etadi. Otasi farzandining o‘limi og‘ir bo‘lganligi sababli ularni boshqa bezovta qilmaslikni so‘raydi.

“Men hech kimdan hech narsa so‘ramayman. Ko‘rganimni o‘zimni bildim, to‘g‘risi (yig‘laydi — tahr.). Kasalxonaga borganda aytganman, to‘g‘risi, „Dunyoni buzib yuboraman, olib chiqib ketaman“, deganman. Shunchaki bajarolmadim. O‘z qo‘lim bilan [o‘ligini] ko‘tarib ketdim. Men hech kimdan hech narsa so‘ramayman, aka, tinch qo‘yinglar bo‘ldi. Boshqa narsa so‘ramayman”, — degan Dilshodjon Yuldashev sudlov hay’atiga.

Otabek Turdialiyev, 2 yosh 2 oy 3 kun

Otabek Turdialiyev 2020-yil 22-sentabrda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Otabek 2022-yil noyabr oyida shamollab qoladi. Bobosi dorixonaga borib, “yaxshi dori bering” deb so‘raganda dorixonachi “Dok-1 Maks”ni beradi. Siropning ichidagi qoshiqchada yarimlatib ikki yoki uch mahal ichgach, bolaning ahvoli og‘irlasha boshlaydi. Isitmasi ko‘tarilib, yegan-ichganini qayt qilib tashlaveradi.

Keyin xususiy shifoxonaga (nomi aytilmagan — tahr.) olib borishadi. Bu yerda bir kun yotib tahlillar topshirgach, shifokorlar davlat kasalxonasiga borish kerakligini aytadi. Davlat kasalxonasidagilar (aynan qaysi shifoxona ekani aytilmagan — tahr.) tekshirib, o‘zlarida apparat yo‘qligini aytib, Farg‘onaga jo‘natishadi (aynan qaysi shifoxona ekani aytilmagan — tahr.).

Otabek dializ olishni boshlagani, buyragi ishlamay qolgani uchun buyrak apparati ulanganiga qaramay, davolanishning 15-kuni — 2022-yilning 24-noyabrida vafot etadi.

Mahliyo Abdug‘aniyeva, 3 yosh 7 oy 14 kun

Mahliyo Abdug‘aniyeva 2019-yil 8-aprel kuni Surxondaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Mahliyo 2022-yil 9−10-noyabr kunlari shamollab qoladi. Chaqiruv asosida kelgan tez yordam shifokori “Septrakson” berib, shamollashga qarshi biron-bir “sirop” ichirishni tavsiya qiladi.

Shundan keyin uning onasi qo‘shnilaridan surishtirib, “Dok-1 Maks” siropini dorixonadan sotib oladi. Mahliyo dorini 11−12-noyabrdan boshlab 2 kun 1 mahaldan, 1.5 millilitrdan qabul qiladi.

Lekin sirop ichganidan keyin qizaloqning ahvoli og‘irlashadi. 15-noyabr ertalabdan peshobi kelmaydi. Shu kuni uni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyat filialiga olib borishadi. Bolalar bo‘limida unga buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. Qizaloq 16-noyabrdan 20-noyabrga qadr jami 4 marotaba dializ qilinadi.

Mahliyo 2022-yil 21-noyabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Anisjon Musinov, 4 yosh 6 oy 23 kun

Anisjon Musinov 2018-yil 6-iyulda Samarqand viloyatida dunyoga kelgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 19-noyabrida Anijsonning tana harorati ko‘tariladi. Tez yordam chaqirgan onasi kelgan shifokorlarga farzandiga “Seftriakson” qilgani haqida aytadi.

Shifokorlar esa shamollashga qarshi “Dok-1 Maks”, tana harorati uchun bo‘lsa “Sinepar kid” siroplarini yozib beradi. Onasi Barfina Ulmasovaning ma’lum qilishicha, o‘shanda tez yordam shifokori aslida 5 yosh bo‘lgan o‘g‘lini 2 yosh deb yozib qo‘ygan.

Yozilgan dorilarni sotib olgan onasi “Dok 1 Maks” siropini 3−4 kun davomida, 3 mahal 5 milligrammdan ichiradi. Siropni qabul qilgan Anisjon peshob chiqarmay qo‘yadi, shishib ketadi.

Shundan keyin uni dastlab “shaxsiy” (xususiy klinika nazarda tutilgan bo‘lishi kerak — tahr.)ga olib borishadi. U yerda tekshirilgach “mikrorayon”ga, tahlillar olingach, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga yuborgan. Ko‘p tarmoqli shifoxonadagilar dializ yo‘qligini ta’kidlaydi. Anisjonning uyidagilari 500 ming so‘mga buyurtma berib olib keladi.

Anisjon 2022-yil 28-noyabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

E’zoza Fozilova, 2 yosh 6 oy 2 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

E’zoza Fozilova 2020-yil 27-iyunda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yil 1-noyabrida E’zozaning issig‘i chiqib, tomog‘i og‘riy boshlaydi. Onasi Mahbuba opa 2-noyabr kuni Kitob tuman ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib boradi. Navbatchi vrach tekshirib, isitma tomog‘idagi qizarish hisobiga bo‘layotganini aytib, ikkita dori yozadi. Birinchisi “Dok-1 Maks”, ikkinchisi (sud jarayonida nomi aytilmagan — tahr.). Agar [harorati] 38 dan yuqori bo‘lsa, ikkinchisidan foydalanish aytilgani uchun Mahbuba opa qiziga asosan “Dok-1 Maks” beradi. Dori yo‘riqnomasida 2,5 yoshli bolaga deb ko‘rsatilganidek — 2,5 milligrammdan ikki mahal berishni boshlaydi. 3−4 kun o‘tar-o‘tmas qizchada ishtahasizlik, holsizlik boshlanadi, ovqat yemasdan injiqlanaverdi. Shundan so‘ng dori ichirish to‘xtatiladi.

Bir yoki ikki hafta o‘tganidan keyin bog‘cha opalari onasiga telefon qilib, E’zoza yeganini qayt qilib tashlayotganini aytib, uyga olib ketishini so‘raydi. Ona o‘sha kunning o‘zidayoq olib kelib, yana Kitob tuman shifoxonaga murojaat qiladi. Shifokor ko‘rib, qizchaning ahvoli yaxshiligini aytib, bitta antibiotik qilib jo‘natadi. Ikki kundan keyin ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Aksincha, qizcha umuman ko‘zini ocholmay, holsiz bo‘lib, yegan-ichganini o‘sha zahoti qayt qilaveradi.

Mahbuba opa yana shifokorga borishdan oldin simptomlardan gumonsirab qizining qonini gepatitga ham tekshirtiradi, Bir soatlarda gepatit yo‘qligi haqida javob chiqadi. Keyin pulmonologiya bo‘limiga (aynan qaysi shifoxona ekani aytilmagan — tahr.) olib borib, farzandida hech qanday o‘zgarish sezmayotganini bildirib, kasalxonaga olib qolishlarini so‘raydi. E’zoza 21 yoki 22-noyabr kuni shifoxonaga yotadi. Birinchi kundan peshob chiqishi to‘xtaydi. Mahbuba opa shifokorga bolasining siymayotgani, ertalab taqqan pampersi qup-quruq turgani, yuz va oyoqlarida shish paydo bo‘layotganini aytganda “balki suvsizlangandir, ikkinchi kun ham kutaylikchi”, degan javobni oladi.

Ikkinchi kun ham xuddi shu holat kuzatiladi. Osma ukollar qilishadi, hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Uchinchi kun UZIga tushirib qizchaning buyragida o‘zgarishlar borligi, ammo uni davolaydigan dializ apparatlari yo‘qligini aytib, Qarshi shahridagi shifoxonaga yo‘llanma berishadi.

23-noyabr kuni shifoxonaning (aynan qaysiligi aytilmagan — tahr.) reanimatsiya bo‘limiga tushishadi. Ertalab tahlillarda qizaloqda “kreatin” moddasi miqdori oshib ketgani aniqlanadi. Tushdan keyin esa shifokorlar bolaning buyragi ishlamayotgani, ularda faqat kattalarning dializ apparati borligi, bolalarniki Samarqandda bor bo‘lib, o‘sha yerga olib borish kerakligi, qancha tez harakat qilishsa, shuncha yaxshiligini aytib, yo‘llanma berishadi. Ona-bola o‘sha kunning o‘zida Samarqandga yo‘l olishadi.

Qizaloq Samarqand ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga qabul qilinib, qayta tahlillar topshiradi. Oldingi tashxis tasdiqlangach, shifokorlar bir-ikki muolaja qilishi, agar shundan keyin ham siymasa, dializ apparatiga ulashlarini aytadi. Mahbuba opaga ma’lum bo‘lishicha, ular o‘sha paytda Samarqand shifoxonasiga buyrak yetishmovchiligi bilan kelgan 15-bemor bo‘lgan. Shifokorlar dializ ulamoqchi bo‘lganda apparat ham topilmaydi. Mahbuba opa apparatlarni shifoxonadagi uch bemorga qo‘shilib, Toshkentdan buyurtma qildiradi.

Dializning uchinchi kunida shifokor qizaloqning ahvoli og‘irlashib, “kreatin” miqdori yanada oshib ketayotganini aytib, hamma narsaga tayyor turishlarini bildirib ogohlantirdi. Qizaloqning tanasidagi zaharli modda asta-sekinlik bilan o‘pkasiga o‘tishni boshlagan. Dializdan keyin ham ahvoli og‘irlasha boshlagach, apparatlarni (qanday apparatligiga aniqlik kiritilmagan — tahr.) ulab qo‘yishadi. Qizaloq 28-noyabr kuni soat 2:00 da yana og‘irlashib, tonggi 6:00 ga borib jon beradi.

Marhumaning onasi Mahbuba opa suddagi ko‘rsatmasidan so‘ng sudya va advokatlarning savollariga javob berarkan, hech qachon farzandlarini shifokorga ko‘rsatmasdan muolaja qilmasligi, dorilarni ham yo‘riqnomasini o‘qimasdan bermasligi, hatto koronavirus epidemiyasi tarqalganda ham farzandlarini himoyalab, hech birini kasal qilmasdan olib chiqqanini ta’kidlagan.

“Dorilarni noto‘g‘ri ichirgansizlar deyishsa, men qiynalaman-da. Men ichirmovdimk-u, do‘xtirning aytganini qilgandim-ku, nimaga bunaqa bo‘ldi deyman. Qizimni osonlikcha olmaganman, tug‘ilishini 12 yil kutganman. Shunchalik e’tibor berardimki, yaqinlarim: „Sen shunchalik e’tibor berarding-ku, nimaga sening bolangga shunaqa bo‘ldi?“, deb hayratda qoldi”, — deb yig‘lab gapirgan u.

Boboxon Zokirov, 3 yosh 8 oy 2 kun

Boboxon Zokirov 2019-yil 28-mart kuni Qashqadaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil 11-noyabrda Boboxonning tana harorati ko‘tariladi. Shundan keyin Langar QVP shifokori, Qamashi tumani bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yo‘llanma yozib beradi.

Boboxon Qamashi tumani bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 12-noyabr kuni olib boriladi. U yerda tomoq qizarishi va shamollash tashxisini qo‘ygan shifokor kerakli dorilarni tavsiya qiladi. So‘ngra bolakay dorixonadan sotib olingan “Ambronol” siropini qabul qiladi.

Oradan 2 kun o‘tgach Boboxon qusishni boshlaydi. Qamashi tumani Langar qishlog‘idagi QVP shifokori unga nafas yo‘li va buyrak shamollashi tashxisini qo‘yadi. Ahvoli o‘zgarmaganidan keyin 18-noyabrda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga olib boriladi. U yerda shifokorlar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yib, Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga borishni tavsiya qiladi.

Otasi Hamdamov Shohruhning ma’lum qilishicha, o‘g‘lini 19-noyabrda Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borgan. Jonlantirish bo‘limiga joylashtirishgan Boboxon 2022-yil 29-noyabrda hayotdan ko‘z yumadi.

Alim Mensitov, 4 yosh 1 kun

Alim Mensitov 2018-yil 29-noyabr kuni Sirdaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Mensitov 2022-yil sentabrda shamollab qolgach otasi uni LORga olib boradi. Bolani tekshirgan shifokor unga “Rinoksil”, “Dok-1 Maks” dorilarini yozib beradi. Retseptdagi dorilarni onasi Aziza Mensitova qaynonasi bilan birgalikda sotib oladi.

Bolakay dorini bir necha kun davomida 2 mahaldan choy qoshiqda qabul qiladi. Shundan keyin sog‘ligi yomonlashgan Alim 3-oktabrda Sirdaryo viloyat kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga tushib qoladi. Onasi shifokorlarga “Rinoksil”, “Dok-1 Maks” dorilarini o‘g‘liga berganini aytadi.

2022-yil 4-oktabrda “Bolalar milliy tibbiyot markazi”ga olib borilgan bolakay dializ qilinadi, buyraklari qayta tiklanadi. Ammo 7-oktabrda komaga tushib qoladi va komadan chiqmaydi — Alim 2022-yil 29-noyabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Alimning otasi Mensitov Izzetning ma’lum qilishicha, farzandining vafotidan keyin turmush o‘rtog‘i va onasining sog‘ligi yomonlashgan.

Shahruz Narzullayev, 2 yosh 7 oy 26 kun

Shahruz Narzullayev 2020-yili 10-aprel kuni Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmi bayon qilinadi.

Onasi tomog‘i og‘rib qolgan Shahruzga mahalladagi dorixonadan “Dok-1 Maks” olib ichiradi. 2022-yil 29-noyabrda peshob chiqarmay qo‘ygach, G‘allaorol tuman shifoxonasiga olib boriladi. Unga “sariq kasal” tashxisi qo‘yiladi.

Amakisi Rustam Berkutovning ma’lum qilishicha, qovoqlari shishgan Shahruzni Samarqandga olib ketmoqchi bo‘lishganida shifokorlar ruxsat bermagan. Peshob ajralmayotgani sababini esa bolakayning shifokorlar, ularning kiyimidan qo‘rqayotgani bilan bog‘lashgan.

Ertasi kuni Jizzaxdagi Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishganida, ularni shifoxona ichkarisiga kiritishmaydi. RSHTYOIM Jizzax filialida 1 kun bo‘lgandan keyin esa Samarqand bolalar shifoxonasiga borishadi. U yerda bor-yo‘g‘i 3 kun qolgan Shahruz 2022-yil 5-dekabr kuni vafot etadi.

Muhammadjon Tursunqulov, 1 yosh 9 oy 27 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Muhammadjon Tursunqulov 2021-yil 10-fevral kuni Samarqandda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Muhammadjon 2022-yil kuzining oxirlarida shamollab qoladi. Shundan keyin otasi dorixonadan “Dok 1 Maks” siropini sotib oladi. Bolakay dorini 5 kun 3 mahal, 5 millilitrdan qabul qiladi.

Muhammadjon 3-dekabrda behol bo‘lib, peshob ajratmay qo‘yadi. Shuningdek, unda yo‘talish, titroq bosishi va qusish holatlari ham kuzatiladi. Shu sabab otasi uni Samarqand viloyati Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib boradi. Shifoxonada o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi.

Otasi Rufatjon Raxmonovning ma’lum qilishicha, jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan o‘g‘liga shifokorlar dializ qilishni boshlagan. 6-dekabrda Muhammadjonning ahvoli keskin og‘irlashgan va intensiv terapiya ham ish bermaydi.

Muhammadjon 2022-yil 6-dekabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Firdavs Farhodov, 5 yosh 3 oy 25 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Firdavs Farhodov 2017-yil 18-avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Firdavs kech kuz payti shamollab qoladi. Shu sabab onasi taxminan 10-noyabrda kuni dorixonadan “Ambronol” siropini sotib olib, ichiradi.

Dorini bir hafta qabul qilgan bolakay ovqatlanishdan to‘xtaydi. Qayt qilishni boshlaydi — hatto suv ichsa ham qusadi. Shundan keyin uni 15-noyabr kuni infeksion kasalxonaga olib borishadi.

Unda zaharlanish yo‘qligini bildirgan shifokor qayt qilishga qarshi tabletka yozib beradi. Shunga qaramay, Firdavs keyinchalik peshob ajratmay qo‘yadi. Otasi Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borib ko‘rsatganida shifokorlar bolaning sog‘ ekanini aytadi.

Otasi Farruh Kadirovning ma’lum qilishicha, u shifokorlar bilan janjallashib o‘g‘lini shifoxonaga yotqizgan. Tahlillar o‘tkazilgach, farzandining buyraklari ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan. So‘ng RSHTYOIM Jizzax viloyati filialiga borishadi, lekin do‘xtirlar “joy yo‘q”ligini aytib, bolani qabul qilmaydi. Keyin Bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga borishadi. U yerdagilar dializ qilish kerakligini aytadi — ammo shifoxonada dializ yo‘q edi. Shu sabab boshqa ko‘p tarmoqli poliklinikaga borib 3 marta dializ qildirishga majbur bo‘lishadi.

Dializ olishi kerak bo‘lgan 4-kunda bolakay komaga tushib qoladi. Biroq uning nima sababdan komaga tushib qolganini shifokorlar bolaning uyidagilarga tushuntirib bera olmaydi. Samarqand va Toshkent shahridan kelgan mutaxassislar ham aniq ma’lumot berolmaydi, hatto.

Farrux Kadirov 1-dekabrda Toshkentdan tez yordam mashinasi buyurtma qilib, o‘g‘lini RSHTYOIM Sirdaryo viloyati filialiga olib boradi. Biroq yugur-yugur va muolajalar bilan bolaning hayotini saqlab qolisholmaydi — Firdavs 2022-yil 12-dekabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Shavkat Nurimov, 3 yosh 11 oy 6 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Shavkat Nurimov 2019-yil 7-yanvar kuni tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Shavkat 2022-yilning oktabrida shamollab qolgan payti otasi Jiyenbay Kosjanov xorijda edi. Onasi Yulduz Kalbayeva o‘g‘linii davolash maqsadida “Dok-1 Maks” siropini sotib olib, birinchi kuni 1 mahal, ertasi kuni esa 3 mahal 5 millilitrdan ichiradi. Siropni ichayotgan payti qarshilik qilgan bolakay keyin qayt qila boshlaydi.

Onasi uni poliklinikaga olib chiqqanida, do‘xtir bolakayning “bronxi kuchayib ketgan”i, uni shifoxonaga yotqizish kerakligini aytadi.

Qo‘ng‘irot tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgach 2 kun ichida tana harorati ko‘tarilib ketadi. Co‘ng 2022-yil 22-oktabrda RSHTYOIMning Nukus filialiga olib ketiladi.

Koronavirusning bir turi bo‘lgani aytilgan bolakayni 23-oktabrdan gemodializ qilish boshlanadi. Ammo 26-oktabrda, 3 marta dializ qilinganidan keyin komaga tushib qoladi. Dekabrdan boshlab 3 kun mobaynida undan qon ketadi.

Shavkat 2022-yil 12-dekabr kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Shahrizoda Ergasheva, 3 yosh 11 oy 6 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Shahrizoda Ergasheva 2020-yil 3-iyul kuni Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Shahrizoda “Dok-1 Maks” siropidan avval ham ichgan. Shu sabab navbatdagi shamollashida ham otasi o‘sha doridan olib keladi.

Qizaloq uni 1 kunda 3−4 mahal, shanbadan chorshanbagacha 2−3 milligrammdan ichadi. Birinchi marta ichganda og‘zidan chiqarib tashlaydi, lekin ota-onasi “Tuzalsang, isitmang tushadi”, deb, majburlab oyoq-qo‘lini ushlab, ichiradi. Ikkinchisida esa qayt qiladi — ota-onasi buni grippning asoratiga yo‘yadi.

Seshanbadan peshob chiqarmay qo‘ygani, qolaversa, umumiy ahvoli ham yaxshi emasligi uchun onasi uni Jizzax shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasiga olib boradi. U yerda buyragida muammosi bor deb tashxis qo‘yilgach, navbatchi vrach Shoshilinch tibbiy yordamga yuboradi. Haqiqatdan ham ikkala buyrakning ishdan chiqqani aniqlangach, “bu bizning masalamiz emas”, deb Samarqand shahar ko‘p tarmoqli bolalar klinikasiga olib borish aytiladi. U yerga borishganida joy bo‘lmaydi, keyin amallab joylashtirishadi. Ertalab nefrolog shifokor Shahrizoda kabi 7−8 bolalarni asrab qololishmagani aytib, ularga Toshkentga, shoshilinch tibbiy yordamga borishni tavsiya qiladi. Lekin ular qolishga majbur bo‘ladi.

Shifoxonada dializ qilish uchun kateter yo‘qligi ma’lum bo‘lgach, ota-ona tanishlar orqali Toshkentdan uch kun deganda 400 ming so‘mga kateterni topib keltiradi. Keyin shifokor dializ qilishni boshlaydi. Qizaloqning uyidagilar hamma dorilarni yetkazib berib turadi.

Tibbiy choralar ko‘rilganiga qaramay, Shahrizoda 2022-yil 16-dekabrda, tongga yaqin jon beradi.

Shamshodbek Rahmatullayev, 5 yosh 9 oy 17 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Shamshodbek Rahmatullayev 2017-yil 22-fevralda Samarqand viloyati Nurobod tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 3-dekabr kuni Shamshodbekda shamollash alomatlari sezila boshlaydi. Onasi Gulandom Rahmonovaning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, ular yashaydigan “O‘rtaog‘iz” mahallasi Tinchlik qishlog‘ida dorixona bo‘lmagan, poliklinika ham uzoqda joylashgan. 4-dekabr kuni tumandagi Jom qishlog‘idagi dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini olib, ikki kun, ikki mahal 5 millilitrdan ichirishgan. Keyin bola peshob chiqarmay qo‘ygan.

Poliklinika uzoqda bo‘lgani uchun yana Jom qishlog‘idagi bir shifokorga olib borib ko‘rsatishgan. U tuman shifoxonasiga yo‘llanma beradi. U yerda bola darrov reanimatsiyaga olingan. Kechqurun ultratovush tekshiruv (UZI)lari o‘tkazilgan.

Keyingi kun Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasiga borishgan. Bola o‘sha kunning o‘zida gemodializ olishni boshlagan. Kasallik tarixi ochilayotgan payt Gulandom opa hamshiraga “Dok-1 Maks” ichirganini aytgan. Hamshira esa ular bu dorini ichib og‘rib kelganlarning 17 yoki 18-si ekani, ulardan faqat 2−3 nafari tirik qolgani, qolganlari vafot etganini aytgan. Shamshodbek shundan keyin ham har kuni gemodilaliz olib davolanishiga qaramay, 2022-yil 18-dekabr kuni vafot etgan.

Elnurjon Ataboyev, 2 yosh 4 oy 12 kun

Elnurjon Ataboyev 2020-yil 2-dekabr kuni Samarqandda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Elnurjon 2022-yil dekabrining boshlarida shamollab qoladi. Keyin buvisi Surayyo Xolmurotova nabirasini davolash maqsadida dorixonachining tavsiyasi bilan “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi.

Dorini 4 kun davomida 3 mahaldan qabul qilgan Elnurjonning sog‘ligi yomonlashgani bois buvisi uni 13-dekabrda Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib boradi. Shifoxonada bolakayga o‘tkir buyrak zararlanishining 3 bosqichi — anuriya, nafas yetishmovchiligining 2 darajasi, kamqonlikni og‘ir darajasi singari tashxislar qo‘yiladi, gemodializ amaliyoti qilinadi.

Elnurjon 2022-yil 18-dekabr kuni shifoxonada vafot etadi.

Qodirali Bahodirov, 2 yosh 6 oy 10 kun

Qodirali Bahodirov 2020 12-iyulda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Yolg‘iz farzand bo‘lgan Qodirali 2022-yil noyabrning oxirlarida shamollab qoladi. Shundan keyin onasi uni Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasiga olib chiqadi, u yerga qatnab muolaja olishadi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas shamollash kuchayib ketadi. Onasi yana ukol-dori olmasin degan maqsadda Andijon shahriga ketgan tanishiga telefon qilib, dorixonadan shamollashga qarshi sirop olib kelishini so‘raydi.

Uchqo‘rg‘on tumani Quvay qishlog‘idagi yo‘l bo‘yida joylashgan dorixonaga kirgan tanishi bolaning onasi Munojot Uraimovaga telefon qilib, dorixonachi bilan gaplashtiradi. “Shamollashga, yo‘talga qanday dori-darmonlaringizni tavsiya qilasizlar?”, degan savolga “Ko‘proq “Dok-1 Maks siropi yaxshi ta’sir qilyapti, shuni oling”, degan javob oladi.

Shu bilan Munojot Uraimova tanishi keltirgan dorini o‘g‘liga o‘sha kuni kechqurun bir mahal, ertasi kuni ikki-uch mahaldan ichirishni boshlaydi.

Oradan 3−4 kun o‘tgach, Qodiralida peshob ajralishi kamayib, keyinchalik yo‘qoladi. Onasi Uchqo‘rg‘on tibbiyot birlashmasiga olib borib siymayotganini aytadi. Shifokorlar “Qusyaptimi?” deb so‘raydi. Dam-dam qayt qilayotgani, dam-dam ichi ketayotganidan xabar topgach “Qusgani, ichi ketgani hisobiga bola siymayapti”, degan tashxis qo‘yadi.

Shifoxonada bir kecha yotganidan keyin bolaning ahvoli yomonlashadi.Onasi uni reanimatsiyaga olishlarini talab qiladi. Reanimatsiyaga olingan Qodiralining og‘zi va ko‘zi tortishishni boshlaydi, shok holatiga tushadi. “Miyasi qabul qilmayapti, sezmayapti”, deb tushuntirgan shifokorlar davo choralarini ko‘radi.

Namangan shahridan, bir do‘xtir chaqirtiriladi. U kelib ko‘rgach, bolaning holati yomonligi, uni Namangan shahri shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib o‘tish kerakligini aytadi. Shu bilan kechqurun soat 7−8 lar atrofida tez yordam mashinasi bilan Namangan shahridagi bolalar shifoxonasiga ketishadi. U yerda besh kun yotgan Qodirali beshinchi kuni kechqurun — 2022-yil 21-dekabr soat 19:40 lar atrofida vafot etadi.

Muxanbet Atamuratov, 3 yosh 6 oy 7 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Muxanbet Atamuratov 2019-yil 15-iyunda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Muxanbet bog‘chada yurgan payti shamollab qoladi. Keyin onasi Elvira Xodjamuratova unga “Ambronol” siropini 3 kun 2 mahaldan ichiradi. Uchinchi kuni qayt qila boshlagach, Shumanay tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib boriladi. U yerda qayt qilishini to‘xtatadigan ukollar qilinadi.

So‘ngra peshob chiqarmayotgani sababli Nukus shahar shoshilinch yordam shifoxonasiga olib ketiladi. U yerda bolaning buyraklari ishlamayotgani aniqlanib, reanimatsiya bo‘limiga joylashtiriladi.

Onasi Elvira Xodjamuratovaning ma’lum qilishicha, 5 kun davomida dializ qilingan o‘g‘lining yuragi 6 kuni to‘xtab qolgach apparatga joylashtirilgan. Komaga tushgan Muxanbet 2022-yil 21-dekabrda hayotdan ko‘z yumadi.

Aziza Rustamova, 2 yosh 2 oy 4 kun

Aziza Rustamova 2020-yil 20-oktabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Aziza 2022-yilning dekabrida shamollab qoladi. Onasi qizini shifokorga ko‘rsatgach, yozib berilgan bir nechta dorilar retsepti bilan dorixonaga boradi. Ro‘yxatdagi dorilar topilmagani uchun dorixonachi ularning o‘rniga “Dok-1 Maks” siropini beradi.

Aziza siropni 5−6 kun davomida 3 mahaldan kichik qoshiqda ichadi. Ammo ahvoli yaxshilanish o‘rniga yomonlashadi. 12-dekabrda peshob kelmay, isitmalagan qizaloq ertasi kuni poliklinikaga olib chiqilganida shifokorlar uning gripp ekanini aytadi. Nurafshondagi markaziy poliklinika shifokorlari ham uning grippligini tasdiqlab, peshob kelmayotgani sababini tanada suyuqlik qolmagani bilan bog‘laydi. Onasi Kamola Adashovaning ma’lum qilishicha, shifokorlar ahvoli og‘irlashib, holsizlangan Azizaning oshqozonini yuvadi.

16-dekabrda Toshkent shahridagi 16 sonli shifoxonaga olib kelingan qizaloqni shifokorlar gemodializ qiladi. Shundan keyin komaga tushib qolgan Aziza 2022-yil 23-dekabrda hayotdan ko‘z yumadi.

Abdulloh Faxriddinov, 2 yosh 1 oy 24 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Abdulloh Faxriddinov 2020-yil 3-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Ikki yashar Abdullohda shamollash “Dok-1 Maks” ichishidan avval ham bir bo‘lib o‘tib ketadi. Keyin onasi emlash uchun shifoxonaga olib borganida do‘xtirlar emlangach bolaning immuniteti tushib, shamollashi mumkinligini aytadi va shunday bo‘ladi ham.

O‘g‘li shamollaganidan keyin onasi turmush o‘rtog‘iga “Dok-1 Maks”ni maqtashgani, shu doridan olib kelishni aytadi. Olib kelingan siropni 2−3 kun qabul qilgach Abdullohda ikki kuncha peshob ajralmay, holsizlana boshlaydi.

Shundan keyin ota-onasi uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (xalq tilida 16 kasalxona)ga olib boradi. U yerda koronovirusga topshirgan testi natijasi manfiy chiqadi. Onasi bilan 16-kasalxonada qolgan bolaning ahvoli o‘sha kuni yaxshi bo‘ladi. Ertasi kuni komaga tushadiyu shu bilan o‘ziga kelmaydi. Qilingan dializlar befoyda, bola shishib ketadi.

Abdulloh 2022-yil 26-dekabrda vafot etadi.

Abdulloh 16 kasalxonadaligida do‘xtirlar siropda zahar bo‘lishi mumkinligini aytganda, hali hech qayerga ovoza bo‘lib ketmagan payt otasi Fazliddin Mirshoxidov siropni sotib olgan dorixonaga borib “Dok-1 Maks”ning sotuvda borligiga guvoh bo‘ladi. “Sotmalaring, bolalar zaharlanyapti”, deganida u bilan talashib “Cen kimsan?”, degandek qilishadi. So‘ngra dorixona egasi bilan gaplashadi. Dastlab unga ishonmagan dorixona egasi keyin “Rostan shunaqa zaharlanyapti ekan”, deb telefon qilib Fazliddin Mirshoxidovdan uzr so‘raydi. Keyinroq surishtirib, bu doridan zaharlanish bo‘layotgani ma’lum bo‘lgach Yunusoboddagi dorixonalar allaqachon sotishni to‘xtatgan bir paytda Sergelida hali ham sotuvda bo‘lganini qo‘shimcha qiladi.

Odilbek Bekmirzayev, 1 yosh 2 oy 6 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Odilbek Bekmirzayev 2021-yil 18-oktabrda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 18-oktabrida bir yoshga to‘lgan Odilbekda noyabr oyining oxirlarida shamollash alomatlari sezila boshlaydi. Onasi bu simptomlarni o‘g‘lining tishi chiqayotganiga yo‘yadi. Farzandi kichkina bo‘lgani uchun o‘zboshimcha muolaja qilishdan cho‘chib, uni Olmaliq shahar bolalar shifoxonasiga olib boradi. U yerda bolaning tana harorati 38−39 darajada ekani aniqlangach, kasalxonaga yotqizish kerakligini aytiladi.

Kasalxonaga dushanbada yotqizilgan bolakayga payshanbagacha osma ukol qo‘yiladi. Payshanba kuni, shuningdek, bolaning tomog‘ini LORga ko‘rsatish ham tavsiya qilinadi. Tomoqda yiring borligini aniqlagan LOR shifokori uni yuvgandan keyin “Dok-1 Maks”, chakanda (oblepixa) yog‘i, “Imudon” singari dorilar yozib, ularni ichirishni tayinlaydi.

Odilbekni davolovchi shifokori ham LOR qanaqa dorilar yozib berganini ko‘radi va ularni ichiraverishni aytadi. Shundoq ham kasalxonada ukol va tomchi ukollar qilinayotgani uchun onasi balki bu dorilarni bermasa ham bo‘lar deb o‘ylaydi. Lekin LORning tomoqni yuvgandan keyin davolash kerakligi haqidagi gapi esiga tushgach jami uch kun — payshanba kasalxonada payti ikki marta va shu bilan uyga kelgandan keyin shanba, yakshanba kunlari ham ikki mahaldan, 2 milligramga yetar-yetmas, shpritsda o‘lchab beradi.

Uyga qaytgach holsiz, arang emaklab yurgan bola birdan gapirmay qo‘yadi. Madorsizligidan turolmaydi ham. Hali sutdan chiqmaganiga qaramay, ishtahasi ham yo‘qoladi. Odilbek kichkina bo‘lgani bilan hojat uchun tuvakka o‘tirardi, lekin o‘sha paytlar tuvakni ham xohlamay qoladi. Odatda pampersdan foydalanmaydigan onasi, bu safar taglik taqqanida peshobning bilinar-bilinmas, kam miqdorda ajralganiga guvoh bo‘ladi.

Shundan keyin havotirga tushgan ota-ona farzandini yana kasalxonaga olib boradi. Kechki payt reanimatsiyadagi vrach ko‘rib, darrov tahlillar oladi. Tahlil natijalariga ko‘ra buyrak yetishmovchiligi aniqlangach, bolani Toshkentdagi 16-shahar kasalxonasiga olib borishni aytiladi.

Odilbek va uning ota-onasi 11-dekabr kuni — hali doridan zaharlanish haqida gap-co‘z yo‘q payti 16 kasalxonaga yetib boradi. Bolaning ahvolini ko‘rgan do‘xtirlar o‘sha zahotiyoq uni reanimatsiyaga oladi. “Buyragi ishlamayapti, dializ qilamiz”, deyishadi. Kechki uch yarim-to‘rtlar chamasi birinchi dializ qilinadi — uch va to‘rtinchisidan keyin oz-ozdan peshob ajrala boshlaydi.

Ota-onasi peshob ajralishni boshlasa Odilbek yashab ketadi degan umidda xursand bo‘ladi. Lekin bu xursandchilik uzoqqa bormaydi. To‘rtinchi-beshinchi dializlardan keyin bolaning ahvoli og‘irlashadi. Buni bolaning dializni ko‘tara olmayotgani bilan izohlagan do‘xtirlar beshinchi dializdan keyin apparatga olmasa bo‘lmasligini tushuntiradi. Apparatga olingach esa Odilbek komaga tushadi.

“22-dekabr kechasi shifokorlar kechqurun „Endi bo‘lmaydi, dadasini chaqiring“, dedi. 23-dekabr tungi soat ikkigacha bolam hayot uchun kurashdi. Ikkilarda joni uzildi. Lekin ko‘zlari ochiq ketdi. Shishib ketgandi, bir-ikki kun dopamin bilan qon bosimini ushlab turishgandi”, deya eslaydi onasi Citora Bekmirzayeva.

Citora Bekmirzayeva suddagi ko‘rsatmasid davomida farzandning bir soat yo‘qligini tasavvur qilishning o‘zi og‘ir deb hisoblashi, qancha miqdorda kompensatsiya berilmasin, bu pul farzandining bir kunlik quvonchini, bir kunlik onasining yonidaligini qaytarmasligini aytib o‘tgan.

Jasur To‘rayev, 3 oy 26 kun

Jasur To‘rayev 2022-yil 1-sentabr kuni Surxondaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Jasurda shamollash boshlangach Qiziriq tuman ko‘p tarmoqli kasalxonasiga olib borilgan. U yerdagi bolalar bo‘limi shifokori “Dok-1 Maks” yozib berib, uni sutdan keyin 2 mahal 1,3 mldan ichirishni buyuradi. Bolaning otasi Muzaffar Choriyev dorini ichib ko‘rib, uning achchiqligini bilgach, rafiqasiga dorini bolaga 1 mldan berishni aytadi. Jasur dorini 5 marta — birinchi kuni 3 mahal, ikkinchi kuni esa 2 mahal ichadi.

Oilaning boshqa farzandi — qizi Gulbahor To‘rayeva ham shamollagani sabab shu doridan 3 kun ichgan. Oqibatda 2022-yilning 24-dekabrida har ikkala farzandining ham ahvoli og‘irlashib qolgan. Otasi zudlik bilan ularni shifoxonaga olib borgan.

Jasurni darhol reanimatsiyaga olib kirgan shifokorlar 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas qaytib chiqib, uning vafot etganini ma’lum qilgan — u 2022-yil 26-dekabrda hayotdan ko‘z yumgan.

Gulbahor esa o‘sha kuni qorin sohasidagi kuchli og‘riq tufayli Termiz shahridagi bolalar shifoxonasiga olib ketilgan va Termizda 8 kun davomida davolangan. Unda peshob ajralmay qolgan, buyragi og‘riydigan bo‘lib qolgan.

Abror Aralov, 10 oy 14 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Abror Aralov 2022-yil 14-fevralda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 19−28-dekabr kunlari to‘ng‘ich farzand bo‘lgan Abrorda shamollash alomatlari kuzatiladi. Shu sababli yangalari Abrorning onasiga oddiy “Amoksitsilin” siropini ichirishni aytadi. Onasi “Amoksitsilin” olishga borganida, dorixonachi ta’siri yaxshiroq ekanini aytib “Dok-1 Maks” siropini olishni tavsiya qiladi.

Abror dorini ikki yoki uch kun, uch mahaldan qabul qiladi. Sirop ichayotganining ikkinchi kunida qayt qila boshlaydi. Bunga nima sababligini bilmagan onasi tuzalar degan umid bilan siropni ichirishda davom etadi. Uchinchi kuni esa bola dorini qabul qilmay qo‘yadi.

Keyin uni Sheroboddagi xususiy klinikaga olib borishadi. Shifokorlar u yerda “sariq kasal” tashxisini qo‘yadi. Uyidagilar bunga ishonmay o‘g‘lini Termiz ko‘p tarmoqli bolalar poliklinikasiga olib boradi — u yerda bola ikki kunlarcha sarson bo‘ladi. Do‘xtirlardan biri “bizning kasal emas” desa boshqasi Sheroboddagi do‘xtirlarning qog‘oziga tayanib, sariq kasalga tekshirtirishga olib borishni aytadi. Uyoqdagilar esa “Bizga aloqasi yo‘q”, deb javob beradi.

Kasal bolasi sarson qilinganidan xabar topgach, Abrorning otasi Abbos Qilichev Toshkentdagi ishini tashlab kelishga majbur bo‘ladi. Kelishi arafasida “Dok-1 Maks” haqidagi xabarlarni eshitib rafiqasidan shunaqa sirop ichirgan yoki yo‘qligi haqida so‘rab, “ichirgandim” degan javobni oladi. Yetib borib tekshirtirib ko‘rganida, bolasining qonida zaharli modda miqdori judayam ko‘p ekani ma’lum bo‘ladi.

Keyin shifokorlar dori-darmon bilan davolashga kirishadi. Dializ buyuriladi, lekin u yerda yosh bolalar uchun dializ apparati yo‘q edi. Ertasi kuni xabarlar tarqalgach, apparatlar keltiriladi. Abrorga bir kunda bir mahal dializ qilinadi. Ertasi kuni soat chamsi 10:00 larda yana olishi kerak edi — lekin ungacha yetib bormaydi. Abror 2022-yil 27-dekabr kuni o‘tkir buyrak yetishmovchiligi sabab hayotdan ko‘z yumadi.

Otasi Abbos Qilichev sudda bergan ko‘rsatmasida do‘xtirlarning bemorlarni qabul qilishini nazoratga olinishini so‘raydi. “Tanish-bilish, puli bor-yo‘qligini surishtirmasinda, avvalo oddiy inson sifatida qabul qilsin. Tekshirsin, aqli yetmasa, boshqa joyga tavsiya qilsin. Ulardan to‘g‘ri tashxis qo‘yishlarini so‘rayman. Termizdagi bolalar markazi, bemalol, hech narsa bo‘lmagandek, „unga bor“, „bunga bor“, „u hujjatni to‘ldir“, „bu hujjatni to‘ldir“, deyishdi. „Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor?“ deydi-ku, xuddi o‘shanday-da”, deydi.

Shohruhbek Jumayev, 1 yosh 7 oy 21 kun

Shohruxbek Jumayev 2021-yil 8-mayda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida muddatidan oldin — yetti oyligida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Shohruxbekning 2022-yilning dekabrida tomog‘i og‘rib, isitmalaydi.

Shu sabab uyga tez yordam chaqirishadi. Birinchi chaqiruvda kelmagan tez yordam ikkinchi safar kelganida bola qizib turgani uchun ukol qilolmasligini aytib, hech narsa qilmay qaytib ketadi.

Bola turolmay qolganidan keyin uni Qiziriqqa olib borishadi — u yerda Shohruxbekka osma ukol qilinadi. Ertasi kuni tuman markazidagi do‘xtir “Dok-1 Maks” siropini yozib beradi. Dorini to‘rt kun qabul qilib uch kuncha yaxshi yurgach tilida xuddi kuyib ketgandek, o‘yilgandek yorilishlar paydo bo‘ladi. Garchi, maz surtilayotgan bo‘lsada, do‘xtirlar buni maz surtilmayotgani bilan bog‘laydi. To‘rt kundan keyin ham o‘zgarish bo‘lmaydi, beshinchi kuni esa ular mazkur dorining ortidan Samarqandda 14−15 bola o‘lgani haqida xabar topadi.

Do‘xtirga borib, tekshirtirilganida bolaning ikkala buyragi ham to‘xtagani aytiladi. Shundan so‘ng Shohruxbekni ko‘rsatish uchun tez yordam mashinasi bilan Termizga ketishadi.

Bolakay reanimatsiyaga olib kirib ketilganida do‘xtir bolaning ahvoli og‘irligini ma’lum qiladi. Bu orada Shohruxbek umuman siymay qo‘yadi.

“Uch kundan keyin, 2022-yil 27-dekabrda bolam vafot etdi. Ekspertizaga olib ketib, kechqurun 20:00 larda qo‘limizga berishdi. Dorining yarmini ichirgan ekanmiz, qolganini topshirdik”, deya eslaydi Shohruxbekning otasi A’zamjon Normurodov sudda bergan ko‘rsatmasida.

Fazliddin Polvonnazirov, 4 yosh 3 oy 18 kun

Fazliddin Polvonnazirov 2018-yil 11-sentabrda Xorazmda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yilning dekabrida Fazliddinning tomog‘ida yiringlash paydo bo‘ladi. Ko‘rik uchun olib borilgan do‘xtir antibiotik olishni aytadi, ammo otasi Dadaxon Boltayev buni xohlamagach, “Dok-1 Maks” siropini yozib beradi.

Farzandlari shamollaganida doim shu dori berilgani uchun odatiy tarzda dorixonadan “Dok-1 Maks”ni olib kelinadi. Fazliddinga dorini 6-dekabrdan boshlab yo‘riqnoma bo‘yicha 2 milligrammdan 4 kun ichirishadi. 10-dekabr kunidan yotqiloq bo‘la boshlagan bolaga “Peshobing chiqdimi?”, deya savol berilganida ajralmagan bo‘lsada, chiqdi deb aytadi.

11-dekabr kuni Xivadagi bolalar shifoxonasiga olib borilganida, do‘xtirlar UZI qilgach buyrak ishlamayotgani, siydik yo‘qligi va siydirish kerakligini aytadi. Osma ukol qilingach uyga qaytgan bolakayning ahvoli ko‘p o‘tmay og‘irlashadi. Yana o‘sha bolalar kasalxonasiga olib borib, biramasiga ikkita do‘xtirga ko‘rsatishadi. Lekin ular o‘zlari bilmagach kechki 12 da boshqa bir do‘xtirni chaqiradi. Kelgan shifokor qandaydir virus borligi, bolaning buyragi ishlamayotganini aytib, shoshilnchga yuboradi.

O‘sha kuni otasining qo‘lini qo‘yvormay “Meni tashlab ketmang, tashlab ketmang” deb takrorlagan Fazliddin dializ qilinadi. Ertalab soat oltigacha yaxshiroq bo‘lavergan bolaning ahvoli, yettidan keyin yana yomonlashadi. O‘shanda otasi va qornida 7 oylik homilasi bo‘lgan onasi ham shokka tushadi — stressga tushgani homilaga ta’sir qilib onasi ham kasalxonaga tushib qoladi. Fazliddin 2022-yil 28-dekabrda jon beradi.

“O‘g‘limning yoniga, ichkariga kirishga yuragim bardosh bermasdi. Bir kuni dializga olib kirib ketayotganda ko‘rdim, tanimadim — shishib ketgan (yig‘lamsiraydi — tahr.). Hozir ham suratlari bor, ko‘rib qolsam, esimga tushib ketadi. Uning chekkan azobini hech kimga ravo ko‘rmayman. Unday yotgandan [jonini] o‘sha zahoti olgani yaxshi edi”, — degan Dadaxon Boltayev sudda bergan ko‘rsatmasida.

Nurmuhammad Qo‘shnazarov, 4 yosh 9 oy 5 kun

Nurmuhammad Qo‘shnazarov 2018-yil 24-martda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2018-yilning oktabrda shamollab qolgan Nurmuhammadga 3−4 kun davomida “Dok-1 Maks” ichiriladi. U shamollashi qaytalangani bois 15-dekabrda siropni yana ikki kun qabul qiladi. Shundan keyin qayt qila boshlagan bolakay 17-dekabrda oilaviy poliklinikaga olib chiqiladi, shifokorlar unga ukol qiladi.

Bola va uning ota-onasi shifoxonama-shifoxona yurib sarson bo‘ladi. 18-dekabrda Zarbdor tuman tibbiyot birlashmasiga keyin esa Jizzax shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga borishadi.

Ertasi kuni Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib boriladi. Gemodializ qilingach komaga tushgan Nurmuhammad 2022-yil 28-dekabrda vafot etgan.

Otasi Bekzod Qurbonov farzand dog‘ini ko‘tarolmaydi. Nurmuxammadning o‘limidan ikki kun o‘tib infarkt bo‘ladi. 2023-yil 3-aprelda infarkt qaytalanib hayotdan ko‘z yumadi.

Shohijahon Xayrullayev, 1 yosh 4 oy 15 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Shohijahon Xayrullayev 2021-yil 14-avgust kuni Qashqadaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Shohijahon 2022-yil dekabrda shamollab qoladi. Otasi Jasurbek Lapasov 13-dekabrda Dehqonoboddagi Galabuloq qishlog‘ining feldsheriga murojaat qiladi. Shifokor unga “Dok-1 Maks”ni kuniga 4 mahaldan sirop tugaguncha ichirishni tavsiya qiladi. 16-dekabrda 33 ming so‘mga sotib olingan “Dok-1 Maks” siropini Shohijahon 16-dekabrdan 22-dekabrga qadar 4 mahaldan qabul qiladi.

26-dekabrda bolaning ahvoli yomonlashib, peshob ajratishida qiyinchilik kuzatiladi. Shundan keyin Dehqonobod tumani bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib borilgan bolaga shifokorlar tashxis qo‘yolmaydi.

Shu bois ertasi kuni Qarshidagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib boriladi. Ammo u yerda “joy yo‘q”ligi aytilib, qabul qilishmaydi.

So‘ngra ota-onasi farzandini Qarshi shahar tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga olib boradi — shifokorlar buyrakning ishdan chiqayotgani tashxisini qo‘yadi.

Shohijahon 2022-yil 28-dekabr kuni Qarshi shahrida joylashgan tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazida o‘tkir buyrak yetishmovchiligi oqibatida vafot etadi.

Usmon Yusupov, 3 yosh 6 oy 28 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Usmon Yusupov 2019-yil 5-iyun kuni Qoraqalpog‘istonning Elliqqal’a tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Usmon 2022-yil noyabrda shamollab qoladi. Otasi Jasurbek Kenjayev dorixona sotuvchisining tavsiyasi bilan “Ambronol” siropini sotib oladi.

Usmon siropni 2022-yil 22-noyabrdan boshlab 3 kun 3 mahal, 2,5 milligrammdan qabul qiladi. Holsizlanib qolgan o‘g‘lini Ellikqal’a tumanidagi shifoxonaga olib borgan payt ota-onasi uning peshob ajratmayotganini bilmaydi.

Shifoxonada bir kun yotgan Usmonda ertasi kuni sudirgi bo‘ladi. Shifokorlar bolaning peshob ajratmayotgani va dializ qilish kerakligini ma’lum qiladi.

Bolakay 2022-yil 28-noyabrda tez yordam mashinasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tez-tibbiy yordam Markazi (ekstrennыy) shifoxonasiga olib boriladi. Tekshiruvlar o‘tkazilib, dializ qilinadi.

Otasi Jasurbek Kenjayevning ma’lum qilishicha, 3 kundan keyin koma holatiga tushib qolgan Usmon o‘sha vaqtda 13 marta dializ qilingan. Ota-onasi shifoxonada yetishmaydigan gemodializ filtrlarini Rossiya, Qozog‘istondan izlab sarson bo‘ladi. Shuning hisobiga har kuni qilinishi kerak bo‘lgan gemodializ 2−3 kun kechga cho‘ziladi. Bir filtrdan 2−3 martalab foydalanish holatlari ham bo‘ladi.

Ammo shifokorlarning barcha urinishi bekor ketadi — Usmon 2023-yilning 1-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Mironshoh Husenov, 4 oy 26 kun

Husenov Mironshoh 2022-yil 8-avgust kuni Navoiyda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 17−18-dekabr kunlari Mironshohning tana harorati ko‘tarilib, yo‘tala boshlaydi. Shu sabab shifokorning tavsiyasi bilan unga “Ambroksol” siropini sotib olishadi. Dorini qabul qilganidan so‘ng sog‘ligida o‘zgarish bo‘lmagach shifokor bolakayni qayta tekshiruvdan o‘tkazib, unga “Ambronol” va “Sinepart kids” siropini tavsiya qiladi.

Onasi xarid qilingan ushbu dorilarni o‘g‘li va qiziga ham oz miqdorda ichiradi.

Xamidulla Xayitovning ma’lum qilishicha, o‘g‘li Mironshohning ahvoli og‘irlashgach, uni tez yordam mashinasida Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, so‘ngra Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga olib borib, jonlantirish bo‘limiga yotqizishadi. Buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan bolakayga 5 kun davomida dializ qilinadi.

Mironshoh 2023-yil 2-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Ja’farbek Abdurasulov, 7 yosh 10 oy 21 kun

Ja’farbek Abdurasulov 2015-yil 9-fevral kuni Surxondaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Onasi Guldasta Sattarova unga “Dok-1 Maks” siropini mahallasidagi shifokor ayolning tavsiyasi bilan ichiradi. Ja’farbek dorining 1 flakonini 1 kunda 2 mahal 2,5 milligrammdan to‘liq qabul qiladi. Oradan 3−4 kun o‘tgach holsizlana boshlaydi. Shundan keyin 2022-yil 17-dekabrda uni Termiz shahar ko‘p tarmoqli shifoxonasiga olib borishadi. 1 hafta davomida 7 marta dializ qilingan bolakayning ahvoli 31-dekabrda og‘irlashib qoladi.

Ja’farbek 2023-yil 2-yanvarda hayotdan ko‘z yumadi.

Hojiakbar Baxtiyorov, 3 yosh 8 oy 8 kun

Hojiakbar Baxtiyorov 2019-yil 27-aprel kuni Farg‘onada tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil dekabrning o‘rtalarida Hojiakbarning akasi Hojikamol shamollab qoladi. Ko‘p o‘tmay — 19-dekabrda Hojiakbarda ham isitmalash kuzatiladi. Shunda katta o‘g‘il qabul qilayotgan “Dok-1 Maks” siropidan kichik o‘g‘ilga ham bir marotaba 0,5 millilitrdan ichiriladi.

Otasi Boburmirzo Ro‘zaliyevning ma’lum qilishicha, mahalladagi shifokor unga o‘g‘lining ichaklari shamollaganligi aytib, turli dorilar tavsiya qilgan. O‘sha kuni o‘g‘li Hojiakbarga “O‘ktam” xususiy klinikasidagi shifokor yozib bergan dorilardan in’eksiya qilinadi. Biroq Hojiakbarning ko‘ngli aynib, bezovta bo‘laveradi.

21-dekabr kuni bir sutka davomida peshob ajratmagach, tuman tibbiyot birlashmasiga olib boriladi. Shifokorlar o‘g‘lini zudlik bilan shifoxonaga yotqizib, uning buyragi ishlamayotganini ma’lum qiladi.

Hojiakbar 2023-yil 3-yanvarga o‘tar kechasi shifoxonada hayotdan ko‘z yumadi.

Otabek Kamoliddinov, 2 yosh 2 oy 21 kun


Otabek Kamoliddinov 2020-yil 19-oktabrda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Otabek 2022-yilning dekabrida kuchli shamollab qoladi. Onasi 26 yoki 27-dekabr kuni shifokorning shamollash va tana haroratini tushirish uchun qilgan tavsiyasi bo‘yicha “Ambronol” siropini olib keladi. Otasi Narziqulov Jamolning ma’lum qilishicha, rafiqasi siropni Otabekka 3 mahal, katta farzandlariga esa 1 mahaldan ichirgan.

29-dekabrdan boshlab Otabekda peshob ajralmay qo‘yadi. Shundan keyin uni dastlab vrachlik punktiga, keyin bo‘lsa Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasiga olib borishadi. Shifokorlar bolakayni reanimatsiya bo‘limiga olib kirib ketadi. Bir kundan keyin dializ qilishni boshlaydi. Jami 5 marta dializ olgan Ota bek 2023-yil 8-yanvarda jon beradi.

Muhammadali Hurramov, 2 yosh 10 oy 11 kun

Muhammadali Hurramov 2020-yil 29-noyabr kuni Surxondaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 15−16-dekabrida Muhammadali yo‘tala boshlaydi, tomog‘i qizarib, burni bitib qoladi. Keyin onasi dorixonachining tavsiyasiga asosan “Ambronol” siropini sotib oladi. Bolakay 2023-yil 23−28-dekabrga qadar kuniga 2 mahal, 2,5 millilitrdan 5 millilitrgacha bo‘lgan miqdorda dorini qabul qilgach ahvoli og‘irlashadi. Shundan keyin onasi “Ambronol”ni berishni to‘xtatadi.

Muhammadali 30-dekabr kuni ertalabdan boshlab peshob ajratmay qo‘yadi. Shundan so‘ng u tuman shifokoriga olib boriladi. “UZI” tekshiruvi natijasiga ko‘ra bolakayning buyragi ishlamayotgani aniqlanadi.

2023-yil 1-yanvar kuni Muhammadali RSHTYOIM Surxondaryo filiali bolalar bo‘limiga olib boriladi, u yerdagi shifokorlar tomonidan o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilib, shifoxonaga yotqiziladi. 1-yanvardan 8-yanvarga qadar jami 5 marotaba dializ qilinadi.

Muhammadali 2023-yil 8-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Mo‘mina Safarbekova, 1 yosh 11 oy 16 kun

Mo‘mina Safarbekova 2021-yil 25-yanvar kuni Jizzaxda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Mo‘mina 2022-yil 16-dekabrda shamollab qoladi. Onasi olib borgan Forish tumani tibbiyot birlashmasidagi shifokor unga “Dok-1 Maks” siropini tavsiya qiladi. Mo‘mina shifokor tavsiyaga binoan dorixonadan xarid qilingan ushbu siropni 1 hafta davomida 3 mahal 2,5 millilitrdan (ovqatdan keyin) qabul qiladi. Shundan keyin sog‘ligi yomonlasha boshlagan Mo‘minani oyisi RSHTYOIM Samarqand viloyati filialining bolalar bo‘limiga olib boradi.

Oyisi Nasiba Rizaqulovaning ma’lum qilishicha, u yerda odam ko‘p bo‘lgan, shu sabab 21-dekabrda Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan Respublika tez-tibbiy yordam shifoxonasiga kelishgan. Jonlantirish bo‘limiga yotqizilib 12−13 marotaba “dializ” qilingan qizaloq 7-yanvarda komaga tushadi.

Mo‘mina 2023-yil 9-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Nurmuhammad Umariy, 2 yosh 6 oy 15 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Nurmuhammad Umariy 2020-yil 26-iyunda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Umariylar oilasining to‘ng‘ich farzandi Nurmuhammad 2022-yil dekabr oyida shamollab qoladi. Bobosi va onasi qishloqdagi dorixonadan “Ambronol” siropini olib kelib, 2 kun, uch mahal, 2 milligrammdan ichirishadi. Keyin bolaning tana harorati ko‘tarilib, qayt qilishni boshlaydi. 8-dekabr kuni Urgutdagi bolalar shifoxonasiga olib borishadi.

Nurmuhammadning qayt qilishi shamollashning asorati deb tashxis qo‘yilib, shifoxonaga olib qolinadi. Ikki kun o‘tib peshobi ham chiqmay qoladi. UZIda qovug‘ida siydik yo‘qligi ma’lum bo‘lgach, shifokorlar Samarqand viloyatidagi ko‘p tarmoqli shifoxonaga jo‘natishadi. U yer yopiqligi aytilib, qabul qilinmagach, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazining Samarqand filialiga borishadi. Bu yerdagi UZI natijalarida bolaning buyragi ishlamayotgani ma’lum bo‘lgach, ahvoli og‘ir deb, birdan reanimatsiyaga olinadi. Ertasiga davolovchi shifokor bolaga dializ qilish kerakligi, ammo dializ vositalari o‘zlarida yo‘qligi, yaqinlari viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasidan olib kelib bersa, muolaja boshlashlarini aytadi.

Bolaning dadasi Umarali aka viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasiga borganda shifokorlar o‘zlarida davolanayotgan 12 nafar bolaning buyragi ishlamayotgani, dializ apparatlarining bari bandligini aytib, Toshkentdan Samarqandga tibbiy buyumlar yetkazadigan bir do‘konning raqamini beradi. Toshkentdan apparatlarni topib, olib keltirguncha ikki kun o‘tadi. Nihoyat muolajalar boshlanadi. Nurmuhammad beshinchi kuni ikkita dializdan keyin komaga tushib qoladi. Bir hafta o‘tgach, peshob chiqarishni boshlaydi, buyragi ishlab ketadi. Ammo zaharli moddalar buyrakkacha bormay, tanasiga tarqalishda davom etadi. Umumiy hisobda 20 ga yaqin dializ olishiga qaramay, Nurmuhammad Umariy 2023-yil 9-yanvar kuni vafot etdi.

Azima Abdulloyeva, 1 yosh 6 oy 17 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Azima Abdulloyeva 2021-yil 23-iyunda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yilning 14−15-noyabrlarida Azimaning tana harorati ko‘tarilib, mazasi bo‘lmay qoladi. Uni ko‘rsatish uchun olib borilgan Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasining Bolalar bo‘limi shifokori antibiotik ukol, “paratsetamol-svecha” va “Ambroksol” siropini yozib beradi.

Otasi Ruslanbek Nazarov ukollarni o‘sha kuni, siropni esa keyingi kuni sotib oladi. “Ambroksol” siropini so‘raganida dorixonachi 7 ming so‘mga O‘zbekistonniki borligini aytadi, lekin chetniki yaxshiroq ta’sir qiladi deb o‘ylagani uchun uch-to‘rt dorixonadan izlab, oxiri Hindistonning “Ambroksol” siropini xarid qiladi. Dorini 4−5 kun, 19-noyabrgacha qabul qilgach Azimaning ahvolida biror ijobiy o‘zgarish bo‘lmaydi, aksincha 20-noyabr tongida qayta isitmalaydi.

Shundan keyin uni pediatrga olib borishadi. Issig‘ini tushirish uchun muolaja qilingach, uyga kelgunicha harorati tushadi. Kechga borib esa yana holsizlanadi. So‘ngra yana bolalar bo‘limidagi pediatrga olib boriladi. Pediatr bolani ko‘rib, reanimatsiyadan do‘xtirlarni chaqiradi.

Bolani reanimatsiyaga o‘tkazib, tahlillar olishadi. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgach uch soat mobaynida tuman tez yordam bo‘limida qolishadi. Keyin Termizdagi shoshilinch tibbiy yordamga olib borilib — u yerda uch kun davolanadi.

Azima jami uch marta dializ oladi. Dializ qiladigan kattalar nefrologi bo‘lgan Surxondaryoda bolalar nefrologi yo‘qligi bois 23-noyabr oqshomi shaxsiy mashinada Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazi tomon yo‘l olishadi.

Qizaloqning ahvoli 2 yo 3 kun palatada bo‘lgach yomonlashib, peshob ajratmay qo‘yadi. 25−26-noyabrda reanimatsiyaga tushadi. Bir oylarcha reanimatsiyada bo‘lib har kuni gemodializ oladi. 25−26-dekabrlar ko‘zlarini ochib biroz o‘ziga keladi, palataga olinadi. Lekin organizm kuchsizlanib qolganidan baribir karaxt, qo‘l-oyog‘i qimirlamas edi. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi qaytalanib 3 yo 4-yanvarlarda qayta reanimatsiyaga tushadi. Azima 2023-yil 9-yanvar kuni jon beradi.

Kabiraxon Nosirova, 1 yosh 2 oy 21 kun

Kabiraxon Nosirova 2020-yil 21-oktabrda Moskva shahrida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Mushtariy Nosirova yolg‘iz farzandi Kabiraxon tug‘ilgach Rossiyadan O‘zbekistonga qaytadi. Bir yil o‘tib, qizaloqda tomoq og‘rig‘i kuzatiladi. Ona tanishining tavsiyasi bilan dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini olib, uch kun, uch mahaldan (miqdori noma’lum — tahr.) ichiradi. Sirop tugasa ham qizi tuzalmagach, onasi “Ambronol” siropini olib ichira boshlaydi.

Kabiraxon avvaliga qayt qilishni boshlaydi, keyin peshobi chiqmay qoladi. Andijondagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borishganda do‘xtirlar og‘zi og‘rib, yiringlab, stomatit bo‘lib ketgani, kasalxonaga yotishi kerakligini aytishadi. Tahlillar topshirishadi. Shifoxonaga yotishning ikkinchi kunida ham qizaloqning peshobi chiqmaydi.

Mushtariy Nosirova palatadagi boshqa bir bemor bilan farzandining ahvoli haqida suhbati davomida “Dok-1 Maks”dan bolalar zaharlanib, vafot etayotgani haqida eshitadiyu, shifokorlarga “men e’tibor bermabman, “Dok-1 Maks” ichgandi, shundanmikan?” deydi. Do‘xtirlar bolani yana tekshirib, hech narsa bo‘lmaganini aytishadi. Onasi dod solib, o‘zi beparvo bo‘lganini, qiziga bir nima bo‘lib qolganini aytsa ham do‘xtirlar qaramaydi.

Taxminan 2022-yil 25-dekabr kuni Andijon markaziy shifoxonasiga o‘tishadi. Qiz uch kun dializ oladi, 20 kun shifoxonada yotib, 2022-yil 11-yanvar kuni vafot etadi. Mushtariy Nosirova suddagi ko‘rsatmasida qizi vafot etgach uyga borib “Ambronol” siropining qolgan qismini o‘zi ichib yuborganini aytgan. “Qishda, sovuqda bolam shundan o‘lganini bildim, men ham bolamning orqasidan o‘lgim keldi”, degan u.

Mansurbek Nosirov, 3 yosh 7 oy 8 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Mansur Nosirov 2019-yil 3-iyun kuni Namanganda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Mansur 2022-yil dekabrining o‘rtalarida shamollab qoladi. Shundan keyin otasi unga dorixonadan “Dok 1 Maks” siropini sotib oladi. Dorini qabul qilgandan keyin bolaning ahvoli yaxshilanish o‘rniga battar og‘irlashadi.

Otasi Nodirbek Nasirovning ma’lum qilishicha, u o‘g‘lini 20-dekabrda RSHTYOIM Namangan shahar filialiga olib borgan.

Shifokorlar farzandiga o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi anuriya bosqichi, shuningdek, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi tashxisini qo‘yadi. Tibbiy muolajalar bolakay hayotini saqlab qololmaydi.

Mansur 2023-yil 11-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Mirafzal Sheraliyev, 3 yosh 7 oy 8 kun

Mirafzal Sheraliyev 2019-yil 6-iyun kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan Mirafzal 3−4-dekabr kunlari jiyani bilan birin-ketin shamollab qoladi. Ko‘rik uchun olib chiqilgan poliklinika shifokori bolalarning har ikkisiga alohida-alohida dori yozib beradi.

Retseptda yozilgan “Sinepar” bo‘lmagani uchun dorixonachi uning o‘rniga “Dok-1 Maks” siropini beradi. Har safar dorini o‘lchab berishga odatlangan onasi, yo‘riqnomaga ko‘ra siropni 2 millilitrdan shpritsda — jami besh millilitrdan sal oshiqroq miqdorda ichiradi.

Doridan keyin bolada qusish, ich ketish, ovqat yeyishni to‘xtatish va holsizlanish kuzatiladi. Shundan keyin onasi uni qayta poliklinikaga olib chiqadi. Poliklinikadagilar uni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yubormoqchi bo‘ladi. Onasi Mushtariy Abdurahmonova esa qor yog‘ayotgani, sovuqligi, qolaversa, u yerning sharoit yaxshimasligini bilgani uchun ham Zafar shaharchasidagi asosiy shifoxona — poliklinikaning o‘zida qolishini aytadi.

Mushtariy Abdurahmonovaning ma’lum qilishicha, dushanbagacha farzandiga yaxshi qarashmaydi. Shifokorga farzandi peshob chiqarmayotganini aytganida “Balki siyayotganini bilmayotgandirsiz, pampers qo‘ying”, degan javob oladi.

Peshob ajralavermagach, shu kasalxonaning o‘zida UZI qildirmoqchi bo‘ladi, ammo ish vaqti tugadi, degan javobni oladi. Xususiy UZIga olib borganida do‘xtir “Bolangizning buyragi ishlamayapti. Nimaga ikki kundan beri kasalxonada o‘tiribsizlar”, deb zudlik bilan Toshkentga olib ketishni tavsiya qiladi.

Poliklinikaga qaytib shifokorga bu haqida xabar berganida “Tez yordam qilib beramiz, pulini berasiz”, deyishadi. Asosiysi, yaxshi joyga jo‘natishlari, bolasiga yaxshi qarashlari ekanini iltimos qilib, nima so‘rashsa, qilib berishini aytgan Mushtariy Abdurahmonova farzandi va yo‘llanma bilan 16-shahar kasalxonasining Qo‘yliqdagi filiali tomon yo‘l oladi. O‘zining mashinasi borligiga qaramay, javobgarlik borligini aytib shifoxonadan bitta do‘xtir ham qo‘shib berishadi.

Yetib borishganida shifoxona bosh shifokori borib uchraysiz deya bergan raqam egasining telefoni o‘chiq bo‘ladi. O‘sha yerdagi vrachlar esa bolalar dializi bor bo‘lgan Bolalar milliy tibbiyot markaziga borishni tavsiya qiladi.

Keyin esa do‘xtirning vazifasi birinchi tez yordam ko‘rsatish bo‘lgani uchun bolani olib qolib, darrov reanimatsiyaga olib kirishadi, lekin u yoqda davolashning iloji yo‘qligi, dializ mavjud emasligini ta’kidlashadi.

Bir yarim kundan keyin Mirafzal 16 kasalxonasiga olib boriladi. U yerda 1 oydan ko‘proq davolanib 23 marta dializ qilinadi, 3 darajali koma holatiga ham tushadi.

“Sog‘lom odam bir kun dializ olsa, bir hafta holsizlanib yuradi. Mening o‘g‘lim 23 ta dializ oldi. Endi o‘zingiz o‘ylang, ularga qanday jazo berish mumkin? 23 ta dializga chidadi, komaga tushdi, “koma-3”ga tushgan insonning undan chiqishi og‘ir. Mening bolam “koma-3”dan ham chiqib berdi. Hamma og‘riqlariga chidadi. Bir kun chekkan dardini tasavvur ham qilolmaysiz”, — degan onasi Mushtariy Abdurahmonova sudda bergan ko‘rsatmasida.

Mirafzal 2023-yilning 14-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Asilbek Mehribonqulov, 2 yosh 7 oy 3 kun

Asilbek Mehribonqulov 2020-yil 12-iyun kuni Samarqandda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Asilbekda 2022-yilning 28-dekabrida shamollash alomatlari paydo bo‘ladi. Shundan keyin 28−31-dekabr kunlari unga uy sharoitida sistema qo‘yiladi. 2023-yilning 1-yanvarida esa bolakayda quruq yo‘tal paydo bo‘ladi.

Otasi dorixonachining tavsiyasi bilan “Ambronol” siropini sotib oladi. Asilbek dorini bir yarim kun davomida 3 mahal, 0.1 millilitrdan qabul qiladi. 2-yanvar tongida peshob ajratmay qo‘ygani bois ertasi kuni uni Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga olib borishadi. Shifokor esa Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yo‘llanma beradi.

Otasi Zokir Yusupovning ma’lum qilishicha, 4-yanvarda Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga borishganidan o‘g‘liga o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. 4-yanvardan 15-yanvarga qadar dializ va boshqa muolajalar qilingan.

Asilbek 2023-yil 15-yanvarda hayotdan ko‘z yumadi.

Muslima Niyetkabilova, 2 yosh 8 oy 21 kun

Muslima Niyetkabilova 2020-yil 27-aprel kuni Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Muslima 2022-yil taxminan dekabrning o‘rtalarida shamollab qoladi. Onasi uchastka shifokorining tavsiyasi bilan “Ambronol” siropidan 5 kun 2 mahal 2,5 milligrammdan ichiradi.

Qizaloq 15-dekabrdan boshlab behol bo‘lib, siymay qo‘yadi, yo‘tal, titroq, qusish kabi holatlar ham kuzatilgani uchun ota-onasi uni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga olib boradi. “UZI” va boshqa analiz tekshiruvlaridan o‘tkazilgach shifokorlar unda o‘tkir ichak infeksiyasidan keyingi holat, gipovalemiya, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi, anuriya bosqichi tashxisini qo‘yadi.

O‘sha kunning o‘zida bir marotaba gemodializ muolajasi o‘tkaziladi.

17-dekabrda yo‘llanma bilan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi shifoxonasiga olib ketilgan. Markaz shifokorlari qizaloqqa o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘yadi.Ahvoli og‘irligi sababli jonlantirish bo‘limiga joylashtirishadi, dializ qilinadi.

2023-yil 17-yanvarda qizning ahvoli keskin og‘irlashadi. Muslima shu kuni ikki tomonlama pnevmoniya, etilenglikoldan o‘tkir zaharlanish, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi oqibatida vafot etadi.

Amirbek Baxtiyorov, 2 yosh 4 oy 22 kun

Amirbek Baxtiyorov 2020-yil 26-avgust kuni Qashqadaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Amirbek 2022-yilning dekabrida shamollab, yo‘tala boshlaydi. Unga dastlab “Paratsitamol” bergan onasi Dilnoza Qayumova qaynonasidan “Ambroksol” siropini olib kelishni so‘raydi. Qaynonasi borgan dorixonada “Ambroksol” siropi bo‘lmagan. Dorixonachi unga “Ambronol” siropini tavsiya qiladi. Shunday qilib Amirbek “Ambronol” siropining hammasini 5 kun davomida qabul qiladi va ahvoli og‘irlashadi.

Shundan keyin bolakay dastlab Qamashi tumani markaziy shifoxonasiga, so‘ngra Qarshi shahridagi bolalar shifoxonasiga olib boriladi — u yerda 17-dekabrdan 20-dekabrgacha yotadi. Shifokorlar bolaning buyragi ishlamayotganini aytadi. Shifoxonada dializ apparatining yo‘qligi uchun ular 20-dekabrda Toshkentdagi 16 sonli shifoxonaga boradi. Onasi Dilnoza Qayumovaning ma’lum qilishicha, o‘g‘lining doridan zaharlanganini aytgan shifokorlar undan “Ambronol” yoki “Dok-1 Maks” dorilarini ichirgan yoki yo‘qligi haqida so‘raydi. “Ambronol” siropidan berganini aytganida o‘g‘liga dializ apparati ulanadi.Komadan chiqadi lekin jigar qismi ham zararlanganligi sababli Amirbek 2023-yil 17-yanvarda vafot etadi.

Soliha Mahmanazarova, 2 yosh 8 oy 25 kun

Soliha Mahmanazarova 2020-yil 26-aprelda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

Onasi Madina To‘laboyevaning eslashicha, kichik farzandi Soliha ovqatdan bosh tortmas, surunkali kasali ham yo‘q, sog‘lom qizaloq bo‘lgan. 2022-yilning noyabr oyida gripp bo‘lgani uchun poliklinikadan uch marta antibiotik qildirib, sog‘aytirib olishgan. Madina opa o‘zi o‘qituvchi bo‘lib ishlagani uchun Solihani xususiy bog‘chaga bergan. Noyabrning boshida bog‘chadan bir hafta qoldirib, grippdan tuzatib, yana chiqarib yuborgan.

Bog‘chada Solihaning yo‘tali yana qaytalanib qoladi. Onasi bu gal ham antibiotik oldirmay, sirop bilan yaxshi qilib olay deb, dorixonaga borib “Linkas” siropini so‘raydi. Avvallari ikkala qiziga ham shundan ichirgan, ijobiy natija olgan. Dorixonachi “Linkas” yo‘qligini, o‘rniga “Dok-1 Maks” berishini aytadi. Madina opa dorixonachini uzoqdan tanigani uchun maslahatiga quloq soladi. “Yaxshimi?” deb so‘raganda “yaxshi”, deb javob beradi. “Yosh bolaga to‘g‘ri keladimi?” desa, yoshini so‘raydi. 2,5 yoshligini aytganda “Bo‘ladi”, deb javob beradi. Ona o‘zining ham yo‘tali borligini aytib, “Bolamga qo‘shilib ichsam, hech narsa qilmaydimi?”, desa dorixonachi “Yo‘q” deb javob beradi.

Dorini oladi. Uyga borib, Solihaga 2,5 millilitrdan uch mahal beradi. O‘zi ham kechqurun bir mahal, 1 qopqoqcha ichadi. Katta farzandi — Solihaning opasi qiziqib, “Bu ichyapti, men ichmaymanmi?”, deb xarxasha qilganda uning tiliga ham nomigagina yalatib qo‘yadi.

Dori ichgandan keyin Solihaning issig‘i tushadi, uyda o‘ynab yuradi. Bir “flakon”ni ikki yarim kunda tugatishadi. Keyin Madina opa turmush o‘rtog‘iga shu sirop yaxshi ekanini aytib, yana bitta olib kelishini so‘raydi. Undan ham ikki yarim milligramm, bir mahaldan ichirishni boshlaydi. O‘sha vaqtda Telegra’mdagi kursdoshlar guruhiga Madina opaning dugonalari “Dok-1 Maks”ning rasmini tashlab, shu doridan bolalar zaharlanayotganini yozishadi. U shosha-pisha flakonni rasmga tushirib, qiziga ichirayotganini yozsa, dugonalari birin-ketin to‘xtatishini aytib ogohlantirishadi.

Madina opa Solihani ko‘tarib poliklinikaga olib chiqib, qizi isitma qilayotgani, “Dok-1 Maks” ichirgani uchun xavotirda ekanini bildiradi. Do‘xtir “Sen xato o‘ylayapsan. Unaqa narsani xayolingga keltirma. Shunchaki gripp bolalarda shunaqa o‘tyapti. Antibiotik olsa, tuzalib qoladi”, deydi. Uch kun “seftriaksion” yozib berdi.

Qizaloq uyga kelib qusishni boshlaydi. Suv ichsa ham, meva-cheva yesa ham qaytaraveradi. Bora-bora hech narsa yemay qo‘yadi, peshobi kamayib ketadi. Ikki kun antibiotik olgandan keyin holsizlanib, o‘rnidan turolmaydigan, faqat uxlaydigan bo‘lib qoladi. Issig‘i ham chiqib ketadi.

Ona shifokorga borib qizining o‘zgarmayotganini aytganda osma ukol yozib beradi. Madina opa koronavirus paytlari osma ukol bolaning o‘pkasiga suv yig‘adi degan gaplarni eshitgani uchun qo‘rqib, rozilik bermaydi. Do‘xtir tuman shifoxonasiga borishini aytadi. Borishadi ham. Lekin Madina opa qizi bilan ovora bo‘lib u yerdagi do‘xtirga “Dok-1 Maks”ni ichirganimni aytishni unutadi. Uch kunlik osma yozib beriladi. Qizaloq bittasini olib, ikkinchisida yig‘lagani uchun hamshira keyingilarini ham qo‘yolmaydi.

Ko‘p otmay oyog‘i shishadi, peshobi chiqishi ham to‘xtaydi. Ota-onasi Qarshidagi xususiy shifoxonaga olib borishadi. Vrachga “Dok-1 Maks” ichirganimni aytanda “Bu doridan hozir zaharli moddalar aniqlangan, bilmaysizmi?”, deb qoladi. Onasi eshitmaganini aytadi. Shifokor esa bolani qabul qilmasligi, bolalar kasalxonasiga olib borishlarini aytadi.

Bolalar kasalxonasiga borishganda vrach Madina opaning qo‘lidagi bolani ko‘rib, qabul qilmasligi, tez yordamga olib borishlarini aytadi. Ona tez yordam eshigidan kirishi bilan “„Dok-1 Maks“ ichirganman, yordam beringlar”, deb baqira boshlaydi. Birdan UZIga olib kirib ketishadi.

“Ikkala buyragi ham ishlamayapti”, degan xulosa berildi. Bitta do‘xtir “Davolayman”, desa, bittasi “Bizda kattalar uchun dializ bor, kichkinalarga yo‘q. Buni yo Samarqand, yoki Toshkent olib ketasiz”, deydi. Ona esa bola ko‘tarib u eshikdan bu eshikka yurmasligi, qayerga bo‘lsa ham mashina bilan vrach berib, o‘zlari joylashtirib kelishlarini so‘raydi. Kunduzi 14:00 larda bolalar kasalxonasiga borishgan bo‘lsa, kechki 19:00 dan o‘tib, to‘lov qilishi sharti bilan tez yordam mashinasi va vrach beriladi. Ular ona-qizni Toshkentdagi 16-kasalxonaga joylashtirib ketadi.

Birdaniga kateter qo‘yishadi. Bola besh kunda komaga tushadi. Onasi vrachlardan “qizim yaxshimi?”, deb so‘raganda “qizing yaxshi bo‘lsa, reanimatsiyada yotmaysan”, degan javob oladi. Soliha 2023-yil 19-yanvarda halok bo‘ladi.

Solihaning onasi sudda ko‘rsatma berarkan, “Mening nima aybim bor? Mening farzandimni ham boshqa bolalar kabi o‘ynashga, yurishga haqqi bor edi-ku. Agar biror kasal bo‘lib yoki tuzalmaydigan surunkali kasal bo‘lsa, odam taslim bo‘lardi. „Yana shuni antibiotik oldirib qiynamay“, deb bir sirop olgan kunim shu bo‘ldimi? Kimga qanday bilmayman, lekin men ham shu qizim qatori go‘rga kirgan onalardan bittasiman. Uyimdagi qizim uchun yashab yuribman”, deb yig‘lab gapirgan.

Sudya va advokatlar bilan savol-javob davomida Madina opa doridan o‘zi ham bir qoshiq ichgani uchunmi, boshqa sababdanmi Toshkentdan qaytganlaridan keyin tobi qochgani, uch kun antibiotik olgani, siropdan biroz yalab ko‘rgan katta qizini esa tekshiruvlardan o‘tkazib turishgani, ahvoli yaxshiligini ma’lum qilgan.

Madinabonu O‘ktamaliyeva, 3 yosh 3 oy 16 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Madinabonu O‘ktamaliyeva 2019-yil 3-oktabrda Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yil 10-dekabrda Madinabonuning ovozi o‘zgarib, tomog‘i og‘riganidan shikoyat qiladi. Onasi Sadoqat Abduqunduzova 13-dekabr kuni dorixonaga chiqib, “ASS” tabletkasini so‘raydi. Dorixonachi bu dori qolmaganini aytgach, Sadoqat opa o‘rniga birorta dori tavsiya qilishni so‘raydi. “Dok-1 Maks” beriladi. Uyga olib kelib qiziga yo‘riqnomasida yozilgandek ikki mahal, 2,5 milligrammdan ichira boshlaydi.

Oila yangi uyga ko‘chgani sabab qizaloqni o‘sha kunlari bog‘chaga berishadi. Birinchi kun hech narsa bo‘lmaydi. Ikkinchi kun siydigida qizarish paydo bo‘ladi. Sadoqat opa bog‘chaga telefon qilganda Madinabonu ovqat yemasdan faqat qizilcha salat yeganini aytishadi. U siydik qizarishini shu salatdan bo‘lsa kerak deb taxmin qilib, pediatr qaynonasiga telefon qilib vaziyatni aytganda “bo‘lishi mumkin” degan tasdiqsifat javobni oladi. Uchinchi kuni soat 12:00 larda bog‘chadan telefon qilib qizaloqning faqat qayt qilib, yotgani, hech kim bilan o‘ynamayotganini aytishadi.

Sadoqat opa qizini bog‘chadan olib chiqib, oshqozoni buzilgandir deb gumonlab, 16:00 larda Chust tuman tez tibbiy yordamiga olib borib, oshqozonini yuvdirib keladi. Lekin Madinabonu qayt qilishi to‘xtamaydi. Suv bersa, ham qayt qilib tashlayverdi. Shu kundan sirop berishni to‘xtatadi. Orada shanba-yakshanbaga to‘g‘ri kelib qoladi. Qaynonasini chaqiradi. U nevarasining kam siyayotganini suvsizlanib qolganiga bog‘laydi. Bolaning tanasida shish paydo bo‘la boshlaydi. Yakshanba kuni uning o‘zi onasiga “Oyijon, siyishni bilmayapman”, deydi.

Ona 19-dekabr, dushanbada xususiy klinikadagi UZIga olib boradi. U yerda buyragining rangi o‘zgargani, ocharmayotgani, qon aylanmayotganini aytishadi. Keyin qaynonasi bilan Namangan shoshilinch tez tibbiy yordamga olib borishadi. Necha kundan beri siymayotganini so‘rashganda ikki kunligini aytadi. O‘sha kuni qizaloqni reanimatsiyasiga olib, hamma tahlillarni qilishdi. Mochevina darajasi juda ko‘tarilib ketgani aniqlanadi. Bir soat o‘tib gemodializ muolajasini boshlashadi.

Shu bilan Madinabonu 22-dekabrgacha faqat qayt qiladi, o‘zgarish bo‘lmaydi. Sadoqat opa o‘sha kuni “Dok-1 Maks”dan zaharlanish holatlari bo‘lgani haqida xabarlar o‘qiydi. Qizcha 24-dekabrda og‘irlashadi, ko‘zi og‘riyotganidan shikoyatni qildi. Shu kuni 16:00 larda komaga tushdi. Shu ahvolida 29 kun dializ oladi. O‘rtada faqatgina bir kun mochevinasi yaxshi chiqqani uchun tanaffus bo‘ladi. 17-yanvar kuni terisi ostida toshmalar paydo bo‘lib, mayda tomirlari, ya’ni trombotsitlari yorilganini aniqlanadi. 18-yanvar kuni yana dializ oladi, 19-yanvar kechki soat birlarda qizaloqning joni uziladi.

Marhuma qizaloqning onasi Sadoqat opa suddagi ko‘rsatmasida turmush o‘rtog‘i 2021-yil 11-avgustida koronavirus sabab vafot etgani, Madinabonu eridan qolgan yolg‘iz yodgor bo‘lganini aytgan.

“Bolamning kasalxonada bir oy chekkan azoblari, bir qulog‘idan oqqan qonli yiringlarini ko‘rganim, komaga ketayotgan kunida „Bolam, qayering og‘riyapti“, deb so‘raganimda „Oyijon, hech qayerim og‘rimayapti. Faqat bag‘ringizga bosing“, deb javoblari hamon esimda. U erimdan qolgan yagona yodgorim edi. Mayli, hammaning bolasi o‘ziga azizu, men qizimni osonlikcha katta qilayotganim yo‘q edi. Uni o‘zim yolg‘iz katta qilib, u bilan yolg‘iz yashagan edim. O‘sha ruhiy tushkunlikdan haligacha chiqa olganim yo‘q”, deb yig‘lab gapirib beradi u.

Zuhra Erkinova, 5 oy 30 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Zuhra Erkinova 2022-yil 22-iyulda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi majlislaridan “Gazeta.uz” tayyorlagan stenogramma asosida bayon qilinadi.

2022-yil dekabr oyida 5,5 yoshli egizaklar Fotima-Zuhraning Zuhrasi shamollab qoladi. Ota-onasi 2017−2018-yillarda shamollab qolgan boshqa farzandlari “Sinepar kid”dan tuzalgani uchun Zuhraga ham shu doridan olib ichira boshlashadi. Keyingi kun ikki marta “Dok-1 Maks”, bir marta “Ambronol” siropidan shpirts bilan 1,5 millilitrdan ichirishadi.

Qizchaning peshobi chiqmay qoladi. Buni kechki payt bilib, shifoxonaga olib borishadi. Shifokorlar peshob chiqmayotganini bolaning tanasida suyuqlik qolmagani bilan bog‘lab uyga jo‘natib yuboradi. Peshob chiqmaslik keyingi kun ham davom etgach, ota-onasi yana uchta joydagi shifokorlarga olib boradi, Respublika tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markazining Namangan filiali urologlari ham ko‘rib tashxis qo‘yisholmaydi.

Qon laboratoriyasida ishlaydigan tanishlariga aytib tahlil topshirishganda keratin miqdori dozasidan oshib ketgani aniqlanadi. Shifokorlar zahar butun tanasiga tarqalib ketayotgani uchun qizni Toshkentga olib borish kerakligini aytishadi. Zuhra 5-yanvar kuni Toshkentdagi bolalar milliy tibbiyot markaziga olib kelinadi, 17 kunlik davolanishlarga qaramay 2023-yil 21-yanvarda vafot etadi.

Muslima Davronbekova, 2 yosh 9 oy 5 kun

Muslima Davronbekova 2020-yil 26-aprelda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi sud hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

Muslima 2022-yilning 9-noyabrida shamollab qoladi. Onasi tug‘uruqxonada bo‘lgani bois buvisi Abdullayeva Izzatoy uyining oldidagi dorixonadan “Dok-1 Maks” siropini sotib oladi. Muslima dorini 2 kun davomida 2 mahal, 2,5 millilitrdan qabul qilgach ahvoli yomonlashib qayt qila boshlaydi.

Shundan keyin uni Xiva tumani shoshilinch shifoxonasiga olib borishadi. U yerdagilar Urganchga olib borishni aytadi. RSHTYOIM Xorazm viloyati filialiga borishganida barcha tahlillar olinib, UZI qilinganidan keyin esa ularda gemodializ yo‘qligini aytib, qizaloqni Toshkent shahriga olib borishni tavsiya qilishadi.

Muslima Toshkentdagi RSHTYOIMga kelganidan keyin reanimatsiya bo‘limiga joylashtiriladi va uni gemodializ qilish boshlanadi. Oradan uch kun o‘tib komaga tushgan Muslima 2023-yil 31-yanvar kuni hayotdan ko‘z yumadi.

Humoyun Erkinov, 4 yoshu 1 oy 22 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Humoyun Erkinov 2019-yil 3-mart kuni Surxondaryoda tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

2022-yil 18-dekabr kuni Humoyunda yo‘tal boshlanib, tana harorati ham ko‘tariladi. Shundan keyin uning otasi shifokor tavsiyasiga ko‘ra dorixonadan “Ambronol” siropini olib keladi.

Bolakayga sirop 3 kun 3−4 mahaldan ichiriladi. Dori ta’sir qilmagach, uni Qumqo‘rg‘on tumani shifoxonasiga olib borishadi.

Otasi Sirojiddin Xasanovning ma’lum qilishicha, u yerda o‘g‘liga “sariq kasal” deb noto‘g‘ri tashxis qo‘yish bilan birga, boshqa bir kasal bilan adashtirib boshqa shifoxonaga yo‘llanma berishadi,

Humoyunga qilingan osma ukol ketmay qolgach, uni RSHTYOIM Surxondaryo filialiga olib borishadi. Shifoxonada o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilib, gemodializ qilish tavsiya qilinadi. Biroq F4 flakonli filtr topilmaydi va shu bois kasalxonada 1 kun qolib ketishadi. Oqibatda Humoyunning ahvoli yomonlashadi.

21-dekabrda u Toshkentdagi RSHTYOIMga olib kelinadi. Bu orada peshob ajratmay qo‘ygan bolakayga gemodializ qilinadi. Ikki kun o‘tgach esa uni “Bolalar milliy tibbiyot markazi”ning Reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazishadi.

Kasallik bilan 5 oy kurashgan Humoyun 2023-yil 25-aprel kuni vafot etadi.

Yasmina Sherqulova, 8 yosh 1 oy 30 kun

Yasmina Sherqulova 2015-yil 19-fevral kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmidagi tafsilotlar asosida bayon qilinadi.

1 sinf o‘quvchisi bo‘lgan Yasmina taxminan 12−13-dekabrda tomog‘i achishib og‘riyotganidan shikoyat qiladi. Onasi Saodat Fayzullayeva uyining oldidagi dorixonachining tavsiyasi bilan “Dok 1 Maks” siropini sotib olib, qiziga yo‘riqnomaga ko‘ra — tushlik paytida 2,5 millilitrdan ichiradi. Kechga borib qayt qila boshlagan Yasmina dorini 2 kun 2 mahaldan qabul qiladi, shu ikkinchi kuni tuz totmaydi.

Qayt qilishi to‘xtayvermagach, poliklinikaga olib chiqilgan Yasmina dastlab ko‘p tarmoqli shifoxonaga yuboriladi. Ko‘p tarmoqli shifoxonadagilar esa yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuboradi, ammo shifoxonadagilarning hech biri qizning ahvoli nima sababdan og‘irlashganini bilmaydi.

Onasi Saodat Fayzullayevaning ma’lum qilishicha, kechasi shifoxonaga qayta olib borganida Yasminaga qarashmagan — shifokorlar qizida virus kechayotganini aytib, uni kushetkaga yotqizib qo‘ygan. Ertalab qiziga qarashini so‘raganidan keyingina reanimatsiyaga olib kirishadi.

2022-yil 17-dekabrda Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilganida uning buyragi ishlamayotgani, peshob chiqarmayotgani aniqlanib, gemodializ qilinadi.

3−4 kun o‘tib komaga tushgan qizaloq, 1 oydan keyin koma holatidan chiqadi. Yana 10 kun o‘tgach qayta komaga tushadiyu bu safar undan qaytib chiqmaydi — Yasmina 2023-yil 18-aprel kuni hayotdan ko‘z yumgan.

Abubakr Muhammadjonov, 5 yosh 9 oy 27 kun

доk-1 маkс, доk-1 маkс ishi

Abubakr Muhammadjonov 2017-yil 26-iyul kuni Namangan viloyatida tug‘ilgan. Uning kasallik tarixi “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudi hukmi asosida bayon qilinadi.

Abubakr 2022-yilning dekabrida shamollab qoladi. Shu sababli onasi 20-dekabrda uni oilaviy poliklinikaga olib boradi. Bolalar shifokori unga “Ambronol” siropi va yana 2−3 xil dori yozib beradi. Sotib olingan dorilarni bolakay 3 mahal 5 mldan qabul qiladi.

Dorilarni ichgach, peshob ajratmay qo‘yadi, qayt qilishni boshlaydi. Shifokor yo‘llanmasi bilan yuqumli kasalliklar kasalxonasiga olib boriladi. Bolaning o‘pkasida shamollash borligini aytgan do‘xtirlar uni viloyat bolalar shifoxonasiga yuboradi. Abubakr bolalar shifoxonasida payti yengil koma holatiga tushadi.

Shundan keyin uni RSHTYOIM Namangan filialiga yotqizishadi. U yerda “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi qo‘yiladi. 4−5 kun reanimatsiya bo‘limida gemodializ qilinadi. Bolaning ahvoli yaxshilanmagach, shifokorlar uni Toshkentga olib borishni tavsiya qiladi.

Otasi Ibrohimjon Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga ketishayotganida o‘g‘li yana yengil koma holatiga tushadi. U 2023-yil 5-yanvar kuni Toshkent Bolalar milliy tibbiyot markaziga yotqiziladi. U yerda dializ muolajalarini oladi.

Ammo muolajalar natija bermaydi — Abubakr 2023-yil 23-may kuni vafot etadi.

Ushbu material ustida Ziyoda Ramazonova, Gulira’no Musayeva, Mirolim Isajonov, Muhrim A’zamxo‘jayev, Shahzod Habibullayev ishladi. “Gazeta.uz”ning “Dok-1 Maks” ishiga doir materiallari ustida, shuningdek, Shohruh Haydarov, Elshod Salimov, Madina A’zam, Ma’murjon Obrahmatov ham mehnat qilgan.