AQShning 39-prezidenti Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi. Hayotining so‘nggi daqiqalarida u Pleynsdagi (Jorjiya shtati) uyida oilasi qarshisida bo‘lgan, deyiladi Karter markazining 29-dekabr kungi bayonotida.

AQSh prezidenti Jo Baydenning ta’kidlashicha, Karter “ma’no va maqsadga to‘la hayot kechirish nimani anglatishining namunasidir”. U Karterni o‘zining “asl do‘stim” deb atadi, uni “Amerikadagi millionlab odamlar” ham shunday deb hisoblashgan.

Foto: Oq uyFoto: Oq uy

Bayden 9-yanvarni Jimmi Karter uchun umummilliy motam kuni deb e’lon qildi.

Jimmi Karter Demokratik partiyadan bo‘lgan, 1977-yildan 1981-yilgacha prezident sifatida ishlagan. Bungacha u Jorjiya gubernatori (1971−1975) va mahalliy senat senatori (1963−1967) bo‘lgan.

1980-yilgi saylovlarda Karter respublikachi Ronald Reyganga yutqazdi va shundan so‘ng u inson huquqlari hamda xayriya ishlari bilan shug‘ullanadigan Karter markaziga asos soldi. 2002-yilda “xalqaro nizolarning tinch yechimlarini topish, demokratiyani ilgari surish va inson huquqlariga rioya qilish, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishni rag‘batlantirish bo‘yicha tinimsiz sa’y-harakatlari uchun” tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

2015-yilda Jimmi Karterga onkologik kasallik tashxisi qo‘yilgan. Siyosatchi so‘nggi yillarda jigar va miyaga tarqalgan xavfli o‘sma melanoma bilan kurashdi. 2023-yil fevral oyida Karter markazi sobiq prezident qator shifoxonalarga yotqizilganidan so‘ng shifokorlar tomonidan keyingi davolanishdan voz kechgani va umrining qolgan qismini Jorjiya shtatining Pleyns shahridagi uyida “qo‘shimcha tibbiy aralashuv o‘rniga hospis parvarishi” bilan oilasi hamrohligida o‘tkazishga qaror qilgani haqida xabar bergan.

Karter AQSh tarixida eng uzoq umr ko‘rgan prezidentga aylandi. 2024-yil 1-oktabrda Karter 100 yoshga to‘lgandi.