Yakuniga yetayotgan yilda kimoshdi savdosida sotilgan eng mashhur va qimmat xatlardan biri, bu — Albert Eynshteynning fashistlar Germaniyasidagi yadro dasturi haqida AQSh prezidentiga yozgan maktubidir: 2024-yilda 10-sentabr kuni mazkur xat 4 mln dollarga sotildi.

Eynshteyn bu maktubni prezident Franklin Ruzveltga 1939-yil 2-avgustda — Uchinchi Reyx Ikkinchi Jahon urushini boshlashidan bir oy avval yozgandi. Unda olim AQShning 32-prezidentini Adolf Gitler atom bombasi yaratmoqchi ekanligidan ogohlantirgan.

Auksion uyi hujjatni XX asrning “eng kuchli ta’sirga ega xatlaridan biri” deb ta’riflagan.

Maktubning yozilishi tarixi

Ushbu maktub tarixi Uolter Ayzeksonning “Albert Eynshteyn” kitobida batafsil bayon qilingan. Quyida kitobning o‘sha parchasi o‘zbek tilida havola qilinadi.

Foto: eBayFoto: eBay

Vengriyalik ajoyib va biroz g‘ayrioddiy fizik Leo Silard Eynshteynning eski tanishlaridan biri edi. U 1920-yillarda Berlinda yashagan chog‘i ular birga muzlatgichning yangi turini ishlab chiqqan edi. Eynshteyn va Silard o‘zining bu ishlanmasini patentlaydiyu, ammo uni bozorga chiqarishga ulgurmaydi: Silard natsistlardan qochib avval Angliyadan, keyin Nyu-Yorkdan qo‘nim topadi.

U Kolumbiya universitetida yadroviy zanjir reaksiyasini yaratish yo‘llari ustidagi izlanishlarini davom ettirdi. Bu g‘oya unga bir necha yil avval Londonda, Amerikaga ko‘chib o‘tish uchun “yashil chiroq yonishi"ni kutib o‘tirgan vaqti kelgandi. Uranning parchalanishi kashf etilgani haqida eshitgach, Silard aynan shu unsur portlovchi zanjir reaksiyasini yaratishda qo‘llanilishi mumkinligini anglab yetadi. U buni Budapeshtdan qochib kelgan boshqa bir fizik, yaqin do‘sti Yudjin Vigner bilan muhokama qiladi.

Ularning ikkisi ham nemislar o‘sha vaqtda Belgiya mustamlakasi hisoblangan Kongodan uran rudasini sotib olishga urinishi mumkinligidan xavotirda edi. Ammo vengriyalik ikki qochoq belgiyaliklarni Amerikadan turib qanday ham ogohlantira olardi? Silard keyinroq Albert Eynshteyn Belgiyaning ona-qirolichasi bilan do‘st ekanini eslab qoladi.

Eynshteyn 1939-yil yozini o‘tkazish uchun Long-Aylendning shimoli-sharqiy chekkasidan uy ijaraga olgandi. Bu yerda u o‘zining Tinef nomli kichik yelkanli qayig‘ida suzar, shu yerdagi univermagdan sotib olgan sandalini kiyib, univermag egasi bilan birga Baxning kuylarini chalardi. “Eynshteyn Long-Aylendda ekanini bilardik, lekin uning aynan qayerida ekanini bilmasdik”, — deb eslaydi Silard.

Shu sababli u Eynshteynning Prinstondagi ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, Eynshteyn Pekonik shaharchasidagi doktor Murning uyini ijaraga olganini aniqlaydi. 1939-yilning 16-iyulida, yakshanba kuni Vigner va Silard o‘z missiyasini bajarishga kirishadi. Mashinani Vigner boshqarardi, chunki Silard, xuddi Eynshteyn kabi, mashina haydashni bilmasdi. Ular manzilga yetgach, kerakli uyni topa olmay sarson bo‘ladi — aftidan, doktor Mur kimligini bu yerda hech kim bilmasdi.

Ular taqdirga tan berishga tayyor turganida, Silard yo‘l chetida turgan bir bolakaydan so‘raydi: “Sen, mabodo, professor Eynshteyn qayerda yashashini bilmaysanmi?”. Bu bola shaharning hatto doktor Mur kimligini ham bilmaydigan aksariyat aholisidan ko‘p farq qilmasa-da, Eynshteyn qayerda yashayotganini bilardi. Bolakay ularni Old Grouv Roud oxiridagi kottejga olib bordi va shu tariqa u yerdan xayol ummonida suzayotan Eynshteyn topildi.

Ular kamtarona jihozlangan uy ayvonidagi oddiy yog‘och stol atrofida o‘tirishar, Silard qanday qilib yadroviy parchalanish natijasida ajralib chiqqan neytronlar uranda regulyator sifatidagi grafit bilan portlovchi zanjirli reaksiyaga imkon berishini Eynshteynga tushuntirardi.

“Men bu haqda hech o‘ylamagan ekanman”, deya uning gapini bo‘ldi Eynshteyn. U bir nechta savol berdi, 15 daqiqa davomida qattiq o‘yga toldi va ehtimoli mavjud barcha oqibatlarni tezda anglab yetdi. Eynshteyn Belgiya ona-qirolichasiga emas, balki o‘zi tanigan-bilgan vazirlardan biriga xat yozishni taklif qildi.

Vigner e’tirofga sazovor ehtiyotkorlik bilan, AQShda yashayotgan uch nafar qochqin Davlat departamenti bilan maslahatlashmay turib, xavfsizlik masalasida boshqa mamlakat hukumatiga maxfiy murojaat qilish unchalik ham yaxshi fikr emasligini ta’kidladi. Unday bo‘lsa, bu uch kishi orasidagi eng mashhur inson hisoblangan Eynshteyn, Davlat departamentiga yo‘riqnoma ilova qilingani holda, Belgiyaning AQShdagi elchisiga xat yozish to‘g‘riroq bo‘lsa kerak, degan fikrga keladi. Mana shu dastlabki rejani hisobga olgan holda, Eynshteyn nemis tilidagi xat matnini Vignerga aytib turib yozdiradi, u esa xatni tarjima qilib, chop etish uchun kotibasiga beradi va Silardga jo‘natdi.

Bir necha kundan so‘ng Silardning og‘aynisi uni Lehman Brothers bankiri va prezident Ruzveltning do‘sti Aleksandr Saks bilan tanishtiradi. Nazariyotchi uch fizikdan ko‘ra aqli-hushi joyidaroq bo‘lgan Saks maktubni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oq uyga jo‘natish lozimligini ta’kidlab, uni yetkazishni o‘z zimmasiga oldi.

Silardning Saks bilan tanishganiga hali hech qancha bo‘lmagandi, ammo uning dadil rejasi uni qiziqtirib qo‘yadi. “Biz bu imkoniyatdan foydalanib ko‘rsak, hech narsa yo‘qotmaymiz”, deb yozadi u Eynshteynga. “AQSh prezidentiga yoziladigan xatni telefonda gaplashib ham qayta ko‘rib chiqsa bo‘ladimi yoki yana shaxsan uchrashish kerakmi?”. Eynshteyn Silardga yana Pekonikka kelishi kerakligini aytadi.

Bu vaqtda Vigner bir muddatga Kaliforniyaga ketgandi. Shuning uchun, Silard o‘zining boshqa bir do‘sti — Edvard Tellerni haydovchi va hamkasb olim sifatida jalb qiladi. “Menimcha, uning maslahati foydali bo‘ladi va, bundan tashqari, u bilan tanishish sizga ham yoqadi, deb o‘ylayman, — deya Silard Eynshteynni ogohlantiradi. — U juda xushmuomala inson”. Tellerning yana bir afzalligi shunda ediki, uning 1935-yilda ishlab chiqarilgan ulkan “Plimut” avtomobili bor edi.

Silard ikki hafta avval yozilgan maktub qoralamasini ko‘tarib kelgandi, ammo Eynshteyn ular yozadigan yangi xat Belgiya vazirini Kongodan uran eksport qilishda ehtiyot bo‘lish masalasida ogohlantirishdan ko‘ra muhimroq ekanini tushunardi. Dunyoning eng mashhur olimi Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentiga atomdan ajralib chiqqan energiya orqali aql bovar qilmas darajada kuchli qurol yaratish mumkinligiga ishonishi haqida yozmoqchi edi. “Eynshteyn maktubni nemis tilida aytib turdi, — deb eslaydi Silard. — Teller uni yozib oldi va men nemis tilidagi matnni prezidentga yo‘llanadigan maktubning ikkita qoralamasini tayyorlash uchun asos sifatida ishlatdim”.

Tellerning qaydlariga ko‘ra, Eynshteyn tomonidan aytib turilgan maktub qoralamasida nafaqat Kongo urani masalasi ko‘tarilgan, shu bilan birga zanjirli reaksiya ehtimoli va uning natijasida yangi turdagi bomba paydo bo‘lishi mumkinligi ham tushuntirilgan. Eynshteyn prezidentni bu masala ustida bosh qotirayotgan fiziklar bilan bevosita aloqa o‘rnatishga chaqirgan edi. Silard keyinroq tayyorlangan xatning ikki variantini Eynshteynga yuboradi: ulardan birining hajmi 45, ikkinchisi esa 25 qator edi. Ikkala maktubga ham 1939-yilning 2-avgust sanasi qo‘yilgan edi, “Eynshteynda esa o‘ziga ko‘proq yoqqan variantni tanlash imkoni bor edi”. Eynshteyn har ikkala maktub ostiga o‘zi ba’zida ishlatadigan uzun gajak imzo emas, ilmoq shaklidagi belgi qo‘yadi.

Oxir-oqibat, Ruzveltning qo‘liga xatning kattaroq versiyasi yetib keldi. Unda, xususan, shunday deyilgandi:

Janob,

E.Fermi va L.Silardning menga qo‘lyozma shaklida yetkazilgan so‘nggi ishi yaqin kelajakda uran kimyoviy elementi yangi va muhim energiya manbaiga aylanishi mumkin, deb o‘ylashga sabab bo‘lmoqda. Bu vaziyatdan kelib chiqadigan ayrim muammolar hushyorlikka chaqiradi va, lozim bo‘lganida, sizning ma’muriyatingizdan tezkor javob berishni talab qilishi mumkin.

Shu sababli e’tiboringizni quyidagi faktlarga qaratib, ayrim tavsiyalar berishni o‘z burchim deb bilaman:

… Uranning katta massasida yadroviy zanjir reaksiyasini boshlash mumkin bo‘lishi ehtimoli mavjud, bu esa juda katta energiya ajralib chiqishiga va radiyga o‘xshash ko‘plab yangi elementlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Biz deyarli to‘liq ishonch bilan ayta olamizki, yaqin kelajakda buni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Yangi hodisa bombalarning yaratilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin va, kamroq ishonch bilan bo‘lsa-da, yangi turdagi bu bombalar o‘ta kuchli bo‘ladi, deb bemalol aytish bo‘ladi. Kemada tashilgan va portda portlatilgan shunday bombalardan biri butun portni va uning atrofidagi hududni osongina vayron qilib yuborishi mumkin…

Shularni inobatga olib, siz, ehtimol, ma’muriyatingiz va zanjirli reaksiyalar ustida ishlayotgan Amerikadagi fiziklar guruhi o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatilishini maqsadga muvofiq deb hisoblarsiz".

Xat so‘ngida ogohlantirish bor edi: nemis olimlari shunday bomba ustida ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Maktub loyihasi tayyor va imzolangan, ammo endi uni kim orqali prezident Ruzveltga yetkazgan ma’qul, degan masala turgandi.

Qizig‘i shundaki, Silard prezidentga xatni yetkazadigan elchi sifatida 1927-yili Atlantika okeani ustidan uchib o‘tib, mashhurlikka erishgan Charlz Lindbergdan foydalanishni taklif qilgan. Bu uch nafar yahudiy-qochqin Lindberg Germaniyaga borgan vaqti natsistlar Germaniyasining aviatsiya reyxs-vaziri German Gering tomonidan “Nemis burguti” ordeni bilan taqdirlaganidan bexabar bo‘lgan bo‘lsa kerak. Lindberg izolyatsionist va prezident Ruzvelt siyosatiga qarshi inson edi.

Eynshteyn uchuvchi Lindberg bilan bundan bir necha yil avval Nyu-Yorkda tasodifan tanishib qolgan edi. Shu sababli, u Silardga o‘zi imzolagan xatni qaytarib jo‘natayotganida, unga qisqacha izoh ham qistirib o‘tgandi. Eynshteyn Lindbergga shunday deb yozgandi: “Do‘stim doktor Silardni qabul qilib, u sizga aytganlari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish orqali menga iltifot ko‘rsatishingizni so‘rayman. Fan bilan mashg‘ul bo‘lmagan inson uchun u ko‘tarayotgan masala fantastik tuyulishi mumkin. Shunga qaramay, siz butun jamiyat manfaati uchun bu yerda muhokama qilinayotgan ehtimollarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini anglab yetasiz”.

Lindberg javob bermaydi. Shuning uchun Silard 13-sentabr kuni yana bir xat bilan unga o‘zi haqida eslatadi va uchrashishni iltimos qiladi. Ikki kundan so‘ng Lindberg butun AQShga translatsiya qilinadigan eshittirishda chiqish qilgach, Eynshteyn va Silard qanchalik adashganliklarini ma’lum bo‘ladi. Bu izolyatsionizm ochiqdan-ochiq yoqlangan chaqiriq edi. Lindberg o‘z gapini “bu mamlakat [AQSh] Yevropa urushlarida qatnashish uchun mo‘ljallanmagan”, degan so‘zlar bilan boshlagandi. Bu nutqda uning nemisparastligiga, hatto antisemitizmga ochiq-oshkora ishora bor edi.

Silardning Eynshteynga yozgan navbatdagi maktubida shunday deyiladi: “Lindberg bizga kerak bo‘lgan odam emas”.

Endi ular Aleksandr Saksdan umidvor bo‘lib, Eynshteyn Ruzveltga yozgan xatni uning qo‘liga topshirishadi. Garchi bu xat juda muhim ekani ayon bo‘lsa-da, Saks salkam ikki oy davomida uni prezidentga yetkazish yo‘lini topa olmaydi.

O‘tgan vaqt davomida esa maktubning shoshilinch yetkazilishini taqozo etadigan bir qator voqealar sodir bo‘ldi. 1939-yil avgusti oxirida fashistlar Germaniyasi va Sovet Ittifoqi o‘zaro hujum qilmaslik va Polshani bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitimni imzolab, dunyoni hayratda qoldirdi. Bu bitim Angliya va Fransiyani Germaniyaga qarshi urush e’lon qilishga majbur qildi — bu bir asr ichida ikkinchi marta Jahon urushining boshlanishi edi. Amerika hali betaraf yoki kamida hali hech kimga qarshi urush e’lon qilmagan edi. Amalda mamlakat qayta qurollanishga va kelajakda kerak bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan yangi qurollarni ishlab chiqishga kirishgan edi.

Silard sentabr oxirida Saks bilan ko‘rishib, u hali ham prezident Ruzvelt bilan uchrashmaganligidan dahshatga tushadi. “Saks mutlaqo foydasiz bo‘lib chiqishi mumkin, — deb yozgan Silard shundan keyin Eynshteynga. — Teller va men unga yana 10 kun muhlat berishga qaror qildik”. Saks belgilangan muddatda vazifani bajarishga qiynaladi. 11-oktabr, chorshanba kuni tushdan keyin u qo‘lida Eynshteynning maktubi, Silardning rezyumesi va o‘zi yozgan 800 qatorlik xulosa bilan Oval kabinet ostonasidan hatlab o‘tdi.

Prezident uni muloyimlik bilan kutib oladi: “Aleks, nima qilib yuribsan?”. Saks ba’zan juda ko‘pgap va gapni har xil rivoyatnamo voqealardan boshlashga moyil edi. Ehtimol, shuning uchun ham prezident bilan uchrashuvni tashkillashtirish qiyin bo‘lib ketgandir. Bu safar u Napoleonga yelkan o‘rniga bug‘ yordamida suzadigan kema qurishni taklif qilgan ixtirochi haqida so‘z boshlagandi. Napoleon uni aqldan ozgan deb hisoblab, uyiga qaytarib yuborgan edi. Saks so‘zi oxirida Napoleonning oldiga bor odam (ilk paroxod va suvosti kemalaridan birining kashfiyotchisi) Robert Fulton bo‘lganini aytadi. Qissadan hissa shuki, imperator uni o‘z vaqtida tinglab, uning aytganini qilishi kerak edi.

Bunga javoban Ruzvelt yordamchilaridan biriga tezda nimadir yozib tutqazadi, yordamchi esa shoshib chiqib ketib, ko‘p o‘tmay bir shisha ko‘hna va noyob “Napoleon” konyagi bilan qaytadi. Ruzvelt bu konyak ularda ko‘p vaqtdan beri turganini aytib, ikkita stakanni to‘ldiradi.

Saks xatga ilova qilingan bitik va qolgan qog‘ozlarni Ruzveltga shunday qoldirsa, prezident ularga birrov qarab qo‘yib, keyin unutib yuborishi mumkinligidan xavotirda edi. U diqqatni bu qog‘ozlarga qaratishning yagona ishonchli yo‘li — ularni ovoz chiqarib o‘qish, degan fikrga keladi. U prezidentning stoli oldida turib, o‘z xuloslarai, Silardning tushuntirish xati va o‘zi olib kelgan tarixiy xatdan bir necha bandni o‘qib beradi.

“Aleks, sen natsistlar bizni portlatib yubormasligi haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak, demoqchimisan?”, — deb so‘raydi prezident.

“Shunday”, deb javob beradi Saks.

Ruzvelt shaxsiy kotibini chaqirib, “Ishga kirishish lozim”, deydi.

O‘sha kuni kechqurun hukumatning fizika laboratoriyasi — Milliy standartlar byurosi direktori Layman Brigge boshchiligida maxsus qo‘mita tuzish rejasi ishlab chiqiladi. Qo‘mita birinchi marta 21-oktabr kuni norasmiy shaklda yig‘iladi. U yerda Eynshteyn yo‘q edi va bo‘lishni ham xohlamaydi. U yadro fizigi emasdi, siyosiy yoki harbiy rahbarlarga yaqinlik esa unga yoqmasdi. Ammo uning vengriyalik muhojir do‘stlari — Silard, Vigner va Teller o‘sha yerda edi.

AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt. Foto: Bulletin of the Atomic ScientistsAQSh prezidenti Franklin Ruzvelt. Foto: Bulletin of the Atomic Scientists

Bir hafta o‘tib Eynshteyn prezidentdan minnatdorlik bildirilgan, muloyim va rasmiy ohangdagi javob xati oladi. “Men kengash tuzdim, — deb yozgandi Ruzvelt. — Uning maqsadi uran elementi haqidagi taxminlaringizni batafsil o‘rganishdir”.

Ammo atom loyihasi ustidagi ish kutilganidan sust kechayotgandi. Ruzvelt ma’muriyati xatdan keyingi keyingi bir necha oyda grafit va uran ustidagi tajribalar uchun atigi 6000 dollar ajratilishini tasdiqlagandi, xolos. Buyoqda esa Silardning zanjirli reaksini yuzaga keltirish mumkinligiga ishonchi ortar, Germaniyada bu yo‘nalishda nimalar qilinayotgani haqidagi boshqa qochqinlardan olgan xabarlaridan juda asabiylashardi.

Shuning uchun u 1940-yil mart oyida Eynshteyn bilan uchrashgani yana Prinstonga boradi. Ular yangi xat yozadi. Eynshteyn tomonidan imzolangan va Aleksandr Saksga topshirilgan ushbu maktub prezidentga yetkazilishi kerak edi. Bu xatda olimlar Berlindagi uran bilan bog‘liq ishlarning borishi haqida o‘zlari bilgan hamma ma’lumotlarni batafsil bayon qilgandi. Maktub mualliflari Germaniyaning yuqori portlovchi quvvatga ega zanjirli reaksiyalarga erishish yo‘lidagi yutuqlarini inobatga olgan holda, prezidentdan Amerikada bu boradagi ishlar qanchalik tez kechayotganiga e’tibor qaratishni so‘radi.

Prezident jarayonni tezlashtirish uchun yig‘ilish o‘tkazishni talab qildi va yig‘ilish tashkilotchilariga unda Eynshteynning o‘zining ham ishtirokini ta’minlash topshirig‘ini berdi. Ammo Eynshteynning bu ishga kirishish istagi yo‘q edi. U shamollab qolgani, yig‘ilishda qatnasha olmasligini aytib, muloyimlik bilan rad javobini berdi. Ayni vaqtda, u ishni imkon qadar tezroq boshlash kerakligi haqida qat’iy maslahat bergandi: “Men bunday ishlarni tezroq va kengroq miqyosda amalga oshirish mumkin bo‘lgan sharoitlarni yaratish oqilona va dolzarb vazifa ekaniga aminman”.

Eynshteyn atom bombasining yaratilishi bilan yakunlangan mazkur uchrashuv va umuman “Manhetten” loyihasida qatnashishni istagini, mabodo, bildirgan taqdirida ham, aslida uning bu yerda bo‘lishini istamaydiganlar bor edi. Ajablanarlisi, ushbu loyihaning boshlanishiga turtki bergan bu insonni ba’zilar xavfsizlik uchun katta tahdid deb hisoblagan va shuning uchun ham uning bu ish haqida bilishiga ruxsat berilmagan.

Yangi qo‘mita tashkilotchisi, o‘sha vaqtda armiya Bosh shtabi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi brigada generali Sherman Maylz 1940-yil iyul oyida Jon Edgar Guverga Eynshteyn masalasida xat yozadi. Guver bu vaqtga kelib 16 yildan beri Federal tergov byurosi (FTB) direktori sifatida ishlab kelayotgan edi, bundan keyin yana 32 yil shu lavozimda qoladi.

Maylzning Eynshteyn haqidagi so‘roviga javoban Guver dastlab Vatanparvar ayollar korporatsiyasidan Frosingem xonimning 1932-yilgi — Eynshteynga viza berishni rad etish talabi bitilgan xatini taqdim etadi; unda Eynshteyn turli patsifistik (urushga qarshi) va siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlagani haqida ham so‘z boradi. FTB bu ayblovlar qanchalik jiddiy va haqqoniy ekanini tekshirib ko‘rishga biror marta ham urinib ko‘rmagan.

Guverning javobida Eynshteyn 1932-yili Amsterdamda bo‘lib o‘tgan Xalqaro urushga qarshi kongressda qatnashgani, bu kongress tashkiliy qo‘mitasidan yevropalik ba’zi kommunistlar ham o‘rin olganini ta’kidlaydi. Vaholanki, Eynshteyn aynan shu uchrashuvda qatnashishdan va hatto uni qo‘llab-quvvatlashdan ochiqchasiga bosh tortgan edi. Kongress manifestini imzolashni iltimos qilgan tashkilotchilarga Eynshteyn shunday deb yozgandi: “Bu yerda Sovet Rossiyasi ulug‘langanligi sababli, men uni imzolashga o‘zimni majburlay olmayman”.

Xuddi shu maktubida Eynshteyn Rossiyani qoralab, u yerda, “aftidan, individuallik va so‘z erkinligi to‘liq bostirilgan"ini ta’kidlagan edi. Shunga qaramay, FTB rahbari Guver Albert Eynshteyn bu kongressni qo‘llab-quvvatlaganiga, demak, u sovetparast ekaniga ishora qildi. Guverning javobida Eynshteynning patsifist guruhlardan tortib ispan loyalistlarigacha bo‘lgan tashkilotlar bilan aloqalari haqida asossiz ayblovlardan iborat yana olti band bor edi.

FTB rahbarining xatiga Eynshteynning qisqacha tarjimai holi ham ilova qilingan bo‘lib, u oddiy faktik xatolar (“bitta farzandi bor”) va o‘ta johil mulohazalarga to‘la edi. Unga ko‘ra, Eynshteyn “o‘ta radikal” edi, ammo aslida bunday emasdi; Guverning xatida Eynshteyn “kommunistik jurnallarga maqolalar yozgan"i ta’kidlangandi, lekin aslida u hech qachon bunday qilmagandi.

Muallifi ko‘rsatilmagan ushbu tarjimai hol bayoni qat’iy xulosa bilan yakunlangan edi: “Uning radikal qarashlarini inobatga olgan holda, byuro doktor Eynshteynni chuqur tekshiruvdan o‘tkazmay turib, sirlar bilan bog‘liq ishlarga jalb qilishni tavsiya etmaydi, chunki bunday o‘tmishga ega odamning qisqa vaqt ichida Amerikaning sodiq fuqarosiga aylanishi ehtimoli kam”.