Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.

Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.

O‘zbekistonda 30−31-dekabr kunlari ob-havo muhiti Kaspiy dengizi orqali kirib kelayotgan janubiy siklon ta’sirida, tungi va kunduzgi haroratlarning bir-biriga yaqin bo‘lishi kuzatiladi. Ushbu nam oqim ko‘plab hududlarga havo harorati nol darajadan yuqori bo‘lgan bir paytda kirib kelayotgani bois joylarga asosan yomg‘ir ulashadi. Shuningdek, juma kuni janubdan Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax kabi viloyatlar va u yerdagi tog‘larga qor ulashuvchi navbatdagi nam havo oqimi ham kirib kelishi kutilyapti.

Manba: NASAManba: NASA

Shunday qilib, hafta boshi va oxirida ob-havoni janubdan kirib keluvchi ikkita nam havo oqimi belgilaydi. Hafta o‘rtasida janubdan faolroq iliq havo oqimlari kirib kelib, mintaqada havo harorati keskin sovib ketishining oldini oladi. Shimoldan boshqa hududlarda tungi minimal harorat -3 daraja sovuqqacha pasayadi. Ammo haroratning kunduzi ham past bo‘lishi haftalik harorat rejimini past bo‘lishiga olib keladi.

Manba: Meteoinfo.ruManba: Meteoinfo.ru

Seshanba-juma kunlari yuqori bosimli sovuqroq havo oqimi ta’sirida joylardagi harorat pasayishini aholi o‘z tanida ham his qiladi. Kunduzi quyoshli ochiq havo kuzatilsa-da, uning taftini his qilish pastligicha qoladi. Hafta oxirlariga borib, mintaqaga janubdan nam havo oqimining kirib kelishi hududlarda haroratning yana asta-sekin yuqori ko‘tarilishiga olib keladi.

Hafta boshida nam havo oqimi hududlarda haroratning +12 daraja, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha ko‘tarilishini ta’minlaydi. Ushbu iliqlilikka o‘xshash ob-havo muhiti dam olish kunlari mintaqaga yana qaytadi.

Chorshanba-juma kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida tekisliklarda tong otishi va Quyosh botishidan so‘ng tuman hodisalari kuzatilishi mumkin. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati aholisi juma kuni navbatdagi qor bo‘roniga guvohi bo‘lishi ehtimoli yuqori.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 30-dekabr kuni shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda iliq-nam harorat kuzatiladi. Havo harorati respublika bo‘ylab kunduz kuni +7…+12 daraja iliqqacha, janubiy viloyatlarda +15 darajagacha yetadi. Shimol va tog‘larda esa +0…+5 daraja iliqni tashkil etadi. Tunda respublikaning katta qismida harorat nol daraja atrofida bo‘lsa, tog‘ va vodiyda -5 daraja sovuqqacha pasayadi.

Joylarda tuman kuzatilishi mumkin, vodiy viloyatlaridan tashqari boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutiladi. Yog‘inlar shimoliy hududlarda, Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda tog‘larda qor ko‘rinishida bo‘lish ehtimoli bor. Umuman, kelayotgan nam havo oqimlari dushanba kuni ko‘p joylarga yomg‘ir ulashadi. Vodiy viloyatlaridan tashqari boshqa joylarda shamol tezligi soniyasiga 18 metrgacha kuchayishi kutilmoqda.

Sinoptiklar 31-dekabr va 1−2-yanvar kunlari O‘zbekistonning aksariyat qismida yog‘ingarchiliksiz quruq ob-havo bo‘lishini prognoz qilgan. Seshanba kuni Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatida tonggi muddatlarda biroz yomg‘ir, seshanba-chorshanba kunlari esa baland tog‘larda qor yog‘ishi mumkin.

Kunduzi havo harorati asta-sekin pasayib boradi. Seshanba kuni biroz iliqroq, chorshanba-payshanba kunlari esa sovuqroq bo‘ladi. 1−2-yanvar kunduz kunlari havo harorati +3…+8 darajagacha ko‘tariladi. Shimoliy hududlar va tog‘larda nol daraja atrofidagi iliqlilik saqlanadi. Tunda tog‘lar va shimolda −8…−10 darajagacha sovuq kuzatilsa, boshqa hududlarda harorat -3 darajagacha pasayadi.

Bu kunlarda hududlarga tuman tushishi mumkin, kuchli shamol hodisalari bo‘lishi prognoz qilinmagan.

Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat fonida asta-sekin sezilarli o‘sish kuzatiladi. Buni kishilar ham o‘z tanida ham his qila boshlaydi. Nam havo oqimlarining janubdan “kirib kelishi” O‘zbekistonda ob-havo muhiti biroz iliq bo‘lishini ta’minlaydi. Juma kuni Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Jizaax viloyatlari hududlarida qor yog‘ishi mumkin.

erkin abdulahatov, iqlim, iqlimshunos, ob-havo, ob-havo sharhi, yangi yil

Shanba va yakshanba kunlari harorat o‘zgarishi va yog‘ingarchiliklar ehtimoli to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarini “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aniqroq bilib olish mumkin.

“O‘zgidromet"ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta davomida O‘zbekistonning voha va janubiy viloyatlarda namroq kuzatilib, yog‘ingarchilik bo‘yicha joriy haftada shu kunlarga xos iqlimiy me’yor va undan biroz ko‘p yog‘in tushishi taxmin qilingan.

Harorat rejimi bo‘yicha esa respublikaning katta qismida haftalik harorat ko‘p yillik shu davr uchun xos ob-havo muhitiga o‘xshash bo‘lsa-da, shimol va tog‘li hududlarda biroz iliq, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari janubi hamda Samarqand viloyatlarida sovuqroq ob-havo saqlanishi oydinlashgan.

Shunday qilib, kelayotgan hafta boshi va dam olish kunlarida havo iliqroq, o‘rtasida biroz sovuqroq va quruqroq bo‘lishi kutilmoqda.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Hafta boshida O‘zbekistondan markazida atmosfera bosimi 1013 gPa gacha bo‘lgan siklon o‘tishi kuzatiladi, keyinroq, seshanba-payshanba kunlarida atmosfera bosimi biroz yuqori ko‘tarilib borishi ro‘y beradi. Ushbu jarayon kishilar salomatligiga sezilarli ta’sir yetkazish kuchiga ega emas.

Juma kunidan O‘zbekistonning janubiy va markaziy hududlariga kirib keladigan navbatdagi siklonal jarayonlar aynan shunday jarayonlarga ta’sirchan kishilar organizmiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Dushanba kuni havo oqimlarining joy almashinuvi fonida ko‘plab hududlarda tezligi soniyasiga 18 metrgacha yetadigan shamollar kuzatilishi kutilmoqda. Bu vaqtda “barik tubsizlik” jarayonining kuchsiz darajasi ro‘y berib, ba’zi kishilar ushbu o‘zgarishdan ham ta’sirlanishi mumkin. “Barik tubsizlik"ning eng ko‘p uchraydigan alomatlari — bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, fotofobiya, havo yetishmasligi, ko‘ngil aynishi va qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishidir. Ko‘rsatilgan sanada miya qon oqimining buzilishi, gipertoniya, yurak xuruji xavfi ortishi mumkin.

Tavsiyalar. “Barik tubsizlik” holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan qochish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suv, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.

Juma-shanba kunlari Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyati aholisi bulutli havo oqimi ta’sirida organizmida serotonin gormon yetishmasligi ro‘y berishi mumkin. Ushbu ta’sirlarga moyil kishilar oldingi materillardagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiqdir.

Bioiqlimiy sharoitlar

Hafta boshida shimoliy hududlardan tashqari boshqa joylarda tunda, tongda va boshqa muddatlarda ham haroratning sezilarli yuqori ko‘tarilish fonida aholi sovuqlik ta’sirini tanasida his qilmaydi. Dam olish kunlari ham shunday bo‘ladi.

Ammo seshanba-juma kunlari oralig‘ida antitsiklonal quruq ob-havo ta’sirida haroratning pasayishi odamlar his qiladigan haroratni ham pasaytiradi. Bu kunlarda qalinroq kiyim kiyish tavsiya etiladi. Umuman olganda, bu haftada kishilar tanasi, fiziologiyasida kuchli sovuqlik stresslarini keltirib chiqaradigan ob-havo muhiti kuzatilmaydi.

Shimoliy hududlar va tog‘larda yashovchi aholi Yangi yilga o‘tar oqshomni -5 darajadan past sovuq haroratda kutib olishi oydinlashmoqda. Ammo boshqa hududlar uchun 2025-yilni kutib olishda bunday sovuqlik prognoz qilinmayapti. Ayrim baland tog‘li hududlarda Yangi yil oqshomida kuchsiz qor yog‘ish holatlari kuzatilishi ehtimoli bor.

Kosmik ta’sirlar

O‘zbekistonliklar haftaning seshanba-chorshanba kunlari kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanishlari mumkin. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasidagi ketma-ket kuchli chaqnashlar sabab, Yer magnitosferasida seshanba va chorshanba kunlari kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lishini taxmin qilgan.

Xususan, Rossiya prognoz modellari seshanba-chorshanba kunlari qizil xavfga ega magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari kuzatilishi mumkinligini ma’lum qilyapti. Bunga sabab — Quyoshdagi kuchli chaqnashlardan ajralgan plazmananing Yer magnitosferasiga urilishidir.

Quyosh fotosferasida 29-dekabr kuni ikkita X sinfga yaqin kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Ushbu chaqnash Yer magnitosferasiga xavf tug‘diruvchi hududda yuz bergan. Katta ehtimol bilan, 1-yanvarga o‘tar kechasi Yerda 4−5 ballik magnit bo‘roni kuzatilishi mumkin.

Manba: xras.ruManba: xras.ru

Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi 31-dekabr va 1-yanvar kunlari “qizil” xavfga magnit bo‘ronlari qo‘zg‘alishlaridan aziyat chekishi bilan bog‘liq vaziyat taxmin qilingan.

Manba: Ionos.kzManba: Ionos.kz

Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Dushanba va juma kunlari O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari, masalan, seshanba-payshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Mamlkatning ko‘plab hududlarida antitsiklonal jarayon ta’sirida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng kuzatiladigan inversiya fonida havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari), uning ortidan havoda biroz ifloslanishi yuzaga kelishi mumkin.

Payshanba va juma kunduz kunlari haroratning asta-sekin yuqori ko‘tarilib borishi havoda — pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga — mayda dispers zarrachalari ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, Toshkent shahrida ham aynan shu kunlari havoda mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik biroz ko‘payishi mumkin.

Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, 30-dekabrdan 5-yanvargacha bo‘lgan yetti kunlikda ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar dushanba-seshanba va shanba-yakshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini nisbatan yengilroq his qilishi kutilmoqda.