Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi Xo‘jamovlar oilasi gulchilikka kirib kelganiga hali 15 yil ham bo‘lgani yo‘q. Hozir gullarni yetishtirib, eksport qilish bilan shug‘ullanayotgan “Chinobod nurli zamin agrofirma” kompaniyasi rahbari Botirjon Xo‘jamovning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlarning hammasi uning Rossiyada yashaydigan akasi sabab boshlangan.
“Rossiyada o‘qib, o‘sha yerda oila qurgan va fuqaroligini olgan akam qo‘shimcha ish sifatida mevalar va poliz ekinlari savdosi bilan shug‘ullanardi. Ammo meva-cheva tez buzilishi va bu ish ortidan topilgan mablag‘ni naqdlashtirishdagi muammolar sabab yaxshi foyda ko‘rmasdi. 2010-yili akamning kursdoshlari — tadbirkor do‘stlari birga atirgul biznesini yo‘lga qo‘yish taklif qilib, sarmoyani ham o‘zlari kiritishini bildirgan. Akam bunga bajonidil rozi bo‘ldi. Rahmatli onam gullarni juda yaxshi ko‘rardi — hovlimizga turli atirgullarni ekib, parvarish qilardi. Oilamizdagi mana shunday muhit biz to‘qqiz farzand — ikki qiz va yetti o‘g‘ilda ham gullarga nisbatan mehr uyg‘otgan. Shuning uchun ham akamning qarorini oilaviy qo‘llab-quvvatladik”, — deb eslaydi Botirjon aka.
Uning aytishicha, aka-ukalar Farg‘ona vodiysidagi sovet davridan beri ishlab kelatyogan bir qator gulchilik xo‘jaliklariga borgan. Izboskan, Quva kabi tumanlardagi gulchi dehqonlardan ulgurji narxda turli atirgullarni sotib olib, ularning ko‘chatlarini saralab, buyurtmachining standartiga mos kelganlarini Rossiyaga eksport qila boshlashgan.
“Lekin dehqonlardan xarid qilgan atirgullarimizning ko‘pi mayda, eksportbopi kam edi, tannarxi bizga qimmatga tushardi. Saralashdan qolgan atirgul ildizlarini tashlab yuborgimiz kelmay, tomorqamizga ekib, parvarish qila boshladik. Bir necha yil ichida o‘zimizning qo‘limizda ham atirgul turlari paydo bo‘ldi. Shu tariqa fermer xo‘jaliklaridan ijaraga 3−4 gektardan yer olib, tut plantatsiyalariga oilaviy atirgul ko‘chatlarini ekishga kirishdik va o‘zimiz yetishtirib, parvarishlab sotadigan bo‘ldik. Qarasak, atirgul yetishtirishni ham uddalay olyapmiz. Shundan keyin biznesni kengaytirishga qaror qildik”, — deydi Botirjon aka.
2015-yili Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning qabulida bo‘lgan Botirjon Xo‘jamov tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan muammolarini bayon qilgach, unga ijaraga 10 gektar yer ajratilgan. “O‘sha yili chet elga 100 ming dollarlik mahsulot sotgandik”, — deb eslaydi gulchi tadbirkor.
“Hozir Rossiya bozorida yetakchilardan birimiz. Lekin o‘rnimizni topish oson kechmadi. Rossiya G‘arb sanksiyalariga tushmasidan avval atirgul ko‘chatlarini asosan Serbiyadan import qilardi. Biz Serbiya tajribasini ham ancha o‘rgandik: u mamlakatning havosi nam va yeri unumdor bo‘lgani uchun atirgullarining ildizi baquvvat, ammo quyosh kam ko‘rgani sabab tanasi siyrak o‘sarkan. Bizda esa atirgullarning tanasi baquvvat, ammo ildizlari — namlik qidirib, yer qa’riga chuqur kirib ketgani uchun — o‘qdek uchli edi. Rossiyadagi hamkorlarimiz ularni qutilarga joylashda qiynalar, ildizining yarmini chopib tashlardi. Shu bois Rossiyada O‘zbekiston gullariga talab deyarli yo‘q edi”, — deydi Botirjon aka.
Serbiya tajribasi o‘rganilgach, Xo‘jamovlar Rossiya tog‘larida o‘sadigan yovvoyi na’matakka O‘zbekistonning atirgulini payvandlashni qaror qiladi.
“Na’matak urug‘larini kuz oxirlarida ekib, to avgustgacha parvarish qilamiz. Keyin atirgul bilan payvandlash jarayoni boshlanadi. Shu tariqa atirgullarning ildizi ham, tanasi ham baqquvat bo‘lib, hamkorlarimiz istagidagi mahsulotga aylanadi”, — deydi u.
Botirjon akaning ma’lum qilishicha, hozir xo‘jalik 10 gektarga yaqin maydonda atirgulning 500 dan ziyod turini parvarish qilyapti.
“Har bir atirgul turini o‘zimizda ekib, ko‘paytirishdan oldin uni yaxshilab o‘rganamiz: dala sharoitida qanday o‘sadi, hidi qanday, barglari qancha, kasallikka chidamliligi qay darajada va hokazo jihatlariga qiziqamiz. Har yili atirgul turlarini ko‘paytirish niyatida izlanamiz”, — deydi kompaniya rahbari.
Yiliga 20−30 xil tur chiqarib tashlanadi, o‘rniga yangi turlar sinab ko‘riladi. Chunki, Botirjon akaning ta’kidlashicha, Rossiya bozorini eski turlar bilan lol qoldirish qiyin.
“Bugungi zamon odamlariga yangilik kerak, ularni yangi atirgul turlari va go‘zallik bilan xayratga solish shart. Bu mijozlarni jalb qilishning ham o‘ziga xos bir usuli. 2015-yillari dalamizda atirgulning 80−100 xil turi o‘sgan bo‘lsa, bugunga kelib 500 turdan oshdi. Ular orasida Niderlandiya, Serbiya, Afrika mamlakatlaridan keltirilgan ko‘chatlar orqali ko‘paytirilgan atirgullar ham bor”, — deydi tadbirkor.
“Atirgul asli yovvoyi o‘simlik bo‘lgani bois biz asosan shira va o‘rgimchakkanaga qarshi kurashamiz, qolgan kasalliklarga o‘zi chidamli. Bundan tashqari, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tumandagi mutaxassislari ham kelib, tekshirib turadi. Shuningdek, Rossiyadagi hamkorlarimiz ham har yili keladi, dalaning o‘zida vaziyatni ko‘rib, o‘rganib ketadi. Gul o‘stirish — jiddiy jarayon, bunda beparvolik yaramaydi. Doim e’tibor qaratganimiz uchun yoppasiga kasallanish kuzatilmaydi”, — dedi Botirjon aka.
“Chinobod nurli zamin agrofirma” kompaniyaning 70 chog‘li doimiy ishchilari bo‘lib, mavsumda ularning soni 100−150 nafargacha ko‘payishi mumkin. Ular asosan payvandlash, mayda shoxlarni kesib, barglarini tozalash kabi ishlarni bajaradi. Bu yerda asosan qo‘l mehnati bo‘lgani uchun mahalliy ishsiz xotin-qizlar yollanma ishchi sifatida mehnat qiladi.
Xo‘jamovlar oilasi yetishtirgan atirgullar ko‘chatlari Rossiyadan tashqari Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikistonga ham eksport qilinyapti. Atirgul va uning g‘unchalari esa vodiy viloyatlaridagi do‘konlarga tarqatiladi.
“Hozir 800 mingdan ortiq ko‘chatga xaridorimiz bor, yillik quvvatimiz esa 1 million ko‘chatga yetadi. 2023−2024-yilgi mavsumda 550 ming dollarlik ko‘chat eksport qildik. Bu ko‘rsatkichni sezilarli darajada oshirish maqsadimiz bor”, — dedi Botirjon Xo‘jamov.
Gulchi tadbirkor kelgusi rejalari haqida gapirarkan, yaqin yillar ichida atirguldan sharbat va murabbo tayyorlash sexlarini ishga tushirmoqchi ekanini aytdi. Shuningdek, atirgulni qayta ishlab, undan efir moyi olish va sotish ham maqsad qilingan.
“Shu tariqa oziq-ovqat va parfyurmeriya sohalariga ham kirib bormoqchimiz”, — dedi u.
“Atirgul serdaromad biznes. Ammo mehnati mayda va og‘ir. Odam ishini sevib, zavqlanib, sifatli qilsa, daromad o‘zi kelaveradi. Raqobatchilar ko‘payishidan qo‘rqmaymiz — biz uchun odamlar, ayniqsa, xotin-qizlarimiz gullardan, atirgullardan zavq olib, xursand bo‘lib yurgani muhimroq. Har bir erkak o‘z rafiqasiga, yigitlar sevgan qiziga gul sovg‘a qilib yursin, O‘zbekistonimiz gullarga to‘lsin!”, — deya o‘z so‘zini yakunladi Botirjon aka Xo‘jamov.