Buka Gym kompaniyasi “Gazeta.uz”ga o‘zining sport zalida mashhur bokschi Shahram G‘iyosovning ayiq bilan jang qilayotgani aks etgan videolavha yuzasidan rasmiy izoh berdi. Shahram G‘iyosov kompaniyaning ambassadori hisoblanadi.

“Biz zallarimizdagi har qanday hayvonlar bilan bunday tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamaymiz va ma’qullamaymiz. Biz buni klubimiz qoidalariga zid deb hisoblaymiz. Bu bizning loyihamiz, bizning mediamateriallarimiz emas edi va hech bir xodimimiz bu jarayonda ishtirok etmagan”, — deya ma’lum qildi kompaniya.

Buka Gym videoda kompaniya zalining aks etganini tushuntirdi: “Biz O‘zbekistonning deyarli barcha taniqli va havaskor sportchilari bilan ishlaymiz. Sportchilar va mijozlarimiz ko‘pincha bizning zallarimizni chempionlar uyi deb atashadi va o‘zlarini o‘z uyidagidek his qilishadi. Chunki biz ularga har qanday ehtiyoj uchun o‘z xonalarimizni berishga doim tayyormiz. Bu mashg‘ulotlar, musobaqalar, qandaydir sparringlar yoki turli xil intervyular, reklama roliklari, muxlislar va blogerlar bilan uchrashuvlar bo‘lishi mumkin”.

“Ha, bu holatda biz siz allaqachon ko‘rgan narsani oldindan ko‘ra olmadik va oldini ololmadik. Video ishtirokchilarining o‘zlari qanday xatoga yo‘l qo‘yganini tushunib yetdi. Brendning barcha ambassadorlari bilan suhbatlar o‘tkazildi va ularga zalda bo‘lishning barcha qoidalari va tamoyillari tushuntirildi. Ham axloqiy, ham texnik jihatdan. Zal xodimlari ham ogohlantirilgan va bundan buyon bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaydi”, — deya ishontirdi kompaniya.

“Biz ushbu video ortidan hayratga tushgan barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so‘raymiz. Biz hayvonlarni yaxshi ko‘ramiz va doimo ularni himoya qilamiz”, — deya ta’kidladi Buka Gym.

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ham bayonot e’lon qildi.

Vazirlik holatni o‘rganmoqda, tekshiruv natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘riladi, deyiladi bayonotda.

2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan yovvoyi hayvonlarni, shu jumladan, ayiqlarning barcha turlarini (shu jumladan, davlat va ko‘chma sirklarda (shapito)) tutqunlikda yoki sun’iy yaratilgan yashash muhitida saqlash taqiqlanadi.

“Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan har qanday shafqatsiz munosabatni qoralaydi va bu kabi holatlar qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tadi!” — deyiladi vazirlik xabarida.