26-dekabr kuni 100 nafar falastinlik Toshkentga evakuatsiya qilindi. Ta’kidlanishicha, ushbu amaliyot, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, Misr va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirilgan. “Gazeta.uz” Chirchiqdagi “Bo‘ston” dam olish maskaniga joylashtirilgan bir guruh falastinliklar bilan suhbatlashdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Davron Sultanovning “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qilishicha, 23-dekabr kuni Misrdagi falastinlik bemorlarni saralash hamda ularni O‘zbekistonga olib kelish uchun 7 nafar shifokor mutaxassislardan iborat ishchi guruhi Qohira shahriga borgan.
“Ishchi guruhi hamda elchixona vakillari bilan birgalikda Qohira shahridagi 21 ta shifoxonaga joylashtirilgan falastinlik bemorlar orasidan sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan 34 nafari va ularning 66 nafar hamrohlari, jami 100 nafar kishi saralab olindi”, — deydi SSV rahbari o‘rinbosari.
Shundan,
- 3 yoshgacha bo‘lganlar — 8 nafar,
- 4−6 yoshdagilar — 11 nafar,
- 7−18 yoshdagilar — 26 nafar,
- 19−40 yoshdagilar — 31 nafar va
- 40 yoshdan kattalar — 25 nafarni tashkil etadi.
34 nafar bemorning uch nafari yotoq holatida, ikki nafari o‘rta og‘ir ahvolda, sakkiz nafarining harakati cheklangan, qolgan 22 kishining ahvoli o‘rta darajada.
Davron Sultanovning qayd etishicha, evakuatsiya qilingan falastinliklarning barchasi “Bo‘ston” dam olish maskaniga joylashtirilgan. Ularni birlamchi tibbik ko‘rikdan o‘tkazish uchun 26 nafar malakali shifokor jalb etilgan.
“Bemorlar kasallik diagnozi va ahvoliga ko‘ra, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlariga davolash uchun yo‘naltiriladi. Hamrohlari uchun esa „Bo‘ston“ sihatgohida reabilitatsiya tadbirlari tashkil etiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Gazeta.uz” muxbirlari evakuatsiya qilingan falastinliklar bilan suhbatlashdi. Ular 2023-yil 7-oktabrdan keyingi hayotlari, qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirganliklari, ularga qanday yordam kerakligi haqida gapirdi, shuningdek, ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
Rafiq Dog‘mush, 16 yosh
Uylarni hech bir ogohlantirishlarsiz bombardimon qilishdi, snayperlar bolalarni nishonga oldi. Masalan, amakimning o‘g‘li snayper sabab halok bo‘ldi. U to‘p o‘ynayotgan edi, snayperlar esa uni nishonga olib, otib o‘ldirdi. U yerda har lahzada halok bo‘lishingiz mumkin, hayotingiz kafolatlanmagan.
Men, opa-singillarim va onam uyda tonggi soat 6:30 da uxlab yotgandik. Ko‘zimni ochganimda o‘zimni shifoxonada ko‘rdim. Opa-singillarim bo‘laklarga bo‘linib ketgan, onamning boshi yo‘q — barchalari halok bo‘lgandi…
Faqat men va singlim tirik qoldik, singlim hozir G‘azoda, chodirda yashayapti. Ocharchilik, oziq-ovqat yetishmovchiligi bor. Meni G‘azodan Misrga olib chiqishganida vaznim 20 kilo edi. Boshimni ko‘tara olmasdim, biror odam boshimni ushlab turishiga ehtiyoj sezardim. Shifokorlar yetishmagani uchun mana bu oyog‘imni uch marta kesishdi. Avval mana bu yeridan, keyin bu yeridan, oxiri bu yeridan.
Men Misrga olib borishganida o‘lim yoqasida edim. Ahvolimni ko‘rgan misrliklar hech qanday yordam bera olmasliklarini aytishdi. Apreldan beri Misrdaman. Oziq-ovqat bilan ta’minlab, tanamdagi jarohatlarning bog‘ichlarini yangilab turishdi. Menda muammo juda ko‘p: oyog‘imni mana bu joyidan boshlab umuman sezmayman, harakatlantira olmayman ham. Bu borada Misrdagi shifokorlar hech qanday yordam bera olmadi. Ikkita shifoxonaga bordim, lekin yordam bera olishmadi.
Dunyoga aytar so‘zim shu: nima qilib bo‘lsa-da, G‘azoda qolgan bolalarni qutqaring! Oilasi, ota-onasi, aka-ukalarini yo‘qotgan bolalarni qutqaring. Eng kamida yaralangan, jarohatlanganlarni tashlab qo‘ymang. Men o‘zim G‘azoda bo‘lgan vaqtim o‘lim yoqasida edim. Alloh qutqarib qoldi va omon chiqdim.
Bizni O‘zbekistonga olib borishlari haqidagi xabarni eshitganimda xursand bo‘ldim va bu mamlakat haqida ma’lumot qidirib ko‘rdim. Ma’lumotlardan bu yaxshi o‘lka ekanini bilgach, yanada xursand bo‘ldim. Samolyotga chiqqanimizda bizga bo‘lgan munosabat, chiroyli xulqni ko‘rib, to‘la xotirjam bo‘ldim. Bunday katta yordam uchun sizlarga ko‘p rahmat aytaman!
Bugunning o‘zida oldimga uch shifokor keldi. Ular juda hurmatli kishilar edi. Qanday tushuntirsam ekan — ular menga gapirishga imkon berib, so‘zlarimni oxirigacha tinglab, so‘ng meni tekshirishga kirishdi. Bu, G‘azo va Misrdagi shifokorlar bilan taqqoslasam, men ko‘rgan eng yaxshi doktorlar edi.
Muhannad Abu Olba, 26 yosh
Urush boshlangach, dastlab shimoliy mintaqalarni bo‘shatish haqida buyruq keldi. Shimoldagilar janubga ko‘chdi. Chunki janubiy mintaqalar xavfsiz hisoblanardi. Ammo, shimolni tashlab, janubga ko‘chganimizdan so‘ng u yerni ham bombardimon qila boshlashdi. Biz taxminan yetti marta u uydan bu uyga ko‘chdik. G‘azodagi aholining ko‘pchiligi 5−10 martalab ko‘chishga majbur bo‘lgan — avval u uydan bu uyga, keyin chodirlarga, so‘ng shifoxonalarga… Ko‘pchilik shifoxonalarda yashayotgandi.
Misol uchun, Ma’madaniy shifoxonasini olaylik — Isroil armiyasining raketa hujumi sabab 350 kishi qurbon bo‘ldi. Bir kunning o‘zida, bir zarbada… Bu birgina Ma’madaniy shifoxonasiga otilgan raketa oqibati. Shifoxonalar xavfsiz hudud hisoblangani, xalqaro tashkilotlar tomonidan shunday e’tirof etilgani uchun ham odamlar u yerga qochib borayotgandi. Ammo Isroil armiyasi bu shifoxonami, o‘t o‘chirish bo‘limimi, tez yordam markazimi — bunga umuman qiziqmadi, duch kelgan joyga bomba, raketa otaverdi.
Biz janubga qarab ketdik. Janubda ham tanklar, artilleriya, samolyotlardan bombardimon qilish holatlari bo‘ldi. Bu bombardimonlar hech bir ogohlantirishlarsiz qilindi. Odamlarni beshafqat bombardimon qilishdi.
Ular bombardimon qilinayotganlar oddiy odamlar — tinch aholi ekaniga ham qarab o‘tirishmadi. Butun boshli uylarni bombardimon qilishdi. Bir uyda taxminan 40−50 kishi bo‘lsa, ularning bari bir zarbada o‘ldirilardi. Mening o‘nlab qarindoshlarim 20-yanvarda bitta raketa zarbasi oqibatida birga halok bo‘ldi. Men va ukam Yahyo yaralandik. Yahyo chap ko‘zidan yaralandi. Snaryad parchalari chap ko‘ziga tekkan va ko‘rish qobiliyatini yo‘q qilgan. Yahyo hozir faqat bir ko‘zi bilan ko‘radi. Ikkinchi ko‘zi ko‘rmaydi.
Falastin xalqi va G‘azo aholisiga mehr-shafqat bilan munosabatda bo‘lishlarini so‘rab qolardim. Ular har kuni genotsidga duch kelyapti. Har kuni boshpanalari bombardimon qilinyapti. Har kuni chodirlari bombardimon qilinyapti. Vaholanki, bu chodirlarning o‘zida yashash, yemoq, ichmoq uchun yetarli sharoitning o‘zi yo‘q. Boz ustiga sovuq. Biz chodirlarga qishda, juda sovuq, shamol esib turgan vaqtda ko‘chgan edik.
Xalqaro tashkilotlardan bizga rahm-shafqat ko‘rsatishlari va bu genotsidni to‘xtatishlarini so‘rab qolaman.
Biz tinchlik va xavfsizlikni taxminan 2000-yillarda, G‘azo sektorini mustamlaka, umuman, Falastinni okkupatsiya qilishganidan so‘ng yo‘qotganmiz. Bizda har yili urush bo‘lardi: 2008-yili urush, 2012-yili urush, 2016-yili urush, 2017-yili yana urush… Ya’ni, taqriban har yili yoki har ikki yilda bir G‘azoda urush edi. Biz tinchlik nimaligini unutib ham qo‘yganmiz. Umid qilamizki, bu tinchlik qaytadi, inshaalloh.
O‘zbekiston haqida avval ham eshitgandim, ammo bu mamlakat bizga, G‘azo sektoridagilarga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkinligini hech tasavvur qilmagandim. O‘zbekiston G‘azodagilarni kutib oldi, ularni turar joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minladi va e’tibor qaratdi, sog‘liqni saqlash tomonidan ham e’tibor ko‘rsatdi va yelkadosh bo‘ldi. O‘zbekistonga ko‘p rahmat.
Mira Zeno, 11 yosh
G‘azo bu — sabot va izzat yeri. Biz ham 5 oy urushning guvohi bo‘ldik. Bombardimonlarni, ko‘z oldimizda o‘liklar va jarohatlanganlarni, harbiy samolyotlarni ko‘rdik. Allohdan u yerda qolgan otamni o‘z himoyasida saqlashni so‘rayman.
Hozircha onlayn o‘qiyapman. Urushdan oldin ham maktabda o‘qiganman. Urush payti hamma maktablar bombardimon qilib tashlandi — maktab qolmadi. Uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lganlar ham maktablarda yashashiga to‘g‘ri keldi. Kitoblar va o‘quv qurollari yo‘q edi.
Maktabim, bog‘larni, hamma narsani sog‘inyapman. Odamlar o‘lib ketyapti va ularni himoya qiladigan hech kim yo‘q. Men opam tuzalib ketishini, otam va biz tinchlikda yashashimizga umid qilaman. To‘g‘risini aytaman, O‘zbekiston biror kam-ko‘st qilmadi. Opamning muoalajasini amalga oshirdi, bizga g‘amxo‘rlikni ham o‘z bo‘yniga oldi. Maktablarga kirishimizga ham yordam berdi. O‘zbekistonga rahmat.
Kelajakda, inshaalloh, shifokor bo‘lishni xohlayman. Chunki, yoshligimdan tish shifokorlgini yaxshi ko‘raman.
G‘azal Zeno, 12 yosh
Bizga nisbatan urush juda beshafqat bo‘ldi. O‘zbekistonga rahmat aytmoqchiman, chunki u biz haqimizda qayg‘urdi, urushdan chiqib ketishimiz haqida qayg‘urdi. To‘g‘risi, biz u yerda juda og‘ir ahvolda edik. Boshimiz uzra bombardimon bo‘lardi. Allohga shukr, u yerdan eson-omon qutulib chiqdik. Ko‘pchilik halok bo‘ldi. Biz sabr qilishimiz kerak. G‘azo — sabot yeridir! Robbimiz bizga yordam beradi va yaqin orada g‘alaba qozonamiz.
Men hozir urush sabab onlayn o‘qiyapman. Maktablar bombardimon bo‘lib ketgan, G‘azoda maktablar qolmagan. Men bu yerga faqat onam va opalarim bilan keldim. Otam va qolgan qarindoshlarim o‘sha yerda. Otam tirik. Alloh u kishini o‘z hifzida asrasin.
G‘azoda hech qanday tinchlik, omonlik yo‘q. Bizni, Xudoga shukr, shu yerga olib kelishdi. Bu yerda tinchlik va xavfsizlik bor. Biz vatanimizda urush bo‘layotgani uchun shu yerdamiz…
Majda Abuatayya, 36 yosh
Biz bir maktab binosida yashayotgan edik. Uning yonida masjid bor edi. Masjid portlatildi va biz jarohatlandik. Nima bo‘layotganini tushunmay qoldik va u yerdan chiqdik. Urush boshlanganida biz G‘azoda mashinada ketayotgan edik. Bizga xabarnomalar tarqatishdi va Nusayrot degan yerga ketdik. Ikki kundan so‘ng uyga qaytib, bolalarimning kiyimlarini olmoqchi bo‘ldim, chunki ularning kiyimi yo‘q edi. Biroq uyim qulab, vayron bo‘lib yotganini ko‘rdim. Isroil armiyasi biz yashayotgan uyni portlatgandi.
Biz yashayotgan maktabni ham bombardimon qilishdi. Biz jarohat oldik .O‘g‘lim ham boshidan jarohat oldi. Uning boshiga katta tosh tushib ketdi. Biz ochlikda, juda qattiq qiyinchilikda yashadik. Suv yo‘q, bolalar ovqat yo‘qligidan qorinlarini bog‘lab olishgandi. Juda qiynaldik. Ikki-uch kun yeyishga hech narsa topolmay qolib ketdik. Ahvol shu darajaga yetdiki, daraxt barglarini yeyishga ham majbur bo‘ldik. Hayotimdagi hamma narsa ketdi: uyimiz yo‘q bo‘ldi, turmush o‘rtog‘im, qarindoshlarimning ko‘pchiligi halok bo‘ldi.
Keyin Rafah degan joyga ko‘chdik. Qizim chodirda o‘ynab yurgandi, birdan yana portlash bo‘ldi. Keyin, qarasam… Men boshqa bir joyda yaradorlarga yordam berayotgan edim. Keyin, o‘zimiz yashaydigan joyga qaytib bordim. Qizimga bomba parchalari tegib, oyog‘i uzilib ketgadi. Xuddi shu vaqtning o‘zida uni mashina ham urib yuborgan.
Qizimning G‘azoda 17 marta operatsiya qilishdi. Oyoqlarini kesishdi. Qizimni Misrga ko‘chirishlari uchun juda ko‘p harakat qildim. Misrda yana 5 marta operatsiya bo‘ldi. Urush boshimizga juda ko‘p balolar soldi: bolalarimizni o‘yindan mahrum etdi, boshqa bolalardek yashashdan mahrum etdi. Bolalarimiz ko‘z oldimizda och qolayotganini ko‘ra turib, hech narsa qilolmay qoldik.
Suv masalasida… ont ichib aytamanki, chanqagan holimizda uxlab qolardik. Sovuqni-ku qo‘yavering. Ko‘chadagi chodirda yashar edik. Chodirimizga yomg‘ir suvlari kirib ketardi.
Televizorda ko‘rsatilgani bilan asl voqelik ichida yashash — boshqa-boshqa narsa. Tuni bilan sovuqdan qaltirab chiqardik. Nima qilishni bilmasdik. Oilamda sovuqdan o‘lgan bolalar bor. Biz boshdan kechirgan qiyinchiliklar aytib, tasvirlab bo‘lmaydigan darajada. Ocharchilik deysizmi, qiyinchilik, azob, og‘riq, hamma-hammasi bor.
Bir vaqt, o‘tirgan edik, shunday kuchli portlash bo‘ldiki, lahza o‘tmay bolalarimning bo‘laklari yerlarda sochilib yotganini ko‘rdim.
Hamma amakilarim ko‘z oldimda halok bo‘ldi. Aqlga sig‘mas hodisalarni ko‘rdim. Tunlari qo‘rquvdan uxlayolmasdik, bomba tushishidan qo‘rqib, uxlamay chiqardik. Bolalarimning barini yonimga olib, hammalari bir-birlarini ushlab, shahodat qaytarib yotishlarini aytardim va birga o‘lishni o‘ylardim.
Bolalarimizni ta’limdan mahrum qilishdi. Men o‘zim ularni o‘qitardim. Misrga kelib, bolalar o‘ynab yurganini ko‘rganimda, ularga qarab yig‘lashni boshladim. G‘azoda qolgan bolalarim uchun yig‘lardim. Ularni hamma huquqlarini tortib olishdi. Bolalarim tunlari yig‘lab chiqardi…
Qizim uyg‘onib, dadamga boraman, derdi. Dadam qani, bobom qani, derdi. Bilmayman… Hammalari halok bo‘ldi. Hech kim qolmadi. Biz, mana chiqib, O‘zbekistonga keldik, Misrga bordik, u yerga borardik, bu yerga borardik, qayerga borishni bilmasdik. Yurtimizni yo‘qotdik, oilamizni yo‘qotdik, uyimizni yo‘qotdik.
Allohga hamd bo‘lsin, go‘zal evaz berib, bizga mard odamlarni yordam beradigan qilib qo‘ysin.
Men O‘zbekistonga kelganimda, ochig‘i, qo‘rqayotgan edim. Bo‘ldi, bu hayotimdagi so‘nggi qaror, deb o‘yladim. Men olti bolam bilan yo‘lga chiqqandim, yelkamda ularning mas’uliyati bor. Aeroportga kelganimda delegatsiyaning kutib olishlarini ko‘rib, ularning ehtiromini ko‘rib, bolalarimizga bo‘lgan munosabatlarini ko‘rib — ular bolalarimiz bilan o‘ynashayotgandi — Allohga qasamki, yengil tortdim. Bolalarimga, qarang, ular yaxshi odamlar ekan, dedim.
Bizga tayyorlab qo‘yishgan joylarini ko‘rdim, yeyish va ichish sharoitlarini ko‘rdim — muhabbatim yanada ortdi. Oxirigacha mana shunday chiroyli qolishini tilayman, doimo yonimizda turib berishlarini so‘rab qolaman. Farzandlarimizga ta’lim olishga sharoit qilib bersalar, ularni bu og‘ir vaziyatlardan chiqarsalar, deb niyat qilaman.
O‘zim hozir tushkunlikdaman. Men Misrga ilk kelgan vaqtim urushda ko‘rgan-kechirganlarim oqibatida har kuni yiqilardim, har kuni zinalarda hushimdan ketardim. Biz juda ko‘p qiynaldik. Falastinliklarni ko‘rsangiz, ularning ko‘zlari ostida qoralik bor, bu charchoqdan. Bunday qoralikni boshqa hech kimda ko‘rmaysiz. Boshqa davlatlarga borsak, hamma ko‘zingizning tagi nega qora deb so‘raydi. Ko‘p o‘ylaganimizdan, kam uxlaganimimizdan, og‘riqdan, deb javob berardik.
Biz shunday ahvolga tushdikki, holimizni yolg‘iz Allohning o‘zi biladi. Men bir ayol sifatida huquqlarim qayta tiklanishini istayman. Bolalarimning huquqlari qayta tiklanishini xohlayman. Nega bizning bolalarimiz boshqa bolalardek yashay olmaydi?
Men sizlardan bu yerda bizni o‘zingizning odamlardek qabul qilishingizni, bizga e’tibor ko‘rsatishingizni istardim. Shu bilan birga bizdan boshqa ruhiy, jismonan azob chekkan kishilar bor. Ularni ham O‘zbekistonga olib kelib, mehmon qilishlariga umid bildiraman.
Farzandlarimizga ta’lim olishga sharoit yaratib bersalar, deyman. Bu bir ajrga ega bo‘lish uchun katta fursat, ishoning G‘azo bolalariga qilingan har bir yordam sizlar uchun katta ajr. Chunki, ular G‘azoda xuddi tirik murdadek, shunday yashashyapti. Uyimdagilar men bilan bog‘lanishganda, o‘limni kutyapmiz, deyishyapti. Ular o‘limni orzu qilishyapti. Ochlikda yashashyapti. Qasam ichib aytishim mumkin, ular haftalab, oylab tuz totmay yashashyapti. Shunchaki non yeyishni orzu qilishyapti. Juda ko‘p muhtojliklari bor. Biz ularni his qila olamiz, chunki shunday hayotni yashab o‘tdik.
Bolalarimiz ta’lim olishga, ruhiy qo‘llovga muhtoj. Bombardimonlar asorati sabab ular tunda uyg‘onib ketadigan bo‘lib qolgan, uxlay olishmayapti. Ruhiy qo‘llov, bolalarga ko‘ngilochar biror mashg‘ulotlar, agar bu yerda qolishimizga imkon bo‘lsa, til o‘rganishlari lozim, maktablarga borishlari kerak… Men uchun eng muhim narsa: ta’lim.
Mening ovozi juda chiroyli qizim bor. Unda tug‘ma qobiliyat bor. Uning o‘z yurtimga atalgan madhiyalar, qo‘shiqlar aytsam, bir san’atkor bo‘lsam, degan orzusi bor edi. Uning ovozidan foydalanish kerak. U maktabida eng faol o‘quvchilardan edi. Universitetda o‘qib, diplom olsa, go‘zal qo‘shiqlar aytishni xobbi qilmoqchi edi. Hatto, koreyscha kuylab yuradi. U bizning dardimizni qo‘shiqlar orqali yetkazmoqchi edi. Biroq uning bu qobiliyati ochilmay qolyapti. Nima qilishni ham bilmayman.
Bir qo‘nim topadigan uyimiz, bolalarimiz uchun sarflashga oz-moz pul bo‘lsa edi. Bolalarimiz muhtoj. Albatta, ko‘p narsaga muhtoj emasmiz. Muhimi: tinchlik va odamlar biz haqimizda bilishi, holimizdan qayg‘urib, o‘z bag‘riga olishi. E’tibor qaratishi. Eng muhimi shu.
Albatta, bizni kutib olgani uchun O‘zbekiston davlatiga rahmat aytamiz. Bizga chiroyli muomala ko‘rsatishdi. Barcha ehtiyojlarimizni qondirishdi, go‘zal kutib olishdi. Buni hech qachon unutmaymiz. Ularga rahmat aytamiz, barcha xayrli tilaklarni bildiramiz.
Allohga qasamki, biz sizlarning kutib olishlaringizdan juda xursandmiz, bunday chiroyli kutib olishingizni hatto taxmin ham qilmagandik. Rahmat. O‘zbekiston prezidentiga rahmat aytamiz. Alloh ishlariga baraka bersin, o‘zbek xalqiga baraka bersin. Doimo o‘ylaganimizdek qolishingiz, sizlar ham biz haqimizda chiroyli o‘y-fikrda qolishingiz nasib qilsin.
Bizning muammomiz — Falastin masalasida o‘zaro hamkorlikda qolishni nasib qilsin. Sizlarga baraka bersin, rahmat.
Najla Buraiy, 39 yosh
G‘azo sektorining shimolida istiqomat qilardim. Biz uylarimizda xavfdan xoli yashayotgandik, to‘satdan urush boshlanib ketdi. Bu urush yurtimiz, oilamiz va yoshlarimiz ayovsiz qiynagan, la’natlangan bir urush bo‘ldi.
Biz shimolda taxminan 37 kun bo‘ldik. O‘sha paytda uyim vayron bo‘lib, u yerdagi barcha halok bo‘ldi. Isroil okkupatsiyasining qurolli tahdidi sabab yashash joylarimizni tashlab, markazroq mintaqalar tomon chiqib ketdik. Men Dayr al-Balah degan mintaqaga bordim. Dayr al-Balahda bir yarim oy qoldim.
Keyin, Dayr al-Balah janubidagi Matohin degan joyga qurolli hujum bo‘ldi. Bizga bu yerlarni tashlab, janubga chiqib ketish haqida xabarnomalar tarqatildi. Ko‘krak saratoni sabab salomatligim joida emasdi. Janubga ko‘chganimizda qattiq kasal bo‘lib qoldim. Chodirda qolib ketdim. Ko‘chish, oziq-ovqat, ichimlik yetishmovchiligi. Yosh bolalar esa ularga g‘amxo‘rlik qiladiganlarga muhtoj edi.
Shifoxonaga xorijda davolanish uchun tibbiy ma’lumotnoma olishga bordim. Tibbiy ma’lumotnoma oldim va ismimni ro‘yxatga kiritishdi. Allohning fazli bilan 1-ramazonda Misrga chiqib ketdim. Iskandariyyadagi Qobbariy shifoxonasiga bordim. U yerda 7 oy qoldim, biroq hech bir davo topolmadim. Undan keyin Xalqaro Mansura shifoxonasiga o‘tkazildim. Menga kerak bo‘ladigan amaliyotlar qilindi. To‘liq muolaja oldim.
O‘zbekiston rahbari, prezident Shavkat [Mirziyoyev] janoblariga ushbu tashabbuslari uchun ko‘p rahmat aytaman. Chunki u kishi bizni qiyinchlikdan xursandchilikka olib chiqdi. Men ruhan juda tushkun holatda edim. Bizga nisbatan o‘y-xayollaringiz, fikrlaringiz qanday chiroyli bo‘lsa, haqiqatda ham shundayligicha qolishini istaymiz. Bu urushlar, ketma-ket davolanishlar, muolajalardan keyin ko‘plab falastinliklarning ruhiy holatlari yaxshi emas.
Nasib qilsa, bu yangi bir hayotning boshi bo‘lsin. Shu yerda sizlarning qo‘llaringizda, Allohning qudrati va izni bilan shifo topishimiz nasib bo‘lsin.
Alloh yaxshi ishlaringizga yana ham ko‘paytirsin, falastinliklarning yuzlariga tabassum yugirishiga sababchi qilsin. Chunki ular ruhan juda ezilgan. G‘azoda hamma — bolalar, ayollar, qariyalar bu urush, bu qatliomlardan umidsizlangan. Bu urush hammamiz uchun qatliom bo‘ldi.
Men O‘zbekiston delegatsiyasini ko‘rganimda xotirjam bo‘ldim. Ochig‘i, ulardan eng yaxshi muomalani ko‘rdim. Har birlari — samolyotdagi xodimlari ham, shifokorlar ham — hammalari bizni quchoq ochib, samimiyat bilan kutib olishdi. Sizlar bizni tibbiy jihatdan emas, avvalo insoniy jihatdan go‘zal kutib oldingiz.
Falastinlik ayollarning ham boshqa ayollar singari yashashga haqi bor. Butun dunyo ayollari yashayapti, faqat biz… Bu Allohning qazoi qadari. Biz Allohga shukr aytamiz. Falastinlik ayol kurashchi va qurbon beruvchidir! Onam halok bo‘ldi, erim halok bo‘ldi, qizim asir tushgan… Falastinlik ayol hamma “ha” deganida “yo‘q” deya olgan ayoldir. U qurbon beruvchi, sabr qilib, ajr kutuvchi ayoldir. Jasoratli xalqning qizi. Bu — mag‘lub bo‘lmaydigan xalq. G‘alaba, Allohning izni bilan, bizga kelajak.
Falastinliklar ega bo‘lgan narsasini qurbon qilgan xalqdir. Bizning bu ko‘yga tushishimizga sababchi hammaga Alloh o‘zi ko‘rsatsin. Bizning ham boshqa xalqlar singari tinch yashashga haqimiz bor edi. Bolalarimizni o‘ldirishdi. Ularni o‘yindan, yeb-ichmoqdan, ta’limdan, eng birlamchi huquqlardan mahrum qilishdi.
Mirolim Isajonov va Shohruh Haydarov suhbatlashdi, Abror Hasan o‘g‘li o‘zbek tiliga o‘girdi. Fotosuratlar muallifi — Shohruh Haydarov, video va montaj ustasi — Shahzod Habibullayev.